Sug'orish
Kuzgi bug'doy kuzgi arpa va bahorgi bug'doyga qaraganda o'sish davrida namlikni ko'p sarflaydi. Kuzgi bug'doy o'sishi uchun eng qulay sharoit tuproqdagi namlik uning dala nam sig'imiga nisbatan 70-75 % da doimiy saqlab turish barqaror hosildorlikning garovidir.
Bug'doyni vegitasiya paytida sug'orish muddatlari va me'yorlari tuproq iqlim sharoitiga va yilning kelishiga qarab belgilanadi. Bunda sizot suvlari joylashuvi yoki yog'in miqdori va o'simlikning suvga bo'lgan ehtiyoji hisobga olinadi. Sug'orishni to'g'ri tashkil qilish uchun sug'orish me'yori va muddatlarini to'g'ri belgilash kerak. Sug'orishni iloji boricha sharbat bilan berilishi shart.
O'suv davridagi erta bahordagi birinchi sug'orish kuz va qish oylarida yog'ingarchilik va suvning kam bo'lganligini hisobga olib, fevral oyidan boshlandi. Joylarda sug'orishdan keyin dalalar tobga kelishi bilan azotli o'g'itlar bilan oziqlantirilib, mart oyining birinchi o'n kunligida havo harorati 12-15 gradusga etganda, ikkinchi suv naychalash, uchinchi suv boshoqlash-gullash fazasida beriladi. Tuproqdagi namlik va ob-havo sharoitiga qarab don shakllanishi va to'lish fazasida yana bir juda engil sug'orish amalga oshiriladi. Shuni unutmaslik kerakki, tuproq-iqlim sharoitini, o'simlikning rivojlanish fazasi va boshqa omillarni hisobga olmasdan sug'orish, o'simliklarning kasalliklardan, issiqdan zararlanishi, yotib qolishiga, don to'lishining yomonlashishiga va don tarkibidagi oqsilning kamayishiga olib keladi.
Tuproq-iqlim sharoitiga qarab bug'doy bahorda sernam kelayotgan bu yilgi mavsumda yillarda 2-3 marta, qurg'oqchil yillarda 4-5 marta sug'orish talab etiladi. Erta bahorgi birinchi sug'orish vaqtini aniqlashda tuproq namlik darajasini hisobga olish bilan birga haroratni ham hisobga olish o'ta muhimdir. Bahor davrining harorati o'simlikning suv ta'minotiga kuchli ta'sir etadi. Past haroratda tuproqning mo'tadil namligi ham fiziologik ortiqcha hisoblanadi, yuqori haroratda esa, aksincha fiziologik yetishmaydi. Shuning uchun ekinni erta bahorda past haroratda sug'orish o'simlik uchun zararli hisoblanadi. Buning natijasida ko'p vegitativ massa to'playdi, lekin boshoq hosil qiladigan poyalar kam bo'lib, don chiqishi kamayib ketadi.
Yuqoridagilarni e'tiborga olib, g'alla maydonlarini birinchi bahorgi sug'orish tuplash davrida, harorat 12-14 gradusga ko'tarilgach, engil 500-600 metr kub miqdorida sug'oriladi. Tuplash davrida namlik yetishmasa bug'doyning tuplanish darajasi, ildizning o'sishi va tashqi muhit ta'siriga chidamligi kamayadi.
Ikkinchi sug'orish naychalash davrida o'tkazilib, yillik sug'orish me'yorining 40-45 foizini talab qiladi. Bu davrda o'simlik eng ko'p namlikni talab qiladigan payt bo'lgani uchun bug'doyni to'yintirib, ya'ni katta me'yorda gektariga 800-1000 metr kubdan sug'orish talab etiladi. Bu davr bug'doyning o'suv davridagi eng ma'sulyatli "kritik davri" hisoblanadi. Chunki, bug'doyning 50-60 foiz hosili shu davrda shakllanadi. Shuning uchun bug'doy naychalash fazasida suv va oziqa moddalar bilan yetarlicha ta'minlangan bo'lishi kerak. Naychalash davrida namlik etishmaganda, o'simlik o'sishdan, biologik massa to'plashdan orqada qoladi, mahsuldor poya va boshoqlar soni keskin kamayib ketadi.
Uchinchi sug'orish boshoqlash-gullash davrida yillik sug'orish me'yorining 30-35 foizini gektariga 650-750 metr kubdan berishni talab qiladi. Bu davrdagi o'z vaqtida sifatli sug'orish gullash va changlash uchun yaxshi sharoit yaratib, bo'lg'usi bo'liq boshoqlarni shakllantirish hamda ulardagi donning soni va vazni ortishiga zamin yaratiladi.
Boshoqlash davrida namlik bilan etarli ta'minlamaganda o'sish jarayoni sezilarli darajada sekinlashadi, o'simlik tez o'suvni to'xtatib boshoqlarda donlar 4-5 kun oldin pishishi natijasida, boshoqlarda donlar soni va vazni kamayib ketadi.
Bug'doyning sus pishish oldidan, issiq ta'sirini kamaytirish maqsadida juda engil, yillik me'yorning 15-20 foizini gektariga 300-400 metr kub bilan sug'orish tavsiya qilinadi. Bug'doyning don to'plashining bu davrida bo'ladigan kuchli havo qurg'oqchiligining salbiy ta'sirini hatto tuproqning etarlicha nami ham qaytara olmaydi.
Shu sababli bu paytda kuzgi bug'doyni 300-400 m3\ga me'yorlarda engil sug'orish ma'qulroq hisoblanadi. Bunda ekinzorlarda havo nisbiy namligi oshadi, o'simlik harorati pasayadi, don to'plashning yaxshi o'tishiga ko'maklashadi. Bug'doyning sut pishish davridan boshlab tuproqda nam etishmovchiligi uning to'lishishiga umuman salbiy ta'sir ko'rsatmaydi. Chunki sut pishish davriga kelib bug'doy o'simligida ildizdan oziqlanish to'xtaydi.
Demak, boshoqlashdan sus pishish davrigacha yengil oziqlantirish va sug'orish hamda barg orqali oziqlantirish mavsumning hal qiluvchi pallasi ekanligini ko'rsatib turibdi.
Bug'doy o'simligida 75-80 foiz oziq moddalar hamda suv boshoqlash davrigacha bug'doyning barg va poyasida to'planar ekan. Ana shu to'plangan oziq moddalar ko'rsatib o'tilgan qulay muhit yaratilganda, sus pishish davrida barg va poyalardan sekin-asta boshoqga oqib borib donda to'planadi, natijada to'liq boshoq va sara don hosil bo'ladi. Natijada biz kutgan 60-70 sentnerlik xirmonga zamin yaratiladi.
Bahorgi sug'orish g'alla maydonlarda bizga yaxshi ma'lumki, oziqlantirishdan keyin amalga oshiriladi. Shularni e'tiborga olib, sug'orish davomiyligi 8-10 soatdan oshmasligi zarur, suvni sekin jildiratib qo'yish, aks holda o'g'itlash uchun berilgan azotli o'g'itla suvda erib suv bilan birgalikda dala tashqarisiga chiqib ketadi va uning foydasi kamayib ketadi.
Sug'orishda birinchi navbatda bu yil, suv tanqisligini e'tiborga olib kanaldagi suvning holatiga qarab yoki suv yo'q deb o'tirmasdan, zovurlardagi suvlardan 1:1 nisbatda aralashtirib, ayrim joylarda zovur suvining sho'rlanish darajasi 0,5-1,5 g/l atrofida va undan kam bo'lsa, kanal suvi bilan aralashtirmasdan foydalanish tavsiya qilinadi. Qish va bahorning may oyigacha zovur va oqoba suvlarning eng kam chuchuklashgan payti bo'ladi, chunki bu davrda zovurlarga tashqaridan oqova suvlar va yog'in-sochin suvlarning qo'shilishi hamda kam bug'lanish sababli zovurdagi suvning sho'rlanish (mineralizasiya) darajasi juda kam miqdorda bo'ladi.