Stiv Jobs asari haqida fikrlar...

Stiv Jobs asari haqida fikrlar...

Dilnoza To'rayeva
Uolter Ayzekson - Stiv Jobs (o'zbek tilida )

Asaxiy Books loyihasida tarjima qilingan kitoblarning deyarli hammasi ma'lum vaqtga bo'lsa ham trendga chiqdi. Ommaviy o'qildi, tahlil, muhokama qilindi. Lekin nazarimda shular orasida boshqalariga qaraganda muhimroq bo'lgan "Zukkolar va landovurlar" hamda "Stiv Jobs" kitoblariga o'quvchi yetarlicha e'tibor qaratmadi. Bu ikkala turdagi kitoblar ham shu paytgacha o'zbek tilida na yozilgan, na tarjima qilingan edi.


Uolter Ayzeksonning "Stiv Jobs" kitobi, menimcha, Asaxiy tarjima qilgan kitoblar orasida eng yaxshi tanlov bo'lgan.


Hech o'ylab ko'rganmisiz, deylik kompyuter haqida, notebook haqida, qo'lingizdagi telefon haqida. Uni kim yaratgan? Nima uchun yaratgan? Nima uchun shunaqa yaratgan? O'zi umuman dunyoning hozirgi media manzarasi qanday shakllangan? 


Uolter Ayzeksonning "Stiv Jobs" kitobi shu va boshqa hamma narsa haqida.


Bu kitob texnika : bunda kompyuterlar hech qachon odamlarga shaxsiy buyum sifatida kerak bo'lmaydi degan qat'iy qarash shakllangan bir davrda qanday qilib shaxsiy kompyuterlar ommalashtirilgani, bugun biz xuddi har doim shunday bo'lgandek bemalol foydalanadigan sichqoncha, shunchaki bitta tugmani bosib kompyuterni yoqish, ikkita harakat bilan papkalarni ochish, telefonimiz ekranida barmoqni bir yuritib uni ishlatish kabi mayda detallar qanday yaratilgani haqida.


Bu kitob biznes, marketing : talab va taklif prinsipiga qarshi chiqib, hamma so'rayotgan mahsulotni ishlab chiqarmay, odamlarga aslida nima kerakligiga ishontirish va o'z mahsulotini, xizmatini dunyo miqyosida ommalashtirish haqida. 


Bu kitob alamzadalik : bunda otasidan qoladigan merosni olish uchun tuqqan onasi voz kechgan go'dak, u go'dak shu tashlab ketilganlik alami bilan harakat qilib, dunyoni o'zgartirgani haqida. 


Bu kitob o'zlikni anglash : haftalab och yurib, yillab medidatsiya bilan shug'ullanib, ko'ngli buyurgani uchun Hindistonga safar qilib, bu dunyoga nima uchun kelgani, nima qilish uchun kelganini anglash haqida. 


Bu kitob xiyonat : o'zi yaratgan kopmaniyadan o'zi quvilgan inson haqida.


Bu kitob sinmas iroda: o'z kopmaniyasidan quvilgach, yoshligimizni bezab bergan "O'yinchoqlar tarixi", "Nemoni izlab" kabi multfilmlarni yaratgan yana bir ulkan kopmaniyaga asos solish va iltimoslarga ko'ra yana ortga qaytganda mabudlarday kutib olingan inson haqida.  


Bu kitob bugungi dunyoni ularsiz tasavvur qilib bo'lmaydigan kompyuter, musiqa, qo'l telefonlari industriyasini oyog'ini osmondan qilgan, elektron kitoblar, multiplikatsiya, jurnalistikani o'zgartirgan Stiv Jobs haqida. 


U texnika va san'atni uyg'unlashtira oldi. Lekin ideal shaxs emasdi, qo'pol edi, muomalani bilmasdi, yolg'on gapirardi, ba'zan yaqinlariga mehrsiz edi, u shunchaki ichida qanday bo'lsa tashida ham shunday edi. Kamyuning Begonasiday bu dunyodagi axloq normalariga tushunmasdi, ba'zida tushunib turib ongli ravishda rioya qilmasdi. Shuning uchun ham o'z dunyosini yaratdi. Tan olasizmi yo'qmi, biz Stiv Jobs va uning do'stu dushmanlari yaratgan dunyoda yashayapmiz. Agar tan olmasangiz demak siz kompyuter, planshet, telefondan umuman foydalanmaysiz.


Uolter Ayzeksonning ustun tomoni, bir insonning butun hayot yo'lini kompleks yorita olganida. Muallif qahramon shaxsi haqida tayyor xulosa bermaydi, uning do'stlari, dushmanlari fikrini, vaziyatlar, voqealarni boricha yozadi. Kitob katta ensklopediyga o'xshaydi. Xuddi vikipediyadan qiziqarli maqolachalarni o'qiyotganday bo'lasiz. 


Stiv Jobsning eng ustun tomoni, o'z potensialidan maksimal foydalana olardi va boshqalarni ham shunga majbur qilardi. 


Saraton kasalligiga chalinganini bilgan payti Stenforddagi diplom topshirish marosimiga nutq so'zlash uchun chaqiriladi, ko'pchilikning fikricha bitiruvchilarga bag'ishlangan bundan yaxshi murojaatni topa olmaysiz :

- "Men yaqinda o'lishimni bilishimdan ham ta'sirliroq vositani hech uchratmaganman. Buni bilish hayotimning muhim lahzalarida tanlovni amalga oshirishda yordam beradi. Chunki hamma narsa - atrofdagilarning istagi, mag'rurlik, noqulay ahvolga tushib qolishdan yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan qo'rqish o'lim oldida chetga suriladi va chindan ham muhim bo'lgan narsa qoladi. O'limni yodda tutish - tuzoqqa tushishga chap berishning eng yaxshi usulidir. Endi sen tozasan. Qalbingga quloq tutmaslik uchun hech qanday sabab yo'q ".


Jobs umrining oxirlarida, ahvoli og'irlashganda Uolter Ayzeksonga bu kitob haqida juda tashvishlanganini aytadi : 

-" Bolalarim men haqimda ko'proq bilib olishini xohlagandim. Men har doim ular bilan yetarlicha vaqt o'tkaza olmadim va ular meni tushunishni xohlardim. Kasal bo'lgach, men o'lganimdan keyin odamlar men haqimda yozishlarini tushundim. Lekin ular hech narsani bilishmaydi va yolg'on ma'lumot berishni mumkin. Shuning uchun kimdir meni eshitishini xohladim".


Uolter Ayzeksonning bu kitobi xuddi Stiv Jobsning talabalarga so'zlagan nutqidek ravon o'qiladi. Stiv nutqini" Sizlarga bir hikoyani aytib berishga ijozat bergaysiz " degan so'zlardan boshlaydi. Chunki hech kim ma'ruza eshitishni xohlamaydi, lekin hamma hikoyalarni yaxshi ko'radi.

Matn muallifi : Ilhom Salimov

Report Page