TARJIMONDAN

TARJIMONDAN


«...oʻsha kungi shonli manzarani hamon kechagidek eslayman... 

Daryo yoqalab tizilgan, ostonalariga ritsar qalqonlari osilgan purviqor chodirlar, shamolda raqs tushgan koʻyi hilpirayotgan ipak tugʻrolar, 

yarqiroq poʻlat sovutlar-u tilla suvi yugurtirilgan 

egarlar uzra akslanayotgan Quyosh shuʼlasi...»

Bernard Kornvell


Eddard Stark

Vesterosga xush kelibsiz! Yuqoridagi bellashuv maydoni tasviridan koʻrinib turibdiki, oldinda bizni Jorj R.R. Martin yaratgan ajoyib-u gʻaroyib olam kutayotir. Olamni-ku jon-jon deb qabul qilamiz, aslida, barchamiz uning ichida ritsarlar bilan ot choptirish, xufiyalar bilan parda orqasida turib pinhon suhbatlarga quloq tutish va qor qoʻynida yugurgancha Qora Birodarlar bilan Gʻayrituslarga qarshi jang qilish uchun bu ogʻir kitobni qoʻlga olmadikmi? Xoʻsh, kitobning oʻzi bizni qabul qilarmikan?

Romanning tambalangan darvozalarini qoqmoq, osma koʻp­riklarini tushirmoq uchun baʼzi sehrli soʻzlarni bilishimiz kerak. Keling, men sizga shu haqda qisqagina soʻzlab beray.

Avvalo, roman epik fantastika janrida yozilgani uchun uning tarjimasida epik uslubdan foydalandim. Romanning tarjimasi xuddi oʻzbeklarning ming yillik dostonlari kabi ulugʻvor jaranglashini istadim. 

Muallif suhbatlaridan birida romanni yozish uchun Oʻrta asrlar Yevropasidagi Angliya va Fransiya orasida kechgan urushlardan ilhomlanganini aytadi. Bu urushlar davrida yozilgan Gʻarb dostonlari, xususan «Beovulf» yo «Kenterberi hikoyalari» ritsarlarni oʻktam yigit, lordlarni joʻmard, ledilarni esa iffat malikalari yangligʻ taʼrif-u tavsif qiladi. Xususan, ingliz dostoni «Nibelunglar qoʻshigʻi»da Sersei, Joffri, Varis, Bayelish kabi ahli saroy va ledi Keytlin yangligʻ ham mushtipar, ham magʻrur xonimlar, Jon Snou kabi nomus qurbonlari bilan juda koʻp oʻrinlarda yuzma-yuz kelasiz.


Jon Snou

Mazkur topilmalarga tayangan holda «Taxtlar Oʻyini» janr va uslub jihatidan epik turga mansub sanaladi. Modomiki, Gʻarb adabiy moziysining shuncha bulogʻidan suv ichgan roman tilimizga oʻgirilar ekan, uning oʻzbek toʻni kiygan shakli nega Sharq dostonlaridan quvvat olmasin? Shu bois bundan keyingi suhbatimizda romanni doston sifatida talqin etishga ahd qildim.

Doston oʻz nomi bilan butkul boshqa olamga olib kirgani uchun bizga koʻplab yangi atamalar, diyor va shaxsiyatlar tuhfa qiladi. Shulardan shaxsan men uchun eng qizigʻi, Dayeneris va uning qabilasi boʻlgani uchun haqda biroz tushuntirish berib oʻtishni lozim topdim. 

Khal, khalisi, dotrak, Vayes Dotrak, arakh, dosh khalin, qonsuvoriy, khalasar... Albatta, bir qarashda oʻta begonadek koʻringan bu soʻzlar izohtalab boʻlishi mumkin. Ammo qizigʻi hali oldinda. Dayeneris qoʻl ostidagi qavm garchi oʻquvchi koʻz oʻngida yovvoyi qabiladek tasavvur uygʻotsa-da, aslida, ular boshqalar qatorida oʻzlarining qadimiy madaniyat va anʼanalariga ega. Ha, koʻchmanchiliklari sizga qadimgi moʻgʻul xalqlarini eslatishi mumkin, ammo ichki tabaqalar, boshqaruv shakli hamda maqom-u tizimlari bilan butkul boshqa, xayoliy maromga ega ekanliklarini ham unutmaslik kerak. Aynan mana shu maromni buzmaslik uchun romanda hech qaysi yangi atamaga izoh berilmadi, chunki sizga ilk sahifada begonadek koʻringan soʻzlar keyingi oʻrinlarda muallif tomonidan izohlanadi, tanishtiriladi va hatto muhabbatingizni ham qozonishiga ishonchimiz komil. 

Dayeneris Targariyen

Dostondagi asosiy joylar va shaxslar nomi oʻzgartirilmagan boʻlsa-da, xuddi oʻzbek afsonalaridagi muayyan maʼnoga ega makonlar, baʼzi manzillar nomi oʻzbekchaga oʻgirildi. Ular bilan ham asarni oʻqish asnosida tanishasiz. 

Gapni uzatmaylik, inchunin sizni oldinda butun boshli Vesteros qitʼasi, Yetti Qirollik va Dotrak dengizidagi sarguzashtlar intiq kutmoqda.

Faqat bu bahri bepoyonni ona tilimizga oʻgirishda mendan yordamini ayamagan baʼzi doʻstlarga ham oʻzim, ijozat bersa, albatta hazrati kitobxon nomidan minnatdorlik bildirmoqchiman.

Tarjimadan yuz karra uzoqlashib, ming karra qaytdim. Bu qaytishlarda meni ruhlantirgan, «Modomiki, bu dostonning Alpomishi boʻlolmas ekansan, unda baxshisi boʻl», degan ayam, Mavlono Rumiyning olti kitoblik «Maʼnaviy Masnaviy»sini tarjima qilib men uchun ilhom manbayi boʻlgan ustoz Odil Ikrom, olamga meni yetaklab olib kirgan yigitlar, xususan oʻzbek muxlislardan tashkil topgan «A Tavern On The King's Road» aʼzolari, Anqara universiteti qoshidagi «Alternativ va spekulyativ adabiyot tadqiqot markazi» tadqiqotchilari, dalda va maslahatlarini darigʻ tutmagan doʻstlarim – Sibel Maʼdan, Enes Bugʻro Dariji, Mete Buroq Lelik, tarjima borasidagi taklifimni qabul qilib «boshini buyuk ishga berib qoʻygan» «Zabarjad Media» zahmatkashlari, xususan muharririm Maʼmura Qutliyeva hamda meni ertaklar-u afsonalar olamiga olib kirgan bobom Dehqonboy Qurbon oʻgʻli... Hammalari bir rahmatdan ortigʻiga arziydi. Ularsiz eplolmasdim.

Suhbatimiz boshida Vesterosga xush kelibsiz, degandim. Menimcha, oʻzbek oʻquvchisi sifatida Jorj R.R. Martin va haybatli asari «MUZ VA OLOV QOʻSHIGʻI» epopeyasining ilk kitobi boʻlmish «TAXTLAR OʻYINI»ga ham Oʻrta Osiyo adirlarining malikasi, jonajon Oʻzbekchamizga xush kelibsiz, deymiz.


Mirzohid Muzaffar,

19.01.2024, Anqara

Report Page