TGNHAT (ASKUG) TIZIMIGA ULANMAGAN ISTE'MOLCHILAR GAZ UCHUN QARZDOR BO‘LIB QOLDILAR 

TGNHAT (ASKUG) TIZIMIGA ULANMAGAN ISTE'MOLCHILAR GAZ UCHUN QARZDOR BO‘LIB QOLDILAR 


«Hududgazta'minot» AJning hududiy filiallari tomonidan iste'molchilar xonadonlarida “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi”ga ulangan ikki milliondan ortiq «aqlli hisoblagichlar» o‘rnatib berildi. Yangi hisobdonlarning qulayligi va afzalliklari tufayli iste'molchilar foydalangan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni mobil ilovalar orqali amalga oshirmoqdalar. Bu esa kunning har qanday vaqtida qarzdorlikni qoplash va oldindan to‘lovlarni amalga oshirishga imkon bermoqda.  

Hozirda, zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunasi hali o‘rnatilmagan 1,5 mln. iste'molchilar sarflangan gaz uchun eski namunadagi gaz hisoblagichlarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘lov qilishni davom ettirmoqda. Lekin ushbu iste'molchilarda ham yangi hisobdonlar o‘rnatilgunga qadar o‘z xonadonlaridan chiqmay turib iste'mol qilingan yoqilg‘i uchun to‘lov qilish imkoniyati ham yaratilgan. 

Bu kabi iste'molchilar uchun «Hududgazta'minot» AJ maxsus Telegram-bot ni ishga solgan bo‘lib, ushbu maxsus dastur orqali ko‘rsatkichlarni mustaqil kiritish, iste'mol qilingan tabiiy gaz hajmlari to‘g‘risida barcha zarur ma'lumotlarni olish, ro‘yxatdan o‘tganligini va shaxsiy hisobni tekshirish hamda gaz ta'minoti xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirishga imkon beradi.  

Gaz ta'minoti filiallari va bo‘limlari tomonidan doimiy ravishda berilayotgan bildirishlar va shartnomaviy majburiyatlarga qaramasdan, ayrim iste'molchilar yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun har oyning 10 sanasiga qadar to‘lovlarni amalga oshirmayapti. Natijada esa, iste'molchilar tomonidan katta qarzdorlik yuzaga kelmoqda va qarzga nisbatan vaqtida to‘lov qilinmaganligi sababli penya hisoblanmoqda.  

Bugungi kunga kelib 1,2 milliondan ortiq iste'molchining «zangori yoqilg‘i» uchun 501,6 milliard so‘m miqdordagi debitorlik qarzdorligi mavjud. Tez orada butun mamlakatimiz bo‘ylab «aqlli hisoblagichlarni» o‘rnatish ishlari yakunlanadi. Yangi hisobdonlar ishga tushgach iste'molchiga baribir qarzdorligini qoplashga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, asosiy qarzdorlikni bartaraf etish bilan birga unga nisbatan hisoblangan penyani ham to‘lash talab qilinadi. Aks holda istemolchi gaz ta'minoti tizimidan avtomatik ravishda uzib qo‘yiladi. 

Hurmatli iste'molchilar «Hududgazta'minot» AJ iste'molchilarga gaz ta'minoti xizmatlari uchun o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirish zarurligi haqida eslatib o‘tadi. 

«Hududgazta'minot» AJ matbuot xizmati

Report Page