Singapur delegatsiyasi bilan tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash masalalari muhokama etildi

Singapur delegatsiyasi bilan tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash masalalari muhokama etildi


Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Ilhom Norqulov Singapur delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, tadbirkorlar uchun yagona onlayn portal yaratish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, hududlar master rejalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish bo’yicha hamkorlik loyihalari muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilgacha kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasi loyihasi Singapur delegatsiyasi vakillariga oʻz fikr-mulohaza va takliflarini bildirish uchun taqdim etildi.

Tadbirkorlar uchun yagona onlayn portal yaratishda Singapurning ilgʻor tajribasini, xususan, gobusiness.gov.sg portalini ishga tushirish va tegishli biznes jarayonlarni optimallashtirish bilan bogʻliq bilimlarni oʻrganish borasida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha ham samarali takliflar muhokama qilinib, unga koʻra, suv va energiya samaradorligini oshirish, ekstremal iqlim sharoitlarini boshqarishda hamkorlik yoʻnalishlari kelishib olindi. Yashil byudjetlashtirish tamoyillari va Singapurning 2022-yilda 2,4 milliard singapur dollari qiymatidagi 50 yillik suveren yashil obligatsiyalarni chiqarish tajribasini oʻrganish, Singapurning 2019-yilda joriy etgan uglerod soligʻi narxini belgilash va uni amalga oshirishda muammolarni aniqlash asosiy mavzulardan biri boʻldi.

Shuningdek, Singapur yetakchi kompaniyalarining Oʻzbekistonda hududlar master rejalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish bo’yicha pilot loyihalarda ishtiroki yuzasidan hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.


   Iqtisodiyot va moliya vazirligi

  Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi


Report Page