Siyosiy befarqlik

Siyosiy befarqlik

Javlon Juraev

Siyosiy befarqlik – alohida shaxslardagi

butun jamiyat hayotiga ta’sir etuvchi jarayonlarga

va ularda ishtirok etishga mutlaqo befarq bo’lish holati

(shaxsiy izohli lug’atimdan)

Bugun jamiyatimizda mavjud ko‘plab muammolar har birimizga ta’sir qiladi. Har birimiz bu aziyat uchun kimnidir ayblashga intilamiz. Juda ko‘p hollarda bunday ayblash toshlari davlatga – ya’ni markaziy hokimiyatga borib tushadi. Pulimiz borgan sari qadrsizlanib borayotganiga ham, ishsizlik chuqurlashishiga ham davlatni ayblaymiz.

Shu bilan birga bizda juda bir g‘alati va mantiqqa zid siyosiy befarqlik bor: biz kim davlat nomidan qarorlar qabul qilish uchun saylanyapti, siyosiy partiyalar nima bilan shug‘ullanyapti kabi masalalar bilan qiziqmaymiz. Saylovlarga munosabatimiz jiddiy emas. Hatto do‘st-yorlar davrasida ham jamiyat hayoti yaxshilanishi uchun nimalar qilinishi kerakligi haqida gapirmaymiz.

Ko‘pchilik siyosatga qiziqish va bunda o‘z qarashlarini davlatga yetkazish foydasiz deb biladi. Odamlarda davlat nima bo‘lganda ham o‘z bilganicha ish tutishiga kuchli ishonch bor. Bilmadim, balki bu ishonch hamma uchun davlat qaror qabul qiladigan Sovet davridan qolgandir. Lekin u eskirdi – endi qarorlar qabul qilishga biz javobgarmiz.

Bilasizmi nega siyosiy partiyalarda haqiqiy siyosiy qudrat yo‘q? Chunki biz ularga ishonmaymiz, biz ularga befarqmiz. Xalq o‘z manfaatlarini partiyaga ishonib topshirmaguncha, u partiya hech qanday siyosiy vaznga ega bo‘lmaydi. Biz ularga nima istashimizni aytsak va shu istaklarimizni amalga oshirishda ularning ortida qo‘llab tursak – ana shunda ular bizga xizmat qila boshlaydi.

Siyosiy befarqlik keng tarqalishiga oddiy bir sabab bor. Bugungi fuqaroda ojizlik hisi juda kuchli: u o‘zini butun jamiyat oqimiga ta’sir o‘tkazishga ojiz deb biladi. Lekin bizga berilgan siyosiy huquqni ishlata bilmaslik, ana shu siyosiy huquq qadr-qiymatini yo‘qqa chiqaradi. Bizning yagona ojizligimiz – bu bizning befarqligimizdir.

Siyosiy faollik – siyosiy befarqlikning aksi. Siyosiy faol odam atrofidagi muammolarni hal qilishda o‘z hissasini qo‘shishga tayyor. Siyosiy faollik deganda partiyaga a’zo bo‘lish yoki poytaxtga borib siyosat bilan shug‘ullanish tushunilmaydi. Siyosat – faqat poytaxtda yoki hokimlik idoralarida ro‘y beradigan jarayon emas. U kundalik hayotimizda yashaydi, oddiy odamlarning oddiy hayotiy muammolarida namoyon bo‘ladi.

Sizga bir hayotiy misol keltiraman. Men tug‘ilib o‘sgan qishloqda ko‘pchilik chet davlatlariga ishlash uchun ketadi. Shu bois odamlar daromadi yomon emas. Har qalay, juda hashamatli uylar-u, yangi-yangi mashinalar bor. Bunday ta’rifni mamlakatimizning ko‘p qishloqlariga berish mumkin. Qishlog‘imiz maktabida sharoitlar unchalik yaxshi emas. Ayniqsa, qish kunlari o‘quvchi va o‘qituvchilar juda qiynaladi. Maktab ahvoli chatoq ekani va davlat buni tuzatmayotgani haqida hamma noliydi. Lekin hech kim uyushib, shu maktabga sharoit yarataylik degan ishtiyoq bilan chiqmaydi. Maktab ma’muriyati har xil maqsadlar uchun ota-onalardan pul yig‘sa, ota-onalar bir-ikki kun nolib, keyin shu pulni beradi-da, bu haqida unutadi. Hech kim bu mablag‘lar qanday sarflangani haqida ma’muriyatdan hisob kutmaydi. Bolalari uchun chetlarda yurib, pul to‘plab, uy solib, sep yig‘ayotgan ota-onalar – bolalari qanday sharoitlarda va nima bilimlarni olayotganini nazorat qilishni istamaydi.

Kichik qishloqdagi bu holatning davlat siyosatiga nima daxli bor deb hayron bo‘lishingiz mumkin. Lekin biz katta masalalarda ham xuddi shunday ish tutamiz. Davlatga o‘z qarashlarimizni aytishni ep ko‘rmaymiz, uni nazorat qilishni, undan to‘g‘ri siyosat yuritishni talab qilishni istamaymiz – va doim har bir katta muammoda davlatni ayblaymiz.

Tasavvur qiling, har bir ota-ona maktabda bolasiga qanday bilim berilayotganiga qiziqsa. Ota-onalar majlisiga borib, unda faol qatnashib, bolasiga berilayotgan ta’lim sifatini nazorat qilsa. Ustozga bayramlarda sovg‘a berish haqida emas – bolalarda ilmga intilishni kuchaytirish haqida o‘ylasa. Qo‘shimcha kurslar va poraga sarflayotgan pulini hammasi yig‘ib, maktabdagi ustozlarga bersa va bu pullar maqsadli sarflanishini nazorat qilsa qanday bo‘ladi? Mamlakat miqyosida har bir ota-ona shunday ish tutsa – nima deb o‘ylaysiz, hech nima o‘zgarmaydimi? O‘zgaradi – davlat qonunlar bilan oshira olmagan ta’lim sifati ana shunda oshadi. Mana siyosiy faol bo‘lgan fuqaroning qudrati. Mana siz bilan menga berilgan qudrat.

Bu birgina ta’lim sifatini nazorat qilishda har bir jamiyat a’zosi tutishi mumkin bo‘lgan o‘ringa misol. Bunday yondashuv bilan boshqa har qanday sohani ham rivojlantirsa, jamiyat hayotini yaxshilasa bo‘ladi. Bizdan talab qilinadigan birgina narsa – befarqlikdan xalos bo‘lish.

Siyosiy faollik samarali bo‘lishi uchun, u bir shartni bajarish kerak: u shaxsiy manfaatlarni ko‘zlamasligi lozim. Bugun biz davlatga o‘z muammolarimizni aytishga chog‘lansak, faqat o‘z shaxsiy muammolarimiz haqida gapiramiz. Birgina bizning muammo hal bo‘lishi bilan jamiyat yaxshilanib qolmasligini ko‘pincha unutamiz. Lekin siz endi kuchli shaxssiz – siz endi hamma uchun muhim muammolar hal qilinsagina umumiy farovonlik oshishini bilasiz.

Siyosiy faollik, shuningdek, bunyodkor maqsadni ko‘zlashi kerak. Kimgadir zarar yetkazish uchun siyosiy huquqlardan foydalanish, bunga boshqalarni ham jalb qilish oxiri juda achinarli oqibatlarga olib keladi. Bugun shunday ish tutayotganlar ham bor: masalan, mamlakatimizda yashovchi turli ozchilik millat va din vakillarining huquqlarini cheklashni taklif va ba’zan talab qiladiganlar paydo bo‘lgan. Shaxsiy adovat yoki nafratga asoslangan bunday siyosiy faollik jamiyatni zaiflashtiradi, kasallantiradi. Chunki bunday takliflar jamiyatning xastalangan hujayralaridan chiqadi.

Qaysi siyosiy faollik qanday maqsadni ko‘zlayotganini anglashda bizga eski tanishimiz – sergaklik yordam beradi. Sergak turgan odam o‘z siyosiy befarqligining oqibatlarini ham ko‘ra biladi, zararli siyosiy faollikni ham taniy oladi. Sergak odam o‘z erkinliklaridan foydalanishda boshqalar erkinligini poymol qilmaslikni uddalaydi. Sergak odam uning shaxsiy o‘sishi faqat va faqat uning qo‘lida ekanini biladi.

Siyosiy befarqlik – xuddi botqoqqa botgan odam undan chiqish uchun o‘zi hech bir harakat qilmay, qolgan hammani bunda aybdor qilishiga o‘xshaydi. Bunday odamga yordam qo‘lini cho‘zsangiz, u sizni ham botqoqqa tortsa tortadiki, qutilish uchun siz bilan birgalikda harakat qilmaydi. O‘z noto‘g‘ri qarorlari tufayli qiyin ahvolda qolgan yaqinlari yoki do‘stlariga moddiy ko‘mak berib, keyin afsuslangan kitobxon bu nima ekanini juda yaxshi biladi. Biz muammolarimizni hal qilishni nafaqat davlatga – o‘z yaqinlarimizga ham yuklaymiz. Ular biz kutgan narsani bera olmasa, davlatdan noligandek, ulardan ham noliymiz. Biz mas’uliyatni o‘zimizga olishni istamaganimiz uchun siyosiy befarq bo‘lishni tanlaymiz.

Muammolaringizni hal qilishni boshqalar yoki davlatga yukladingizmi – tamom, shaxsiy erkinlik haqida unuting. Jamiyat muammolariga befarq bo‘lishni, uni sizdan boshqa kimdir hal qilishini kutishni tanladingizmi – tamom, shu muammolar soyasida yashashga majbur ekaningizni qabul qiling. Befarqlikning bahosi shu.

Kuchli shaxslar sifatida bizdan ozgina e’tiborli bo‘lish, atrofimizdagi odamlar dardini muhimlik va hissiyotga berilmasdan tushunish, tahlil qilish va ularga yechim topishga intilish talab qilinadi. Ishoning – odamlarga naf keltirishdan ortiq baxt yo‘q hayotda. Buni g‘urur uchun, faxr uchun yoki rahmat uchun emas – o‘z shaxsiy o‘sishimiz uchun, o‘z shaxsiy baxtimiz uchun qilsak arziydi.

7QADAM-5
Buyurtma berish: @yettiqadam

Report Page