“Sinovdan yuksalishga qatʼiy qadam” mavzusidagi ochiq muloqot

“Sinovdan yuksalishga qatʼiy qadam” mavzusidagi ochiq muloqot

@poytaxt_yoshlari

Mamlakatimizda aholining, ayniqsa yoshlarning jinoyat sodir etgan qismi bilan samarali ishlarni olib borish, xususan ular tomonidan qayta jinoyatlar sodir etilmasligi yuzasidan Yoshlar Ittifoqi respublika ichki ishlar organlari hamkorligida samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, Yoshlar ittifoqi tomonidan “Barchasi oʻz qoʻlingda!” targʻibot dekadasi loyihasi har oyning 10 kunida muntazam oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilib, loyiha doirasida aynan bilib bilmay jinoyat sodir etgan, jazoni ijro etish muassasalaridan muddatidan oldin shartli ravishda ozod etilgan, Yoshlar ittifoqi kafilligi berilgan va Prezident tomonidan afv etilgan yoshlar bilan keng koʻlamli profilaktik tadbirlari amalga oshirib borilmoqda.


Probatsiya — ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga hukm qilingan, jumladan, shartli hukm qilingan mahkumlarni qayta tarbiyalash, ularning huquqlarini roʻyobga chiqarish borasida ishlar samaradorligini oshiradigan tizim hisoblanadi.

Ichki ishlar organlari probatsiya boʻlinmalari bilan yaqin hamkorlikda ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni oʻtayotgan yoshlarni axloqan tuzatish boʻyicha keng qamrovli tarbiyaviy ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yilning 7-noyabr kuni “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror imzolandi va unga koʻra 2019-yil 1-yanvardan eʼtiboran yangi xizmat, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzurida Probatsiya xizmati, joylarda esa probatsiya boʻlinmalari tashkil etildi.


Ushbu yangi xizmat zimmasiga probatsiya nazorati ostidagi shaxslar xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish, ularning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga har tomonlama amaliy koʻmaklashish, ularning qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va bunga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularning shaxsini ijtimoiy-psixologik portretni tuzgan holda oʻrganish kabi yangi vazifalar yuklatilgan.

Probatsiya xizmati sinov muddati davomida mahkumga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini, uning xulq-atvori, qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlab boradi va bunga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha profilaktik choralarni amalga oshiradi. Bu esa shaxsni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash imkonini beradi.


Yoshlarimizga probatsiya xizmati toʻgʻrisida tushuntirishlar berish, shuningdek jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoshlarning muammolarini hal etishga koʻmaklashish, ularning jamiyatga moslashishlarida koʻmaklashish, ularga yuridik maslahatlar berish maqsadida Yoshlar ittifoqi hamda Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati hamkorligida joriy yilning 19-fevral kuni Toshkent shahar Yoshlar markazi binosida “Sinovdan yuksalishga qatʼiy qadam” mavzusida ochiq muloqot oʻtkazildi.

Uchrashuvda Toshkent shahrining barcha tumanlaridan jami 100 ga yaqin jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoshlar bilan Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati rahbari polkovnik  M.Ismoilov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi oʻrinbosari A.Xasanov, Oʻzbek milliy akademik drama teatri aktrisasi V.Yunusova hamda Feruza Boboyorva oʻrtasida jonli muloqot tashkil etilib, unda mazkur yoshlarning muammolari tinglandi, ularga huquqshunos mutaxassislarning yuridik maslahatlari berildi. Mazkur amaliy uchrashuv hozirgi kunda sinov muddatida boʻlgan, qaytib jinoyat koʻchasiga kirib qolmaslik uchun harakat qilayotgan, muammolarga toʻla yoshlarning muammolari hal etilishi uchun katta ahamiyatga ega boʻldi.


“Sinovdan yuksalishga qatʼiy qadam” mavzusidagi bunday turdagi ochiq muloqotlar respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich oʻtkazilib, natijada jazoni ijro etish muassasalaridan chiqqan va muammoli yoshlarning masalalarini hal etib borish rejalashtirildi.

Report Page