Sog'lom turmush tarzi, shaxsiy gigiyena va kamqonlik

Sog'lom turmush tarzi, shaxsiy gigiyena va kamqonlik

G. Hamidova.April 07, 2022

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida Sirdaryo viloyati Guliston shahri aholi reproduktiv salomatlik markazi oliy toifali shifokori Rahmatova Gulnora bilan ijod maktabining o'quvchi qizlari ishtirokida sog'lom turmush tarzi to'g'risida, shaxsiy gigiyena va kamqonlik qoidalariga amal qilish mavzulari yuzasidan ochiq muloqot darsi bo'lib o'tdi. Suhbat jarayonida shifokor tomonidan quyidagi ma'lumotlar berib o'tildi:

O'quvchi qizlarda 13—15 yoshda qalqonsimon bez va gipofiz shiddat bilan gormonlar ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu gavda noproporsional va keskin tarzda o‘sishiga olib keladi. Qiz tashqi qiyofasidagi o‘zgarishlarga ko‘nikishga urinib, ko‘p vaqtini ko‘zgu qarshisida o‘tkazadi. Ko‘zgudagi aksi uni doim ham xursand qilmaydi, shu tufayli yon atrofdagilar o‘smir qizning tashqi ko‘rinishiga nisbatan tanbehlarni ehtiyotkorlik bilan aytishi kerak. Serjahllik va kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi qonga jinsiy organlarning ajralib chiqishi bilan bog‘liq, shuningdek, buning natijasida qizda ikkilamchi jinsiy belgilar paydo bo‘ladi.

O‘smir qizga bu davrni yengib o‘tishda qanday yordam berish mumkin?

Qiz o‘zini dadil his qilishi va yangicha qiyofasini yaxshi qabul qilishi uchun unga asosiy gigiyena qoidalarini singdirish kerak.

O‘z-o‘zini har kuni parvarishlash

Qizlarning shaxsiy gigiyenasi nafaqat har kuni tish yuvish va yuvinishdan iborat. Qizlar yaxshi tashqi ko‘rinish, o‘z-o‘ziga ishonch va sog'lom bo'lishi uchun qator qoida va tavsiyalarga rioya qilishi kerak.

Toza va nafis teri har qanday o‘smir qizning asosiy bezagidir. Quyidagi to‘rtta qoidaga amal qilish orqali uni uzoq vaqt saqlab qolish mumkin:

-yuzga iflos qo‘l bilan tegmaslik;

-spirtdan tayyorlangan skrab va losonlardan foydalanmaslik;

-oshqozon-ichak yo‘li organlari ishini kuzatish;

-uyqu oldidan yuzdagi pardozni yuvib tashlash.

Muloqot darsi davomida o'quvchi qizlarga kamqonlik kasalligi uni davolash va oldini olish bo'yicha ham ko'rsatma va ma'lumotlar berildi.

Anemiya (yun. an – inkor qoʻshimchasi va haima – qon), kamqonlik – qonda eritrotsitlar soni va gemoglobin miqdorining kamayishi, sifatining oʻzgarishi bilan kechadigan kasallik. Anemiyaga qon yaratilish jarayonining buzilishi, toʻsatdan yoki surunkasiga qon yoʻqotish, qizil qon tanachalari (eritrotsitlar)ning koʻp parchalanishi, asosiy qon yaratuvchi toʻqima – koʻmikning oʻz funksiyasini yetarli bajara olmay qolishi sabab boʻlishi mumkin. Temir va vitamin V12 yetishmasligi oqibatida kelib chiqadigan Anemiya birmuncha keng tarqalgan. Oz-ozdan uzoq vaqt qon ketib turganda, masalan, bavosir yoki me’da va oʻn ikki barmoq ichak yarasi kasalligida ham koʻpincha Anemiya kuzatiladi. O'smir yoshdagi boalarda kuzatiladigan kamqonlik ularni notoʻgʻri ovqatlantirish, shuningdek ovqatning kam-koʻst boʻlishi oqibatida roʻy beradi. Eritrotsitlar soni sal kamaygani yoki raso boʻlgani holda, qonda gemoglobin miqdorining ozayishi temir yetishmasligiga aloqador Anemiyaning asosiy belgilaridandir.

Davra suhbati davomida o'quvchi qizlar o'zlariga kerakli ma'lumotlarni olishdi.

Maktab hamshirasi: G.Hamidova.


Report Page