TEST SINOVI TOPSHIRILADIGAN FANLAR MAJMUASI TASDIQLANDI
TDYU Ixtisoslashtirilgan filialiDavlat qabul komissiyasining 2022-yil 22-apreldagi 13-son bayoni bilan 2022/2023-o‘quv yili uchun Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali bakalavriat ta’lim yo'nalishiga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi.
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialining 60420100 Yurisprudensiya (huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash) bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirishga talabgorlar(abituriyentlar) 2022/2023-o‘quv yili uchun kirish imtihonlarida 5 ta fandan imtihon topshiradi.
Fanlar majmuasi 2 qismdan iborat.
Birinchi qism barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan — ona tili (о‘zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar), matematika va O‘zbekiston tarixi.
Har bir fandan 10 ta, jami 30 ta savol va har bir to‘g‘ri javob uchun 1,1 ball beriladi. Abituriyent ushbu uchta fandan barcha savollarga to‘g‘ri javob bersa, 33 ball yig‘ishga muvaffaq bo‘ladi.
Ikkinchi qism bakalavriat ta’lim yо‘nalishiga mos ikkita fan — tarix va chet tili. Har bir fandan 30 tadan savol. Tarix fanidan bitta to‘g‘ri javob uchun 3,1 ball, chet tili fanidan bitta to‘g‘ri javob uchun 2,1 ball beriladi. Ushbu ikki fandan barcha savollarga to‘g‘ri javob bergan abituriyent 156 ball to‘playdi.
Beshta fandan abituriyet to‘playdigan maksimal ball 189 ballni tashkil etadi.