Shoir Erkin Yo‘ldoshning mualliflik huquqlarini buzgan xonanda javobgarlikka tortildi

Shoir Erkin Yo‘ldoshning mualliflik huquqlarini buzgan xonanda javobgarlikka tortildi

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Andijon viloyati Adliya boshqarmasiga Farg‘onalik shoir Erkin Yo‘ldosh o‘z she’riy asariga nisbatan xonanda M.H tomonidan mualliflik huquqi buzilganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushgan.

Murojaatda keltirilgan holatlarni o‘rganish jarayonida xonanda M.H tomonidan shoir Erkin Yo‘ldoshga tegishli bo‘lgan “Uylanamiz” nomli she’riy asarni muallif bilan hech qanday shartnoma tuzilmasdan huquq egasining ruxsatisiz barchaning e’tiboriga yetkazilganligi va omma oldida ijro etilganligi aniqlandi.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga asosan muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda, xususan asarni barchaning e’tiboriga yetkazish, asarni omma oldida ijro etishda mutlaq huquqlarga ega.

Shuningdek, Qonunning 62-moddasiga koʻra huquq egasi bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqini buzish hisoblanadi.

Yuqoridagilarga asosan, fuqaro M.H harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177(1)-moddasining birinchi qismida belgilangan asardan qonunga xilof ravishda foydalanganligi sababli holat bo‘yicha Andijon viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudiga yuborildi.

Sud tomonidan fuqaro M.H O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177(1)-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, belgilangan tartibda jarima jazosi tayinlandi.

Hurmatli ijod vakillari! Mualliflik huquqlaringizni himoya qilish uchun Mualliflarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarga a’zo bo‘ling yoki bevosita Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti hamda hududlardagi Adliya boshqarmalarining Intellektual mulk huquqlarni himoya qilish bo‘limlariga murojaat qiling!

Adliya vazirligi 

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Report Page