Surxondaryodagi To‘palang daryosi qirg‘og‘idan Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davriga oid mis tangalar topildi

Surxondaryodagi To‘palang daryosi qirg‘og‘idan Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davriga oid mis tangalar topildi


Sariosiyo tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi fuqarolar To‘palang daryosi qirg‘og‘idan juda ko‘p mis tangalar topib olgani haqida OAVda maʼlumotlar tarqaldi. Vazirlar Mahkamasining Madaniy meros inspeksiyasi rahbarligida hamda Madaniy meros agentligi vakillaridan tuzilgan ishchi guruh Sariosiyo tumanida olib borgan o‘rganishlari natijasida bu maʼlumot tasdiqlandi. Olimlar mazkur ashyolar hozirgacha vatanimiz hududidan topilgan Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida zarb ettirilgan pul tangalarining eng katta va yaxshi saqlangan xazinasi ekanligini taʼkidlashmoqda.


Shuningdek, Sariosiyo tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi fuqarolar tomonidan topilmalar talon-taroj qilinayotganligi aniqlandi. 

Ayni paytda Inspeksiya, Agentlik hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan topilmalar aniqlangan hudud muhofazaga olingan. 9-martdan boshlab, Sariosiyo tumani To‘palang daryosi hududida ilmiy izlanishlar olib boriladi. 

Taʼkidlash lozim, O‘zbekiton Respublikasining “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasiga ko‘ra Arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirib qo‘yish, ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeolog arxeologiya ashyolari davlatga topshirilishiga qadar ularning but saqlanishini taʼminlashi lozimligi belgilangan.

Fuqarolarimizdan davlat mulkiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlarini va topilmalarni o‘rnatilgan tartibda tegishli tashkilotlarga topshirishda faolliklarini so‘rab qolamiz. Shu o‘rinda davlatga topshirilgan xazina va moddiy boyliklar uchun mukofot belgilanganligi alohida taʼkidlanadi.


Madaniy meros agentligi Axborot xizmati

Report Page