Shustov konyagi: Imperator saroyidan Fransiyagacha

Shustov konyagi: Imperator saroyidan Fransiyagacha


Manba: winestyle.ru

“N.Shustov va uning oʻgʻillari” alkogolli ichimliklar ishlab chiqarish kompaniyasiga 1863-yilda tadbirkor Nikolay Leontiyevich Shustov tomonidan asos solingan. Dastlab Moskva koʻchalaridan birida kichik bir binoni ijaraga olib ish boshlagan kompaniya keyinchalik Sankt-Peterburg, Odessa, Varshava, Samarqand, London, Parij kabi yirik shaharlarda oʻz boʻlinmalarini ochishga muvaffaq boʻladi. Uning muvaffaqiyatida, aytish joizki, Nikolay Leontiyevich, keyinroq uning oʻgʻillari tomonidan olib borilgan oʻziga xos marketing strategiyasi, xususan, noodatiy reklama usullarining oʻrni beqiyos. Zero, oʻsha paytlarda Rossiya alkogolli ichimliklar bozorida ishlab chiqaruvchilar yetarli, bozorga kirib borish oson ish emasdi.


Restorandagi nayranglar

Shunday usullardan biri Shustov boshchiligida uning ishonchli odamlari tomonidan amalga oshirilgan. Ular mamlakatning turli hududlarida restoranlarga oddiy mijoz sifatida tashrif buyurib, Shustov konyagini talab qilishgan. Restoran egalari esa hayron (axir bu paytda Shustov mahsulotlari hali bozorga deyarli kirib bormagan edi-da!) yelka qisishar, bunga javoban mijoz jahl bilan restoranni tark etardi. Bu nayrang Shustov konyagiga talab sezilarli darajada oshishiga sabab boʻladi. Zero, restoran egalari oʻz restoranlarining nufuzini tushirish yoki mijozlarni yoʻqotishni sira istamas edilar.

Manba: leodessa.com

“Ustasifarang”lar endi Fransiyada

1900-yilda Shustovlar oʻz mahsulotlarini anonim tarzda Parijdagi Butunjahon koʻrgazmasiga yuborishadi. Hakamlar hayʼati Shustovlar konyagi taʼmini yuqori baholaydi. Biroq u Fransiyada ishlab chiqarilmaganligi bois uni “konyak” deb eʼtirof etish mumkin emasdi (oʻsha paytda bu turdagi texnologiya bilan tayyorlangan ichimliklarning barchasi bir nomda - “brendi” deb atalgan, faqatgina Fransiyaning Konyak nomli hududidagi ishlab chiqaruvchilar oʻzlarining shu turdagi ichimliklarini “konyak” deb atashga haqli boʻlganlar). Ammo hakamlar hayʼati Shustovlar uchun istisno qilib, ichimlik shishalariga “brendi” emas, “konyak” deb yozishni maʼqul, deb topishadi va Shustov konyagi mazkur koʻrgazmada Gran Priga munosib koʻriladi.

Parijdagi Butunjahon koʻrgazmasi. Manba: leodessa.com

Moskvani zabt etish

Shustovlar oʻz mahsulotlarini butun Moskva koʻchalarini kezib chiqadigan tramvaylar vositasida reklama qilishdi. Gazetalarda Shustov konyagi haqida latifalar, hatto sheʼrlar chop etildi. Teatr sahnalarida spektakl paytida, garchi ssenariyda boʻlmasa-da, Shustov nomi bot-bot eslab oʻtila boshlandi.

Manba: leodessa.com

Imperator saroyida: “odobsizlik” yoki jasorat

1912-yilda otasining oʻlimidan keyin kompaniya rahbarligini oʻz qoʻliga olgan Nikolay Nikolayevich reklamaning aql bovar qilmas usulini qoʻllaydi. Xususan, u katta miqdordagi pora evaziga Pasxa bayrami munosabati bilan Imperator saroyida tashkil etiladigan marosimga taklifnomani qoʻlga kiritadi. Marosim vaqtida zalga Imperator kirib kelganida Nikolay Nikolayevich etiket qoidalarini buzgan holda qoʻlida toʻldirilgan qadah turgan patnisni tutgancha Imperatorga peshvoz chiqadi. Bu kutilmagan holatdan yigʻilganlar dahshatda, bir necha soniyaga Imperatorning oʻzi ham kalovlanib qoladi. Lekin tezda oʻzini oʻnglab olib, qadahni mamnuniyat bilan qoʻliga oladi, zavq bilan simirib, limon boʻlagi bilan gazak qiladi. Soʻng atrofdagilarga “Ajoyib konyak, janoblar, tavsiya qilaman!” deb jilmayib qoʻyadi - bundan yaxshiroq reklama boʻlishi mumkinmi axir?! Ana endi, tez orada Shustov konyagi Imperator saroyiga rasmiy tarzda yetkazib turila boshlaganining sira ajablarli yeri yoʻq.


1914-yilga kelib Shustovlar Rossiya imperiyasida alkogol ishlab chiqarishning 30 foizi va alkogol eksportining 44 foizi ustidan nazoratni oʻz qoʻliga olgan edi.


1917-yilgi inqilob natijasida Shustovlar kompaniyasi milliylashtirilib, oʻz faoliyatini Odessa konyak zavodi sifatida davom ettirgan. Hozirgi kunda Ukrainada ishlab chiqariladigan konyak mahsulotining 57 foizi Odessa konyak zavodi hissasiga toʻgʻri keladi.

Manba: leodessa.com

2013-yildan boshlab zavod konyak mahsulotlarini Fransiyaga eksport qilishni boshladi. Oʻsha yilda Shustovlar faoliyatining 150-yillik yubileyi sharafiga Ukrainada birinchi va yagona N.L.Shustov konyagi muzeyi ochildi va dunyo alkogol ixlosmandlarining sevimli maskanlaridan biriga aylandi.


© Muqaddamxon Saidrasulova 

i-fact.ru va leodessa.com maʼlumotlari asosida @Iqtisodplus kanali uchun maxsus tayyorlandi.

Report Page