Singan ko’ngillar

Singan ko’ngillar

Javlon Juraev

Ushbu bo’lim har shaxsning hayotida muammoga aylanishi mumkin bo’lgan juda nozik masalaga bag’ishlanadi. Hayotimizning ushbu jihatiga biz shu qadar katta ahamyat beramizki, uning atrofida komplekslardan naqd gulzor yaraladi.

Ijtimoiy bosim ta’sirida aqlning yaxshi-yomon o’yiniga berilishidan odamda intim hayot bilan bog’liq ko’plab zararli komplekslar rivojlanadi. O’z jinsiy hayotiga doir kompleksi bo’lmagan odamni topish qiyin. Bu ofat shunchalar keng tarqalganki, bunda nima norma-yu, nima normadan og’ish ekanini ajratib bo’lmay qolgan.

Jinsiy hayot haqida juda ko’p kitoblar yozilgan – lekin birortasida jinsiy kompleksga chalinmaslik haqida biror nima aytilmagan. Nimagadir, bu mavzu yoki e’tiborsiz qoldiriladi – yoki, umuman, inkor etiladi. O’quvchida jinsiy kompleksni rivojlantirib qo’yadigan kitoblar ham bor.

Jinsiy hayot – bu tana ko’ngil istagiga to’liq bo’ysunib harakat qiladigan jarayon. Bunda qo’llanmalar, ko’rsatmalar yoki andozalar bo’lishi – yovvoyilik. Tabiat yozib bergan dastur o’zi juda yaxshi biladi nima qilishni va qanday qilishni. Sizga jinsiy hayot haqida “saboq” beradigan kitoblarni o’qib, siz o’zingizda keraksiz kompleksni avj oldirasiz.

Jinsiy kompleks (ko’pchiligimiz unga chalinganimizni aslo tan olmasak ham) hayotimiz farovonligiga jiddiy raxna soladigan holat. Barchamizda (ayniqsa, erkaklarda) jinsiy masalalarda hech bir muammosiz ish tutishimizga ishonch bor. Lekin o’zimizga ochiq savol berib, unga ochiq javob bersak – jinsiy hayotdan qoniqmaslik bizga ko’p ruhiy azob berayotgani oshkor bo’ladi.

Jinsiy ehtiyoj – har qanday tirik jonning asosiy tabiiy ehtiyojlaridan biridir. Bu eng kuchli ehtiyoj desak ham bo’ladi. Shu bois jinsiy ehtiyojning ko’ngil (tana) istagandek qondirilmasligi juda ko’p jismoniy va ruhiy xastaliklarga sabab bo’ladi. Bu xastaliklar o’z navbatida insonning o’z hayotidan mamnunlik darajasini tushiradi va uning boshqa odamlar bilan munosabatlarini izdan chiqaradi.

Oilalar buzilib ketishiga eng asosiy sabab – jinsiy hayotdan qoniqmaslikdir. Bunda jinsiy kompleks juftlik o’rtasiga ko’ngilsizlik soladi. Kemtikli jinsiy hayotdan alamzadalik inson tanasi va ongini zaharlab boradi va bir kun kelib bu yuzaga chiqadi.

O’z intim hayotingiz haqidagi tasavvurlaringizni qayta ko’rib chiqish uchun sizga birinchi tamoyil: insonning intim hayotida norma bo’lmaydi. Jinsiy faollikning “to’g’ri” “hamma qabul qilgan” yoki “tasdiqlangan” qoidalari yo’q. Agar o’z tabiiy jinsiy istaklaringizga xotirjam qarab, ularni oddiy qabul qila olmayotgan bo’lsangiz – demak, sizda kompleks bor.

Jinsiy yaqinlik – aql ishtirok etmasligi kerak bo’lgan jarayon. Bunda aql mutlaqo o’chgan, tana nazorati to’lig’icha ko’ngilga topshirilgan bo’lishi nazarda tutilgan. Ko’ngil – mehr sultoni. U eng zo’r uddalaydigan ish – mehr berish. Jinsiy yaqinlik – mehr sultoni o’z san’atini to’liq namoyon qiladigan vaziyat. Bunda unga aql yuvuqsiz qoshiqdek halal berib tursa – marosim buziladi va o’z tabiiy go’zalligini yo’qotadi.

Jinsiy yaqinlikda baholash va shubxalar (“to’g’ri harakat qilyapmanmikan?”, “unga yoqyaptimikan?”) kallada aylanib tursa – bu aql ishga ruxsatsiz qo’shilyapti degani. Umuman, har qanday xayol, chamalash, baho berish, rol o’ynash ilinji bo’lsa – bu soxta marosim. Bu aql unga atalmagan bazmda o’ynab qolmoqchi degani.

Bu juda ham ayanchli holat. Chunki jinsiy yaqinlik – ko’ngilning bazmi. Aql shunda ham unga erkinlik bermasa – ko’ngil sinadi. Singan ko’ngil esa qayta tiklanishi juda mushkul.

To’shakda o’zini u yoki bu qilib ko’rsatishga urinadigan mahbublar bu soxtaliklari bilan ham o’zlarining, ham juftlarining ko’nglini sindiradilar. Rol o’ynashga uringan odam bilan jinsiy yaqinlik har qanday odamni sovutadi va juftiga nisbatan bezdiradi.

To’shakda muhimligi yuqori yoki quyi odam bo’lmaydi. Katta-kichik, kuchli-ojiz, ega-qul munosabatlari to’shakdan tashqarida qolishi kerak. Jinsiy yaqinlikda hamma teng, hamma ahamyatsiz, har kimning qadri bir xil. Bunda hech kim burchli yoki majbur emas, hech kim hech kimga egilmaydi, hech kim hech kimni egmaydi.

Agar jarayonga aqlni yaqin keltirmasangiz – hech qanday muammo bo’lmaydi. Jinsiy yaqinlikda xatolar bo’lmaydi – bunda hech kim hech kimga gina saqlamaydi. Ehtirosda ikki juft bir-biriga beradigan jismoniy azob ham yoqimli bo’ladi va minnatdorlik bilan qabul qilinadi. Jinsiy yaqinlikda odam yo’l qo’yishi mumkin bo’lgan yagona xato – bunda ko’ngli qolib, aqli bilan ishtirok etishidir.

Bizda jinsiy hayot bilan bog’liq muammolar nega bunchalik ko’p bo’ladi? Bunga ikki sabab bor. Birinchidan, biz bu masalalarga o’ta katta ahamyat beramiz. “To’g’ri” mahbub bo’lish, “yaxshi” mahbub bo’lishga haddan ziyod kuchli harakat qilamiz. Natijada, aql yo’q yerdan muammolar orttirib, jinsiy kompleksimizni kuchaytiradi.

Ikkinchidan, biz jinsiy masalalardagi muammolarimizni “ko’mib” tashlashga, ularni o’zimizdan berkitishga, ularni unutishga urinamiz. Bu haqida ishongan yaqinlarimiz bilan gaplashish, buni muhokama qilish “yomon” ekaniga ishonamiz. Umuman, jinsiy muammolarga ega bo’lishning o’zi “yomon” ekaniga qattiq ishonamiz. Natijada, kompleks ongimizning chuqur qatlamlariga surib chiqariladi va o’sha yerda gullayveradi.

Jinsiy yaqinlik nasl qoldirish bilan bog’liq bo’lgani uchun, tabiat odam ongiga aqlni bu jarayondan nari tutadigan maxsus dastur yozgan. Agar shunday bo’lmaganda, aql vaziyat ustidan to’liq nazoratga erishib, ishning beliga tepgan bo’lardi. Ammo aql ham bo’sh kelishni istamaydi va kurashni kuchaytiradi. Natijada ko’ngil bazmi bo’lishi kerak bo’lgan jarayon aql va ko’ngil kurashiga aylanadi va o’z jozibasini yo’qotadi.

Sevgan insoningizga mehr berishni istadingizmi – boshqa hamma xayollarni miyangizdan chiqaring. Nima qilayotganingiz va qanday qilayotganingizni baholashdan voz keching. Sizni ehtiros dengizi to’lqinlaridan olib o’tishni to’lig’icha ko’ngilga topshiring. Hammasi tugagach, aqlingiz yana jonlanib, nima bo’lganini anglolmay qoladi. Lekin tana baxtdan yayraydi – jinsiy yaqinlikdan keyin alanglab qolgan aql va yayrayotgan tana qolsagina tabiat g’olib. Ana shunda ko’ngillar butun qoladi. Ana shunda hech bir ko’ngil sinmaydi.

Jinsiy kompleks sizning baxtingizga soya solishiga imkon bermang. Siz mahbubingizni qanday sevishingizni faqat ko’nglingiz hal qiladi. Bunda sizga qo’llanma ham, qoidalar ham, namunalar ham kerak emas.

O’z o’rnida, salomatligingiz qadriga ham yeting. Kezi kelganda kontraseptiv (xomiladorlikning oldini oladigan) vositalardan foydalanishning hech bir “yomon” joyi yo’q. Bu bilan siz jinsiy hayotingiz yoqimliligi, ruhingiz tetikligi va tanangiz sog’lomligini ta’minlagan bo’lasiz.

Jinsiy masalalarda o’zingizga me’yorlar qo’ymang. Jinsiy yaqinlik qancha bo’lishi va qachon bo’lishi jadvalga solib qo’yilmagan. Ko’nglingiz istagan payt – mehr berish uchun eng yaxshi payt. To’g’ri, aqlning nafsi ham buni tilab qolishi mumkin. Ammo aql istagidan kelib chiqqan ehtirosni tanib olish juda oson – bu hissiz ehtirosdir.

Siz va sevgan insonlaringiz ko’ngli doim bus-butun bo’lsin.

7QADAM - 4

@yettiqadam


Report Page