TUG‘ILGAN KUN!

O‘z faoliyatini shu fanga bag‘ishlagan o‘zbek arxeologiyasining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Miliy arxeologiya markazi Ipak yo‘li arxeologiyasi bo‘limi mudiri, tarix fanlari doktori, professor Abdulhamidjon Anarbayev 2025-yilda 78 yoshni qarshiladi.
A. Anarbayev arxeologiya sohasidagi faoliyatini 1973-yilda boshlagan. U o‘z ilmiy faoliyatini qadimgi Oʻrta Osiyo hududida oʻtroq dehqonchilik madaniyati, shaharsozlik va davlatchilikning paydo boʻlishi va rivojlanishi kabi arxeologiyaning dolzarb muammolarini oʻrganishga bag‘ishlagan.
A. Anarbayev ilmiy ishlarida Farg‘ona tarixi va arxeologiyasi masalalari Axsikent yodgorligini o‘rganish misolida alohida ahamiyat kasb etadi. Ustozning “Axsiket – qadimiy Farg‘ona poytaxti” nomli asarida shahar relyefi, rivojlanish bosqichlari, hunarmandchilik va Farg‘ona shahri ijtimoiy-madaniy hayoti tarixiga oid yangi ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.
Ustoz 2019-yildan boshlangan Axsikent yodgorligini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish ishlariga boshchilik qilib kelmoqda.
A. Anarbayev ilmiy faoliyati davomida arxeologiya va qadimiy tarix masalalarini yorituvchi ilmiy nashrlarda 150 dan ortiq maqolalari chop etilgan bo‘lib, ulardan 50 dan ortig‘i xorijda nashr etilgan.
O‘zbekning yetuk arxeologi va o‘qituvchisi Abdulhamid aka Anarbayevni 78 yoshga to‘lgan tavallud ayyomi bilan chin qalbimizdan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, uzoq yillik ijodiy umr, oilaviy baxt-saodat tilaymiz!