TILGA EHTIROM - VATANGA EHTIROMDIR
"Bulung'ur hayoti" gazetasiMustaqillik barcha sohalar qatori ona tilimiz uchun ham beqiyos imkoniyatlar yaratdi. 1989-yil 21-oktabrda yurtimizda hali istiqlolga erishmay turib sobiq ittifoq respublikalari orasida birinchi bо'lib, katta ma'naviy jasorat bilan О'zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Shu munosabat bilan "Davlat tili haqida"gi О'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Ona tilimizga Davlat tili maqomi berilishi amalda istiqlol sari qо'yilgan dadil qadam bо'ldi. Ona tilimizga nisbatan davom etgan salkam bir asrlik bepisandlik, zug'umdan sо'ng sodir bо'lgan bu olamshumul voqea nafaqat tilimizdagi, balki dilimizdagi tugunlarni ham ochib yubordi.
Chunki tilni xalq yaratadi va u necha yillar davomida shakllantirilib boriladi. Demak, xalq taqdiri, til taqdiri bilan bog'liq. Til har bir millat madaniyatining о'zagidir. Til xalqni birlashtiradi, о'qitadi, urf-odat va an'analarni saqlaydi. Til og'zaki va yozma nutq orqali yashaydi. Biz nutqimizda sо'zlarni buzib talaffuz qilsak yoki yozayotganda imlo qoidalariga rioya qilmasak tilimiz kambag'allashib boraveradi. Buning qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur qilish qiyin emas. Shu bois О'zbek tilining sofligini saqlash eng muhim vazifalarimizdan hisoblanadi.
О'zbek tilining sofligini saqlash, uning jozibadorligini oshirishda bosh ma'naviy merosimizdan foydalanish yaxshi samara beradi. Bu borada qadimgi xalq og'zaki ijodi namunalari - Mahmud Qoshg'ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Xorazmiy, Rabg'uziy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy kabi ijodkorlar asarlarini о'rganish, bugun unutilayotgan sо'zlarni ishlatish, targ'ib qilish muhim omil hisoblanadi.
Millatimiz nufuzi xalqimiz tilining qanchalik keng tarqalgani, mukammalliligi, ommalashganligi, boy va sofligi bilan belgilanadi. Shu ma'noda aytish lozimki, Ona tilimiz sanalgan О'zbek tili ham asrlar osha о'z sofligini, о'ziga xos jihatlarini saqlab kelayotgan dunyodagi о'nlab tillardan biri hisoblanadi. Ona tilimiz millatimiz kо'rki, g'ururi sifatida xalqaro miqyosda e'tirof etilgan. Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining Oliy minbaridan turib sо'zlagan о'zbek tilidagi nutqlari tilimizning nufuzini yanada oshirdi.
О'zbek tilini Vatanimizda yashayotgan, о'zbekman deya faxr bilan umr kechirayotgan har bir shaxs hurmat qilmog'i lozim. Bu haqda Bosh Qomusimizda Ona tilimizni asrab-avaylash har bir millatdoshimizning ham insoniy, ham fuqarolik burchi ekanligi alohida ta'kidlangan.
Tumanimizda ham О'zbek tilini yanada rivojlantirish, О'zbekiston Respublikasining "Davlat tili tо'g'risida"gi Qonuni ijrosini ta'minlash maqsadida bir qancha amaliy ishlar qilinmoqda. Birinchi navbatda ushbu qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tuman hokimligi xodimlariga tushuntirish, targ'ib qilish maqsadida haftada bir kun bо'lib о'tadigan о'quv soatlari tashkil etilgan. О'quv soatlarida xodimlarning bilim kо'nikmalari oshirib kelinmoqda. О'zbekiston Respublikasining "Davlat tili tо'g'risida"gi Qonunining 10-moddasi talablari asosida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlarini lotin yozuviga asoslangan о'zbek alifbosida yuritish tо'liq ta'minlangan.
О'zbek tilini rivojlantirishda kо'zga kо'rinib turadigan joylardagi yozuvlar, panno va plakatlar, yozuvli reklama vositalarini ona tilida aks ettirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda kо'chalardagi ana shu vositalardagi yozuvlarga alohida e'tibor qaratyapmiz. Yil davomida ona tilimizni rivojlantirish maqsadida turli tadbirlar о'tkazib kelinmoqda.
Umuman tumanimizda Davlat tiliga oid Farmon, Qaror va boshqa normativ hujjatlar ijrosini ta'minlash bо'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Zero, Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, har birimiz Davlat tiliga bо'lgan e'tiborimizni Mustaqillikka bо'lgan e'tibor deb, Davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishmiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz zarur.
G'ayrat SHAMANOV,
tuman hokimining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, Davlat tili tо'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bо'yicha maslahatchisi.