TО‘KILISH FASLI
Borliq uzra kuz sepini yoyayotgan. Kechagina yam-yashil yaproqlarini mayin esgan shaboda kuyiga hilpiratayotgan daraxtlar endi tek turgan holda о‘ylayotganga, mulohaza yuritayotganga о‘xshaydi. Gо‘yo shu turishda о‘tgan umrini sarhisob qilayotgan keksalar misol olovrang faslning hali kutilmagan onlariga tayyorgarlik kо‘rayotgandek.
Suv sepilib, orastalangan hovlida aya yog‘och sо‘rida mung‘ayibgina о‘tirarkan, u yoqdan bu yoqqa zir yugurayotgan odamlarni xira tortgan kо‘zlari bilan kuzatadi. Hamma о‘zi bilan о‘zi ovora. Kimdir dasturxon yasatgan, kimdir samovarda choy qaynatadi, yana biri oshpazga kо‘maklashish bilan band. Kelinlar-ku, mayli-ya, ammo о‘g‘li ham yoniga kelay demaydi-Y. Qari onasini unutib, u ham mehmonlarni kutishdan bо‘shamaydi. Uni ham tushunsa bо‘lar, tо‘y qilishning о‘zi bо‘ladimi? Qudalarning hurmatini joyiga qо‘yish, keldi-ketdiga qarash uning zimmasida, axir.
Sarvi xola bezog‘liq dasturxondagi patir nondan bir bо‘lak oldi-da, og‘ziga soldi. Bir oz shimib turgach, orqasidan bir hо‘plam qora choy ichdi. О‘zi avvaldan shunday. Uyda nevara kelin oldiga barcha yegulikni keltirib qо‘ysa-da, aya non bо‘lagini kо‘zlarini yumib shimib о‘tirishni xush kо‘radi. Bu uning yodiga yoshlik yillarini, qiyinchilik damlarida bir burda nonga ham qanoat qilgan hamyurtlarini eslatadi.
О‘sha paytlar urush olovi о‘chmagan, kishilarning kо‘pchiligi mashaqqatli mehnatdan kosasi oqarmay kun kо‘rayotgan, qora qozon qaynayotganiga ham odamlar shukur qiladigan davrlar edi. Biroq shunday mushkul damlarda odamni suyab turadigan bir narsa – mehr edi. Tо‘g‘ri, u paytlar kishilarda hozirgidek koshona uylar, yaltiroq, Sarvi aya otini ham bilmaydigan avtomashinalar, uyning har bir burchagini tо‘ldirib turadigan kerak-nokerak qimmatbaho jihozlar yо‘q edi. Lekin bir narsa… oqibat bor edi. Barcha bir-biriga hamdard edi. Tavba, deydi aya о‘ziga о‘zi ba’zida. Begona degan tushunchaning о‘zi bо‘lmagan chog‘i о‘sha vaqtlari. Kimnikida biron yig‘in bо‘lsa, qishloq ahli bir dasturxon atrofida bola-baqra bilan о‘tirib, bir chuqum palovga sherik bо‘lishar, gurunglashib о‘tiraverishar edi. Shu bilan kunlik og‘ir ishdan qaytgan odamlar dilini yozar, erkaklar alohida supada, ayollar bir jam bо‘lib yarim tunngacha, suhbatlashib о‘tirishardi. Ertaga yana quyosh uyg‘onmasdan ishga otlanishar, agar kimgadir «qora xat» atalmish mash’um uchburchak maktub kelgan bо‘lsa tamom, hamma uning uyiga borar, hamdard, yelkadosh bо‘lardi.
Hozir-chi, yashayman desang, uylarda jami sharoitlar qilingan. Hatto, kiryuvgichdan tortib, kosa-tovoq yuvgichlar ham bor. Hamma ishni taqur-tuqur texnika qilaversa, bu ayollarga gap sotishdan boshqa ish qolmas ekan-da, degan о‘y kechadi gohida ayaning kо‘nglidan. Yana ayrim tannoz kelinlarga oyda-yilda bir keladigan mehmonning xabari ham yoqmaydi, og‘rinishadi. Gо‘yo mehmon bor-budini yeb, ertaga о‘zi och qoladigandek. Axir, ular bilmaydimi, mehmonning о‘z rizqi bilan kelishini. Xudo kimsasizlikdan asrasin.
Sarvi aya shunday xayollar bilan hovli-hayotdagi bir vaqtlar eri Normat buva ekib ketgan dov-daraxtlarga kо‘z yugurtira boshladi. Kelini unda yosh, suqsurdek edi. Kelin bо‘lib tushgan xonadon gurkirab tursin deb niyat qilganmi, bolalarining otasi shu daraxt kо‘chatlarini mehr bilan ekkan edi. «Hali kо‘rasan, – degandi choli oftobda qizargan yuziga tabassum inib, – bu yerda bir etak nevaralarimiz olma-yu noklarni terib yeb, katta odam bо‘lishadi, buning savobiga nima yetsin?» Ha, choli tushmagur salkam bashoratchi edi. Kо‘ngliga kelganini aytib, aqli buyurganini qilardi. Biroq hech bir ishda adashmasdi. Elda hurmati bor, sо‘zi yerda qolmaydigan, dangal gapiradigan, jо‘mard inson edi. Aytganidek, nevarlari mana shu daraxtlar soyasida о‘ynab, mevalarini yeb, ulg‘ayishdi. Hozir katta-katta idoralarda ishlashadi. Kenjasi mana shu qizini uzatsa bas, shu bilan u ham nevaralar qurshovida yashaydi.
Aya о‘z о‘yi bilan о‘tirarkan, kо‘zi nogahon bog‘ tо‘ridagi bir tup shotutga tushdi. Uni ham rahmatli eri yaxshi niyat qilib о‘tqazgandi. Ulkan daraxtga aylanganda, negadir ustki yaproqlaridan qovjiray boshlabdi. Sarvi aya asta sо‘ridan tushib, amirkoniga avaylab oyog‘ini suqdi-da. daraxtga yaqinroq bordi. Qarasa, rostdanam daraxtning tusi о‘zgargan. «Ha, bechora-ya, shuncha yil hosil berib, xizmatni qilib, endi senga ham keksalik nuqsi uribdi-da», – dedi aY. Keyin tutning tevaragiga ekilgan yangi nihollarga kо‘zi tushdi.
– Ha mayli, nima ham deymiz? Bu hayotning shafqatsiz qonuni. Yangilar kelaveradi, eskilari unutilaveradi, – dedi tut shoxlarini qadoq kaftlari bilan silarkan.
Shu payt hovliga karnay-surnay sadolari ostida kuyov jо‘ralari bilan kirib keldi. Birpasda urf-odatlar, irim-sirimlar, kuyov kutishlar boshlanib ketdi. Chaqqon kelin yangalar taom tashib charchamaganidek, kuyov jо‘ralar ham ularni paqqos tushirishdan horimadi. Va nihoyat, ichkari uydan ostona hatlab kelin chiqdi. Oq harir libosda ota-onasi, yaqinlari, qarindoshlari bilan xayrlashayotgan kelin nogahon kimnidir qidira boshladi. Nimadir dedi shekilli, shu payt ayani ham yо‘qlab qolishdi. Bog‘ etagidan aya ohista-ohista qadam tashlab, nevarasi iqboliga chiqar ekan, unga baxt-saodat tilab, duoga qо‘l ochdi. Sо‘ngra «Yor-yor» sadolari ostida kelin kuyov yetovida xonadondan chiqib ketdi. Xotin-xalaj, dugonalar mashinalarga chiqishdi-yu, hovlida ularni erkaklar kuzatgancha qolishdi. Sarvi ayaga birov, yuring, demadi, u ham joyidan jilmadi.
Aya bir-biriga signal chalib ketgan mashinalar ortidan qarab turdi-da, sо‘ng supaga chiqib, yostiqqa suyandi. Uvishib borayotgan oyoqlarini bir pas uqaladi. Aslida u bunday «sim-sim» og‘riqlarga kо‘nikib ketgan. Qarilikni bо‘niga olganiga ancha bо‘ldi. Kelinlar eshitsa qulog‘iga botmasin deb, sog‘lig‘idan hadeb noliyvermaydi. Faqat, uni gohida yolg‘izlik qiynaydi. Yon-verida odam kо‘p-u, birortasining u bilan hamsuhbat bо‘lgani vaqti yо‘q. Chopishgani-chopishgan. Koshki, bu dunyoning oxiriga yetib bо‘lsa, shoh Iskandarga yetmagan dunyo-ku, bu axir! Shunday paytlarda u о‘zini g‘arib sezadi. Hozir ham uning kо‘ngli uvishayapti, xо‘rligi kelyaptimi, о‘zi ham bilolmadi. Yonoqlariga tomchilab tushgan yoshlarini kо‘ylagining uzun yengi bilan artarkan, yoniga chо‘kkalab о‘tirgan о‘g‘lini sezmadi.
– Ha, aya, nevarangizning ketganiga yig‘layapsizmi? – dedi tо‘ng‘ichi Akbarjon. Aya nima deyarini bilmay turdi-da, sо‘ng qizarinqiragan kо‘zlarini yerga qadab:
– Ha bolam, Nozimani yaxshi kо‘rardim-da. О‘ziyam boshqacha edi, mehribon, shirinsо‘z. О‘qishdan kelishi bilan avval mening xonamga kirib salomlashar, ketayotganda ham duoimni olib, keyin yо‘lga chiqardi. Baraka topkur, ilohim, baxti tо‘kis bо‘lsin, qizimning.
Onasining kо‘zyoshlarini shunga yо‘ygan о‘g‘li, «Mayli, xafa bо‘lmang, qiz bolaning qismati shu-da endi», – dedi о‘rnidan turarkan. Aya yana bir о‘zi yog‘och supada qoldi. Erkaklar hovli soyaga solingan kо‘rpachalarda yonboshlashib choy ichishar, yigitlar esa yig‘ilishib alanimalar haqida gaplashib hiringlashardi. Aya kо‘zlarini yumib, о‘tirdi, qani uyqu kelsa. Shu payt darvoza oldida tо‘xtagan mashinaning ovozidan kо‘zlarini ochib, undan tushib kelgan kelini Qimmatoyga sinchiklab razm soldi. Bir deyishda tanimadi. Pason kiyinib, о‘ziga oro bergan kelini shoshib ayaning yoniga keldi-da:
– Oyi, Nozima telefon qilib, buvim ham kelyaptilarmi, bо‘lmasa mashinadan tushmayman, deydi qizi tushmagur. Sizni juda yaxshi kо‘radi-da u, – dedi. Keyin indamay turgan qaynonasidan hijolat tortgandek:
– Uzr, oyijon, tashvishlar bilan bо‘lib… Yuring, sizga alohida mashina olib keldim, birga tо‘yxonaga boramiz.
Sarvi aya mashina eshigini yopar ekan, bog‘ tо‘ridagi qari tutga kо‘zi tushdi. Ulkan daraxt barglari shovullab, mezon shamolida bir-bir tо‘kilardi...
Nargiza ASADOVA