TEST TEXNOLOGIYASI
@sjtbotO’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 5 fevraldagi «O’zbekiston Respublikasi Oliy o’quv yurtlari uchun talabalarni test usulida qabul qilish to’g’risida»gi Qarori O’zbekistonda MDH davlatlari ichida birinchi bo’lib testshunoslikdan foydalanishga keng yo’l ochib berdi. Jahon pedagogikasi va psixologiyasida mustahkam o’rin olgan test usuli mamlakatimiz ta`lim tizimida jadallik bilan tadbiq qilinmoqda. Respublika Davlat Test markazining faoliyat ko’rsatayotganligi mamlakatimizda testshunoslikning davlat ahamiyatiga ega bo’lgan masala darajasiga ko’tarilganligining yaqqol dalilidir.
Pedagogik testlar AQSH, Niderlandiya, Angliya, Turkiya, Janubiy Koreya, YAponiya va boshqa ko’pgina mamlakatlarda keng rivoj topdi. Ushbu ro’yxatga asosan turmush darajasi yuqori bo’lgan mamlakatlar kirganligi tasodif emas. Bunda quyidagi zanjirli bog’lanish mavjud: testlarni qo’llash ta`lim sifatiga ijobiy ta`sir ko’rsatadi; ta`lim sifati esa boshqaruv sifati bilan bog’liq; oqilona boshqaruv esa aholi turmush darajasini oshirish uchun zamin yaratadi.
Testshunoslik batafsil bayon etilishi zarur bo’lgan alohida soha ekanligi va shu bilan birga test topshiriqlari pedagogik texnologiya bo’yicha loyihalangan tashhislanuvchi o’quv jarayonini amalga oshirishning muhim vositasi ekanligini ham e`tiborga olib, bu bo’limda testshunoslik tarixi (J. Fisher, F. Gamelton, CH. Grim, CH. Rassel), test usulining afzalliklari, test shakllari va ularni tuzishga oid didaktik talablar haqida ixcham ma`lumot beriladi.
1. Test shakllari va ulardan foydalanish.

Testning rivojlanish tarixi va uning ijobiy tomonlari
Test (ingl. - sinov) birinchi marta 1864 yilda Buyuk Britaniyada J.Fisher tomonidan talabalarning bilim darajasini tekshirish uchun qo’llanilgan. Test sinovlarining nazariy asoslarini keyinchalik ingliz psixologi F.Gamelton ishlab chiqdi. Test sinovlari dastlab psixologiya fani doirasida rivojlandi. XX asr boshida esa test sinovlarini ishlab chiqishda psixologik va pedagogik yo’nalishlar bir-biridan mustaqil ajrala boshladi. Pedagogik test sinovlari birinchi marta amerikalik psixolog e. Torndayk tomonidan yaratilgan. Psixologiya va pedagogikada test sinovlarining rivojlanishi matematik uslublar ham qo’llashni taqozo qildi. Bunday uslublar o’z navbatida testlarni ishlab chiqishga ijobiy ta`sir ko’rsatdi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida test sinovlariga talabalarning o’quv qobiliyatlarini baholash vositasi sifatida qarash ancha kuchaydi. Aynan shu davrdan boshlab test sinovlari ikki asosiy yo’nalish: aqliy (intellektual) rivojlanish darajasini aniqlash testlarini yaratish va qo’llash hamda talabalarning o’qish qobiliyatlarini va bilimlarini baholashga mo’ljallangan pedagogik testlarni yaratish va ulardan foydalanish sohalari rivojlana boshladi. Test tuzuvchilar turli odamlarda ta`sirga javob berish vaqti bir xil emasligini aniqladilar, bu esa odamlarning aqliy qobiliyatlarini o’rganish zarurligi va turli darajadagi testlar yaratish usuli bo’yicha amaliy ishlar olib borish lozimligiga olib keladi.
Test sinovlarining asosiy maqsadi: ham o’tilgan darslarni o’zlashtirish darajasi to’g’risida, ham navbatda o’rganilishi lozim bo’lgan dars hajmi to’g’risida o’qituvchiga axborot berish; o’qituvchiga o’qitish uslubini tanlashda yordam berishdan iborat deb hisoblangan.
Talabalar bilimlarini baholashning turli usullarini tahlil etib, testlarni guruxlarga ajratishga ham urinib ko’rilgan. CH.Grin (1926) o’zining «Test novogo tipa» (YAngi turdagi test) nomli monografiyasida ilgari yaratilgan va ishlatib ko’rilgan testlarning afzalliklari va kamchiliklarini tahlil qilib quyidagi tavsiyalarni berdi [6]:· test sinovlari uchun mo’ljallangan material hajmini aniq belgilash va uning tarkibidagi eng muhim qismlarini ajratib olish;
· mazkur material uchun test sinovlarining eng maqbul shaklini tajriba yo’li bilan aniqlash;
· talabalarning test sinovlari vaqtida javob berishlari o’rtacha tezligi to’g’risidagi amaliy ma`lumotlarni e`tiborga olgan holda, test sinovlarining davom etish vaqtini belgilash;
· test sinovlardagi fikrlarni bayon qilinish tilining to’g’ri-ligini va mantiqqa muvofiqligini tekshirish;
· topshiriqlarni murakkabligi ortib borish tartibida joylashtirish, to’g’ri va noto’g’ri javoblarning doim bir navbatda almashinishiga yo’l qo’ymaslik.
CH.Rassel test sinovlarining natijalarini o’rganishni davom ettirib, test sinovlarining maqsadi to’g’risidagi savolga javob berishga erishdi. Rasselning fikricha, test sinovlarining maqsadi talabalarning bilimlarini baholash yoki ularning aqliy rivojlanishi darajasini aniqlash bilan cheklanmaydi va testlarni quyidagi xollarda: qaysi materialdan boshlab o’rganish zarurligini ta`minlashda; talabalarni guruhlarga taqsimlashda; o’qitish jarayonida sodir bo’ladigan qiyinchiliklarni oldindan aniqlashda; shuningdek, mamlakatning turli hududlaridagi o’quv yurtlarida muayyan yosh davridagi yoshdagi talabalarning yutuqlarini taqqoslashda qo’llash mumkin.
SHuni ta`kidlash lozimki, Amerika maktab direktorlari Assotsiatsiyasining test sinovi o’tkazmasdan ta`lim berish mantiqsizlikdir, faqat testni qo’llash natijasidagina nazoratdan ta`limga yo’naltirilgan qaytuvchan aloqa haqida fikr yuritish va so’ngra qanday yo’nalishda harakat qilishni bilish mumkin, degan fikrlari ma`lumdir. Frantsiya parlamenti 1989 yilda ta`limni rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari haqida qonun qabul qildi. Unda xususan, talabalar bilimini xolisona baholash usuli bo’yicha o’qituvchilar majburiy suratda tayyorgarlikdan o’tishlari ko’zda tutiladi: Busiz 1992 yildan boshlab Frantsiyada o’qituvchilik qilishga ruxsat etilmaydi. SHunisi qiziqki, Frantsiya to’qson yillik test an`analariga ega bo’lgan davlatdir.
O’tgan asrning 70-yillari oxirida Pitterburgdagi Karnegi-Melon universitetining bir guruh sotsial-psixologlari AQSHda test o’tkazishning zamonaviy ahvolini o’rganishga bag’ishlangan maxsus tadqiqot olib bordilar. Aslida, tadqiqotchilarning maqsadi o’quv yurtlaridagi testlarni keng miqyosda qo’llash sabablarini aniqlash edi. Bu tadqiqot natijasida quyidagilar aniqlandi: test sinovi Amerika hayotida chuqur ildiz otgan, hech kim Amerika maktablarida turli xildagi standartlashtirilgan test bo’yicha sinovdan o’tmasdan, boshqacha yo’l bilan bilim olishni davom ettira olmaydi, ishga joylashish, keyinchalik esa yuqori lavozimga ko’tarilish yoki malaka oshirish test bilan chambarchas bog’lanib ketganligi alohida qayd qilindi. Tadqiqotda amerikaliklarni testlarga bu qadar moyilliklarining uchta sabablari keltirildi:
a) inson omilidan imkon boricha samarali tarzda xizmat manfaatlari nuqtai nazaridan foydalanish;
b) ijtimoiy kelib chiqishidan qat`iy nazar iste`dodlarni taqdirlashga intilish;
v) amerikaliklarni milliy ta`lim standartlarni joriy etish uchun intilishlari.
Inson erishgan yutuqlarni xolisona baholash uchun testlashtirishdan ommaviy suratda foydalanish, iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda test sanoati va testlar bozorini vujudga keltirdi.
AQSHda to’rt yuzdan ortiq markaz o’zaro raqobat ostida turli-tuman testlarni ishlab chiqmoqdalar. SHuningdek, testlarni tuzish va ularni qo’llash bo’yicha yaxshi mutaxassisliklar yuqori darajada qadr topganlar. 1992 yilda ular AQSHdagi eng nufuzli 20 ta faoliyat yo’nalishlari ro’yxatida 8-o’rinni egallaganlar. O’ta qadrlanadigan tizimlar bo’yicha tahlil, marketing, sog’liqni saqlash, ekologiya, oziq-ovqat maxsulotlarini taqsimlash va komp’yuter texnologiyasi ixtisosliklari esa, tegishli tarzda 15-20-o’rinlarga joylashtirilgan.Sobiq Ittifoq davrida testlarga asoslangan fan pedalogiya deb yuritildi va testlardan foydalanishning dastlabki davrida jiddiy xatoliklarga hamda buzilishlarga yo’l qo’yildi. 1936 yildagi VKP(b) MKning «Xalq maorif komissarligi tizimidagi pedagogik buzilishlar to’g’risida»gi qarorida testlar «burjua» pedagogikasiga xos deb hisoblandi. Bu qaror fanni mafkuraviylashtirishga va uni majburan siyosiylashtirishga qaratilgan bo’lib, unda jahon psixologiyasi va pedagogikasi tajribasidan foydalanish inkor qilingan edi. Bu qarorga binoan, 1936 yildan testshunoslik bo’yicha ilmiy tadqiqotlar davlat miqyosida to’xtatildi. Pedalogiyaning «idealistik va mexanistik» ko’rsatmalari, ularni «ilmiy asoslanmagan» «test»larga berilib ketganligi qoralandi. Pedalogiyani soxta fan sifatida qoralash jarayonida sovet pedagoglari va psixologlarining talabalar bilim-ko’nikmalarini baholashga qaratilgan ijobiy yutuqlari ham inkor etildi. SHuning uchun test sinovlari muammosi pedagogika va psixologiyaga oid adabiyotlarda uzoq vaqt aks ettirilmadi. YUqorida ta`kidlaganidek, mustaqil O’zbekistonda MDH davlatlari ichida birinchi bo’lib, 1993 yildan testshunoslikdan foydalanishga keng yo’l ochib berildi. Pedagogik testlar keng miqyosda, dastlab o’rta ma`lumot yakunida, oliy o’quv yurtiga kiruvchilarni qabul qilishda qo’llanila boshlandi. Pedagogik testlarning zamonaviy nazariyasi pedagogika, psixologiya, mantiq, o’lchovlar nazariyasi, matematik statistika, matematika, axborot nazariyasi; kibernetika va bir qator fanlarning tutash chegaralarida rivojlanmoqda. SHuningdek, testlar ilmiy asoslangan, eng ishonchli pedagogik o’lchovlar quroli sifatida etirof etilmoqda. edagogik testlar insoniyat tafakkuri erishgan muvaffaqiyatlardan biri bo’lib, ta`lim jarayonining samaradorligini oshiradi. SHuning uchun ham kelajak avlod psixologik, pedagogik va kasbiy testlar me`yor bo’lib qolgan davrda yashab, faoliyat ko’rsatadilar.
Pedagogik testlar bilimlarga baho berishning istiqbolli usuli hisoblanadi. Uning afzalliklari quyidagilardan iborat:
· test topshiriqlari o’quv fanining asosiy mazmunini qamrab oladi (imtihon bileti o’zida nazorat qilinadigan o’quv materialining 4-5 foizini qamraydi xolos);
· hamma talabalar testning bir xil savollariga javob beradilar, bu ularning bilimlarini taqqoslashga imkon beradi;
· talabalar bilimiga haqqoniy baho berish mezoni oshadi;
· test nazoratida oldindan yaratilgan, hamma uchun bir xil bo’lgan shkala yordamida, talabalar bilimiga bir muncha aniq va tabaqalashgan baho qo’yishga imkon beradi (reyting);
· o’qituvchi talabalar bilimini nazorat qilishga kam vaqt sarflaydi;
· boshlang’ich darajasini va har qanday vaqt oralig’ida bilimlarni oshirish imkoniyatini o’lchashga sharoit yaratiladi;
· test nazorati komp’terlashtirishga (avtomatlashtirishga) qulay. Bu pedagogik testlashning asosiy afzalliklaridan biridir. O’quv jarayonining takrorlanuvchanligi ham aynan shunda o’z ifodasini topadi.
Umuman olganda, test usuli birmuncha texnologik hisoblanadi. U bilimlarni o’zlashtirish sifatini nazorat qilishda professor-o’qituvchilar mehnat unumdorligini oshiradi va o’quv dasturini chuqur va har tomonlama o’zlashtirilishini ta`minlaydi. Pedagogik testlashning bu afzalliklari AQSHda munosib baholangan. Abiturient (talabgor)larni universitet va kollejlarga test sinovi bilan qabul qilinadi. Pedagogik testlarni keng qo’llash bo’yicha AQSH tajribasi Kanada, YAponiya, Turkiya va boshqa ko’pgina mamlakatlarga yoyilgan.
Sifatli test topshiriqlarini tuzishning qiyinligi, testni keng joriy etishni murakkablashtiradi. Bu ish yuqori pedagogik malaka va tajriba talab etadi. SHuning uchun ham, AQSHda testning yuqori sifatini ta`minlash uchun pedagogik testlashning maxsus xizmati (PTX) tashkil kilingan [2; 3.] Bu tashkilot test o’tkazish amaliyotini umumlashtirish va ommalashtirish, standartlashtirilgan testlar yaratish, test o’tkazishning yagona qoidalari va test ishlab chiqish usullarini takomillashtirish masalalari bilan shug’ullanadi. Pedagogik testlash xizmati (PTX) Prinston universitetida joylashgan, unda 2300 nafar kishi, shu jumladan, 250 nafar falsafa, pedagogika, psixologiya, sotsiologiya, statistik va psixologik uslublar, kasb tanlash bo’yicha fan doktorlari, shuningdek, turli fanlar bo’yicha fan doktorlari, 200 nafar magistr, har xil fanlar bo’yicha o’qituvchilar xizmat qiladi. Testlar eHMda ishlanadi va sinaladi. Mamlakatda pedagogik testlash xizmatiga bo’ysunadigan 5000 test shaxobchalari mavjud. Test o’tkazish uchun Prinston markazi 53 ishonchli shaxslarga (odatda test o’tkaziladigan o’quv yurtlari pedagoglariga) test materiallari va test o’tkazish bo’yicha yo’llanmalar yuboradi.
Bu misoldan ma`lumki, testlashni samarali o’tkazish pedagogik testlarning maxsus rivojlangan xizmati, keng quloch yoyilgan tarmoq punktlari, testlar bo’yicha nazariya va amaliyotni o’zida aks ettiradigan katta hajmdagi adabiyotlar mavjudligiga bog’liq.
Test turlari va test topshiriqlari shakllari
Agar testlarni turkumlashda ularning qo’llash maqsadi va vazifalariga asoslanadigan bo’lsak, psixologik testlardan boshqa barcha testlarni quyidagi uch guruxga ajratish mumkin:
· intellektual rivojlanish darajasini aniqlovchi testlar;
· pedagogik testlar;
· muayyan kasbga yaroqlilikni aniqlovchi testlar;
Fanning mazmunidan kelib chiqqan holda biz faqat pedagogik test haqida to’xtalamiz. Adabiyotlarda bunday test topshiriqlarining quyidagi shakllari bayon etiladi [2; 3]:
- birdan-bir to’g’ri javobi bo’lgan yopiq topshiriqlar;
- bir necha to’g’ri javoblari nazarda tutilgan yopiq topshiriqlar;
- bitta so’z (yoki so’zlar) tushirib qoldirilgan gapdan tashkil topgan ochiq topshiriqlar;
- to’g’ri ketma-ketlikni aniqlash uchun topshiriqlar;
- o’zaro bog’liqlikni (muvofiqlikni) aniqlovchi topshiriqlar;
- ayrim fanlar bo’yicha bilimlarning chuqurligini aniqlash bo’yicha topshiriqlari;
- sonni to’ldirishga mo’ljallangan topshiriqlar, bunda sonlar seriyasini topish usulini aniqlash va uni muayyan tartibda belgilash talab qilinadi;
- qarama-qarshi munosabatlarni aniqlash testlari;
- masalalar echishga qaratilgan (matematik, fizik va b.) topshiriqlar;
- chizmalar va sxemalarni tushunishga qaratilgan topshiriqlar;
- shakllar nisbatini aniqlashga qaratilgan topshiriqlar;
- olingan axborotni o’zlashtirish darajasini aniqlash topshiriqlari;
- sinonimlar va antonimlarni farqlashga oid topshiriqlar;
- analogiya (aynan o’xshashlik)ga oid topshiriqlar;
- o’qilgan matnni tushunishga oid topshiriqlar;
- ko’rsatmalarni bajarishga oid topshiriqlar;
- bilimdonlikni aniqlashga doir topshiriqlar;
- tafakkurni aniqlovchi testlar;
- orfografik testlar;
- til masalalariga doir topshiriqlar va boshqalar.
Mutaxassislik (umumtexnik) fanlardan test topshiriqlari tuzishda yopiq (bir yoki bir necha to’g’ri javobli), ochiq, muvofiqlikni va to’g’ri ketma-ketlikni aniqlashga oid test topshiriqlaridan foydalanish tavsiya etiladi. Bunda bir o’quv maqsadiga erishganlikni turli test topshiriqlari yordamida aniqlash (invariant) testlar tuzish ham maqsadga muvofiqdir [2].
Ochiq topshiriqlar. Agar test topshirig’i matnida, uning tayanch so’zlari yoki gap tushirib qoldirilgan bo’lsa, bunday topshiriq ochiq (tugallanmagan) test deb ataladi.Bu shakldagi testlarda talabalarning bitta, ikkita so’zdan iborat qisqa va aniq javob berishlari taxmin qilinadi. Bu haqda testga ilova qilingan yo’llanmada bayon etish kerak. Blankaning bo’sh joyida javob uchun zarur bo’lgan joy qoldiriladi. Masalan, «Test tushunchasi» ________yilda _____________ tomonidan birinchi marta ishlatilgan.
Yopiq topshiriqlar. Bunday topshiriq savoldan va bir necha javoblardan iborat bo’ladi, bu javoblardan biri to’g’ri, qolganlari to’g’riga o’xshash, biroq noto’g’ri bo’ladi. Taklif qilinadigan javoblar soni ikkitadan beshtagacha va bundan ko’proq bo’lishi mumkin. Sinovdan o’tuvchining tanlagan javobiga ko’ra, test topshirig’i tegishli ikkita kod: 1 yoki 0 bilan kodlanib, so’ngra shu holda eHMga kiritiladi.1. Bilimlarni test bilan nazorat qilish adolatliligi an`anaviy shakllar bilan taqqoslanganda:
a) ortadi. b) pasayadi. 2. Bilimlarni har qanday vaqt oraligida oshishiga baho berish imkonini beradigan nazorat turi:
a) odatdagi
b) testli. «Ha» va «yo’q» degan ikkita javobli yopiq test topshiriqlari ustida alohida to’xtalib o’tish lozim. Ba`zi bir topshiriqlar ularning javoblari ikki xil ma`noni bildiradigan qilib bayon etilishi mumkin. Masalan: Siz testlar qo’llanishini xush ko’rasizmi? - Ha (xush ko’raman). Yo’q (xush ko’rmayman). Bunday hollarda javoblar uchun «to’g’ri» va «noto’g’ri» so’zlarni ishlatish maqsadga muvofiqdir.Masalan:
Yopiq test topshiriqlari bilimlarni komp’yuterdan foydalanib nazorat qilishga qulay.
a) To’g’ri. b) Noto’g’ri. Ikkita javobi bo’lgan yopiq shakldagi topshiriqlar qo’llanishning asosiy vazifasi - shu fandan sinovdan o’tuvchining birinchi test topshiriqlaridayoq bilim darajasini tezda tekshirib ko’rishdan iborat. Avtomatlashtirilgan o’qitish tizimlarida (AO’T) bunday topshiriqlar boshlang’ich bosqichning o’zidayoq talabaning umumiy tayyorgarligini taxminiy baholash va o’qitishning keyingi yo’nalishini - murakkab yoki osonlashtirilgan dastur bo’yicha olib borish masalasini hal qilishga imkon beradi.
Test topshirig’ida javoblar qancha ko’p bo’lsa, to’g’ri javobni tasodifan topish ehtimoli shunchalik kam bo’ladi. Amaliyotda beshta javobi bo’lgan topshiriqlarga ega bo’lish etarli hisoblanadi (bu holda bitta topshiriqqa to’g’ri javob berish ehtimoli 0,2 ni tashkil etadi.)Javobi beshta bo’lgan test topshiriqlariga quyidagi misolni keltirish mumkin.
«To’rtinchi o’lchov» degan fizika-matematika atamasi qaysi tushunchaga taalluqli:
a) Og’irlikka. b) Hajmga. v) Vaqtga. g) Tezlikka d)Tezlanishga. To’g’ri javob: V.
Bu topshiriqni latent, ya`ni yashirin ma`noli topshiriqlar qatoriga kiritish mumkin. To’rtinchi o’lchov - ehtimollik nazariyasida qo’llaniladigan tushunchadir. SHuning uchun to’g’ri javob bergan sinovdan o’tuvchini bu nazariyaning “hammabop bayonidan xabardor” deb taxmin qilish mumkin. YOpiq topshiriqlarda to’g’ri javoblar bir nechta yoki, javoblarning hammasi ham to’g’ri bo’lishi mumkin.
Masalan: Pedagogik innovatsiyani xarakterlovchi belgilarini ko’rsating.
A. Pedagogik tizimni takomillashtirishga yo’naltirilgan barcha o’zgarishlar.
B. O’quv-tarbiyaviy jarayon samaradorligini oshirish uchun kiritilgan yangilik.
V. Pedagogik tizimning ayrim qismlarini yuqori samara beruvchi boshqa qismlar bilan almashtirish.
G. Pedagogik tizimning ichki imkoniyatlarini ishga solish va yuqoriroq natijaga erishish.
D. Hamma javoblar to’g’ri.
To’g’ri javob: D.
O’zaro bog’langan qisqa yopiq topshiriqlar zanjirchasi bilimlarning har qanday murakkab o’quv materialini o’zlashtirish sifatini tekshirishga imkon beradi. YOpiq testlarni ishlab chiqishda noto’g’ri, biroq to’g’riga o’xshab ko’ringan javoblarni ta`riflash asosiy qiyinchilikni tashkil qiladi. Agar ular muvaffaqiyatsiz tuzilgan bo’lsa, to’g’ri javob ular orasida ajralib turadi va hatto yaxshi bilmaydigan talaba ham uni osonlikcha topishi mumkin. Bu holda topshiriq o’zining tekshiruvchi funktsiyasini yo’qotadi. Topshiriq yaroqli bo’lishi uchun hamma javoblar talabani o’ziga jalb etadigan bo’lishi zarur. SHundagina test muvaffaqiyatli tuzilgan deb hisoblanadi. Har bir noto’g’ri javobning o’ziga jalb etadigan tomoni, shu javobni tanlangan talablarning salmog’i bilan belgilanadi. Bu ulush nechog’li yuqori bo’lsa, mazkur javob yaxshi ta`riflangan bo’ladi. Agar talabalar yaqqol noto’g’ri javobni to’g’ri javob sifatida tanlasalar, bunday javobni almashtirish lozim.
2. Test topshiriqlarini tuzish uslubi
Test topshiqlariga qo’yiladigan didaktik talablar
Tuzilgan test topshiriqlarining hammasini ham birdek qo’llashga yaroqli deb bo’lmaydi. Test savollari mukammal bo’lishi uchun ularni tuzishda bir qancha talablarga rioya qilish zarur [4]. Bular quyidagilardan iborat: test topshiriqlari mazmunining o’quv maqsadiga muvofiqligi; materialning ahamiyatliligi; ilmiy aniqlik; izchillik; to’kislik va uyg’unlik; o’zlashtirish darajasiga ko’ra tabaqalashganligi; samaradorlik (kumulyativlik); til ravonligi va aniqligi; bir ma`nolilik; vaqtning qat`iy belgilanishi; ixchamlik; murakkablik me`yori; to’g’ri javobda qo’shimcha belgilarining mavjud emasligi; variativlik; shaklan va mazmunan o’zaro bog’liqlik.
Endi mazkur talablarni birma-bir qisqacha ko’rib chiqaylik.
1. O’quv maqsadiga muvofiqligi. Test topshiriqlarining mazmuni aniqlashtirilgan (identifikatsiyalangan) o’quv maqsadlariga muvofiq bo’lishi lozim. O’quv maqsadlari majmui Blum taksonomiyasi bo’yicha ierarxik tuzilishiga ega. SHuning uchun nisbatan yaqin maqsadni amalga oshirmay turib, umumiy (nisbatan olis) maqsadga erishib bo’lmaydi. Har bir test savoli ma`lum bir o’quv maqsadining ro’yobga chiqishini ta`minlashi zarur.
2. Materialning ahamiyatliligi. Test savollariga o’quv materialining eng muhim, asosiy qismlarini kiritish lozim. Testda topshiriqlar soni, odatda, cheklangan bo’ladi. Binobarin, to’g’ridan-to’g’ri qo’yilayotgan masalada barcha mavzular to’liq qamrab olinmagan bo’lishi mumkin. Talabaning umumiy holatdan xususiy xulosaga kelishi (deduktiv) va aksincha, ayrim dalillardan umumiy xulosalar (induktiv) chiqara olishi, uning nazariy qoidalarni alohida holatlarda qo’llashni nechog’lik o’zlashtirib olganini, tafsilotlarni bilishi esa nazariy asoslarni tushuntira olish qobiliyatlarini ko’rsatadi.
3. Ilmiy aniqlik. Testga mushohada, bilim orqali asoslash mumkin bo’lgan haqqoniy ma`lumotlar kiritiladi. Fandagi munozarali qarashlarni test savollariga kiritish tavsiya etilmaydi. Test topshiriqlari tabiati, avvaldan ma`lum, aniq javob berishni taqozo etadi.
4. Izchillik. Testdagi topshiriqlar ma`lum bir fanga taaluqli, umumiy bilim mohiyatiga ko’ra o’zaro bog’liq bo’lishi lozim. Izchillik ayni bir topshiriq javobini umumiy test natijalariga nisbatan munosabatida (korrelyativ) ko’rinadi.
5. To’kislik va uyg’unlik. Testdagi topshiriqlarning umumiy soni mavzu va qismlarga nisbatan muvofiq taqsimlanishi ahamiyatli. Bu talab test rejasini ishlab chiqishda amalga oshirilishi lozim.
6. O’zlashtirish darajasiga ko’ra tabaqalanganligi. O’quv materialining ma`lum bir tarkibiy qismiga oid o’zlashtirish darajasi turlicha (bilish, eslab qolganini tasvirlash, samarador bilimlar va ijodiy fikrlash) bo’lgan test topshiriqlarini tuzish lozim. Bu talab ham test rejasini ishlab chiqishda amalga oshirilishi lozim.
Bilish darajasidagi test topshiriqlari avval o’zlashtirib olingan ma`lumotlarni qayta tiklashga asoslanadi. Bunda xotira quvvati katta ahamiyatga ega bo’ladi.
Reproduktiv darajadagi testlarda esa, talaba oldin o’zlashtirilgan ma`lumotlar asosida mustaqil fikrlaydi, topshiriq bajarganda esa, fanda avvaldan ma`lum bo’lgan qoida va algoritmlarga (yo’llanmalarga) suyanadi. Bunday holda u, esda qolganni tasvirlash, qayta tiklash yo’lidan boradi.
Samarador mustahkam bilimlar va ijodiy fikrlashga oid test topshiriqlari esa sinalayotgan shaxsning ma`lum umumiy uslublarni topshiriqda ko’rsatilgan aniq shart-sharoitlarga mustaqil qo’llash layoqatini sinaydi. Samarador bilimlar va ijodiy fikrlash faoliyati tayyor qoidalar va algoritmlar asosida emas, ma`lum qoidalarga ko’ra yaratilgan yoki yangi sharoitdagi faoliyat jarayonida qayta yaratilgan qoidalarga binoan amalga oshiriladi.
Ijodiy fikrlash darajasiga oid tuzilgan testlarda topshiriq umumiy holda bayon etiladi, maqsadga erishish uchun zarur bo’lgan xatti-harakatlar va vaziyatlarni talaba ijodiy fikrlash natijasida aniqlaydi. Bunday test topshiriqlarni echish jarayonida butunlay yangi axborot (qoida, xulosa, shakl va h.k.) yaratiladi.
7. Samaradorlik (kumulyativlik). Samaradorlik test topshiriqlarining borgan sari murakkablashib borishini nazarda tutadi. Bu qat`iy talab emas. CHunki zamonaviy komp’yuter test tizimida talabaga navbatdagi test topshirig’i, avvalgisini qanday echganiga qarab beriladi. YA`ni avvalgi savolga noto’g’ri javobdan so’ng unga nisbatan murakkab bo’lmagan test topshiriqlari berilishi mumkin.
8. Vaqtning qat`iy belgilanganligi. Bu shartning mohiyati shundan iboratki, o’ylash uchun 2 daqiqadan ortiq vaqt talab etiladigan test savollari bo’lmasligi lozim. Birqancha xorijiy test topshiriqlarini tahlil etilganda, matematika bo’yicha 65 sekund, til va adabiyot bo’yicha 32 sekund, ijtimoiy va tabiiy fanlar bo’yicha 41 sekund, dalillar va iboralar uchun 20-25 sekund, chizmalar uchun 90 sekund, shakllarni aniqlash uchun 90-120 sekund vaqt ajratilishi maqsadga muvofiq deb topilgan.
9. Ixchamlik. Test topshiriqlarining matni cho’zilib ketmasligi, qalashtirib tashlanmasligi lozim. Murakkab ko’lamli o’quv savolini o’zlashtirishni aniqlash zarur bo’lgan hollarda, uni bir qancha ixcham test topshiriqlariga bo’lib tuzilgani ma`qul.
10. Til ravonligi, aniqligi va bir ma`noliligi. Test topshiriqlarida ko’p ma`nolilik va noaniqlikka yo’l qo’yib bo’lmaydi. AQSHda test topshiriqlarini tuzuvchilar guruhiga muayyan bir o’quv fani bo’yicha tajribali pedagog va ruhshunosdan tashqari adabiy muharrir ham kiritilishi an`anaga aylangan.
11. Murakkablik me`yori (yaroqliligi). Test topshiriqlari pedagogik jihatdan samarali bo’lishi uchun ular oddiy axborot berib qolmasligi, javobi ochiqdan-ochiq ayon bo’lmasligi lozim. Natijasi yarmiga teng (Pq0,5) bo’lgan test topshiriqlari nisbatan samarali hisoblanadi. Bunday natija o’quv materialini yaxshi o’zlashtirgan yoki chuqur tayyorgarlik ko’rmagan talabani aniqlashni osonlashtiradi. SHuning uchun ham abiturientlarni tanlash, bitiruv imtihonlari kabi muhim tadbirlar uchun test topshiriqlari o’quv dasturini to’liq o’rgangan talabalarning 50 foizi bajara olishi mumkin bo’lgan darajada tayyorlanadi. Demak, ma`lum bir yo’nalishdagi testlar uchun 50 foizlik natija yaxshi ko’rsatkichdir. SHuni unutmaslik kerakki, o’z sinfi uchun muallimlar tomonidan tayyorlangan test topshiriqlari boshqacharoq mezon bilan baholanadi. Bunda 50 emas, balki 85 foiz ko’rsatkich maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu haqda oldingi mavzuda bayon etilgan.
12. To’g’ri javobda qo’shimcha belgilarning mavjud bo’lmasligi. Test tuzishda tajribasiz kishi tushunarli bo’lsin, degan maqsadda to’g’ri javobni boshqa javoblarga nisbatan kengroq va batafsilroq bayon qiladi. Talabalar bu farqni tez anglab oladilar va javobni ana shu belgiga qarab aniqlashadi. Bunga aslo yo’l qo’yib bo’lmaydi.
13. Variativlik. O’quv materialidagi ma`lum bir mavzuni o’zlashtirishni nazorat qilish uchun mantiqiy fikr bayoni, sintaktik tuzilishi, morfologik belgilari yoki murakkablik darajasiga ko’ra turlicha bo’lgan, lekin bitta o’quv materialiga tegishli test savollari tuzish mumkin. Bu bir o’quv maqsadiga erishish yo’lida topshiriqlar turkumini yaratish imkonini beradi (invariant testlar). SHu bois komp’yuter test tizimi topshiriqlarning variativlik xususiyatiga asoslangan. Bunda komp’yuter navbatlagi topshiriqni avvalgi savolga berilgan javobga ko’ra tanlaydi.
14. SHaklan va mazmunan o’zaro bog’liqlik. Bu talab falsafadan, uning qoidalarini san`at asarlarini o’rganishga qiyoslashdan olingan. Gegel fikricha, haqiqiy san`at asari shaklan va mazmunan yaxlit asardir. Binobarin, test topshiriqlari ham shaklan va mazmunan uyg’un bo’lishi lozim. Test topshiriqlarini yuqoridagi talablar asosida tuzish, o’qituvchilarning test tuzish nazariyasi bo’yicha ma`lumotga ega bo’lishlarini talab qiladi. Buning uchun testshunoslik kurslarida o’qish va tegishli adabiyotlarni mustaqil o’zlashtirib borish zarur.
Test topshiriqlari tuzishga oid yuqoridagi talablarga rioya qilish, ularning talabalar bilimini haqqoniy va aniq o’lchash xususiyatlarini ta`minlaydi. Buning uchun test topshiriqlari tuzishda mutaxassis olimlar, fan o’qituvchisi, uslubchi, tilshunos, pedagog va psixologlarning hamkorlikdagi faoliyatini ta`minlash zarur.
Test rejasini ishlab chiqish
O’quv fan bo’yicha test topshiriqlari tuzishni uning rejasini ishlab chiqishdan boshlash tavsiya qilinadi. Avval fan bo’yicha test topshiriqlarining umumiy soni belgilanadi. Tegishli kafedra bu masala bo’yicha qaror qabul qiladi. Bunda mazkur o’quv fanini o’rganishga ajratilgan umumiy soatlar soni va test tuzishga oid talablar hisobga olinadi. Darsxona mashg’ulotlarining hajmi katta bo’lgan kurslar uchun o’quv rejasi bo’yicha mazkur o’quv fani soatlaridan ko’proq test topshiriqlari sonini tanlash maqsadga muvofiq. Bu mashg’ulotlarning har bir o’quv soatiga testda 1-2 ta savol qo’yishga imkon beradi. Masalan, hajmi 144 soatlik o’quv faniga bir variant uchun 150-160 topshiriqni ishlab chiqish mumkin. Agar o’quv fanining soati ko’p bo’lmasa, (mas. 36 soat) test topshiriqlar sonini belgilashda, uning ishonchliligi bilan bog’liq bo’lgan fikrlarga asoslanib ish ko’riladi. Bunga asosan 50 topshiriqda ishonchlilik (bilimlarni o’lchash aniqligi) taxminan 0,7 bo’ladi, ishonchlilikni 0,9 ga etkazish uchun topshiriqlar soni 130 ta [4], bo’lishi kerak. Ishonchliligi 0,7 dan kam bo’lgan topshiriqlar yakuniy baholash uchun yaroqsiz hisoblanadi. SHuning uchun ham, yakuniy baholash uchun tuzilgan test topshiriqlarining soni eng kamida 50 ta bo’lishi qabul qilingan.Test rejasi ishlab chiqilgandan keyin, talabalarning tegishli o’quv fanini o’rganish natijasida, ular oladigan bilimlarni egallashga va ko’nikma hosil qilishga oid talablar shakllantiriladi. Bu talablar odatda o’quv fani bo’yicha ishchi dasturning «fanning maqsad va vazifalari» bo’limida yoziladi. Test topshiriqlari talab etiladigan bilimlar, ko’nikmalarni egallash darajasini to’la-to’kis aniqlashi kerak. Buning uchun test topshiriqlarida aks ettirilishi zarur bo’lgan muayyan masalalar ro’yxati (test spetsifikatsiyasi) ishlab chiqiladi. Masalan:
A - ta`riflashni bilish;
B - qonunlar, formulalar, tamoyillarni bilish;
V - masalalar echishda qonunlar, formulalarni qo’llashni bilish;
G - o’xshashlik va tafovutni topishni bilish;
D - sxema va grafiklarni o’qishni bilish;
E - apparatlar (texnik moslamalar)ning tuzilishi va ishlatish qoidalarini bilish;
J- eHM qo’llab matematik modellar va eng maqbul hisob-kitob uslublaridan foydalanishni bilish;
Z - oldindan tanish bo’lgan sharoitda qaror qabul qila olish (bemorga tashhis qo’yish, mashinani texnik holati to’g’risida axborot berish, mavjud ma`lumotlar asosida boshqarishni bilish va h.k) va boshqalar.
O’z-o’zidan ravshanki, keltirilgan ro’yxat universal xarakterga ega emas, u har bir o’quv fanining o’ziga xosligi asosida tuziladi. Masalan: chet tillar bo’yicha jumla tuzish kabi elementlar; tarixdan muhim voqealar, atoqli arboblarning ismi-shariflari, jamiyat rivojlanishining izchilligi kabi elementlar ro’yxatda aks ettirilishi mumkin.
Har bir bilim va ko’nikmani tekshirishga test topshiriqlarining muayyan foizi ajratilishi zarur. Test rejasini ishlab chiqishda bu g’oyat muhim ishdir, test validligi, ya`ni uning o’quv dasturiga muvofiqligi ko’p jihatdan ana shunga bog’liq bo’ladi.
Bu masala bo’yicha test ishlab chiquvchilar o’quv fanining ishchi o’quv dasturini tahlil qilish asosida muayyan bir fikrga kelishlari mumkin. So’ngra qabul qilingan topshiriqlar sonini o’quv fani bo’limlari va o’zlashtirish darajalari bo’yicha taqsimlanadi. 8-9 jadvallarda 120 ta topshiriqni o’quv fanining 4 ta bo’limi va o’zlashtirish darajalari bo’yicha taqsimlash misol keltirilgan.Bunday rejasiz tuzilgan test tasodifiy materialga oid tuzilgan bo’lib, uning sifatsiz chiqishi tabiiydir.


Test tuzishdagi eng xarakterli xatolarning tahlili
Bunday rejani ishlab chiqish test validligiga, uning o’quv dasturi mazmuniga muvofiqligi va talabalar olgan bilim, ko’nikma va malakalarining puxta bo’lishini kafolatlaydi. Testning umumiy rejasi ishlab chiqilgandan so’ng, topshiriqlarni tanlash va tuzish - eng mas`uliyatli bosqich hisoblanadi. YUqorida aytilganidek, bu vazifa, odatda, kurs bo’yicha bir necha marta dars bergan va test bo’yicha talabalar bilimini sinab ko’rgan eng tajribalar o’qituvchilar ishtirokida amalga oshiriladi.
Jadvaldagi a1, a2, a3 - o’zlashtirish darajalari (bilish, reproduktiv, samaradorlik). Bu misolda o’zlashtirishning eng yuqori darajasi-ijodiy fikrlashga oid test topshiriqlarni tuzish nazarda tutilmagan.
Ishlab chiqiladigan test topshiriqlari soni, rejalashtirilgan sondan taxminan ikki-uch marta ko’proq bo’lishi kerak. Bu, bir xil o’quv fani bo’yicha testlarning bir necha turli variantlarini yaratish uchun zarur bo’ladi. Tajriba ko’rsatishicha, topshiriqlarning taxminan yarmidan ko’prog’i birinchi sinovdan keyin, boshqalari esa keyingi chuqur tahlil jarayonida yaroqsiz deb topilishi mumkin
Test tuzishdagi eng xarakterli xatolarning tahlili
O’zbekiston Respublikasidagi 10 ta oliy o’quv yurtida (1995y.) tuzilgan dastlabki 369 ta test topshiriqlari professor Farberman B. L. rahbarligidagi bir guruh olimlar tomonidan ekspertiza qilindi [2]. Bu test tuzuvchilarning eng xarakterli quyidagi xatolarini tahlil qilish, umumlashtirish va darajalarga bo’lib chiqishga imkon beradi.
1. YOpiq test topshiriqlariga taklif qilinayotgan javoblar miqdorining kamligi (4-5 ta javob bo’lishi tavsiya etiladi). Ularning soni kamroq bo’lganda, to’g’ri javobni tasodifiy tanlash ehtimoli ancha oshadi.
2. Testda oddiy dalillar, voqealarning sanalari, atamalar, ism-shariflar, ya`ni faqat eslab qolishni talab etadigan topshiriqlarning ko’pligi. Bunday topshiriqlarni tuzish oson, biroq bu holda test faqat xotira bilan bog’liq bilimlarnigina nazorat qiladi, xolos. Tanqidiy baho berish, mustaqil fikrlash turli xil dalillarni umumlashtirish yoki o’rganilgan tamoyillarni yangi sharoitlarda qo’llanishga doir test topshiriqlarini tuzish qiyin, lekin ana shunday topshiriqlargina talaba bilimini to’laqon baholaydi. O’tkazilgan tekshiruvlar shuni ko’rsatadiki, o’rganilgan materialning o’zi ko’pincha ma`lum vaqt o’tgach, unutiladi, o’zlashtirilgan asosiy tamoyillar va ularni yangi sharoitlarda qo’llash esa, umuman, unutilmaydi yoki o’qish tugallangandan keyin xotirada uzoq vaqt saqlanib qolar ekan.
3. Test topshiriqlarining shu fan bo’yicha darslikka o’ta bog’liq bo’lib qolganligi. Test topshiriqlari talabaning o’zlashtirib olishi shart bo’lgan bilimlar, ko’nikmalar va malakalarga muvofiq kelishi lozim. Test topshiriqlarini o’quv fanining bo’limlari yoki mavzulari o’rtasida mutanosib ravishda taqsimlab, bu masalalarni test rejasini ishlab chiqish bosqichida hal qilish zarur. Test rejasini tuzayotganda qo’shimcha adabiyotlardan mustaqil o’rganish uchun tuziladigan test topshiriqlarini ham e`tiborga olish zarur.
4. Testda shu o’quv fani asosiy qoidalarini umumlashtiradigan majmuali xarakterdagi topshiriqlarning yo’qligi. Bu alohida vaziyatga oid masalalar: keltirilgan ma`lumotlar asosida texnik, boshqaruv va boshqa qarorlar qabul qilish, bemorga tashhis qo’yish uchun klinik ma`lumotlar va boshqalar bo’lishi mumkin. Bunday topshiriqlar miqdori talaba, albatta, to’g’ri qaror qabul qilishi lozim bo’lgan (oldindan tanish bo’lgan) vaziyatlar soni bilan belgilanishi mumkin.
5. Taklif qilinadigan javoblarning kattaligi (beso’naqayligi). Test topshiriqlarida javoblarning ko’p satrli bo’lishiga yo’l qo’yib bo’lmaydi, ularni anglab olish qiyin bo’ladi va talaba beshinchi javobni o’qib bo’lguncha, birinchi javob mazmunini unutib qo’yadi. Murakkab topshiriqni bir necha oddiylariga bo’lib test tuzilishi zarur. Ko’p sonli qoida va mulohazalarni bilishni hamma vaqt talab qilaverish to’g’ri emas, ba`zan tayanch so’zlarni ajratishning o’zi talabaning katta hajmdagi o’quv materialini bilishi haqida ma`lumot berishi mumkin.
6. Test topshirig’i shartlarini (savollarini) ta`riflashdagi ko’p so’zlilik. Test topshiriqlaridagi oddiy va lo’nda qilib bayon qilingan fikr sinovdan o’tuvchining fikrlash va tafakkur jarayonini engillashtiradi. Bu holda u talab qilingan fikrni va o’zaro mantiqiy bog’lanishlarni tezroq topish imkoniyatiga ega bo’ladi.
7. SHunday test topshiriqlari ham uchraydiki, ularga to’g’ri javob topish uchun unga bir qarashning o’zi kifoya qiladi. Masalan: biror topshiriq, testning boshqa qismida joylashgan topshiriqning javobi bo’lib qolgan. Aytaylik, bir topshiriqda Erning tortish kuchi qonunini ta`riflagan olimning familiyasini aytib berish talab qilinadi, ayni vaqtda boshqa topshiriq quyidagicha ifodalangan: «N’yutonning Erni tortish kuchi formulasi…».
8. Ta`riflashdan ikki xil ma`no chiqishi yoki uning aniqmasligi, topshiriqni noto’g’ri tushunishga olib kelishi mumkin. Bu, o’z fikrini savol yoki test topshirig’ini tasdiqlovchi javob tariqasida aniq ifodalab beradigan bitta gap tuzish malakasining etarli emasligidan kelib chiqadi. YOzilgan matnni boshqa kishiga o’qitib ko’rish test ravonligini aniqlashning eng yaxshi yo’lidir. Topshiriq tuzuvchi talabalar fikriga berilib, ko’pincha u o’z ta`riflarining boshqacha mazmunini anglay olmaydi. SHuning uchun ham, test tuzuvchilar o’z tasavvurida test topshirig’ini bajarish jarayonidagi talaba tafakkuri modelini tasavvur etish qobiliyatiga ega bo’lishi muhimdir. Test topshirig’ining sifatiga bevosita ta`sir etmaydigan, lekin test tuzishda hisobga olinishi zarur bo’lgan quyidagi jihatlarni ham e`tiborga olish lozim.
Test faqat oson yoki faqat qiyin topshiriqlardan iborat bo’lish kerak emas, u deyarli hamma talabalar to’g’ri javob bera oladigan eng osonidan, to bitta-ikkita talaba to’g’ri javob bera olishi mumkin bo’lgan murakkab topshiriqlarni o’z ichiga olishi zarur. eng yaxshi biladigan talabalarni aniqlash uchun testga shunchalik qiyin bitta savol kiritish mumkinki, unga mingta talabadan taxminan bittasi to’g’ri javob bera olsin. Bordiyu, tahlil qilinayotgan savolga bironta ham talaba javob topa olmasa, bu savol zahiraga o’tkazib qo’yiladi.
Test topshiriqlari tuzishda o’qitish davrida keltirilgan misollardan foydalanish yoki yakunlovchi testga joriy baholashda ilgari foydalanilgan shakldagi topshiriqlarni kiritish ma`qul emas. CHunki, bunday xollarda unumli fikrlashni tekshirish o’rniga amalda o’quv materialini o’zlashtirishning bir muncha past darajada, ya`ni xotira, eslab qolish qobiliyatgina sinaladi xolos.
Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, testlarning murakkablik darajasini faqat 10-25 foiz hollardagina to’g’ri aniqlash mumkin ekan. SHu sababli testni talabalar guruhlarida tekshirish yo’li bilan tajriba (empirik) usulida sinash lozim. Buning uchun tuzilgan test topshiriqlari birinchi marta ularning sifatini aniqlash maqsadida o’tkaziladi. Uning natijasi jadval yoki grafik ko’rinishda tasvirlanib, talabalarning ko’proq yoki ozroq qismi javob bergan test topshiriqlari aniq-lanadi. Zarur bo’lgan hollarda ular takomillashtiriladi.
Agar test topshiriqlaridagi to’g’ri javoblardan birotasini testdan o’tayotganlarning 5 foizidan kamrog’i tanlasa, bu javobni almashtirish kerak, chunki u talabani o’ziga jalb etmaydi. Agar testni umuman yaxshi bajargan talabalarning ko’pchiligi biror test topshirig’ini uddalay olmasa, bu holda topshiriq yo etarlicha o’rganilmagan materialga tegishli, yoki u shakli - mazmuni bo’yicha yaxshi tuzilmagan. Test tuzuvchilarining eng ko’p uchraydigan xatolarini tahlil qilish, ularning sifatini, ishonchlilik va validlik jihatdan tekshirishni o’z ichiga oladi. SHunga qaramay, zamonaviy testshunoslik ixtiyorida test topshiriqlari sifatining aniq miqdorini ta`riflash imkoniyatini beradigan uslublar mavjud. CHunonchi, Georg Rash statistik ma`lumotlar bo’yicha sinovdan o’tayotganlar guruhida qo’llanadigan test topshirig’i uchun xarakteristik egri chiziq tuzish uslubini taklif qildi. Bu uslub bilimlarning bitta elementini nazorat qilish uchun tuzilgan bir necha test topshiriqlar variantlarini o’zaro taqqoslab ko’rish imkoniyatini beradi. Testning axborot uzatish funktsiyasini hisoblab chiqish uchun matematik apparat yordamida topshiriqlarining bir necha variantlaridan, axborotni ko’p saqlaydigan turini tanlab olish ham mumkin.
YUqoridagi ikki mavzuda testshunoslik to’g’risidagi axborotlar, o’quv qo’llanmaning maqsadi va vazifasidan kelib chiqqan holda, eng ixcham va umumiy tarzda bayon qilindi. Test topshiriqlarini sifatli tuzish yanada mukammalroq ma`lumotga ega bo’lishni talab qiladi. Buning uchun mavzuga oid ko’rsatilgan adabiyotlarga murojaat qilish zarur