TURP yetishtirish.

TURP yetishtirish.

t.me/ykfoundation

        

Ahamiyati. Turp ildizmevasi uglevodlar, vitaminlar, fermentlar, xushbo‘y

moddalar va mineral tuzlarga boy bo‘lib, u inson organizmi, xususan jigar va

buyrakni tozalaydigan parhez mahsulot hisoblanadi.

  Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar. Turpni Andijon–9, Marg‘ilon mahalliysi, daykon yoki yapon turpining Sodiq va Kuz hadyasi navlari ekiladi.

  Urug‘ tanlash. Ekiladigan turp urug‘i unuvchanligi yuqori, kasallik yuqmagan, o‘rtacha kattalikda, butun (sinmagan), zarar-lanmagan bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.

  Yer tayyorlash. Dala o‘tmishdosh ekin qoldiqlari va begona o‘tlardan tozalanadi.     1 sotixga 200 kg (10 sotixga 2 tonna) chiri­gan go‘ng solinadi. Tuproq 20–25 sm chuqurlikda chirigan go‘ng va mineral o‘g‘itlar bilan aralashtirilib yumshatiladi. Yirik kesaklar maydalanib, yaxshilab tekislanadi va sug‘orish egatlari olinadi.

  Ekish muddati va sxemasi. Turp asosan yozda ekiladi. Turp urug‘ini markaziy mintaqada joylashgan va vodiy viloyatlarida 1–15-avgustda, shimoliy hududlarda 25-iyul – 10-avgust, janubiy mintaqalarda 20-avgust – 20-sentabrda sochma hamda qatorlab (lentasimon) usulda ekish mumkin. Har ikki usulda ham egat orasi 70 sm olinadi. Urug‘ qo‘lda sepiladi. Har 1 sotixga 50–60 gr. turp urug‘i sarflanib 1,5 sm chuqurlikka ekiladi. Tuproq xaskash bilan tirmalanib aralashtiriladi.

Parvarishlash. Nihollar unib chiqqandan so‘ng tezda o‘toq va yagana qilinadi. Birinchi yagana urug‘ yerdan unib chiqishi bilan, ikkinchisi 2–3 barg chiqarganda o‘tkaziladi. Bunda tup orasi 10–12 sm kenglikda qoldiriladi. Qator oralarini va o‘simlik atrofini qo‘lda yoki kichik ketmon bilan 15–16 sm chuqurlikda yumshatib turish lozim. O‘suv davri mobaynida 10-12 marta sug‘oriladi. Har ikki-uch sug‘orishdan so‘ng qator oralari yumshatilib begona o‘tdan tozalanadi.

O‘g‘itlash. Turp ekilgan maydon begona o‘tlardan tozalanib, yagana qilingandan so‘ng o‘g‘itlanadi. Bunda 1 sotix yerga sof holda sulfat ammoniy – 2 kg, ammofos – 1,5 kg, kaliy xlor – 0,5 kg me’yorda solinadi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Turp zarar­ kunandalardan:­ uzunburun, shira, barg burgalari; kasalliklardan: unshudring va oq chirish katta zarar yetkazadi.

Zararkunandalariga qarshi 10 sotix yerga Mospilan 20% n.kuk. 25–30 g me’yorda qo‘llaniladi.

  Kasalliklarga qarshi – 72,2% s.e.k. Penko 10% k.e. (100 g/l), Kur-zat R n.kuk. 200–250 g yoki 1 foizli Bordo suyuqligining 60–70 litr suvda tayyorlangan aralashmasini purkash yaxshi samara beradi.

   Bu kimyoviy preparatlarni­ mutaxassislar nazoratida qo‘llash tavsiya etiladi.

Hosilni yig‘ishtirish. Hosil oktabr-noyabr oylarida qattiq sovuqlar boshlanguncha yig‘ib olinadi, saralanadi, saqlashga yoki sotishga tayyorlanadi. Hosilni yig‘ish, saralash va tashish vaqtida ildizmevalarini urintirmaslikka, shikastlamaslikka harakat qi­lish kerak, chunki zararlangan ildizmevalar yaxshi saqlanmaydi.

Iqtisodiy samarasi. 10 sotix maydonga 500 gr turp urug‘iga 120 ming so‘m sarflanadi. Umumiy xarajatlar 938 100 so‘mni tashkil etadi. Hosilning bir kilogrammi eng past narxda 800 so‘mdan sotilganda 2 mln. 400 ming so‘m bo‘ladi. Shunda 10 sotix maydondan 1 mln. 461 ming so‘m sof foyda olish mumkin.

Menyuga qaytish.

Report Page