«Svet» yo‘q! Kim aybdor?
Samarqandliklar diqqatiga!!!
Viloyatning deyarli barcha tumanlarida, hatto shaharda ham elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilayapti. Masalan, shaharning «Kimyogarlar» qo‘rg‘onida har yarim soatda «svet»ni yoqib o‘chirishayapti.
Qishloqlarida ham shu ahvol. Yashirib nima qildik, «svet» o‘chishlari «svetomuzika» bo‘layapti. Tabiiyki, xalq norozi bo‘layapti, ijtimoiy tarmoqlarda ham «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ning Samarqand filali, o‘zbekcha aytsak, «Oblelektroset» sha’niga achchiq-chuchuk so‘zlar yozilmoqda.

Korxona Axborot xizmatining rahbari sifatida bayonot beraman:
Bu «svetomuzika»larning «oblelektroset»ga aloqasi yo‘q!
«Hududiy elektr tarmoqlari» (HET) elektr tokini «Milliy elektr tarmoqlari» (MET)dan oladi. MET bersa, oladi! Bermasa, yo‘q!
Ayni kunlarda «Bu haqida «churq» etmaysan, xalqqa aytmaysan», degan «tepadagilar» masalan, bugun, yakshanba kuni, uyida o‘tirvolib, «Urgutni uz!» «Pastdarg‘omni uz!» «Nurobodni uz!» deb buyruq berayapti va qarg‘ishni kim eshitayapti?
«Obleyelektroset».
Bilib qo‘ying, tumanlarning «sveti»ni uzib qo‘yib, «oblelektroset» mazza qilmaydi! Buni dispetcherlik xizmati MET orqali amalga oshirishayapti (L-Loyish-110, L-Juma-110).

«Obleyelektroset» rahbari bilan biz dispetcherlar xonasiga kirib, «Baraka topgurlar, har yarim soatda o‘chirmanglar, xalq norozi bo‘layapti», desak, ular «Biz sizga bo‘ysunmaymiz, bizning o‘z bo‘ysunadigan kattalarimiz bor», deyishdi. Kattalaringga aytinglar, unda «svetomuzika»ni yarim soatdan emas, ikki soatdan qilinglar, o‘chirib, sizlar yolchinglar, yoqib, xalq yolchisin», desak, ayniqsa, «Uzish kerak bo‘lsa, katta-katta korxonalarni uzinglar, aholining «svet»ini uzmanglar», desak, ular Toshkentga qo‘ng‘iroq qilib, «Bizga bosim o‘tkazishayapti», deb shikoyat qilishdi. Tabiiyki, «tepa»ning «tepa»sidan bo‘ladigan do‘q-po‘pisalardan cho‘chiydi-da, kishi.

Gap ko‘p, «svet» yo‘q! Yaxshisi, mana bu telefon raqamlarini yozib oling, bular despetcherlik xizmati va MET xodimlarining bir sutkada 24 soat ko‘tarishi va javob berishi shart bo‘lgan telefon raqamlari:
+ 998 95 500 97 52;
+ 998 95 410 01 68;
+ 99866 233 14 59;
+ 998 98 573 83 76.
Javob berishmasa, qarg‘ish va so‘kishlaringiz uchun manzilni aytdim!

Karimberdi To‘ramurod,
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Samarqand filali Axborot xizmati rahbari.