TEATR BOR. ASAR BOR. TOMOSHABIN YO‘Q.AYB KIMDA?

TEATR BOR. ASAR BOR. TOMOSHABIN YO‘Q.AYB KIMDA?

Gulxan OCHILOVA

Bugun teatr sahnalarida puxta ishlangan, ta’sirli, tomoshabop spektakllar bor. Sahnada jon bor, so‘z bor, dard bor. Lekin zallar baribir to‘lmayapti.

Aytish oson: “targ‘ibot kam”, “teatr zamondan ortda qolgan”, deb. Ammo bu — yarim haqiqat. Muammo faqat teatrda emas. Muammo — tomoshabinning o‘zida.

Teatr bor. Asar bor. Lekin uni qabul qiladigan inson kamayib borayapti.

Zamonaviy inson teatrga borishga “vaqtim yo‘q” deydi. Lekin shu inson tun yarmigacha telefon titkilaydi, serialdan serialga o‘tadi, ijtimoiy tarmoqlarda soatlab keraksiz axborotni iste’mol qiladi.

Demak, vaqt bor. Faqat u ma’naviyatga emas, chalg‘itishga sarflanyapti.

Teatr esa chalg‘itmaydi. U bezovta qiladi. O‘ylashga, o‘z-o‘zi bilan yuzlashishga majbur etadi. Shuning uchun ham ko‘pchilik undan qochadi.

Teatr — ikki soatlik diqqat.

Bugun esa inson 30 soniyadan ortiq narsaga chuqur e’tibor qaratolmaydi.

Qisqa video, tez ta’sir, yengil his — bugungi “madaniyat standarti” shu. Ma’naviyatni talab qilmaydigan iste’mol.

Shu sharoitda teatr og‘ir yukdek qabul qilinayotgani achchiq haqiqat.

Bugungi aksariyat jamiyat a`zolari bezovta bo‘lishni istamaydi.

Teatr tomoshabinni yo‘qotmadi.

Tomoshabin diqqatini, vaqtini va ma’naviy ehtiyojini yo‘qotdi.

Sahnada yurak bilan aytilgan so‘z bor. Lekin u zalga yetib bormayapti. Chunki qabul qiladigan qalb kamayib borayapti.

Teatrni ayblash oson. Ammo yechim sahnadagina emas.

Ma’naviy ehtiyoj:

• oilada,

• maktabda,

• ta’lim va OAVda shakllanadi.

Teatr — oxirgi halqa. U jamiyatni yakka o‘zi qutqara olmaydi.

Teatrga kelish odat emas, ehtiyoj bo‘lishi kerak.

Bu esa faqat spektakl bilan emas, umumiy ma’naviy muhit bilan yaratiladi.

Bo‘sh zallar — bo‘sh vaqtning emas, bo‘sh e’tibor va bo‘sh ma’naviyatning belgisi.

Teatr— jamiyat oynasi.

Kim sahnaga qarashni istamasa, demak, u o‘zini ko‘rishdan qochyapti.

Teatr hali ham gapiryapti. Jamiyat qachon yana eshitishga tayyor bo‘ladi?

Jadid bobolarimiz aytganidek:

“Uxlaganlarni uyg‘otmoq — uyg‘oqlar vazifasi”.

Teatr kutyapti.

Biz qachon uyg‘onamiz?

Gulxan OCHILOVA, 

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri adabiy bo‘lim mudiri



Report Page