TURKIYADA OLIY TA'LIM
Turkiyada ta'lim olayotgan yoshlarimizdan tengdoshlariga!
Turkiyada oliy ta’lim
(Eksklyuziv maqola)
Yangi o’quv yili boshlanar ekan, OTM imtihonlarining natijalari ham e’lon qilina boshladi. Ta’lim doim birinchi o’rindadir ammo bir varoq diplom emas. Kirish imtihonlaridan o’ta olmaganini anglagan ko’pchilik yoshlar diplom ishqida chet elda oson yo’l bilan universitetga kirish yo’llarini izlaydilar. Ustiga-ustak ko’chalarimizda, blogerlarning turli sahifalarida “dunyoning eng nufusli oliygohida imtihonsiz va grant asosida ta’lim oling” shiorlari ostidagi banner va turli taqdimot afishalari diqqatingizni chekishi mumkin. Vaholang-ki, dono xalqimiz “Har yerni qilmagin orzu, har yerda bor tosh-u tarozi” deb bekorga aytmagan. Xorijda ta’lim tizimi yaxshi rivojlangan, lekin bu degani universitetda “yallo” qilib, bitirib diplomni olaman degani emas.
O’zbekistonda o’qishga kira olmagan yoshlarimiz esa achchiq qilib, hech kim bilan maslahatlashmay ishonchli bo’lsin, ishonchsiz bo’lsin, yuqorida eslatganimiz kabi banner va afisha reklamalariga murojaat qilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlayman-ki!
Turkiyadagi ta’lim tizimi haqida olgan ma’lumotlarimga ko’ra va ko’pgina xorijiy oliygohlarda har bir yosh faqat va faqat o’z bilim va imkoniyatlari bilan oliy ta’lim muassasasiga kira oladi. O’z-o’zidan o’qishga kirib qolish degan tushuncha haqida hali eshitmadim ham ko’rmadim ham. Bunday va’dalar bilan ko’pchilik yoshlarni aldanib kelayotganini guvohi bo’lyapman.
O’zbekiston va Turkiya ta’lim tizimi farqli bo’lgani uchun, yoshlar buni to’la anglamay, aldanib qolishmoqda. Turkiyada bir nechta universitetlar ham bor, ular faqat attestat baholari bilan o’quvchi qabul qiladi. Bu universitetlarga o’zingiz ham saytlar orqali murojaat qila olasiz.
Turkiyada o’qish uchun konsalting firmalariga murojaat qilsangiz ushbu firmaning hujjatlarini, siz bilan qilgan shartnoma moddalarini mutlaqo o’qib, tekshirib chiqishingizni tavsiya qilaman. Ishonchli tashkilotlar bilan maslahatlashing.
Albatta, haqiqattan ta’lim olish uchun keladigan yoshlarga Turkiyada juda keng imkoniyatlar mavjud. Universitet bilan birgalikda shaxsiy rivojlanish, madaniyat, san’at va boshqa sohalarda turli ta’lim tizimlari yo’lga qo’yilgan.