“Soʻnggi qoʻngʻiroq” bayram tadbiri boʻyicha namunaviy ssenariy

“Soʻnggi qoʻngʻiroq” bayram tadbiri boʻyicha namunaviy ssenariy

✅Ta’lim nazorati rasmiy kanali

Chorlov musiqa sadolari ostida boshlovchilar (Bir qiz va bir oʻgʻil bola) kirib keladi.

1-boshlovchi: Xazinamsan, taxtim oʻzingsan, Qiyosi yoʻq baxtim oʻzingsan.

Yer yuzining jannati sensan, Yaratganning sanʼati sensan. Jannatbogʻim, hazratogʻimsan, Mehrobimsan, sajdagohimsan. Sen onasan, muqaddas Vatan! Yagonasan, muqaddas Vatan!

2-boshlovchi: Sen ulugʻ siymosan mangu barhayot, Har yuzda aks etar, sen bergan hayot,

Sening oʻgʻil-qizing sengadir qanot,

Qalbda mehr boʻlgan, jon Oʻzbekiston!

1-boshlovchi: Assalomu alaykum hurmatli mehmonlar, qadrli ota-onalar! 2-boshlovchi: Assalomu alaykum aziz ustozlar va sevimli oʻquvchilar!

1-boshlovchi: Bugun mamlakatimizda barcha umumtaʼlim maktablarida soʻnggi qoʻngʻiroq sadolari yangraydi. Bu kun bilimga chanqoq, begʻubor orzular qanotidagi yoshlar va mehridaryo ustozlar, farzandi kamolini koʻrib quvonayotgan ota-onalar va nabiralariga oq yoʻl tilab, duo qilayotgan otaxonu-onaxonlarimiz uchun chin maʼnoda bayram.

2-boshlovchi: Shunday ekan, keling ayni damda bugungi shodiyona sababchilari boʻlgan bitiruvchi oʻquvchilarni davramizga taklif qilamiz.

(musiqa sadolari ostida bitiruvchi sinf oʻquvchilari kirib keladi.)

1-boshlovchi: Aylayin qalbimni tortiq nurli boʻstonim, senga, Sen vatandirsan, fidodir tanda bu jonim senga.

2-boshlovchi: Bebahosan, asragayman gavharim, deb men seni, Sen qarogʻ boʻlsang agarda, sadqa mujgonim senga.

(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi. Barcha bayram ishtirokchilari qoʻllari koʻksida Davlat madhiyasini joʻr boʻlib aytishadi)

1-boshlovchi: Soʻnggi qoʻngʻiroq.... Bu jumla har bir koʻngilda oʻzgacha jaranglaydi, ayniqsa bitiruvchilar qalbida.

2-boshlovchi: Hurmatli ustozlar, aziz mehmonlar va qadrli oʻquvchilar! Tabriklash uchun soʻz navbatini maktabimiz direktori ________________ga beramiz.

(maktab direktori) tadbir ishtirokchilarini tabriklash jarayonida yurtimizda soʻnggi yillarda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, taʼlim tizimidagi islohotlar toʻgʻrisida aniq raqamlar va dalillar keltirilgan holda maʼlumot beradi).

1-boshlovchi: Bitiruvchi oʻquvchilarimizni tabriklash uchun navbatni koʻrgazmali sport mashqlarini bajarish uchun maktabimiz sportchilariga beramiz. Marhamat:

1-boshlovchi: Aytish kerakki, turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyo manzaralarida yoshlarimizning maʼnaviy immunitetini kuchaytirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish har qachongidan ham muhim ekanligini zamonning oʻzi koʻrsatib turibdi.

2-boshlovchi: Shu bois Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy, maʼnaviy- maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surgan edi. Ushbu muhim 5 ta tashabbus yoshlarimiz taʼlim va tarbiyasida katta ahamiyat kasb etadi.

1-boshlovchi: Bu borada oʻquvchilarimizning yozgi taʼtil davrini mazmunli oʻtkazish maqsadida maktabimizda va mahallalarda bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

2-boshlovchi: Bugun ushbu ham quvonchli, ham hayajonli tadbirni biz bilan baham koʻrib, shodligimiz va xursandchiligimizga sherik boʻlgani bir qator mehmonlar tashrif buyurishgan. Soʻz navbatini ularga bersak.

(tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi xodimi, MFY xodimi va xk. Ular bitiruvchi oʻquvchilarni tabriklab, hududda 5 ta tashabbus boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz yuritadi)

2-boshlovchi: Aziz bitiruvchilar! Bugungi samimiy tilaklar, goʻzal raqslar, dilrabo kuy va qoʻshiqlar barchasi sizlarga atalgan. Shunday ekan, jajji kichkintoy singillarimizning tabrigini qabul qiling.

(boshlangʻich sinf oʻquvchilarining chiqishlari) 1-boshlovchi: Bugun shodlik bayrami, doʻstlar!

Gʻam toʻlmasin dillarga biroq, Kuzatgani sizlarni xandon, Jaranglaydi soʻnggi qoʻngʻiroq.

2-boshlovchi: O, qandayin begʻubor ovoz, Orom berar bu dam dillar-chun.

Zor tilagin sizga qoʻngʻiroq, Bildiradi olis yoʻllar-chun!

1-boshlovchi: Bugun juda ajoyib kun, toʻgʻrimi! Qarang, ustozlar ham, oʻquvchilar ham har doimgidek emas, mening nazarimda.

Ularning yuraklari shodlik va hayajonga toʻlgan. Bolalikning eng quvnoq, unutilmas, totli, baʼzan qiyin damlarini birga oʻtkazgan sinfdoshlar bugun uchirma qush boʻlib, parvozga shay boʻlib turibdi.

2-boshlovchi: Nimasini aytasiz, ularning porlab turgan koʻzlariga qarab, har biringizning qalblaringiz baxt va shodlikka toʻlsin, yuragingiz oʻti aslo oʻchmasin, insonning eng oliy tuygʻulari sizga hamroh boʻlsin deb qolamiz.

1-boshlovchi: Azizlar, keling navbatni bitiruvchi oʻquvchilarimizga bersak. Marhamat.

(Sahnaga har bir sinfdan bitiruvchi oʻquvchilar chiqib oʻzlarining dil izhorlarini aytishadi va oʻzlari tayyorlagan kuy va raqslarini namoyish etishadi.)

2-boshlovchi: Aziz bitiruvchilar sizlarni tabriklash uchun hurmatli mehmonlarimizdan (sobiq bitiruvchilardan vakil) ga beramiz. Marhamat.

1-boshlovchi: Azizlar endi navbatni maktabimizning raqs (yoki boshqa) toʻgaragi ishtirokchilariga beramiz. Marhamat.

2-boshlovchi: Aziz bitiruvchilar! Tabriklash uchun soʻz 11-“A” sinf ota- onalari nomidan__________ va 11-“B”sinf ota-onalari nomidan_________ga. Marhamat:

1-boshlovchi: Ayni damda, 2022-2023-oʻquv yilida fan olimpiadalari, koʻrik tanlovlarda va sport musobaqalarida ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallagan hamda oʻzining namunali xulqi bilan boshqalarga oʻrnak boʻlgan oʻquvchilarni va ijodkor oʻqituvchilarni maktab maʼmuriyati faxriy yorliqlar bilan taqdirlaydi.

(Direktor va mehmonlar tomonidan yil davomida namunali xulq va aʼlo baholarga oʻqib, eng yuqori reyting koʻrsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar faxri yorliq bilan taqdirlanadi)

1-boshlovchi: Siz bizga berdingiz hech sinmas qanot, Ilm-fan koʻksida tilab parvozlar.

Biz taʼzim qilamiz sizga umrbod,

Hamisha qadrli, aziz ustozlar! 2-boshlovchi: Qoʻllarim koʻksimda bu kez,

Sizgadir olqishim yurak soʻzlarim. Otaday talabchan, onaday munis. Hayot qadar qimmat siz ustozlarim.

1-boshlovchi: Va nihoyat hayajonli daqiqalar. Soʻnggi qoʻngʻiroq sadolari ostida bitiruvchilarimizni kuzatib qoʻyamiz.

2-boshlovchi: Yangrayver qoʻngʻiroq, oʻchmasin sasing! Jarangingdan ilhom olib yashaylik.

Bir dam ham tindirmay magʻrur ovozing!

Kelajakka dadil qadam tashlaylik.

(Davraga soʻnggi qoʻngʻiroqni chalish uchun 11-sinf oʻquvchisi va 1-sinf oʻquvchisi taklif etiladi)

Soʻnggi qoʻngʻiroq chalinganidan soʻng bitiruvchilar “Ey chalgʻuvchi qoʻngʻiroq” qoʻshigʻi sadolari ostida davraga chiqadilar.

Shu bilan “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbiriga yakun yasaladi.

(Izoh: Mazkur namunaviy ssenariyga belgilangan vaqtga amal qilgan holda ijodiy yondashuv asosida oʻzgartirish kiritish mumkin).

@Oylikhisoblaydigan_bot – oylik hisoblash uchun bot

Ta’lim nazorati rasmiy kanali



Report Page