"Sport Fest 2021" yoshlar sport festivaliga start berildi

"Sport Fest 2021" yoshlar sport festivaliga start berildi

Toshkent shahar Turizm va sport bosh boshqarmasi axborot xizmati


Bugun, 28-iyun kuni, “Jar” sport majmuasida “Yoshlar kuni” munosabati bilan shahrimizning 12 tumanidan saralangan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida sport festivalining birinchi bosqichi bo'lib o'tdi.

Ushbu yoshlar sport festivalida 1500 dan ortiq yoshlar ishtirok etishmoqda. Ular sportning 12 ta yo'nalishi bo'yicha bellashishmoqda. Jumladan, voleybol (o‘g‘il bolalar va qizlar), badminton, shaxmat, stol tennisi, kurash, qo‘l jangi, ko‘cha sporti (Street Workout), ko‘cha basketboli (Street Ball), armrestling, bahodirlar o‘yini, futbol hamda yengil atletikaning yugurish turlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilgan.

Mazkur “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan sport musobaqalari orasida Bahodirlar o'yini va tosh ko'tarish bo'yicha bellashuv bo'lib o'tdi. Unda 70 ga yaqin yosh yigit qizlar ishtirok etishdi. Ulardan 10 nafari qizlarni tashkil etib, ikkita vazn toifasi bo'yacha (70 kg, +70 kg) tosh ko'tarish musobaqasida ishtirok etishdi. Yigitlar esa 30 dan ziyod ishtirokchilarni tashkil etib, 3 ta vazn toifasi bo'yicha (70 kg, 90 kg, +90 kg) tosh ko'tarish musobaqasida qatnashishdi.

Bahodirlar o'yini bo'yicha 2 ta vazn toifasida 15 dan ziyod yigitlar ishtirok etishdi.
Ushbu musobaqada polvonlar o‘z vaznidan bir necha barobar og‘ir buyumlarni ko‘tarish, o‘rnidan siljitish, belgilangan masofagacha ko‘tarib borish kabi jismoniy quvvat, kuchli iroda va sabr-toqat talab qiladigan murakkab mashqlarni bajarishadi.

Ushbu yirik sport festivali O'zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi milliy gvardiyasi, Davlat soliq boshqarmasi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi va Yoshlar agentligi tomonidan tashkil etildi.

Eslatib o'tamiz, 29-iyun kuni yoshlar sport festivalining ikkinchi bosqichi bo'lib o'tadi va sport turlarining milliy kurash, mini-futbol, voleybol kabi turlari bo'yicha musobaqalar bo'lib o'tadi. Shuningdek, festivalning ikkinchi yakuniy kuni taqdirlash marosimi bo'lib o'tadi.


www.facebook.com www.instagram.com www.visittashkent.uz

Report Page