Shoir buyurtmachi ustidan adliyaga shikoyat qildi
Rosti sarlavhadagi bu kabi holatlar jamiyatimizda shu qadar koʻpki, xatto soʻngi kunlarda bu kabi voqeeliklarga umuman eʼtibor bermay qoʻygandekmiz. Bu esa, afsuski, mualliflik toʻgʻrisidagi qonunlarning jamiyatimizda tabiiy “ishlab” ketmayapti, degan fikrni bildiradi. Biroq, mana shunday xulosaga kelishimiz xato ekanligini Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga kelgan quyidagi murojaat yoʻqqa chiqardi.
Bu yogʻini eshiting...
Shunisi eʼtiborliki, millatimiz mentalitetida andisha tuygʻusi juda yuqori turadi. Uni xatto oʻzimizning huquqlarimiz buzilsada yuz-xotir qilamiz, yaxshilikni qilamizu daryoga otamiz. Bilsa baliq, bilmasa Xoliq, deymiz. Huquqiy demokratik jamiyat boʻy choʻzib borayotgan diyorimizda bu safar bunday boʻlmadi. Andishaning oti qoʻrqoq qoʻyilmadi.
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira D.Ergashova ariza bilan murojaat qildi. Unda mualliflik shartnomasiga asosan, Sh. ismli ayolga maxsus buyurtma sheʼr yozib berganligi va Sh. tomonidan shartnomada koʻrsatilgan “qalam xaqi” toʻlanmaganligi bayon qilingan.
Murojaatda keltirilgan holatlarni oʻrganish jarayonida shoir D.Ergashovaning maxsus buyurtma sheʼri Sh. ismli fuqaro tomonidan xech qanday sabablarsiz koʻp vaqtlardan buyon berilmay kelayotganligi oʻz tasdigʻini topdi.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonuning 19-moddasida muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga ega. Muallifning asardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari esa, asarni takrorlash va asarning asl nusxasini sotish yoki mulk huquqini oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazish yoʻli bilan tarqatish huquqiga ega ekanligini anglatadi.
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi mutaxassisi tomonidan huquqiy tushuntirish ishlari natijasida huquqbuzar Sh. dan shoir D. Ergashovaga kelishilgan qalam xaqi summasi undirib berildi.
Hurmatli ijod ahli! Mualliflik huquqi nafaqat nomulkiy, balki mulkiy huquq ekanligini unutmaylik. Mualliflik huquqingiz buzilsa uni himoya qilish uchun Adliya vazirligi yoki hududiy adliya boshqarmalariga murojaat qiling!
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi