TA’LIM SAMARADORLIGI — TAJRIBA VA HAMKORLIKDA

TA’LIM SAMARADORLIGI — TAJRIBA VA HAMKORLIKDA

Nurali Nasimovich


Bugun Navoiy shahridagi 22-umumta’lim maktabida “Ta’lim va tarbiya samaradorligini oshirish: tajriba, muammo va yechimlar” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Mazkur tadbir hududlararo hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida o‘tkazildi.

Seminarda Xatirchi tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari hamda uning o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, o‘quvchilar uchun yaratilgan zamonaviy ta’lim sharoitlari, kasb-hunar egallashga yo‘naltirilgan amaliy mexanizmlar, yangi baholash tizimining amaliyotga joriy etilishi, abituriyentlar bilan maqsadli ishlash tajribasi, metodbirlashmalar faoliyatining samarali yo‘lga qo‘yilgani yuzasidan olib borilayotgan ishlar ko‘rsatib o‘tildi.

Seminar doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘shlig‘i Ra’no Hayitova so‘zga chiqib, bunday ochiq muloqot va tajriba almashinuv ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil ekanini alohida ta’kidladi. U hududlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik natijadorlikni ta’minlashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Amaliy qismda qatnashchilar “Abituriyent shtabi” faoliyati bilan tanishib, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlarni ko‘zdan kechirdilar. Shuningdek, maktabning “Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor” ansambli to‘garaklari faoliyati taqdim etilib, o‘quvchilarning ijodiy va ma’naviy salohiyatini rivojlantirish borasidagi ishlar namoyon qilindi.

Mazkur seminar ta’lim jarayonida samaradorlikni oshirish, maktablar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashuvini kuchaytirish hamda boshqaruv va pedagogik faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati


Report Page