TATI tuproq tadqiqot ishlari

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sug‘oriladigan yerlarning unumdorligi va ishlab chiqarish qobiliyatini belgilash uchun sifat ko‘rsatkichlarini, ya’ni tuproq baholash ishlarini va ularni ekologik-meliorativ holatini chuqur tahlil qilish muhim bosqichi hisoblanadi.

Shu kunlarda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olim va mutaxassislari tomonidan Jizzax viloyati bo‘yicha sug‘oriladigan tuproqlarining bugungi kundagi sifat ko‘rsatkichlari, tuproq sho‘rlanish holatini aniqlash uchun tumanlarda dala, laboratoriya-analitik va kameral ishlar institutning bir guruh xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar viloyatning Sh.Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlarida dala tadqiqot ishlari nihoyasiga yetkazildi.

O‘tkazilayotgan tadqiqot ishlari uslubiyoti asosini o‘rganilgan hududlarni tuproq kartalari ma’lumotlarini tahlil qilish, qiyosiy geografik, tuproq-kartografik, laboratoriya, kameral-analitik, tuproq sifatini baholash ishlari umumqabul qilingan uslubiyotlar yo‘riqnomalar asosida bajarilmoqdi. Tadqiqot ishlarida kerakli kartografik materiallardan (xarita-asoslar, xo‘jaliklar yer tuzilishi planlari, tuproq xaritasi, topografik kartalar) foydalanildi.

Jizzax viloyati tumanlari hududidan olingan tuproq kesmalarining morfologik tuzilishi, boshqa alohida belgilari dala daftarida qayd qilinib, asosiy kesmalardan kimyoviy tahlillar uchun tuproq namunalari olindi va institutning «Tahlil Markazi»da kimyoviy tahlillardan o‘tkazilishi davom etmoqda.

Kelgusida olimlari tomonidan olingan barcha tahlil ma’lumotlarida tuproqlarning sifat ko‘rsatkichlari: tuproqlarning mexanik tarkibi, gumus (chirindi), harakatchan fosfor, almashinuvchi kaliy hamda suvda eruvchi tuzlar miqdori, sho‘rlanganlik darajasi, tiplari va boshqa ma’lumotlar qiyosiy tahlil qilingan holda umumlashtiriladi.

Eslatib o‘tish lozimki Jizzax viloyati bo‘yicha sug‘oriladigan yerlarning 277 ming 413 gektar maydonda tuproq sifatini baholash ishlari va 222 ming 341 gektarda sho‘rlangan tuproqlar xaritagrammasini ishlab chiqarish ishlarini bajarish nazarda tutilgan.