TALABALAR TURAR JOYIDA “AXBOROT TEXNOLOGIYALARI” KAFEDRASI KUNI O’TKAZILDI

TALABALAR TURAR JOYIDA “AXBOROT TEXNOLOGIYALARI” KAFEDRASI KUNI O’TKAZILDI


Kuni kecha Buxoro davlat universiteti talabalar turar joyida fizika-matematika fakulteti “Axborot texnologiyalari” kafedrasi professor-oʼqituvchilari tomonidan “Kafedra kuni” oʼtkazildi. “Kafedra kuni” doirasida Prezident tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusga doir turli ma’naviy-ma’rifiy ishlar amalga oshirildi. Bunda kafedra mudiri Sayidava N.S., fakultet yoshlar bilan ishlash bo’yicha dekan muovini J. Nuriddinov tadbirga katta hissa qo’shdilar.

Yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish maqsadida “Talabalar studiyasi” chiqishlar qilib, barchani xursand qildilar. So’ngra o’qituvchilar o’zlari boshchiliklarida talabalarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatlarini namoyish qilish maqsadida turli sport musobaqalari tashkil qilindi. Bunda barcha talabalar qiziqish va xursandchilik bilan ushbu musobaqalarga qatnashishdi.

Navbatdagi reja asosida talabalar o’rtasida kompyuter texnologiyalari va Internetdan samarali foydalanishni tashkil qilish maqsadida dotsent H.Rustamov talabalarga ma’lumot berdilar va ularning ushbu tizimdagi tushunmagan savollarining barchasiga javob berildi. Barcha talabalar ushbu mavzuga juda mas’uliyat bilan yondoshib, kerakli maslahatlarga ega bo’ldilar. 

Keyin talaba yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o’rtasida kitobxonlikni keng targ’ib qilish maqsadida “Kitob-ilm va hikmat manbai” mavzusida dotsent J.Jumayev boshchiligida davra suhbati o’tkazildi. Bunda talabalarga o’z mutaxasisligi yo’nalishida yangi nashrdan chiqqan adabiyotlar haqida tavsiyalar berildi va tadbir yakunida musiqiy tanaffus musiqalarini tinglash bilan birgalikda talaba qizlarining “Mohir qo’llar” to’garagi faoliyatidan lavhalar namoyish qilindi.

Kafedra kunida kafedra oʼqituvchilari talabalarning yashash sharoitlarini oʼrgandi. Bir soʼz bilan aytganda, Axborot texnologiyalari kafedrasi professor-oʼqituvchilari tomonidan talabalar turar joyida yashovchi talaba-yoshlarga birdek mehr, quvonch ulashildi. 





Report Page