Sitora she’rlarida mavzu rang-barangligi
Mashxura Xasanova, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyo tillari va madaniyati instituti dotsen…Sitora Shomurodovaning she’riyati shakl va mazmun, mavzu va g‘oya nuqtayi nazaridan rang-barangdir. Uning ham aruzda ham barmoqda yaratilgan she’rlari bir kuyday qalbingizga oqib kiradi. Uning xoh O‘zbekiston timsoli yaratilgan she’rlari bo‘lsin, xoh Samarqand va Registon ta’rif etilgan she’rlari bo‘lsin, xoh qishlog‘i tasvirlangan she’rlari bo‘lsin ularda bitta umumiy nomni qayta-qayta ko‘raverasiz – Vatan. Shu Vatanga qaboqlarini o‘q o‘tmas qal’a-yu, qaroqlarini qalqon qilib yashaydi shoira:
Menga aziz har giyoh, dalang,
Va aziz har ko‘zmunchoq bolang.
Qaboqlarim - o‘q o‘tmas qal’ang,
Qaroqlarim – qalqoning bordir!
Sitora registondagi koshinlarning munojotlarini, hujralar ularga jo‘r bo‘lib kuylaganini eshitadi:
Registon…
Koshinlar kuylar munojot,
Hujralar jo‘r bo‘lar,
Haddi a’loga.
Registondagi kiyikni quvlayotgan sher shunchaki sher emas, uni tikilib qaragan nigoh beixtiyor anglaydi, u bu majmuani majmua qilgan, uch madrasani bir maydon qilgan Yalangto‘sh Bahodir ko‘ksining tasviri ekaniga shubha qilmaydi shoira ham, va u yozilgani, yozilgani bilan tugatib bo‘lmaydigan she’r ekanini ham yaxshi tushunadi:
Kiyikni quvlayotgan sher,
Tikilgan nigohga ne hikoyat der,
Yalangto‘sh ko‘ksining tasvirimi bu?
Yozila-yozila tugallanmas she’r!
Registon…ha yana bu yerda uchinchi bir madrasa ham bor. Tillakori. U bekordan bekor tillakori emas. Bu yerga qadam ranjida etganlarning boshlaridan zar sochib kutib oluvchi madrasadir:
Oltinlar sochilar boshdan,
Tillakorimi bu tilla konmi bu?
Gumbazmi,
yo falak, kahkashonmi bu?
Va bu yer shunchaki bir maydon emas. U yerda hali hamon Ulug‘bek har kecha zij bitishini, jimayayotgan shunchaki yulduzlar emas, balki Ulug‘bek mirzoning shogirdlariga imo-ishora qilishlari ekanini, dunyo ichida bir dunyo ekanini aniq tasavvur etadi Sitora:
Registon…
Madrasayi oliy yastanar bunda,
Har kecha Zij bitar
Ulug‘bek Mirzo.
Yulduzlar jilmaygan shu sokin tunda,
Ul zot shogirdiga aylarmi imo?
Shoiraning jonsiz narsalarni insonlashtirish qobiliyati ham ajoyib. Ko‘zlar ko‘zlardan quvonch ichishi, xatolar shudringday bug‘lanishi, paltolar diydor sharobidan ilgichda sarmast bo‘lishi, hisoblar adashib ketib, javondagi kitoblar yonma-yon terilgani uchun baxtdan susurga to‘lishi, ma’shuqning qalbini ko‘rgan oshiq tushida kaftlari kaftlarini erkalashi, xonasida bekaslik (kimsasizlik, yolg‘izlik) kutishi, subhidan shoshib uyg‘onib, ibodatda uzoq tiz cho‘kishi, Mashriqning ko‘zlari ochilib, yorug‘ mo‘ralashi mumkin. Chang ko‘chalarda bolalikning ketib borishi esa alohida mavzu sanaladi. Siz uni o‘qir ekansiz, ko‘z o‘ngingizda o‘zingizning bolaligingizning surati namoyon bo‘ladi. Sitoraning “ostonada qolgan ishqini bugun supirib olganini” aniq tasavvur etasiz, yillar esa umidvor, intiq ketib boraveradi. Tabiat tasvirida bu “insonlashtirish” o‘zgacha shukuh beradi: bahor keldi deb entikib yurgan qalbingizga yana qayta kelgan qishning, yog‘gan qorning ta’sirini his etasiz:
Qish kiydirib qo‘ydi ko‘klamga to‘nin,
Dunyo oqlik tomon yana burdi yuz.
Sitoraning Zulfızar dugonasining xotirasiga bag‘ishlangan she’rida esa zar zulflarini yori emas, tuproq silaydigan bo‘lgan, boshiga qo‘nolmagan tillaqoshning sarsonligi, ayvonda esa u yetmagan yosh mung‘ayib turgani tasviri g‘amgin she’rning inson ruhiyatiga hazinlik olib kirishi mumkinligini isbotlaydiЖ
Boshginangga qo‘nolmayin
Sepingda sarson tillaqosh.
Ayvonda turar mung‘ayib
Sen yetmagan o‘n sakkiz yosh...
Shoiraning she’rlarida o‘zbek ayoli bor bo‘yicha gavdalanadi. Quvnoq, g‘amgin, sururga to‘lgan, mahzun, beparvo, zakiy, mehr-muhabbatga limmo-lim bir so‘z bilan aytganda ulkan Qalb ko‘zga tashlanib turadi. Bu ayolning “Yaxshisanmi, Sitor” degan jumlani o‘qimoq uchun ko‘zlarida chaman gullab, yuragida chiltor chalinadi, hatto har tong ko‘zini ham shu uchun ochadi. U ayol qiyomatni kutgan mo‘min kabi yorining qo‘ng‘iroq qilishini kutib yashaydi. U ayolni “adashib tushgan qo‘ng‘iroq” hayotga bog‘ab turadi. U ayol necha yillarki sukutdagi eshigidan “u”ning kelganini bilmay qolmaslik uchun bir nafas ham uxlamaydi. U ayolning to‘fonlari ichida, aytolmagan so‘zlari dilida. U kelganda esa o‘sha ayolning ko‘zlarida bahorlar gullab, lablarida kulgu boshpana izlaydi, yalpizlar qalbida qiqirlab, yaldo kechasi Kunduz bo‘lib shomlar saharga aylanadi. U ayol baxtli ayol rolini o‘ynamoq uchun yashnab-ochilib ko‘chaga chiqadi… shunday holda ham u tarso qizi emas, ma’shuq ham Shayx San’on emasdir:
Ishq bobida din-kufr, jannat-do‘zax teng bo‘lur,
Bunda diydor bir bora, hijronlar ming-ming bo‘lur,
Zarbof to‘nga oddiy bo‘z qandoq yoqa, yeng bo‘lur?
Men tarso qiz emasman, sen Shayx San’on emas.
Sitora Shomurodova ijodida aruzning, mumtoz adabiyotning, tasavvuf ta’limotining ta’sirini ham kuzatish mumkin. “Naqshni deb Naqqoshga aytganim sano” misrasidagi “naqsh”dan murod ma’shuq, “Naqqosh”dan murod Buyuk Yaratuvchidir. Yoki yana bir she’rida abadiy ishq sirlarini topgani, kaftlariga Uning rahmati to‘lgani, u Yor tomonga yursa, Yor unga chopib peshvoz chiqqani oddiy tasvir emas.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Alloh taolo aytadi: «Men bandamning Men haqimdagi gumonidaman. Meni eslasa, u bilan birgaman. Agar u Meni o‘zi eslasa, Men ham uni O‘zim eslayman. Agar u Meni bir jamoa ichida eslasa, Men uni ulardan yaxshiroq jamoa ichida eslayman. Agar u Menga bir qarich yaqinlashsa, Men unga bir ziro‘ yaqinlashaman. Agar u Menga bir ziro‘ yaqinlashsa, Men unga bir quloch yaqinlashaman. Agar u Menga yurib kelsa, Men unga chopib boraman». Sitora bu she’ridagi Yordan murod Buyuk Yaratuvchidir:
Абадий ишқ асрорин топдим,
Раҳматига тўлганда кафтим,
Ёрга юрсам, Ёр менга чопди,
Ёрланиб боряпман тобора...
Sitoraning kichik narsalardan ulkan muammoning hal etilishi, kichik narsalar bilan ulug‘ ishlar ko‘zda tutilishi mumkinligini ifoda etuvchi bir misrasi, o‘zini millat fidoyisi, millatsevar, vatanparvar deb bilgan har bir shaxs uchun dasturulamal bo‘lsa arziydi deb o‘ylayman:
Garchi so‘zshunosman, lekin tilimdan
Na begona giyoh, na tikan terdim.
Boshqa ish kelmadi, netay, qo‘limdan:
O‘g‘limni o‘zbekcha maktabga berdim...