TOGʻAY MUROD BADIIYATI
Qozoqboy YO‘LDOSH pedagogika fanlari doktori, professorTog‘ay Murod ijodi o‘zbek nasri taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi. Adib asarlarini boshqa biror yozuvchiniki bilan adashtirish mumkin emas. Shuning uchun Tog‘ay Murod deb atalmish betakror adabiy fenomenni yuzaga keltirgan omillar nimalardan iboratligi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Bizningcha, yozuvchi shaxsiyatining asarlariga to‘liq ko‘chishi, milliy ruhni teran anglash, ifoda o‘zgachaligiga erishish, jonli til tarovatidan o‘rinli foydalanish va koloritli yumorga egalik xususiyatlari adib ijodining o‘ziga xosligini belgilagan.

Shaxsiyat va ijod
Ijod namunasi ijodkor shaxsiga mutanosib bo‘ladi. Chunki asar va ijodkor munosabati og‘och bilan uning mevasi o‘rtasidagi bog‘liqlik kabidir. Shuning uchun ham Tog‘ay Murod asarlari to‘g‘risidagi gapni uning shaxsiyatidan boshlagan ma’qul. Men o‘zini biror marta ko‘rmagan bo‘lsam-da, asarlarini o‘qib, zamondoshlari xotiralarini o‘rganib, Tog‘ay Murod “Bir jamiyatda yashab turib, undan chetda bo‘lish mumkin emas”, degan aqidani buzib, bir jamiyatda va shu jamiyat a’zolari uchun yashagan holda uning ko‘pgina talablariga rioya etmaslikka o‘zida kuch topa olgan murosasiz shaxs bo‘lgan, degan to‘xtamga keldim.
Tog‘ay Murod jamiyatning inson erkiga daxl etishiga, shaxsni turmush ikir-chikirlari bilan o‘rab tashlashiga, qilishi mumkin va kerak bo‘lgan ezgu ishlardan chalg‘itishiga qarshi edi. Bu yerda gap ijtimoiy tuzum tabiatidagina emas, odamlar orasidagi ijtimoiy munosabatlar xususida hamdir.
Tog‘ay Murod asarlarida ko‘pincha o‘zini yozadi. Uning Bo‘ri polvon, Ziyodulla, Qoplon kabi personajlaridagi ko‘plab jihatlar muallif shaxsidan aynan olinganga o‘xshaydi. Bo‘ri polvonning oriyatli va tortinchoqligida, Ziyodulla kalning bo‘ysunmas, halol va to‘g‘riso‘zligida, Qoplonning “…xush ko‘rmish odamlar bilan salom-alik qil”ib, “…ko‘ngliga o‘tirmaydiganlar bilan salomlashgisida kelmas”ligida, qishloq soveti kotibini uyda yeb turgan oshiga taklif qilmaganida Tog‘ay Murod shaxsiga xos sifatlar bo‘y ko‘rsatadi. Qoplonning “Chin gaplar ko‘ngilda bo‘ladi. Tilga chiqsa, yolg‘on bo‘ladi-qoladi”, tarzidagi e’tirofida ham muallif tabiati bo‘y ko‘rsatgan.
“Men qaytib kelaman” xotiralar kitobidan ayon bo‘lishicha, ko‘pchilik iste’dod egalari kabi Tog‘ay Murod ham borib turgan maksimalist bo‘lgan. U odamlarning so‘zlari, xatti-harakatlarida o‘zi istagan sifatlar bo‘lishini xohlagan. O‘zining ma’naviy o‘lchamlariga mos kelmaydiganlar bilan “oldi-berdi” qilishni xohlamagan. Uning qahramonlari ham o‘ta maksimalistlardir. Ular yoqtirgan narsalariga o‘zini unutar darajada berilgan, yomon ko‘rganlarini yonlariga-da yo‘latmagan kishilardir.
Milliy ruhiyat ko‘zgusi
Tog‘ay Murod asarlari urbanizatsiya va globallashuv bois o‘q tomiridan tobora uzoqlashib borayotgan bugungi o‘zbekni asl milliy tuyg‘u, sezim va kechinmalar bilan oshno qiladi. Yozuvchi chin milliy tuyg‘ularni bilishi hamda go‘zal tasvirlay olishi bilan qadrlidir. Adibning mahorati shundaki, u biror asarida timsollardagi ma’naviy fazilatlar borasida axborot bermaydi, bayon etmaydi, balki ularni jonlantirib ko‘rsatadi. Tog‘ay Murod asarlari birvarakayiga quloq, ko‘z va shuur orqali ko‘ngilga ko‘chadi.
Tog‘ay Murod o‘z millati ruhiyatini ichdan biladi. Menga, hatto biladi degan so‘z bir qadar kamday tuyuladi. Ehtimol, adibga tatbiqan “Milliy ruhiyatni ichdan tuyadi”, deyish o‘rinli bo‘lar. Shu bois, uning asarlarida ayolning xo‘jasiga: “O‘zi gapirsin”, deya erkalanishi yoki “Men u kishiga nima qildim?” degan iddaosi o‘quvchiga g‘alati tuyulmaydi.
“Oydinda yurgan odamlar” qissasidan olingan tubandagi parchada farzandsizlik o‘zbek uchun tengsiz fojia ekani odatdagi maishiy holat tasviri asnosida butun dahshati bilan ko‘rsatib beriladi:
Mehmon qo‘li ko‘ksida so‘rab boshladi:
— Yaxshimisiz, aka…
Otamiz qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
— Shukur-shukur, — dedi.
— Bola-chaqalar o‘syaptimi?
— Shukur…
— Nevara-chevaralar katta bo‘lyaptimi?
— Shukur…
— Chopqillab-chopqillab yurishibdimi?
Otamiz qo‘li ko‘ksida bo‘ldi. Egik boshini irg‘ab o‘tira berdi.
O‘zbekdan boshqa hech qaysi millatda tanimagan odamdan bola-chaqa haqida bu qadar ijikilab so‘ralmaydi. Yuqoridagi dialog befarzand Qoplonning qanchalik iztirob chekkanligini ko‘rsatishdan tashqari, bobomizning momomizga qo‘l ko‘targanligini ruhiy jihatdan asoslaydi ham.
Tog‘ay Murod asarlarida millatga xos yuksak qadriyatlar o‘ta bilgichlik bilan aks ettiriladi. Chunonchi, barcha asarlardagi deyarli hamma qahramonlar, qanchalik o‘ziga xos va qaysar odamlar bo‘lishlariga qaramay, el ko‘zi va ko‘ngli uchun o‘ziga ma’qul bo‘lmagan ishlarni qiladi. Ziyodulla Rixsiyevnikiga hasharga boradi, Bo‘ri polvon oldingi do‘stligi hurmati xiyonatkor Nasimni yiqitmaydi, Oymomo shallaqi hisobchiga gap qaytarmaydi, Qoplon so‘z bilan bo‘lsa-da, uning og‘ziga urmaydi, ayollar erkaklarning yo‘lini kesib o‘tishmaydi. Tog‘ay Murod nasrida o‘zbekning hayotida katta yoshli kishi maqomi yorqin aks ettiriladi. Oppoq soqoli bo‘lgani uchun maydonga otilib chiqqan Normurod polvonga hech kim talabgor bo‘lmaydi, Temir polvon ustozining beliga qo‘l uzatishdan bosh tortadi, Bo‘ri polvon masxaralasa-da, Maksim unga gap qaytarmay, “og‘zini ushlab” kulib qo‘ya qoladi. Yozuvchi bu tutumlar millatning zot sifatlari ekanligini mehr bilan ko‘rsatadi.
Yozuvchi to‘y udumlari, ko‘pkari chopish tartiblari, kurash o‘tkazishga doir odatlar, jonliqlarni boqish va sog‘ishga oid rusumlar, bolalar o‘yinlari aks etgan manzaralarni chizishda etnograf olimday ish tutadi. Odatda, so‘zga xasislik qiladigan adib marosimlarni mayda ikir-chikiriga qadar batafsil tasvirlaydi. Bunda badiiy niyat ma’rifiy maqsad bilan qo‘shilib ketadi. Lekin bu tasvirlar biror joyda shunchaki ekzotika yoki fon uchun keltirilmaydi, balki har qachon qahramon ruhiyatiga xos biror jihatni to‘laroq ochishga qaratiladi.
Ifoda o‘zgachaligi
“Men” degan maqolasidan ma’lumki, Tog‘ay Murod ochun adabiyotini chuqur o‘rgangan. Birovlar dunyo adabiyotini o‘rgansa, ortiga qaytolmay, o‘rgangan joyida qolib ketadi. Tog‘ay Murod esa ochun adabiyotini o‘ziga qaytish, o‘zinikini yaratish uchun o‘rgandi. Adabiyot ahli orasida Tog‘ay Murod ijodida folklor ohanglari bor, degan qarash yuradi. Mening nazarimda, Tog‘ay Murod o‘z bitiklariga folklor ohangini emas, balki xalqning so‘zlashuv stixiyasini olib kirdi. Bunga u personajlar ruhiy aurasiga kirib, ularning o‘zi bo‘la bilganligi bois erishdi. Tog‘ay Murod obrazlarni sirtdan turib tasvirlamaydi. Yozuvchi barcha asarlarida tanosuxdagi kabi o‘z ruhini tasvirlanayotgan timsolga ko‘chiradi, u bo‘lib yashaydi.
Tog‘ay Murodning asarlarida xalq eposlariga xos qandaydir jihatlar bor. Lekin adibning bitiklari dostonlarga o‘xshamaydi, ularda epos stilistikasi yo‘q. Negaki, xalq dostonlarining nasr qismida ham hamisha sokin salobat bo‘ladi. “Alpomish” dostonidan olingan, ko‘pchilikka bolalikdan tanish ushbu so‘zlarga e’tibor qiling: “Ey Boybo‘ri bilan Boysari! Bul to‘y ullining ulidan qaytadi, qizlining qizidan qaytadi, sening nimangdan qaytadi?! O‘zing o‘lsang, molingga har merosxo‘r chiqadi, og‘ziga odam kirib ketadi”. Tog‘ay Murod bunday yozmaydi, hatto sa’jdan ham foydalanmaydi hisob. Ammo uning tasvir yo‘sinida mudom poeziya bor, she’r ifori ufurib turadi. Tog‘ay Murodning nasri havodor, jozibali, iztirobu yo‘qotishlar tasvirida ham qandaydir yengillik borday. Tog‘ay Murod xalqdan tayyor badiiy qolip yoki vositalar olishdan ko‘ra, millat ahli har kuni stixiyali ravishda yaratadigan til xomashyosini qayta ishlab, tasvirga kiritishni ma’qul bilgan yozuvchidir.
Tog‘ay Murod asarlarining kompozisiyasi uning tabiati kabi ko‘pincha g‘ayrishuuriy mantiqqa asosan quriladi. Uning bitiklari kirish, ekskurs, izohu tushuntirishlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlanadi. Yozuvchi bir tasvirdan boshqasiga, bir lavhadan ikkinchisiga o‘tishda determenizmga amal qilmaydi. Lavha almashganligini raqam bilan bildiradi. Tasvir izchilligiga erishish uchun so‘z sarflagisi kelmaydi. Bu hol o‘quvchini beixtiyor asarning ishtirokchisiga aylantiradi. Chunki muallif izohlarining yo‘qligi o‘quvchini qahramonlar kayfiyati tizginini qo‘ldan chiqarib yubormaslikka undaydi. Ko‘rinadiki, asarning o‘qishli bo‘lishini ta’minlashda uning arxitektonikasini to‘g‘ri qurish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tog‘ay Murod asarlari she’rday o‘qiladi. Adibning muxlisi, shoir Karimberdi To‘ramurodovning: “Tog‘ay Murod shoir ekan. Uning biror nasrida nasr ko‘rmadim. Har safar kitobidan she’r o‘qidim. Men she’r yozar edim. Qofiyali-qofiyali qilib yozar edim. Tog‘ay Murod yozgan she’rni o‘qisang, qofiyasi ichingdan kelar ekan”, degan gapida jon bor. Nasrning she’rday o‘qilishi prozaik tasvir jozibasi va samimiyati belgisidir. Zero, ijod psixologiyasi ilmida ham she’r bilan nasr o‘rtasida jiddiy to‘siq yo‘qligi ta’kidlanadi: “She’r – o‘lchamning bir xilligi saqlangan aniq nasr, nasr esa, o‘lchamlari istagancha o‘zgarishi mumkin bo‘lgan erkin she’rdir”, deydi “San’at psixologiyasi” asarida taniqli rus psixologi L.Vigotskiy. Tog‘ay Murod “Kun tongni yoqib yubordi”, deb yozadi. Bu tasvir shoir ko‘zi bilan ko‘rilgan holatning she’riy ifodasidir.
Adib personajlar ruhiy holatini ilg‘ab emas, ilib oladi, shu bois, obrazga kirib ketadi. Natijada favqulodda ta’sirli va haqqoniy manzaralar chizadi: “Sag‘ir dasturxon oldiga siljib keldi. Sag‘ir barmog‘ini so‘rib, yangaga mo‘ltiradi. Sag‘ir barmog‘ini so‘rib, dasturxonga mo‘ltiradi.
Keyin, og‘zidagi barmog‘ini dasturxonga uzatdi. Barmog‘ini avval dasturxon burchiga tegizdi. Undan dasturxon o‘rtasi sari ohista-ohista o‘rmalatib bordi. Keyin, non chetiga tegib turdi.
Sag‘ir bir tishlamgina non sindirib oldi.
Sag‘ir, yangaga qarab-qarab non tishladi, mo‘ltirab-mo‘ltirab non chaynadi”. Bu ifodalar tasvirga ma’yus ritm beribgina qolmay, sag‘ir ruhiy dunyosida kechayotgan nozik jarayonlarning barcha bosqichlarini his etish imkonini beradi. Parchadagi to‘qqiz gapning to‘rt xatboshiga bo‘lib yuborilishi ruhiy jarayon bosqichlarini yaqqol ifodalashga qo‘l kelgan.
Odam tabiati shundayki, u bir ruhiy holatda uzoq qololmaydi. Sezimlar rang-barangligini aniq berish qiyin bo‘lganidan lahzalik hissiy jarayonlarni ifodalash uchun bir dunyo so‘z sarflanadi. Tog‘ay Murod so‘z bilan tuyg‘u o‘rtasidagi ana shu nomutanosiblikni yo‘qotishga, ruhiy holatni qisqa so‘zlar yordamida to‘la berishga erishdi. Uning telegraf usuliga o‘xshab ketadigan uzuq-yuluq jumlalari inson sezimlarining chin ifodasi bo‘lgani bilan badiiy qimmat kasb etadi.
Inson ruhiy dunyosini g‘oyat teran bilgan Tog‘ay Murod jumladagi gaplar va gapdagi so‘zlar miqdorining imkon qadar kam bo‘lishiga e’tibor qaratdi. Uning asarlarida o‘ndan oshiq so‘zdan iborat gap, beshdan ortiq gapdan tashkil topgan xatboshi yo‘q hisobi. Bu hol ham tasvirga shiddat bag‘ishlaydi, ham ruhiy jarayon kechgan manzillarni aks ettiradi. “Oydinda yurgan odamlar” qissasining o‘n uchinchi bobi to‘qqiz so‘zdan iborat ikkitagina gapdan tashkil topgan. Hamma narsani yozavermaslik o‘quvchini yozilmay qolgan narsalar to‘g‘risida o‘ylashga majbur qiladi. Shu tariqa yozuvchi kitobxonni o‘z sherigiga aylantiradi.
Tog‘ay Murod nasrining ifoda tarzi haqida professor B.Sarimsoqov “…adib o‘zbek badiiy nasridagi bayon poetikasini butunlay yangi o‘zanga burib yubordi. Epik bayonning bu shakli hozirgi o‘zbek nas¬rida mutlaqo yangi badiiy hodisa bo‘ldi. Men bu hodisani kvantiy bayon shakli, deb nomlagim keladi va epik bayonning ushbu shamoyili haqida, umr nasib etsa, maxsus bir tadqiqot qilish niyatim yo‘q emas…”, deb yozadi. Bizningcha, Tog‘ay Murod qissa va romanlaridagi tasvir usulini diskretik usul deyish ma’quldir. Bunda o‘z holicha uzuq-yuluq bo‘lgan jumlalar yaxlit badiiy butunlik yaratishga xizmat qiladi. Alohida kichik adabiy miqdorlarning katta bir estetik butunlikka aylanishi natijasida badiiy sifat o‘zgarishi sodir bo‘ladi. Bu yo‘sindagi tasvir o‘quvchini rom etadi, u asar ohangiga mos tarz¬da nafas ola boshlaydi.
Tog‘ay Murod jo‘ngina ko‘ringan kons¬truktiv manipulyasiyalar yordamida katta badiiy effektga erishish yo‘lini biladi. Adib so‘zlarni bejiz she’rdagi kabi tagma-tag joylashtirmaydi, so‘z-gaplarni ko‘p ishlatmaydi. Asarlarida undov belgilari va uch nuqtalarning mo‘l-ko‘l qo‘llanilishi ham bekorga emas. “Yulduzlar mangu yonadi” qissasida Bo‘ri polvon o‘ylarining: “Avlodlar almashgan sayin… yo pirim-e, tuf-tuf-tuf…, avlodlar almashgan sayin… yurak yo‘qolib boryapti!
Jasad bor! Aql bor!
Yurak yo‘q!
To‘rt mucha bor! Kuch-quvvat bor!
Yurak yo‘q, yurak!..” tarzida berilishi ifodaning aniq chiqishiga imkon bergan. Tagma-tag yozilgan so‘z-gaplar yonma-yon qo‘yilsa, ifoda tarovati yo‘qolib, Bo‘ri polvon ko‘nglidagi romantik tuyg‘ular anglashilmay qoladi. Tushib-chiqishlari va notekisliklari bilan ma’no kasb etadigan bu uslubni tuyg‘ularning nasriy kardiogrammasi deyish mumkin.
Tog‘ay Murod ko‘pincha so‘zlarni qo‘shoqlab ishlatadi. Adib asarlarida so‘zlarni juft qo‘llash ba’zan universal badiiy vosita darajasiga ko‘tariladi: ham musiqa yaratiladi, ham tasvir beriladi, ham munosabat uyg‘otiladi. “Ot kishnagan oqshom” qissasidagi: “Boysunlik alamidan yomon-yomon o‘qraydi, yomon-yomon chaqchaydi. Burab-burab so‘kindi” jumlasidagi egiz so‘zlar qisqartirilsa, undagi harakat yo‘qolib, yolqin so‘nib: “Boysunlik alamidan yomon o‘qraydi, yomon chaqchaydi. Burab so‘kindi” tarzidagi jo‘ngina axborotga aylanadi. Keyingi ko‘rinish ruhiy holatni anglatmaydi, binobarin, munosabat uy¬g‘otmaydi. Oldingi tasvirdan esa boysunlik chavandozning Ziyodulla kalga o‘qrayishi, chaqchayishi va so‘kinishi uloq tortib olingunga qadar ancha davom etgani bilinib turadi. Ko‘rinadiki, agar tasvirdagi so‘zlarning qo‘shoqligi yo‘qotilsa, ifodaning kuchi ham, ta’sirchanligi ham yo‘qoladi.
Milliy til tarovati
Aytish kerakki, xalq aloqa qilish, axborot berish uchun so‘zlamaydi. U, avvalo, munosabat bildiradi. Shu bois har qanday gap ekspressiyaga ega bo‘ladi. Vaziyatga qarab “U ketdi”, degan olti tovushdan iborat ikki so‘zli gapga besh-o‘n xil sezimni yuklash mumkin. Xalq tili hamisha harakatda va ichki dinamikaga ega bo‘lgani uchun haroratlidir. Aloqa qilishgagina mo‘ljallangan kitobiy til ekspressiyadan mahrumligi sabab harakatsizdir. Tog‘ay Murodning iste’dodi shundaki, tinimsiz harakatda bo‘lgan, sanoqsiz jilvalanadigan jonli til tarovatini asarlariga beziyon o‘tkaza bildi.
Yozuvchi asarlarida qo‘llangan “hadahaladi”, “o‘tirib jo‘nadi”, “yig‘lab qo‘ya berdi”, “aytib qo‘ya berdim” kabi so‘z va birikmalar shu turishicha ham jonli, ma’lum ekspressiyaga egadir. Kontekstda esa ular porlab ketadi.
Tog‘ay Murod qahramonlarini kitobdagiday gapirtirmaydi, balki kitoblariga tirik odamlarning jonli tili va haqiqiy so‘zlash yo‘sinini olib kiradi. Shu sabab u o‘zbek adabiyotini “yulduz sanadi”, “oyoq ildi”, “qirladi”, “adirladi”, “angnidi”, “ang qoldi”, “ichkariladi” kabi necha o‘nlab milliy so‘zlar bilan boyitdi.
“Ahay-hay”, “ahay-ahay” kabi undovlardan xalq og‘zaki ijodida uncha ko‘p foydalanilmaydi. Tog‘ay Murod millat ahlining og‘zaki so‘zlashuvida qo‘llaniladigan bu kabi ko‘plab nutq unsurlarini yozma adabiyotning ifoda vositasiga aylantirdi. Adib jonli tildagi so‘zlarni bir chetdan yoppasiga o‘zlashtiravermaydi, balki badiiy vaziyat talabiga muvofiq keladigan, personajlar ruhiy holatiga mos tushadigan so‘zu iboralarnigina adabiyot mulkiga aylantiradi.
Dardchil yumor
Tog‘ay Murod asarlarining o‘ziga xosligini ta’minlagan omillardan yana biri ularda hamisha koloritli yumor borligidir. Dabdurustdan Tog‘ay Murod va yumor bir-biri bilan mutlaqo qovushmaydigan tushunchalarga o‘xshab ko‘rinsa-da, sinchiklab qaragan odamga adibning tasvir yo‘sinida hamisha mayin va nozik zarofat borligi ko‘rinadi. “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romanidan keltirilgan quyidagi parcha fikrimizni isbotlaydi:
— O‘liklarga do‘q qilmang, o‘rtoq, o‘liklarga do‘q qilmang, — dedi Botir firqa.
— Do‘q qilmay bo‘ladimi? O‘zi, allaqachon o‘lib bo‘lgan. Yana-tag‘in uyga ketaman, deydi.
— Oldin o‘lsin… – dedi Botir firqa.
Ocharchilikni emas, ochlarni tugatishga kirishgan hukumat odamlari tomonidan o‘liklar xandaqlarga ko‘mib tashlanayotgan vaqtda aytilgan bu gaplarda Tog‘ay Murod va Surxon o‘lkasigagina xos yumor mavjud. Vaziyat o‘ta fojiaviy, ammo aytilayotgan gaplar kulgi qo‘zg‘aydigan. Lekin nafaqat personajlar, balki o‘quvchi-da kula olmaydi. Basharti kulganda ham, kishida adoqsiz mung uyg‘otadigan kulgi paydo bo‘lardi. Shunisi ham borki, chin kulgi hamisha darddan kelib chiqadi va odamni g‘amga botiradi.
“Ot kishnagan oqshom” qissasida Ziyodulla kal tilidan aytilgan: “Birodarlar, sizga bir nima aytayinmi? Men araz urishni yaxshi ko‘raman! O‘layin agar-a!
Oy tug‘adi, o‘ttizida to‘ladi. Shu oyda biror-bir nimadan, aqalli bir martagina bo‘lsa-da, arazlamasam bo‘lmaydi. Shu oyda kun ko‘rganday bo‘lmayman”, shaklidagi iqror ham kishida kulgi uyg‘otadi. Oldingisi kabi dahshatli bo‘lmasa-da, bu kulgidan ham g‘amzadalik paydo bo‘ladi. Chunki obro‘ topgisi, hurmat ko‘rgisi kelgan, shunga loyiq bo‘lgan, ammo atrofidagilardan hurmatu e’tibor ko‘rmagan “kichkina” odam holati kishi ruhiyatiga titroq soladi.
Tog‘ay Murodning ko‘pchilik qahramonlari — qadr izlagan kishilar. Ular hech bo‘lmasa, qadrliga o‘xshab ko‘rinishni istashadi. Bu hol bakovuldan arazlab ko‘pkarini tashlab ketayotgan, birorta sherigim qayting, dermikin, deb umid qilgan Ziyodulla chavandozning ishtonini ho‘llab qo‘ygan to‘rt yashar Karimboy “maslahati” bilan qaytishida namoyon bo‘ladi. Bunday yo‘l bilan obro‘ qozonishga urinish beozor kulgi hosil qiladi.
Bo‘ri polvonning kubokni samovar deb aytishi, Dehqonqulning baxmalni paytava qilib o‘rashi, Ziyodulla kalning otidan arazlab gaplashmay qo‘yishi, Botir firqaning ko‘ylakni kostyum xayol qilib ordenlarini taqishi kabi ko‘plab tasvirlarda turli darajadagi yumoristik holatlar aks etgan. Ko‘rinadiki, Tog‘ay Murod yaratiqlarining o‘qishli bo‘lishini ta’minlagan omillardan yana biri surxoniy yumor ekan.
Jonliqlarga yangicha yondashuv
Tog‘ay Murod odamzodning yuksak rutbasini yaxshi biladigan ma’rifatli yozuvchi bo‘lsa-da, u insonga dunyoning hukmdori, tabiatni esa uning tasarrufi uchungina bunyod etilgan yaratiq hisoblamaydi. U odam tabiat bilan birgalikda va tengma-teng yashashi kerak deb sanaydigan ijodkor edi. Uning o‘zi “Seton-Tomp¬son kitobiga so‘zboshim” maqolasida yozgani kabi: “Jonivorlar badiiy adabiyotga qadim-qadimdan buyon oralab yuradi. Qadimgi adabiyotlarda jonivorlar …shunchaki, inson xizmatkori sifatida, yo‘l-yo‘lakay ko‘rindi. Yo‘qolganda yo‘qolgani bilinmadi, o‘qigan odamda yo‘qlov tuyg‘usi tug‘dirmadi… Boisi, jonivorlar bir jonli buyum sifatida tasvirlandi. Bordiyu, biror jonivor, aytaylik, ot o‘lgan bo‘lsa, asar muallifi shu zahotiyoq otning egar-abzalini olib, uni o‘lgan joyida tashlab ketaverdi”. Ko‘rinadiki, tabiatga, ayniqsa, jonliqlarga odamning va xususan, ijodkorning mavjud munosabat yo‘sini Tog‘ay Murodni qoniqtirmagan.
U o‘zbek ijodkorlari orasida birinchi bo‘lib jonliqlarga alohida bir qadriyat sifatida yondashgan yozuvchi edi. Agar boshqa asarlarda tabiat va jonliqlar tasviri qahramonning biror jihatini ifodalaydigan vosita maqomida kelsa, Tog‘ay Murodda ular badiiy maqsad martabasini oladi. Ziyodullaga jigarlaridan-da yaqin bo‘lgan Tarlonning tuyg‘ulari tasviri odamnikidan kam ahamiyatga ega emas. Kelinlik
uyini tark etib ketayotgan momo ortidan ergashgan Olaparning iztiroblari ifodasi ta’siri Oymomonikidan nursiz emas.
* * *
Tog‘ay Murod asarlarida hayot aks etadi. Hayotda hamisha ham ezgulik tantana qilavermaydi. Yaxshi odam ko‘pincha yengilib toblanadi, necha bor zeru zabar bo‘lsa-da, yovuzga aylanmagan kishigina chinakam ezgu shaxsdir. Kimki atrofdagi yirtqichlar ta’sirida yirtqichlashsa, demak, uning ezguligi o‘tkinchi, omonatdir. Tog‘ay Murod qahramonlari yaxshiliklari azaliy va abadiy bo‘lgan odamlardir.
Xotiralar aytishadiki, Tog‘ay Murod sirli odam edi: sirlar og‘ushida yashadi, sirli-sirli asarlar bitdi, sirli ravishda dunyodan kechdi. Asarlarining nega shunday yozilganligini to‘la anglash ham sirligicha qolmoqda. Bu haqda o‘ylaganing sari fikring chuvalashib boraveradi. Negaki, takrorlanuvchi hodisalargina izohga bo‘y beradi va ulardan muayyan qonuniyat topish mumkin. Tog‘ay Murodning betakror badiiy yaratiqlari esa izohu qoliplardan tashqaridadir. Ijodkoriga o‘xshagan asarlarning yo‘li uzoq bo‘lg‘ay!