Sohibqiron Amir Temur viktorinasi NIZOMI

Sohibqiron Amir Temur viktorinasi NIZOMI

 

1. Amir Temur tavalludining 688 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Xorazm hamda Qashqadaryo viloyatlari bo‘limlari tomonidan o‘tkaziladigan viktorinani (keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.

2. Tanlovda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tizimida ishlaydigan xodimlar, Markazning oxirgi uch yilda o‘tkazilgan viktorinalarida g‘olib bo‘lgan fuqarolar ushbu tanlovda qatnashishi mumkin emas.

3. Onlayn viktorinani o‘tkazishdan maqsad:
Sohibqiron Amir Temurning tavallud sanasi arafasida aholining buyuk shaxslar haqidagi bilimlarini boyitish, yoshlarning qalbida ulug‘ ajdodlardan iftixor tuyg‘ularini kuchaytirishdan iborat. Tanlov, shuningdek, milliy o‘zligimiz va milliy birligimizni mustahkamlash hamda bilimdon vatandoshlarni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

4. Sohibqiron Amir Temur viktorinasi yakka tartibdagi musobaqa boʻlib, ishtirokchilar belgilangan vaqt doirasida test savollariga javob berish boʻyicha musobaqalashadi.

5. Tanlov ikki bosqichda onlayn shaklda, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tashkil etiladi.

6. Birinchi bosqichda ishtirokchilar maxsus bot orqali ro‘yxatdan o‘tishlari, kamida 5 nafar do‘stini tanlovga taklif qilishlari va bot orqali taqdim etiladigan 120 ta test savoliga javob berishlari kerak bo‘ladi. Test savollari 3 kun davomida kuniga 40 tadan e’lon qilib boriladi. Ishtirokchilar testlarni kunning istalgan qismida ishlashlari mumkin, lekin bir urinishda 40 ta testni yechish talab etiladi. Har bir savol uchun 1 daqiqa vaqt, har bir to‘g‘ri javob uchun esa +1 ball beriladi.

7. Test savollariga eng ko‘p to‘g‘ri javob topgan 200 nafar ishtirokchi va tanlovga eng ko‘p do‘stlarini taklif qilgan (eng ko‘p referal to‘plagan) 50 nafar ishtirokchi tanlovning yakuniy bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

8. Birinchi bosqich natijalariga ko‘ra, test bo‘yicha 200-o‘rin bilan teng ball to‘plagan ishtirokchilarning barchasiga yakuniy bosqichda qatnashish imkoni beriladi.

9. Tanlovning yakuniy bosqichida ishtirokchilarga mavzu doirasida 50 ta test savoli taqdim qilinadi. Har bir savol uchun esa 40 soniyadan vaqt ajratiladi. Javob berishni barcha ishtirokchilar bir xil vaqtda boshlashlari va belgilangan muddatda tugatishlari kerak bo‘ladi. Belgilangan muddatda test ishlamagan ishtirokchilarning natijalari inobatga olinmaydi.

10. Yakuniy bosqichda birinchi bosqichdagi natijalar qo‘shib hisoblanmaydi va barcha ishtirokchilar teng imkoniyatga ega bo‘ladi. Finalda berilgan 50 ta testdan eng ko‘p to‘g‘ri javob topgan ishtirokchilar tanlov g‘olibi deb e’lon qilinadi.

11. Yakuniy bosqichda ishtirokchilarning ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda test savollarini yechish uchun sarflangan vaqt inobatga olinadi, ya’ni kim kamroq vaqt sarflagan bo‘lsa, o‘sha ishtirokchi yuqoriroq o‘rinda deb hisoblanadi.

12. Tanlovning yakuniy bosqichi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy bo‘limlarida bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar oldindan belgilangan manzilga tashrif buyurib, o‘z telefonlarida telegram bot orqali test savollarini ishlashlari kerak bo‘ladi. Bunda ishtirokchilarni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy bo‘limlari mas’ullari nazorat qilib boradi (ya’ni ishtirokchi haqiqatda testni o‘zi, hech qanday yordamchi vositalarsiz ishlayotgani tekshiriladi). Respublika tashkiliy ishchi guruhi esa har bir hududiy bo‘limdagi test ishlash jarayoni shaffof va adolatli o‘tayotganini Zoom platformasi orqali nazorat qilib boradi.

13. Tanlov davomida bir ishtirokchi ikki va undan ortiq akkauntlardan qatnashayotgani yoki 2-bosqichda turli yordamchi vositalardan foydalanishga urinish holatlari aniqlansa, ogohlantirishsiz tanlovdan chetlatiladi.

12. Tanlovda yuqori o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin – Televizor (43), Artel UA43H3502 4K UHD Smart;
2-o‘rin – Planshet (4/64), Samsung Galaxy Tab A8 4/64 GB;
3-o‘rin – Smartfon (6/128), Samsung Galaxy A14 6/128 GB;
4-5-6-7-8-9-10-o‘rinlar – kitoblar to‘plami.

13. Tanlov targ‘ibotida faol ishtirok etib, eng ko‘p referal to‘plagan 5 nafar ishtirokchi ham “Eng faol targ‘ibotchisi” nominatsiyasi g‘olibi deb topiladi va har biri aqlli soat (Realme TechLife Watch S100) bilan taqdirlanadi.

14. Tanlov davomida tashkilotchilar ishtirokchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini talab qilish vakolatiga ega.

15. Tanlov davomida Nizomda nazarda tutilmagan fors-major holatlari kuzatilsa, tanlov tashkilotchilari yakuniy qaror chiqarish huquqiga ega.



Report Page