TOSHKENT VILOYATI HOKIMI ZOYIR MIRZAYEV TADBIRKORLARGA MUROJAAT YOʻLLADI

TOSHKENT VILOYATI HOKIMI ZOYIR MIRZAYEV TADBIRKORLARGA MUROJAAT YOʻLLADI

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Zoyir Mirzayev tadbirkorlarga yordam koʻrsatish boʻyicha topshiriq qildi. Maktablarda oʻqish qanday boshlanishiga izoh berildi. Bozorlardagi vaziyat qattiq nazoratga olinadi.


Bugun viloyat hokimligida Zoyir Mirzayev raisligida yigʻilish oʻtkazildi. Unda anomal ob-havo sharoitida faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan tadbirkorlik subyektlari va sanoat korxonalariga yordam koʻrsatish, bozorlardagi narx-navoni sunʼiy ravishda oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik hamda taʼlimga oid masalalar muhokama qilindi.


Xususan, joylarda tunu kun ishlovchi maxsus shtablar tashkil etish, ayni shu maqsadda viloyat iqtisod blokini toʻla safarbar qilish vazifasi berildi. Zoyir Mirzayev shu munosabat bilan tadbirkorlarga murojaat yoʻlladi.


Murojaatda qayd etildiki, barcha darajadagi rahbarlar anomal ob-havo taʼsirida biznesini vaqtincha toʻxtatgan tadbirkorlarga yordam koʻrsatish boʻyicha alohida tartibda ish olib borishni boshlaydi. Amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev shaxsan nazorat oʻrnatadi va kunlik tahlil yuritiladi, natijalar muhokama qilinadi.


“Bozorlardagi narx-nazoni sunʼiy ravishda oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, bu borada alohida nazorat oʻrnatish, mavjud zahiralardan oqilona foydalanish, bugun kun tartibidagi eng dolzarb masala”, dedi Zoyir Mirzayev. Shu maqsadda yana bir shtab tashkil etiladi va bunda, eng avvalo, bozorlardagi mavjud vaziyatni chuqur oʻrganish, sotuvchi va xaridorlarga sharoit yaratish nazarda tutiladi.


Yigʻilishda, shuningdek, maktablarda taʼlimni anʼanaviy shaklda boshlash masalasini chuqur oʻylab, real vaziyatlar bilan hisoblashib, soʻngra qaror qabul qilish topshirigʻi berildi. Yaʼni, hamma maktablarda yoppasiga oʻqish boshlanadi, degan soʻzga mahkam yopishib olmay, vaziyat taqozo qilsa, sharoiti boʻlmasa, yetarli issiqlik bilan toʻla taʼminlanmagan maktablarda taʼtil vaqtini uzaytirish aytildi. Eng muhimi, bolalarimizning sogʻligʻi, dedi Zoyir Mirzayev.


Report Page