Surxondaryoliklar tabiiy gaz uchun to‘lovlarni avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshirmoqda
Bugungi kunda “Hududgaztaminot” AJ tomonidan tabiiy gazdan foydalanuvchi iste’molchilar xonadonlariga “aqlli” gaz hisoblagichlari bepul o‘rnatib berildi. Bu esa iste’molchilarning to‘lov madaniyatini shakllantirishda muhim vosita bo‘lmoqda.
Shu kunga qadar Surxondaryo viloyatida 121 ming 538 ta zamonaviy hisobdon o‘rnatilib, dasturga to‘liq integrasiya qilindi. Denov tumanida hisobdon o‘rnatish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilgan bo‘lsa, Termiz shahrida o‘rnatilishi lozim bo‘lgan 37 569 ta hisobdonning 34 442 tasi o‘rnatildi. May oyining oxirigacha mazkur shaharda hisobdon o‘rnatish ishlarini yakuniga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Termiz tumanida 7869, Angor tumanida 2787, Bandixon tumanida 2187, Boysun tumanida 6200, Denov tumanida 23066, Jarqo‘rg‘on tumanida 5104, Qiziriq tumanida 2225, Qumqo‘rg‘on 7354, Muzrabot 1674, Oltinsoy 663, Sariosiyo 11087, Sherobod tumanida 4449, Sho‘rchi tumanida 7866, Uzun tumanida esa 4575 ta iste’molchining sarflagan tabiiy gaz uchun hisob-kitobi ham avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshirilmoqda.
– Iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorligi bo‘lgan iste’molchilarga tarmoqdan avtomatik tarzda o‘chirilishlaridan avval, gaz hisoblagich o‘rnatilayotgan vaqtda iste’molchi tomonidan taqdim yetilgan telefon raqamiga ogohlantirish SMS - xabarnomalar yuborilmoqda, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Fayzullo Hurramov. Viloyatda joriy yil aprel oyining o‘zida xonadoniga zamonaviy hisobdon o‘rnatilgan 15 ming 368 nafar iste’molchi 492,6 milliondan ortiq qarzdorlik uchun SMS – xabarnoma orqali ogohlantirilgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, 6 ming 938 nafar iste’molchining gaz ta’minoti 235 million 588 ming so‘m qarzdorlikni belgilangan vaqtda bartaraf qilmagani uchun tarmoqdan avtomatik ravishda to‘xtatilgan. Shundan so‘ng 4 ming 035 nafar iste’molchi qarzini to‘lagach, maxsus kod yordamida tarmoqqa qayta ulangan.
Ayni paytda “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialining tumanlardagi idoralari xodimlari tomonidan iste’molchilarga bunday ovoragarchiliklarning oldini olish uchun to‘lovni vaqtida amalga oshirish hamda gazni iqtisod qilgan holda oqilona foydalanish zarurligi tushuntirilmoqda.