Suv

Suv


– Marhumni suvga ola boshlashdi, – dedi bo‘z uydan chiqib kelgan cho‘qqi soqolli yosh mulla.

Yo‘qlovga kelgan odamlarning oyog‘i tortilib, o‘kirib yig‘lab kelganlar ham tinchib qolgandi. Bo‘z uydagi ayollarning ham uni chiqmay qoldi. Yosh mulla to‘g‘ri Jo‘mardning oldiga kelib:

– Mayitni suvga ola boshladi. Siz ham kirasizmi? – dedi.

Jo‘mard bu savolga nima deb javob berishini bilmay, yonida turgan keksa oqsoqolga qaradi. Chol yosh mullaga bir qarab oldi.

– Jo‘mard o‘g‘li bo‘lsa-da, – gap boshladi chol ensasi qotib, ko‘zini chaqchaytib, – u ko‘pdan buyon shaharda yashagani uchun bunaqa ishlarning rasm-rusumini tushunmaydi. Yaqin qarindosh­laridan boshqa birortasi kira qolsin, – dedi gapning indallosiga ko‘chib.

Jo‘mard biror marta bunday ishlarni boshidan o‘tkazmagani bois nima deyishini bilmay xijolat bo‘lib turgach, oqsoqol buni payqab, yosh mullaga shu javobni bergandi.

– U holda marhumning yaqinlaridan kim kiradi? – deya mulla cholni so‘roqqa tutdi.

Bu chol Jo‘mardning amakisi, ovulning keksalaridan. Gaplari ham o‘zi kabi ajab­tovur edi.

– Men kiraman, – dedi Jo‘mardning yonida turgan jiyani ovoz chiqarib.

U ham shu ovulda turadi. Bobosi bilan juda inoq edi. Hali otasini yo‘qlab yig‘laganlar orasida shugina yigitning yig‘isi balandroq eshitilgandi. Nima qilsa ham bobosi. Yurak yurakdan yig‘ladi…

Jiyanini ko‘rib Jo‘mardning mehri tovlanib ketdi. Bu yigit singlisi To‘lg‘onoyning katta o‘g‘li. Yaqinda uylangan. Kap-katta odam bo‘libdi. Ichkarida bo‘z uyda singlisi To‘lg‘on­oyning otasini yo‘qlab jon koyitib yig‘laganini eshitib Jo‘mardning ko‘ngli buzilib ketdi. Kichik singlisi Asilning yig‘isi bir eshitilib, bir uzilib qolishining sababini esa Jo‘mard tushuna olmadi. Ora-sira yig‘isi bir-bir chiqib qolmasa, yo‘qlovi tuzuk-quruq eshitilmadi ham. Xorijda yuravergani uchun chin yurakdan yig‘lashni unutib yuborgandek tuyuldi unga. Bo‘z uyda yig‘i yo‘qlov qilayotgan ayollar orasidagi xotinining ovozi esa butkul eshitilmadi. Hatto yig‘lab ham qo‘ymadi. Axir, shaharda o‘sgan bo‘lsa, bunaqa narsani qayoqdan ham bilsin?

– Kir, bolam, kir… Bobongni yaxshilab yuv. …savobi tegadi, – dedi chol unga yuzlanib.

Jo‘mardning otasi shu ovulning oqsoqoli edi. Joni uzilganiga ikki kun bo‘ldi. Bu yerdagilar, yaqinlari olisda, Rossiyada yurgan kichik qizi kelsin deb, bir kun kutishdi. Jo‘mardga ham xabar kech yetib borgani uchun, otasining so‘nggi so‘zini tuzuk-quruq eshitolmay qolganidan armonda.

Otasi o‘limi oldidan tushunuksiz g‘uldirab, “Suv! Suv!…” deb qayta-qayta takrorlayverdi… “Og‘zi qurib, chanqab qolibdi-da”, deb og‘ziga suv tomizib tursa ham, haligi aytgan so‘zini takrorlashdan to‘xtamadi. Ora-sira o‘g‘il-qizi, Jo‘mard bilan Asilning otini aytib, “ular keldimi” degandek ishorat qilgan bo‘lmasa, tilidan “Suv” degan so‘z tushmay, shu so‘zni aytib joni uzildi.

Bular uchalasi tug‘ishganlar. Ikki qiz, bir o‘g‘il. Kattasi Jo‘mard. Onasining qaytish qilganiga bir yildan oshib, ikkinchi yilga ham o‘tdi. Qariganda ularning xuddi kindigi birdek, bir-biridan ajralmay qolishgandi.

Kampir tirik paytlari cholning shahdi baland, yoshi bir joyga borib qolsa-da, anchayin dadil ko‘rinardi. Otasi bir umr shu ovulda miroblik qilib o‘tdi. Kampiri o‘lgandan keyin chol butkul cho‘kib, o‘zini ancha oldirib qo‘ydi. Boshqa uyda yashasa-da, To‘lg‘onoy otasining ko‘zu qulog‘iga aylanib, ertayu kech kelib, issiq-sovug‘idan xabarlashib turdi. Qariganda kampiridan ayrilib qolgani cholga xuddi bir qovurg‘asini yo‘qotgandek tuyuldi.

Onasi bechora ham yaxshi ayol edi. Erta ketgani odamga alam qiladi. Otasi ham kampiriga bo‘lgan mehri tufayli, u dunyoda yolg‘izlatib qo‘ymaslik uchun tezroq uning ortidan ketgandek, go‘yo.

Jo‘mardning otasi kampirining yili o‘tgandan so‘ng uch-to‘rt kunga shaharga borgan. U Bishkekda ko‘p tura olmadi. Samolyotdan tushgan daqiqadan boshlab, kelgan joyini sog‘inib qoldi. Qattiq sog‘ingan. Safarga chiqishni yoqtirmasdi. Buning ustiga kampiri ham yo‘q. O‘g‘li, kelini, yolg‘iz chechakday nabirasini ko‘rib kelayin, deb shaharga kelgandi. Bunga ham Jo‘mard qayta-qayta telefon qilib, kelishga zo‘rg‘a ko‘ndirgan. To‘lg‘onoyga kun ora telefon qildi. “Otamni samolyotga chiqarib, kuzatib qo‘y”, deb. Ota ham shu sabab o‘g‘linikiga kelib qolgan. Bir tomondan nabirasini sog‘ingan. U ham o‘n yoshga kirib qoldi. Jo‘mardning ayoli shaharlik. Qaynota-qaynonasi shu shaharda turadi, umri o‘sha yerda o‘tgan odamlar. Ikkalasi ham professor. Fanlar akademiyasida ishlaydi.

Jo‘mardning ayoli fanlar nomzodi, universitetda dars beradi. Otasi bu yerga kelsa ham kelini, nabirasi bilan ko‘ngildan suhbat qura olmaydi. Kelinining bilgan so‘zi “Ota, choy iching”, “Ota, keling”. Bundan bosh­qa so‘zga tili kelmaydi. O‘qishni ham Moskvada bitirib kelgan. Nabirasi esa, “Bobo” degan so‘zdan bosh­qasini bilmaydi. Otasi kelsa, Jo‘mard tilmochlik qilib, tarjima qilib turadi. Shunga otasining yuragi siqilib ketardi. Bu ham yetmaganday tund bo‘lib olib, ichidagini birovga aytgisi kelmasdi.

Jo‘mard Bishkekning kichikroq, o‘n ikkinchi tumanida yashardi. Uyining derazasidan tog‘ shundoq ko‘rinib turardi. Otasining ertayu kech tomosha qilgani shu tog‘ edi. Boloxona derazasidan boshini chiqarib olib, o‘sha tog‘lardan ko‘zini uzmay qarayverardi.

Bir gal gapdan gap chiqib, Jo‘mard otasininig bu qilig‘ini yuziga solmoqchi bo‘lgan. “Tog‘larning orasida yurib, tog‘dan bezmadingizmi?” degan.

Otasi unga, odatdagidek, qo‘rs javob berib: “Tog‘dan bezadigan bo‘lsam, qirg‘izligim qayerda qoladi? Tog‘ mening jonim!” degan. Arzimagan tomoshani, deb otasining bunday qo‘rs javob bergani Jo‘mardga ta’sir qilib, ko‘kragiga nayzadek botgan. Shundan so‘ng biror narsa deb so‘rashga ham qo‘rqib qolgandi. Jo‘mard bolasini yelkasiga opichlab, toqqa olib borib kelishga ham vaqt topmagan. Tog‘ unga juda olisdek tuyulgan. Hozir esa bunga afsuslanib o‘tirardi.

Jo‘mardning otasi uydan erta tongda chiqib ketardi. Qayoqqa borayotganini o‘g‘li ham bilolmay qolardi. Erta tongdan otasining uydan chiqib ketishiga parvo qilmay, kenglikka o‘rgangan odam, to‘rt devor uyda qamalib o‘tirib, zerikib ketgandir, degan o‘yga borgan.

Otasi uchun ertasi tushdan keyinga bilet olib qo‘ygandi. Uning ahvolini ko‘rib, xuddi burgutni qafasga solib qo‘ygandek, aybdor his etdi o‘zini. Chol erta tongda chiqib ketadi-da, bir soatlardan so‘ng qaytadi. Kelganda o‘g‘li ham, kelini ham ishga ketgan bo‘ladi. Yolg‘iz qolgan nabirasi unga eshikni ochadi. Otasi qo‘lini yuvib, sochiqqa artingandan keyin, nabirasi qo‘l imlab, stol ustidagi ovqatga chaqiradi. Bilgan so‘zi “Bobo”. Ikkalasi uzoq vaqt jim o‘tirishadi. Chol qirg‘izchalab nimadir deydi, nabirasi o‘rischalab javob berganday bo‘ladi. Ikkalasi ham bir-birini tushunmaydi…

Bugun ham shunday bo‘ldi. Chol qosh qorayganda uydan bildirmay chiqib ketdi. Jo‘mard tashqariga chiqib, tezda qaytadi deb o‘ylagandi. Otasidan ancha vaqt darak bo‘lmadi…

Jo‘mard xavotirlanib otasini izlab chiqdi. Tashqarida shahar qaynab yotardi. Katta yo‘lda mashinalar tiqilib ketgan. Negadir to‘xtab qolgan, atrofida odamlar to‘planib turishardi. Jo‘mardning yuragi “shuv” etib ketdi… Xayoliga yomon o‘y kelib, miyasiga pichoqday sanchilganday bo‘ldi.

Jo‘mard voqea joyiga yetib borsa, qizil shlyapali semiz ayolning kuchugini mashina urib ketibdi. Ayol to‘polon qilib, haydovchiga do‘q qilib yotardi.

– Bu it qancha turishini bilasanmi? To‘rt ming dollar, bu qimmat, zotli itlardan, – deb chaqchayib o‘dag‘aylardi.

Jo‘mardning qinidan chiqib ketayozgan yuragi joyiga keldi. Yo‘lning narigi tomonidagi boqqa qarab yurdi. Har xil xayollarga borib, qadamini tezlatdi. Otasi ko‘rinmasdi. Bog‘ o‘rtasidan o‘tgan soy bo‘ylab tog‘ tomonga yo‘l oldi. Shu yolg‘izoyoq yo‘l bilan tog‘ tarafga borsa bo‘lardi… Ancha yurdi. Chiday olmay, qarshi tarafdan kelayotgan yigit va qizdan:

– Shu atrofda bir cholni ko‘rmadilaringmi? – deb so‘radi.

– Orqada kelayotgan oqsoqol emasmi? ̶ dedi qiz burilishda ko‘ringan odamga ishora qilib.

– Ha, rahmat, o‘sha, – deb otasini olisdan ko‘rgan Jo‘mardning yuziga qon yugura bosh­lagan, bezovta yuragi joyi tushgandi. Qariya suvi ko‘p katta soy bo‘ylab bog‘ tarafga shahdam ketib borardi. U otasining yo‘lini to‘sib chiqdi.

– Ovulingizni juda sog‘inganga o‘xshaysiz? –Jo‘mardga otasi ko‘nglidagi sirni oshkor qilganday tuyulib ketdi. – Ertaga tushlikdan ke­yinga bilet oldim… To‘lg‘onoyning o‘g‘li sizni kutib oladigan bo‘ldi.

– Yaxshi qilibsan, – otasining yuzidan na quvongani, na o‘kingani sezilardi. Bir muddat jim bo‘lib qoldi. – Sizlarni ham qiynamay, endi bora qolay, – dedi chol chuqur xo‘rsinib.

– Qiynamay deganingiz nimasi? Kelganingizga barimiz xursand bo‘lib qoldik-ku, ayniqsa, nabirangiz… – Jo‘mard so‘zlariga o‘zi ham ishonmayotgan bo‘lsa-da, otasining ko‘nglini ko‘targisi keldi. “Qayerdan ham xursand bo‘lsin, yozilib gaplasha olmasa? Gaplashadigan gap bo‘lmasa, nimani ham gaplashishardi?”

Jo‘mardning bu so‘zlari chin yurakdan aytilmayotganini otasi ham ich-ichidan sezib turardi.

– Shu kunlarga yetkazganiga shukr… – dedi otasi sir boy belgisi kelmasa-da, yuzi yorishmay. – Ko‘rdim… ko‘nglim xotirjam bo‘ldi. Endi yana qachon kelaman, yolg‘iz Allohning o‘zi biladi, – og‘ir xo‘rsinib davom etdi qariya. –Omon bo‘lsalaring bo‘ldi.

– Manavi ariqning boshiga qadar borib keldim, bir qultum suv yo‘q. …Daraxtlar qurib borayapti, – dedi chol, gapni boshqa tomonga burib. – Ariqning qurib qolgani yaxshilikdan nishona emas…

– Bizda shunday… Shaharda… sizlarning ovullaringiz emas, tunu kun sharqirab suv oqib turadigan, – dedi Jo‘mard otasining qosh-qovog‘iga qarab. – Bu tomonlarda suv tanqis.

– Himmm… – chol unsiz bosh chayqadi.

Jo‘mardning yoshlik chog‘i otasi aytgan bir gap esiga tushib ketdi. U ham suv to‘g‘risida edi.

– Ota, esingizdami, bizni doim urishar edingiz. Suvga tupurma, suvga ushatmanglar, deb. Bir gal suvga qarab ushatayotganimda tayoq bilan urganingiz hali ham esimda… – Jo‘mard otasidan gap olish uchun shu gaplarni aytgandi.

– To‘g‘ri qilgan ekanman… – dedi otasi o‘ziga o‘ziga gapirgandek. – Shundan buyon gapimga kirmay kelayotgan ekansan-da?

– Yo‘q, yo‘q. …bu yoshlik paytim bo‘lgan, – Jo‘mard otasiga o‘tinch bilan qaradi.

– Erta tong va qosh qorayganda uydan chiqib ketayotganimni hech payqadingmi? – dedi chol o‘g‘lini savolga tutib.

– Nega payqamayin, payqadim… Siz bilan birga chiqay desam, unamaysiz. Nabirangizni ham ergashtirmaysiz, – deb ichidagini aytib oldi.

Chol o‘ylanib qoldi, javob bermadi. Bir muddat jim turdi.

– Mana, sen suv tanqis deysan?! – dedi otasi yo‘l bo‘ylab kelar ekan. – Albatta, suv tanqis bo‘ladi-da, suvga qarab choptirib tursalaring. Ichayotganlaring ham suv, isrof qilayotganlaring ham suv, – cholning peshonasi tirisha bosh­ladi. – O‘zing ayt, nega otang erta tongda uydan chiqib ketadi, bilasanmi? Men suvga qarab ushata olmayman. Kim suvga qarab ushatadi? Odam bolasi suv bilan kelgan, o‘lganda ham suv bilan ketadi… suv tabarruk! Suvning uvoli bor! – dedi otasi, ko‘pdan buyon aytolmay yurganlarini aytishga botinib.

Jo‘mardni ko‘pdan o‘ylatib yurgan, otasini nima qiynayotganini endi tushunganday edi. Otasi nima uchun uyida tura olmaganini ang­lagandek bo‘ldi. Chol hojatxonadagi suvga qarab ushatgisi kelmay, uzoqlarga borib yurgan ekan-da?! Joyi jannatdan bo‘lsin! Otasining bu gap­lari o‘shanda xuddi yoshligida tayoq bilan urgandek bo‘lgandi…

“Suv” degan so‘zni eshitganda, otasining shaharga borib aytgan shu achchiq gaplarini eslardi.

– Marhum suvga olindi. Endi janozaga o‘ting­lar! – dedi boyagi yosh mulla.

Otasi “suv”ga olinib, so‘nggi safariga ketmoqda… “Odam bolasi suv bilan kelgan, o‘lganda ham suv bilan ketadi… suv tabarruk! Suvning uvoli bor!” otasining so‘zlari bu gal xuddi yaraga tuz sepganday Jo‘mardning yuragini achishtira boshlagandi…

Bu so‘zlar uning qaqshab og‘riyotgan yuragidagi armonlar edi, tosh bo‘lsa-da, eritib yuboradigan mangu savollarga javob topolmas, ko‘ksidagi azoblarning cheki yo‘qdek tuyulardi.

Bu yolg‘onchi hayotda dunyolarga erishaman deb, o‘zining yaqinlariga butunlay begona bo‘lib qolganini, jon tomiriga umr bo‘yi hayotning muqaddas suvini ulashib kelgan qalbi, quyosh odamlarning haroratini so‘ndirib qo‘ygandek, his etdi o‘zini.

Xirillab, un chiqarmasdan yig‘lar, shu onda ko‘ksini kuydirib borayotgan armonlar uning yuragiga chaqmoqdek qadalgandi. Yuragi yonib, uni parcha-parcha qilib tashlayotgandek edi. Shu onda ko‘pdan buyon o‘ylar olamidan g‘oyib bo‘lgan suv o‘zining umriga yangi hayot bag‘ishlayotganini his etdi.

* * *

…Marhumni suvga olib bo‘lishdi.

Qirg‘iz tilidan Jabbor Eshonqul tarjimasi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023-yil 51-52-son

Sulton Rayev

Report Page