“TA’LIM SIFATINI OSHIRISH — YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTINING YAKKAYU YAGONA TO‘G‘RI YO‘LIDIR”
SHAVKATBEK JO‘RABOYEVO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev shu yil 26-noyabr kuni "O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 232-sonli Farmonni imzoladi va rasmiy manbalarda e’lon qilindi.
Farmonda quyidagilar yuridik ta’lim va ilm-fan rivojlanishida erishiladigan asosiy vazifalar etib belgilandi:
- yuridik ta’lim jarayonlarining amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga qaratilgan amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyilini joriy etish;
- yuridik ta’lim tizimida ta’lim — tadqiqot — amaliyot integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, boshqaruvda akademik-kollegial yondashuvlarni yanada kengaytirish;
- yuridik ta’lim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;
Toshkent davlat yuridik universitetining 2030-yilga qadar nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1000 talik universitetlar ro‘yxatiga kirishini ta’minlash.
Shuningdek, Farmonda ta’lim sifatini yanada kuchaytirish va o‘quv jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish yo‘nalishida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Universitetda tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etish belgilanib, bunda:
- ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari uchun yuridik ta’lim dasturlarining 50 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 50 foizi (amaliyot qismi) sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkazilish;
- ta’lim dasturlarining nazariy qismlarini amaliy misollar asosida o‘qitish orqali talabada muammoli vaziyatni tahlil va xulosa qilish kabi «yumshoq» ko‘nikmalar va nazariy bilimlarni shakllantirishga e’tibor qaratish;
- ta’lim dasturlarining amaliy qismlari sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura, konsalting va sohaga doir boshqa tashkilotlarda, shuningdek, yuridik klinikada klinik seminarlar o‘tkazish orqali olib borish belgilandi.
Shu bilan birga, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi mavjud boshqa davlat oliy ta’lim tashkilotlarida Universitet tajribasi natijalaridan kelib chiqib, amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi yo‘lga qo‘yish ham aloxida qayd etildi.
Shu bilan birga, 2026 yil 1 iyuldan boshlab:
- talabalarga yo‘naltirilgan ta’lim jarayoni orqali ularning ijodiy salohiyatini doimiy rivojlantirish hamda ijtimoiy masalalarni yechishga qodir bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash;
- ta’lim jarayonlarida zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan insonparvarlik qadriyatlarini o‘zaro muvozanatli integratsiyalashga qaratilgan innovatsion ekotizim yaratish;
- talabalarga fan va o‘qituvchilarni tanlash uchun keng imkoniyatlar yaratish orqali professor-o‘qituvchilar o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirish;
- uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalarini davlat tashkilotlariga, notariat va advokatlik tuzilmalariga ish yurituvchi, yuriskonsult yordamchisi sifatida ishga qabul qilishga ruxsat etish qayd etildi.
Bundan tashqari, ta’limning barcha bosqichlarida yuridik ta’limni rivojlantirish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
- umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5 — 7-sinflarida tarbiya fani doirasida o‘quvchilarning huquqiy ongini shakllantirishga qaratilgan mavzularda vizual (komiks) kontentlardan foydalanish yo‘lga qo‘yish;
“Yurisprudensiya” hamda “Davlat va jamiyat boshqaruvi” ta’lim yo‘nalishida bakalavr darajasiga ega bo‘lgan shaxslarga qayta tayyorlov kurslaridan o‘tmasdan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davlat va huquq asoslari fani bo‘yicha dars berishga ruxsat etish;
- huquq fanidan bilish darajasini baholash bo‘yicha test sinovini tashkil etish hamda uning natijalari asosida davlat namunasidagi sertifikat berish tartibi joriy etilmoqda.
Shuningdek, yuridik ta’lim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida 2026 yil 1 martdan boshlab:
- abituriyentlarni “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari, ichki ishlar organlari xodimlari, fan olimpiadalari g‘oliblari, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga tatbiq etiladigan imtiyozlardan tashqari «Yurisprudensiya» ta’lim yo‘nalishiga aloqador bo‘lmagan oliy ta’lim tashkilotlariga kirishdagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilishi to‘xtatilmoqda.
Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat qilish maqsadida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Shu bilan birga, Adliya vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifasi qo‘yildi.
Namangan davlat universiteti yuridik fakulteti talabalari va professor-o‘qituvchilari mazkur Farmon mazmun-mohiyati va ahamiyatini kafedralarda va har bir guruhlarda o‘rganib chiqishmoqda.
Ustuvor va yagona maqsadimiz Namangan davlat universiteti yuridik fakultetida ta’lim va ilm – fanni yanada isloh qilish orqali zamonaviy, nazariy bilimlarini amaliyotda samarali qo‘llay olish ko‘nikmasiga ega, xalol, pok, vatanparvar huquqshunos kadrlarni tayyorlashdir.
SHAVKATBEK JO‘RABOYEV
Yuridik fakultet dekani