“Tabiat in’omlari” nomli onlayn ertaklar videoroliklari tanlovi NIZOMI

“Tabiat in’omlari” nomli onlayn ertaklar videoroliklari tanlovi NIZOMI


 I. Umumiy qoidalar

 1. Mazkur Nizom umumiy o‘rta ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda - ta’lim muassasalari)ning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida suv va energiyani tejashga bag‘ishlangan “Tabiat in’omlari” nomli onlayn ertaklar videoroliklari tanlovi (keyingi o‘rinlarda - tanlov)ni tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.

 II. Tanlovning maqsadi

 2. Tanlovning maqsadi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida suv va energiya resurslaridan samarali foydalanishni targ‘ib qilish, ularda tabiat in’om etgan boyliklarga nisbatan tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lish mas’uliyatini oshirish, atrof-muhitni asrashga qaratilgan g‘oyaviy immunitetni shakllantirish, ularga tejamkorlik fazilatlarini bolaligidan boshlab o‘rgatish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini rivojlantirish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini chuqur singdirish hamda ularning iste’dodi, ijodiy qobiliyatini aniqlash va rag‘batlantirishdan iborat.

 III. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish

 3. Tanlov ta’lim muassasalarining 2-4-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ertaklar misolida ijodiy videorolik shaklida o‘tkaziladi.

4. Tanlovda ishtirok etish uchun o‘quvchilar tomonidan suvga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, suvdan foydalanish madaniyati va elektr energiyasidan oqilona foydalanish bo‘yicha o‘zbek yoki rus tillarida videorolik (rasmlar ketma-ketligi/slaydshou, kollaj shaklida tayyorlangan materiallar qabul qilinmaydi) tayyorlash talab etiladi.

Videorolikda o‘quvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (F.I.SH., hudud maktab raqami) bo‘lishi lozim.

Videorolik hajmi 20 mb. dan oshmasligi lozim.

Videorolikni har qanday videoyozuv vositalari (videokamera, raqamli kamera, mobil telefon va boshqalar) yordamida suratga olish mumkin.

5. Tanlov ikki bosqichda amalga oshiriladi:

a) birinchi bosqich  o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan videoroliklar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga elektron shaklda (Telegram messendjeri orqali @Tabiatnavolari manziliga) yuboriladi.

Videoroliklar joriy yilning 20-yanvardan 10-fevralga qadar qabul qilinadi.

Yuborilgan videoroliklar ekspertlar guruhi tomonidan baholanib har bir hududdan 3 tadan, jami 42 ta videorolik saralab olinadi.

ikkinchi bosqich – ekspertlar guruhi tomonidan saralab olingan videoroliklar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasiga ovoz yig‘ish uchun hududlar kesimida joylashtiriladi va har bir hududdan eng ko‘p “Like” to‘plagan videorolik g‘olib deb topiladi.

Ovoz berish besh kun davom etadi.

 IV. Videoroliklarni baholash mezonlari

 6. Videoroliklarni baholash uchun tegishli vazirlik va idoralar mutaxassis xodimlaridan iborat 5 kishilik ekspertlar guruhi shakllantiriladi.

7. Taqdim etilgan videoroliklar quyidagi mezonlar asosida 100 ballik tizimda baholanadi:

videorolik ssenariysida ijtimoiy hayotimizda sodir bo‘layotgan hodisalar, dolzarb muammo va masalalar, ayniqsa, yoshlar hayotini aks ettiruvchi mavzuga boy, ertak qahramonlaridan foydalanishda yondashuvga qaratilganligiga – 40 ballgacha;

videorolikda badiiy-g‘oyaviy talqin va yechim, unda muallif tomonidan suv va energiyani tejashni bolalarga tushunarli sodda va ravon tilda bayon etilganligi hamda dolzarbligiga e’tibor qaratilganligi – 10 ballgacha;

videorolikni sifatli tasvirga olinganligi – 10 ballgacha;

ijodiy videorolikning tayyorlanishida ijodkorlik va kreativlik namoyish etilganligi – 20 ballgacha;

suv va energiya resurslaridan samarali foydalanishni targ‘ib qilish hamda tabiat in’om etgan boyliklarga nisbatan tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib qiluvchi videorolik va materiallar o‘quvchilar ishtirokida #tabiatin’omlari xeshtegi ostida ommaviy fleshmoblarning aks ettirilganligi – 20 ballgacha.

8. Quyidagi holatlar mavjud bo‘lgan videoroliklar ekspertlar guruhi tomonidan baholanmaydi:

haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar (noto‘g‘ri ma’lumotlar);

so‘kish, odobsiz va haqoratomuz tasvirlar va iboralar;

diniy oqimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan diniy ramzlar, boshqa davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari;

siyosiy arboblar va yetakchilar, partiyalar, siyosiy shiorlar, davlatga va konstitutsiyaga zid ma’noga ega bo‘lgan bayonotlar nomlarini tilga olish.

 V. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash

  9. Har bir hududdan eng ko‘p ovoz to‘plagan videoroliklar (jami 14 ta videorolik) “Eng yaxshi videorolik” deb topiladi va ularni tayyorlagan o‘quvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

 VI. Yakuniy qoidalar

  10. Tanlov doirasida saralash ochiq ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirilishi sababli apellyatsiya komissiyasi tashkil etilmaydi, ishtirokchilar tomonidan bildirilgan yozma ariza va e’tirozlar ko‘rib chiqilmaydi.

11. Tanlovda ishtirok etish uchun belgilangan muddatdan keyin yuborilgan ijodiy ishlar qabul qilinmaydi.

12. Mazkur nizomga zaruratdan kelib chiqqan holda respublika ishchi guruhi a’zolari tomonidan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.



Report Page