Soha oldidagi dolzarb masalalar muhokama etildi

Soha oldidagi dolzarb masalalar muhokama etildi


Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyatdagi 16 ta tuman fermer xo‘jaligi va klasterlari rahbarlari, viloyat karantin inspeksiyasi va Toyloq tuman hokimi qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari va masʼul rahbarlar ishtirokida ishchi yig‘ilish o‘tkazdi.

Videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan ushbu tadbirda paxta hosildorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini paxta parvarishi va o‘ta yuqori hosildorlikni taʼminlash, dala maydonlarida paxtaning bir turdagi navi 3 yildan ortiq ekilgan bo‘lsa, keyingi yilda boshqa paxta navini ekish, kuzgi shudgorlash, yerni haydash normalari, g‘o‘za kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarador preparatlarni qo‘llash yuzasidan ko‘rsatmalar ishlab chiqish va tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Vazir o‘z navbatida, fermer xo‘jaliklarining fikr va mulohazalarini tinglab, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish uchun zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini keng tatbiq etish, agrar sohada hosildorlik va mehnat unumdorligini yana-da oshirish, paxta unumdorligi, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, qulay agrobiznes muhitini va yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, sohada ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Aytish kerak, sifatli paxta xom-ashyosini yetishtirish – mashaqqatli ish. Buni ayniqsa, yillar davomida dehqonchilik qilib kelayotgan fermerlar juda yaxshi biladi. Yerga chigit qadalgandan toki uning o‘sib chiqishidan tortib yetilguniga qadar tinimsiz mehnat, kunni tunga, tunni kunga ulash talab etiladi. Ob-havoning injiqligi, tabiatning kutilmagan hodisalari esa bu masʼuliyatini yana-da oshiradi.

O‘z vaqtida olib borilgan sifatli agrotexnik tadbirlar esa paxta xom-ashyosini o‘z vaqtida yetishtirish, pirovardida iqtisodiyotimiz rivojiga munosib ulush qo‘shishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.


Report Page