Sug‘oriladigan yerlarning har qarichi nazoratida!

Sug‘oriladigan yerlarning har qarichi nazoratida!


Kadastr agentligining Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga hamda qishloq xo‘jaligi yerlariga noqonuniy munosabatda bo‘lib, talon-taroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan samarali yer nazorati tadbirlari muntazam olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-138-sonli qarori bilan belgilab berilgan vakolatga asosan boshqarma va tumanlarda faoliyat yuritayotgan inspektorlar tomonidan joylarda mahalliy hokimiyatlar va huquqni himoya qilish organlari bilan hamkorlikda ish tashkil qilinmoqda.

Masalan, joriy yilning dastlabki oylarida To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan yer nazorat tadbirida sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bilan bog‘liq bir nechta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, fuqaro J.D. tomonidan “Sharq yulduzi” massivi, xo‘jalik xaritasining 3147-konturida, tuproq unumdorligi jihatidan 95 ball bonitetga teng bo‘lgan 0,1 gektar bog‘ yer maydonida tegishli hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurilishini amalga oshirganligi aniqlandi. O‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilishi natijasida 135 mln. 775 ming so‘m miqdorida zarar keltirilganligini ma’lum bo‘ldi.

Boshqa bir holatda, fuqaro D.O. tomonidan tumandagi “Navro‘z” massivi, xo‘jalik xaritasining 1503-konturida, tuproq unumdorligi jihatidan 65 ball bonitetga teng bo‘lgan 0,05 gektar bog‘ yer maydonida tegishli hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan molxona bino inshootlari qurilishi natijasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga 46 mln. 449 ming so‘m miqdorida zarar keltirilgan.

Yana bir fuqaro Q.I. esa tumandagi “Bobur” massivi, xo‘jalik xaritasining 4090-konturida, tuproq unumdorligi jihatidan 47 ball bonitetga teng bo‘lgan 0,1 gektar ekin yer maydonida tegishli hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurilishini amalga oshirgan. Ushbu ekin yer maydoniga uy-joy qurilishi oqibatida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga 67 mln. 173 ming so‘m miqdorida zarar keltirilganligini ma’lum bo‘ldi.

Yuqoridagi kabi sug‘oriladigan yerlarni talon-taroj qilish va qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarish kabi jinoyat alomatlari aniqlangan holatlar, qonun talablaridan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish va huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi.

Viloyatimizda sug‘oriladigan yerlarning har qarichi hisobda. Aholining soni muntazam ravishda o‘sib borayotganligi, yer maydonlarining esa cheklangan resurs ekanligini hisobga olsak, yuqoridagi kabi ishlarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda muhim eslatma, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229 prim 1-moddasida Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Sug‘oriladigan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish, —

bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran o‘ttiz kunlik muddatda taʼminlasa hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, kodeksning 229 prim 6-moddasida sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish, — bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.

 

Matbuot xizmati.


Report Page