TURKIYA MANZARALARI

TURKIYA MANZARALARI

Nurulloh Muhammad Raufxon

6-qism

6. DENGIZ

Turkiyani Istanbulsiz, Istanbulni dengizsiz tasavvur etib bo'lmaydi.

Marmar dengizi bilan Qora dengizni bir-biriga Istanbul bo'g'ozi bog'lagan. Ikki dengiz suvini bog'lagan, ammo ikki qit'a tuproqlarini ajratgan ham mana shu bo'g'ozdir. Bu yerda "Sharq yoqasi" - "G'arb yoqasi", "Osiyo (yoki Onado'li) yoqasi" - "Ovrupa yoqasi" degan atamalar tez-tez qulog'ingizga chalinib turadi. Istanbulning Osiyo qismida yashaydiganlar Ovupa qismini "qarshi taraf" deydi va, aksincha, Ovrupa bo'ldagidagilar Onado'li bo'ldagini "qarshi taraf" deydi. "Karşiye geçtım" (Qarshi tomonga o'tdim") deydi masalan.

Shahar quruqlikda ikkiga bo'linib qolgan bo'lsa ham boshqa hech bir masalada shahar bo'linishini his etmaysiz. Bo'g'oz tagidan o'tkazilgan muhtasham metro, ikki buyuk ko'prik (shu kunlarda uchinchisi ham bitay deb turgan ekan) va sonsiz-sanoqsiz kemalar u qirg'oqni bu qirg'oqqa, bu tomonni "qarshi tomonga" qon tomirlariday to'xtovsiz bog'lab turibdi.

Kemani turklar yunonchalab "vopur" deyisharkan. Bekatlarni "Iskala" deb yozib qo'yishibdi. Nimagadir bu so'zning ham ildizi turkchaga o'xshamadi, biron chet so'zning turkchalashgan shaklimi deb o'ylab qoldim.

Bo'g'ozdan har kuni dunyoning o'nlab, yuzlab katta-kichik kemasi o'tadi. Dengiz suvini toshirvorguday yirik yuk kemalarini ham, bo'g'ozning Ovrupa yoqasida to'xtab turgan, dunyo bo'ylab kezishga chiqqan bahaybat (oynak qatorlarini sanab bittasining 22 qavatli ekanini bildim, suv tagida yana necha qavat bo'lsa!) sayyohlik kemalarini ham ko'rasiz.

Xullas, ikki dengiz va bu bo'g'oz Istanbul hayotining ajralmas bir bo'lagi bo'lib ketgan. Bo'g'oz bu buyuk shaharni yanada ulug'vorlashtirib yuborgan.

Odamlarga boqsangiz, ularning yurish-turishlarida, o'zlarini tutishlaridagina emas, ruhlarida, ma'naviy olamlarida ham jug'rofiy bu o'ziga xoslikning ta'siri yaqqol sezilib turadi. She'rlarida dengiz, ro'man-hikoyalarida dengiz, kinolarida dengiz. Bir oz oshirib aytilsa, dengizsiz nafas olinmaydi, dengizsiz nafas chiqarilmaydi.

Davlatga ham, aholining ko'piga ham daromad manbai shu dengiz. Uy-joyning qadri dengizga uzoq-yaqinligi bilan o'zgarib turadi. Tabiiy, dengizga yaqin uylar ijarasi ham, sotuvi ham juda qimmat.

Bu haqda ko'p va uzoq yozsa bo'ladi. Olloh nasib etsa, keyinroq to'ldirarman. Ammo hozir matn katta bo'lib ketmasligi uchun shu yerda qisqa kesdim.

2016 yilning 13 mart kuni

Davomi bor

Report Page