TIBBIYOT TALABASI UCHUN YO'L [] 2-QISM

TIBBIYOT TALABASI UCHUN YO'L [] 2-QISM

Leaders.uz

Olamlar Yaratuvchisi bo'lgan Alloh Subhanahu va Taologa bitmas tuganmas Hamd-u Sanolar va Shukurlarimiz bo'lsin.

Shafoatchimiz Muhammad Mustafo salollohu alayhi vasallamga durudu salovat va salomlarimiz bo'lsin.

TIBBIYOT TALABASI UCHUN YO'L [] 2-QISM

Birinchi yozgan maqolamdan yillar o'tdi, bu orada Tibbiyot Institutini yakunladim. O'zim haqimda esa bu yerda keltirib o'tganman.

Anchadan buyon maqola yozmayotganim uchun fikrlarimda sayozliklar bo'lsa bu uchun avvaldan uzr so'rayman, foyda olsangiz ushbu foydani Alloh Taoloning marhamatidan deb bilasiz.

Ushbu maqola ilk tibbiyot institutiga qadam qo'ygan yigit-qizlarni namuna olish orqali yozilmoqda, o'z holatingizdan kelib chiqib xulosa olaverasiz.

ENG MUHIM FANLARNI SARALAB OLISH

Ilm olami katta bir qasrga o'xshaydi, qasrda mavjud bo'lgan xonalar ichidagi ilmga boy bo'lgan manbalar qulflangan eshiklar orqali ximoya qilinadi. Eng avvalo qilishimiz kerak bo'lgan ish bir ommaviy (universal) kalitni topish. Ya'ni bir kalit bilan bir necha yuzlab eshiklarni ocha olish kerak bo'ladi.

Bunday kalitni tibbiy sohadagi 2 nomini aytaman:

1. Chet tillari

2. Asosiy qismlar (fundamental qism, bazaviy qism)

Shu soxada necha yil harakat qilar ekansiz, shu ikki kalitni doimo, tinimsiz rivojlantirib boring.


BIRINCHI UNIVERSAL KALIT IZOHI

Chet tillari ichidan eng avvalo albatta hozirgi kun talabidagi ingliz tilini o'rganishni boshlash afzal. Ko'pchilik tanlov qo'yadi "avval tibbiyotmi yoki til" - deya.

Ikkisini ham bir me'yorda olib ketish mumkin, o'zimiz haqimizdagi maqolani o'qib chiqsangiz, amaldagi ifodasini ko'rasiz.

Tillarni o'rganishni o'zini ham 2 bosqichga bo'lib olish eng yaxshi va samarali usul deb topdik:

1. Me'yoriy bosqichgacha

2. Kuchaytirilgan bosqichgacha

Me'yoriy bosqichda siz tilni B2 (ingliz tili misolida, IELTS Overall 6.0 - 6.5) gacha o'rganish bu me'yoriy bosqich hisoblanadi. Bunga sarflanuvchi muddat eng qisqasi 9 oy, eng uzog'i 18 oy. Undan ortiqroq vaqt sarflash vaqtni isrof qilishga teng. Eng qisqa deb keltirganim, o'zlashtirish qobilyati yaxshi bo'lganlar, eng uzog'i esa meni kallam "dub" hech narsa olmaydi deb bahona qiluvchilar uchun.

Birinchi bosqich yakunlangach esa ikkinchi bosqichga birdan o'tishga shoshilishning keragi yo'q. Har qanday moddiy yoki ma'naviy sabab bo'lsa ham. Chunki mana shu B2 darajada o'z sohasidagi manbalardan (barcha turidan) foydalana oladi va o'z fikrlarini erkin ifoda etib bera oladi.

Til ko'nikmasi tushib ketmasligi uchun doimiy tibbiy manbalar, videolar, kitoblarni shu tilda foydalanib turishi kerak. Bu har bir tilga bog'liq malakasini o'z-o'zidan oshirib boradi.

Til o'rganish yo'lida bir tilni ikkinchi bosqichiga o'tishdan avval boshqa bir tilni me'yoriy bosqichda o'rgangani afzal. Bu orqali til bilish boyligini oshiradi bu ham moddiy, ham ma'naviy foyda.

Ikkinchi o'rganiluvchi til sifatida rus (agar Germaniya bilan kelajagini bog'lasa avval nemis, so'ng rus tili) tilini o'rganishi mumkin. Bu ham me'yoriy bosqichga qadar. Ya'ni kitoblarni o'qib tushuna olishi, audio va videolardan foydalana olishi, o'z fikrlarini bemalol ifoda etib bera olishi darajasigacha.

Bunga ketadigan vaqt miqdori ham u qadar ko'p emas 5 oydan 11 oygacha (nemis tilida 9 oydan 18 oygacha).

Ikkinchi tilni me'yoriy bosqichga olib chiqgandan so'ng bemalol ingliz tilini kuchaytirilgan bosqichgacha olib chiqishi mumkin. Ya'ni C1 (IELTS Overall 7.0 - 8.5)

Til o'rganish tibbiyotdan butkul ayrilishni talab qilmaydi, shunday deb biluvchilar uchun bu bahona xolos. Shaxsiy tajribamdan aytaman buni. "Hamma sen kabi emas" degan fikr ham quruq bahona. Sababi esa men 2 tilni ham mustaqil holda qo'shimcha darslarsiz (repetitorsiz) o'rgandim, Allohga shukur. Bu ishni ustoz bilan amalga oshirish istalgan inson uchun imkonli, faqat biroz nafsini tarbiya qilib, doimiy harakatda bo'lishi kerak.


IKKINCHI UNIVERSAL KALIT IZOHI

Asosiy qism (fundamental qism deb keltiraman bundan keyin) - bu avvalo tibbiyotning asosi va shu tanlangan fanning asosi bo'lishi kerak.

Tibbiyot 2 katta tarkibiy qismdan iborat:

1. Tuzilish birlik

2. Jarayon birlik

➖Tuzilish birlik asosiga Anatomiya bilan bog'liq fanlarni kiritamiz.
➖Jarayon bilan bog'liq fanlar asosiga esa Normal Fiziologiyani kiritamiz.

Shu yerda bir izoh berib ketsam. Ko'pchilik Fiziologiyasiz undan keyingi fanlarni Patologiya, Farmakologiya, Biokimyo, Neyrofiziologiya, Klinik fanlar, diagnoz qo'yish, davolash kabi yo'llarni boshlash mumkin deb biladi. Ularga hech qanday e'tirozim yo'q, har kim ilk ko'rgani bo'yicha xulosa qiladi. Faoliyat davomida barcha fanni umumiy holda o'rganib, klinik qismlarni tahlil qilib chiqgan holdagi xulosamni yozyapman.

Yuqorida keltirib o'tilgan ilmlarni o'rganib asli ularni Normal Fiziologiyada o'rganish kerak ekani haqiqat ekanini inkor etuvchilar yetarlicha. Ularning inkor etishi haqiqatni o'zgartirolmaydi.

Yana boshqa bir turdagi o'rganuvchilar esa, institutni tamomlayapman, ulgurmayman - deya bahona qilishadi. Ilm yo'li boshlanadi, lekin tugamaydi. Turi xil irmoqlarga kirib, adashib so'ng yo'l boshiga kelgandan ko'ra, anglagan ondan boshlab yo'l boshidan boshlash eng afzali.

Tuzilish birligidagi yo'nalishda ham shunday. Anatomiya eng bosh asos va bu asosning ilk qadami Osteologiya. Buni hech yodingizdan chiqarmang.

Fiziologiyaning asosi esa Umumiy Fiziologiya qismi. Barcha xususiy fiziologik, patologik, farmakologik va biokimyoviy jarayonlar umumiy Fiziologiya bilan bevosita bog'liq.

Qaysi fan qaysi bosqichda o'qitilishini institutga kirgach hamma o'z instituti tomonidan tuzilgan dastur asosida bilib oladi. Ammo o'zi uchun qachon o'qishi kerak ekanini o'zi hal qiladi. Xox 2-kursda, xox bitirgach...

Yuqorida Normal Fiziologiya va Anatomiyani o'rganish asosini keltirib o'tdim. Shu kabi Biokimyo, Gistologiya, Patologiya, Farmakologiya fanlarini ham avval umumiy qismini yaxshilab o'rganib olasiz. Bu uchun ketadigan vaqtdan hech ham achinmang, chunki bu universal kalit.

Istalgan ilmni olishdagi eng yaxshi uslub bu, umumiydan -> xususiyga, oddiylikdan -> murakkabga.

Bu uslub haqida o'z maktabimizdagi (LMS) har bir fanda izohlab ketamiz, shu jumladan jamoamiz tomonidan chiqariladigan kitoblarda ham.


INSTITUT DAVOMIDAGI MUNOSABATLAR HAQIDA

Institut ham hayotimizning bir qismi, hamda eng katta ta'sirga ega bo'lgan qismi. Sababi esa Abituriyentlarda aniq maqsad mavjud, lekin tibbiyot institutlariga ilk qadam qo'ygan talabada maqsad yo'q. Buni inkor etib, o'zini aldaganini kamida 6 oy o'tib hamma anglagan yoki anglaydi.

Birinchi galda hech kimga ishonmaslik (o'zidan boshqa) va hech kimni ayblamaslik (o'zidan boshqa).

Hozirgacha oz bo'lsada qilgan harakatimiz uchun Alloh Taolo bergan ilm yo'lidagi ne'matlarni men mana shu 2 omildan deb bilaman.

HECH KIMGA ISHONMASLIK SABABI

Insonlar o'z irodalari oldida o'zlari gohida ojiz qolishadi va o'zlari uchun ishonchli qadam tashlay olishmaydi, sinovlarda yengilishadi. Endi bu holda qanday qilib sizni ishonchingiz mas'uliyatini qabul qilishlari mumkin. Ishonmaslik deganda hamma bilan aloqa uzish nazarda tutilmagan, har qaysi maqsadingizga eltuvchi yo'l o'zingizga bog'liq.

Qolaversa ishonish orqali o'z hurmatingizni, insonlar orasidagi chegarangizni yo'qotasiz. Bu fikrni ko'pchilik yigit va qiz o'rtasida yaqqol ko'radi. Yigit qizni yoki aksi qiz yigitni hurmat qilib muomala qilsa o'sha hurmat ko'rgan tomon chegaradan chiqadi (bu bir kun albatta bo'ladi), shu sabab chegara har doim bo'lishi kerak.

Endi bu fikr nafaqat yigit va qiz o'rtasida, balki qizlar o'rtasida o'zaro ham, yigitlar o'rtasida o'zaro ham bo'lishi kerak. Aks holda o'rtaga hurmatsizlik (kamsitish, maynavozchilik, bekorchilik) albatta aralashadi. Har narsa me'yorida saqlanishi kerak. Shunda munosabatlar uzoqroq davom etadi.

Do'stingni ko'p yaqin olma, bir kun dushmanga aylanishi mumkin. Dushmanni ko'p uzoq tutma, bir kun do'stga aylanishi mumkin.


HECH KIMNI AYBLAMASLIK SABABI


Qaysi bir erisha olmagan manzilingizdagi asosiy aybdor 100% o'zingiz. O'zim misolimda esa bu men o'zim. Bunga hech qanday guvoh shart emas. Men o'zimni bilaman, qachon qayerda dangasalik, erinchoqlik qilganim o'zimga ayon. Avvallari men ham boshqa omillardan ayb qidirishga harakat qilar edim. So'ng anglaganim barcha nuqtadagi asosiy aybdor o'zim ekanim bo'ldi.


Misol uchun nemis tilini o'rganish muddatim uzoqroq bo'lgani, vaqtni yetarlicha mavzularni o'rganishga ajratmaganim, so'zlarni vaqtida yod olib takrorlamaganim, ko'proq tinglab, gapirishga intilmaganim ekanini juda yaxshi bilaman. Bunga meni o'qitayotgan ustozni ayblay olmayman, chunki uni o'zi yo'q. Hamda bular barchasi men uchun, meni kelajagim uchun kerak, boshqalar uchun emas. Xuddi sizda ham shunday, repetitorni, sistemani emas avvalo o'zingizni ayblang va barchasi o'zingiz uchun kerak ekanini anglab oling. Qolganlarga esa avval aytganimdek ishonmang...

OILA QURISHGACHA BO'LGAN VAQT

Aynan hozir oila qurishgacha bo'lganini yoza olaman (shu bosqichda bo'lganim uchun). Ko'pchilik tanlagan yo'l, doim to'g'ri degan qarorni olib keladi - degan qoida mavjud emas.

Izoh keltirsam, juda ko'pchilik yaxshi juft qidiradi. Ammo yaxshi juft bo'lish uchun kamchilik harakat qiladi. Men ikkinchisini tavsiya berar edim.

O'ziga ishongan, kelajagi uchun harakat qiladigan, irodali, sabrli, ilmli, oqil(a), solih(a) juft izlash uchun inson o'zi shunday bo'lishi uchun harakat qilishi kerak.

Talabalar bilan ishlaganimiz va ba'zi bir ommaviy guruhlarda adminligimiz borligi sabab ko'plab yigitlardan fikr eshitganmiz - "Yaxshi qiz yo'q".

Keyin so'raymiz, o'zing yoqtirgan "shu qiz" bor edi-ku.

Uni javobi esa; to'g'ri u qiz bor, gaplashish uchun bo'ladi. Ammo oila qurish uchun bo'lmaydi. Qiyinchiliklarga, sinovlarga chiday olmaydi, yengil hayotga ko'nikkan. Yaxshi qiz qidirdik, lekin yo'q.

Yaxshi qiz/yigit yo'q emas, bor, lekin ular yaxshilar davrasida. Qanday inson bo'lsangiz shundaylarni ko'rasiz. Men havas qilsa arziydigan ko'plab ilm yo'lidagi qizlar/yigitlarni bilaman, lekin o'zimni yaxshi deb ayta olmayman, hech kim bunday deb da'vo qila olmasa kerak :)

Yuqoridagi gaplashib yuruvchi qizi, gaplashish uchun mos, lekin oilaga to'g'ri kelmaganidek. Yigit ham gaplashish uchun (o'tkinchi fikr bilan qarasa) bo'laveradigan, lekin erlik uchun, otalik uchun, kuyovlik uchun munosib bo'lmaydigan chiqadi.

Umr yo'ldosh bu ko'chadan avtomobil yoki telefon sotib olish emas, yoqmasa almashtirgani. Hamda faqatgina shu hayotda yashash uchun hamroh emas. E'tiqodimizga bog'liq holda, bu olamdan o'tkanimizdan keyingi yo'limizga ham, manzilimizga ham bog'liq bo'lgan bizning yo'limizdagi yo'ldosh. Shu sabab ham umr yo'ldosh deb atalsa kerak aslida. Har qanday mavzudan yaxshiroq e'tibor bilan tayyorlanish kerak bu uchun.

Eng avvalo Tibbiyot yo'lida, vaqtida nima qilishingiz kerak ekanini anglagach aytilganidek chet tillarini, fundamental fanlarni o'zlashtirib olishingiz kerak (kechroq anglagan bo'lsangiz, shaxsiy hayotingizdan kelib chiqib qaror qilasiz).

Yigitlar uchun, agar o'z yo'lini aniq qilib, oilaning mas'uliyati, otaning, umr yo'ldoshning mas'uliyati qanday, nimalardan iborat ekanini anglab. Bu anglash ham ma'naviy jihatdan, ham moddiy jihatdan tayyor bo'lsa, so'ng oila qurish uchun 5-kurs o'rtalaridan (6-yillik o'qishda) yoki 6-kurs o'rtalaridan (7 yillik o'qishda) harakat qilsa optimal vaqt degan fikrdamiz. Bundan ertaroq ham, kechroq ham bo'lishi mumkin albatta. Har kimning shaxsiy hayotidan kelib chiqgan holda.

Fikr tug'ilishi mumkin, men yozganlarim, ortiqcha mas'uliyat bo'lib oila qurish kechikishiga sabab bo'ladigan holat kelib chiqadi - deya. Aslida esa bunday emas, vaqtida o'z harakatlarini boshlagan inson uchun bu faqat foydaga ishlaydi. Hamma narsani chetga surib, "sevgilimga yetish" yoki "tezroq uylanay, erta farzand ko'rib yonimga kiradi" degan sabablar bo'lsa-yu. Vaqt o'tib, farzand ne'matini Alloh Taolo nasib qilsa, uni moddiy ta'minotini qilishi mumkin, lekin ota sifatida farzandi uchun berishi kerak bo'lgan ma'naviy tarbiya unutiladi.

Bunday holatni avvaldan ko'p guvohi bo'lganmiz, ayni daqiqada ham ko'rishingiz mumkin. Bu nafaqat otaning farzandga muhim bo'lgan ma'naviy tarbiyasiga ta'sir qiladi, balki o'zining ham ilm yo'lidan uzoqlashishiga olib kelishi mumkin. Har kimning o'z yo'li bor, bu bizning tavsiya xolos. Hammasini eplaydiganlar ham bor albatta, Alloh ularga baraka bersin.

Qizlarimizda ham avvalo shunday, kimni umr yo'ldoshim bo'lishini xoxlayman degan savolga javob topib. Avvalo o'zi shunga harakat qilishi kerak. Kecha-yu kunduz sayrda, dugonalar davrasida, banketlarda yurib. Qo'liga 101-bor qayta o'qiyotgan qizil Murphy kitobini ko'tarib "kursga boryapman" degan o'zini aldovchi bahona uchun ingliz tilini o'rganib. (Begona/Nomahram) Yigitlar bilan munosabatida chegarani o'z me'zonlari bo'yicha qo'yib, o'ziga mutlaqo teskari bo'lgan ideal insonni umr yo'ldoshi bo'lishini xoxlash bu reallikdan mutlaqo yiroq. Bularni barchasini aniqlab beruvchi vaqtdir.

Inson ekan, insonda albatta kamchilik bo'ladi. Hech kim ideal emas. Lekin bu asosni olib, yengillikka qochish ham to'g'ri emas, eng muqobil o'rtalikdagi me'yorni topishga harakatda bo'lish kerak. Hamda mana shu eng to'g'ri yo'nalish.

Ayollarning farzandlari faqat 1 materialdan 20 xil kiyim tikib bera oladigam, 1 mahsulotdan 20 xil taom tayyorlab bera oladigan onaga emas. Haqiqiy bir ta'lim maskani bo'la oladigan onaga muhtoj. Dunyo tan olgan ulamolarning onalarini, ularning farzandlari uchun ilk ilm maskani bo'lganlarini qizlarimiz bilishsa, so'ng farzandlari o'zlari xoxlagandek, orzu qilgandek farzand bo'lib yetishadi in shaa Alloh.

Qizlarimiz uchun o'zlarining tayyorliklaridan kelib chiqgan holda 4-kurs (6 yillik o'qishda), 5-kurs (7 yillik o'qishda) ma'qul vaqtlardan, fikrimizcha. Ko'plab omillar sabab bu ertaroq yoki kechroq bo'lishi ham mumkin. Avvalo taqdir nasib qilgani.

Ikki tomonda ham "men hali tayyor emasman" degan fikr har qachon bo'ladi. Shuni aniq bilish kerakki, biz tayyor bo'lgan holatimizda imtihonga kirmaymiz hech qachon, tayyorlanish jarayonida kiramiz..

Xox bu dunyoviy ilmlardagi fan imtihonlari bo'lsin, xox oila qurish, xox qabrga kirish.

Shu sababli doimo tayyorlanish yo'lida bo'lish, eng maqbul yechim.

Ilmiy yo'lga oila mavzusini ham qo'shilgani, ilmga oila ham juda katta ta'sir etishidan belgi.


CHET ELGA CHIQISH MASALASI HAQIDA

Tibbiyot sohasidagi inson albatta chiqishi kerak. Shaxsiy rivojlanish uchun ham, fikrlash doirasi o'zi uchun qulay bo'lgan muhitida (comfort zona) qolib ketmasligi uchun ham. Bu bir alohida maqola mavzusi aslida. Sabablari, inkor etuvchi omillar, ularning yechimlari, keng mavzu bu. In shaa Alloh bu haqida ham yoziladi nasib qilsa.


Maqola ommaviy bo'lgani sabab imkon qadar me'yorida bayon etildi. Manfaat ko'rgan bo'lsangiz mamnunmiz, maqolani o'qish uchun sarflagan vaqtingizga rozi bo'ling.

Report Page