Sotsiofobiyadan aziyat chekuvchi introvertlar haqida

Sotsiofobiyadan aziyat chekuvchi introvertlar haqida


“Ko‘ngil aynishi. Ko‘krakda og‘irlik hissi. Go‘yo nafas ololmaydigandaysan. Boshqalarning ko‘z o‘ngida ahmoq bo‘lib ko‘rinish yoki ularga yoqmaslik haqidagi tinimsiz xavotirlar. Omma ichidan to‘satdan qochib qolish istagi. Sotsiofobiyasi bor introvertlar o‘z hissiyotlarini shunday ifodalaydi”, – deb yozadi Jenn Granneman. Uni “introvertlar advokati” deb atashadi: bu hislar bilan juda yaxshi tanishligi uchun ularni umuman his qilmagan odamlar bilan bo‘lishishni muhim deb hisoblaydi.


Sotsiofobiyadan introvertlar ham, ekstravertlar ham aziyat chekishi mumkin, hamma introvert ham – sotsiofob emas, deya ta’kidlaydi Jenn. Ularni tez-tez chalkashtirishlariga qaramasdan, introversiya va sotsiofobiya – turli holatlar.


Introvertlar haqida maqola

Ekstravertlar haqida maqola


“Introversiya – bu shunchaki tinch, minimal darajada faol muhitni maqul ko‘rish. Sotsiofobiya esa – boshqa odamlar yoki ommaviy chiqish vaqtida tanqid qilinish, negativ idrok qilinish yoki rad qilinishdan intensiv xavotir yoki qo‘rquvning paydo bo‘lishidan iborat buzilishdir. Ya’ni introversiya – xarakter xususiyati, odamlar shunday tug‘iladi va butun umr shunday bo‘lib qoladi. Sotsiofobiyani esa davolasa bo‘ladi.

 

Sotsiofobiya – rostdan ham og‘ir

Introvertlarga ham bunday xavotirchanlik u yoki bu darajada xos. Bu his odamlar yig‘ilgan har qanday joyda, garchi ular unchalik ko‘p bo‘lmasa ham, hech qanday sababsiz “yopirilib” kelishi mumkin. Jenn savdo sohasida ishlaydigan va sotsiofobiya hurujlaridan aziyat chekadigan Joshani misol keltiradi. U notanish odamlar bilan muloqot qilishni xayoliga keltirganida yuragi qinidan chiqib ketguday bo‘lar, yolg‘iz qolish uchun hojatxonaga qamalib olar ekan.

 

Boshqa bir introvert, Jaklin, tartibsiz to‘da ichida qolsa – masalan, konsertda yoki siyosiy mitingda shunday hislarni kechirar ekan. Oxirgi marta bu nafas olishning qiyinlashuvi va vahima hurujiga olib kelgan, ayolning ifodalashiga ko‘ra “yugurib qochish”ga sabab bo‘lgan. Sotsiofobiya – rostdan ham og‘ir.

 

Nega bu haqida gapirishmaydi?

Granneman statistik ma’lumotlarni keltiradi: 15 millionga yaqin amerikalik sotsiofobiyadan aziyat chekadi. Ammo bu haqida ochiq gapirishmaydi. Ko‘pchilik ruhiy buzilishlar singari, sotsiofobiya stigmatizatsiya qilinadi. Unga muloqotchanlik va atrofdagilarga yoqish qobilyati qadrlangan ekstravert jamiyatda o‘rin yo‘q.

 

Sotsiofobiyaga chalinmagan ko‘pchilik odamlar, buni – bunday hislarni tuyish qandayligini umuman tushunishmaydi. Jenn tan oladi: “Ko‘pchilik singari “o‘zingdan to‘qima” va “vahima qilma” singari gaplarga ko‘p duch kelganman, va ular shu paytgacha sehrli davoga olib kelgani yo‘q”.

 

Natijada, sotsiofobiyasi bor odamlar o‘zini o‘zi ayblaydi. Ular nega biror joyga chiqib “hamma normal odamlar” singari sotsiallasha olmasligini tushunmaydi. Ularning jimgina azoblanishi va olamdan yana-da uzoqlashuvi vaziyatni yana-da og‘irlashtiradi.


Sotsiofob introvertlar nima deyishni xohlaydi

Muammoni ommaga anglatish uchun Jenn Granneman sotsiofobiyasi bor odamlardan ularning boshqalarga o‘z holati haqida nima deyishni xohlashi haqida so‘ragan. Quyida bunday odamlarni tushunishga yordam beruvchi 15ta samimiy jumla.

 

1.   “Odamlar meni haddan ziyod o‘tkir reaksiya bildiradi, deb hisoblaydi. “Bu axir shunchaki prezentatsiya” – deya yelka qishadi. Ammo bu men uchun butun bir muammo. Men va menga o‘xshaganlarga ustimizdan kulishlari emas, hamdardlik kerak. Meni o‘rnimda bo‘lish u qadar oson emas. Yaxshisi ruhimizni ko‘taring, o‘zimizga ishonishga yordam bering”.

 

2.   “O‘zingizga olmang. Suhbatni boshlang – men ham qo‘shilaman. Tayyorgarlik uchun ozroq vaqt kerak. Qizig‘i, talabalar bilan muloqot qilish men uchun qiyin emas. Ehtimol har doim mashg‘ulot uchun tayyor rejam borligi uchundir”.

 

3.   “Odamlar shuni tushunishini qanchalar xohlardim: buni to‘xtatish ular o‘ylaganichalik oson emas”.

 

4.   “Atrofdagilar qo‘llab-quvvatlash va yaxshi so‘zlar qanchalik muhimligini bilishganida edi! Muloqotdan qo‘rquv his qiladiganlar o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring va shunchaki bag‘rikengroq bo‘ling”.

 

5.   “Boshqalarga xavotirim haqida aytishni xohlamayman, lekin menga telba yorlig‘ini osishlarini istamayman”

 

6.   “Men uchun juda noqulayligi tufayli tez gapiraman va bu qiyin ishni tezroq tugatgim keladi”.

 

7.   “Mendan gap sug‘urib olishingiz kerak emas. O‘zimni qulay his qilishim muhim va shunda suhbatga kirishaman. Sotsiofobiyada go‘yo qanday odam ekaning uchun seni ta’qib qilishayotganday tuyuladi”.

 

8.   “Odamlar shuni bilsin: men buni nazorat qila olmayman. Yo‘q, men jinni emasman”.

 

9.   Atrofdagilar hamma ham kirishimli va yengil bo‘la olmasligini tushunishi kerak. Suhbatni davom ettirishga kuchim qolmaganida va shunchaki xonadan yo‘qolib qolganimda, ustimdan kulishlari va achinishlari kerak emas”.

 

10.  Odamlarga mening g‘alati xulq-atvorim, chetlashganim va ochiqchasiga qochish istagim ular tufayli emasligini tushuntirgim keladi. Kech qolganimda yoki unchalik qiziquvchan yoki kirishimli ko‘rinmaganimda xafa bo‘lmasliklarini juda xohlayman. Aslida vahima bilan kurashayotgan va qochib bo‘lmas falokat hissi butunlay mavh etmasligiga harakat qilayotgan bo‘laman”.

 

11.  “Ba’zida o‘zimga ishongan va muloqotchan ko‘rinsam-da, bu ichimda xavotir va salbiy hislar qiynamasligini anglatmaydi”.

 

12. “Diqqat markazida bo‘lish xohishim yo‘q, “omma ko‘nglini qozonish” mendan juda katta kuch oladi. Avvallari ko‘chaga chiqishdan oldin qornim og‘rirdi, terlab ketardim va xohlamasam-da jasurlik uchun ichkilik ichishga to‘g‘ri kelardi. Hozir esa shunchaki tadbirlarga kamroq boraman va nafas rostlab olishga harakat qilaman, bu holda osonlashadi”.

 

13. “Bu o‘zing yengga olishing bo‘lgan holat emas. Bu his bilan kurashish ko‘p energiya oladi. Bazmdan introvertligim uchun emas, xavotir jismoniy og‘riq yetkazishi mumkinligi uchun barvaqt ketaman”.

 

14. “Bundan chiqish uchun hech kim yordam berishga qodir emas”.

 

15. “Boshqalarga sotsiofobiyam borligini aytgim keladi. Shunda rol o‘ynashimga hojat qolmaydi”.

 

Jenn sotsiofobiya haqida gapirishni zarur deb hisoblaydi: “Go‘yo u yo‘q singari o‘zimizni tutishni bas qilaylik va bu ko‘pchilik hayotining real qismi ekanini tan olaylik. Shunday qilar ekanmiz, ularni chuqurroq tushunish imkoniyatini ochamiz va yordamga muhtojlarga yordam bera olamiz”.


Tarjimon: Sarvinoz Omonova


Kanalga ulanish: Psixologning qaydlari

 

Report Page