Shaxsiy xona qandaydir sehrli joy emas

Shaxsiy xona qandaydir sehrli joy emas


Sevimli shoirim Rauf Parfi bir paytlar “Saodat” jurnaliga bergan intervyusida bunday degan ekan: “Bugun Sovet Ittifoqining biror yerida biror ayolning ahvoli o‘zbek ayolining ahvolidek og‘ir va achinarli emas. Bugun eng qiyin, eng qora yumushlarni ayollar bajarayapti va evaziga arzimagan haq olyapti. Ayollarimizning qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘ldi. Na homiladorman, deydi, na kasalman, deydi, indamay mehnat qilaveradi. Ayollarimizning turmush sharoitini yaxshilashimiz kerak, deb juda ko‘p so‘zlaymiz, ammo hech narsa qilmaymiz...

...Yuqorida aytganimdek, o‘zbek ayollari shuncha tashvishlarga qaramasdan she’r yoza olishlari meni behad quvontiradi. Shoirlarimizning asrimizning barcha dag‘alliklari orasidan o‘zlarining nazoratlarini omon-eson olib chiqayotganlariga tan bermay ilojimiz yo‘q".

Bundan nari borsa, 50 yil oldin Parfiy Hazratlari o‘zbek ayollarining she’r yoza olganiga tan bermoqda. Shoirning ushbu fikrlari Virjinya Vulfning “Shaxsiy xona” asarini qo‘limga olganimda yana yodimga tushdi. To‘g‘ri, o‘zbek ayolining yashash sharoiti hozir oldingisidan ancha farq qiladi. Yaxshilangani ham rost. 

Shaxsiy xona qandaydir sehrli joy emas. Shaxsiy xonaga ayoldir, erkakdir ehtiyoj sezadi. Esini endigina tanigan bolaga ham shaxsiy xona kerak aslida. Ammo ijodkorlar shaxsiy xonaga ko‘proq ehtiyoj sezadi. Fikrlarini jamlashi mumkin bo‘lgan sokin joy izlaydi hamisha. 

O‘sha kuni kitob taqdimoti juda chiroyli o‘tdi. Chiroqning yo‘qligi ham bunga halaqit berolmadi. Ammo men ko‘nglim xira bo‘lib qaytib ketdim. Taqdimot paytida zalda bir yigit bildirilayotgan fikrlarga toqat qilolmay, juda qattiq qarsak chaldi. Bu uning ilk signali edi. Atrofdagilar unga agar yoqmayotgan bo‘lsa, ketish imkoniyati borligini eslatishdi. Afsuski, u taqdimotda oxirigacha o‘tirdi. Tanlagan kitoblarimning haqini to‘layotganimda ko‘rdimki, u jazavaga tushgan holda sotib olgan “Shaxsiy xona” kitobini sotuvchiga qaytarib berayotgan edi. U sotuvchi qizga xuddi shu kitob narxidagi boshqa kitobni olishini aytib, o‘dag‘aylab turardi. Tushunmadim uning bu qadar qoni qaynashiga nima sabab bo‘ldi? Ijod uchun shaxsiy xona kerakligi haqida mulohaza yuritayotgan xotin-qizlarning nimasi uni cho‘chitdi? Uning qaysi e’tiqodiga zid keldi bu? U agar hali uylanmagan bo‘lsa, mahrga “gelik” so‘raydigan qizlar to‘dasidan qo‘rqsin, zeb-ziynatga, kiyim-kechakka o‘ch qizlardan qochsin. Bir kuni homilador bo‘lganida anqoning urug‘ini topib keltirishini talab qiladigan ayollardan g‘azablansin. U agar uylangan bo‘lsa, ayoliga rahmim keldi. Mutlaqo begona xotin-qizlarning ijodiy muhit haqidagi suhbati (bor-yo‘g‘i) uni shunchalik g‘azablantirdi. Uning o‘z ayoliga munosabati qanday ekan? Uning munosabati yana ko‘plab shunday erkaklar borligini eslatdi va ta’bim xira bo‘ldi. Yaqinda Mehrinozning quyidagi fikrini eshitdim: “Yuqori intellektga ega erkakning ham o‘z ayoliga kelganda mana shu intellekti ishlamay qoladi”. Bundaylarni xalqimiz “Ko‘cha xandon, Uy zindon” deydilar.

Bu ayollar ko‘chaga chiqib, shaxsiy xona uchun namoyish o‘tkazganlari yo‘q. Ular shunchaki uning zarurligi haqida mulohaza yuritdilar. Kitobni tavsiya qildilar. Ayniqsa, erkaklarga! Ochiq aytganda, ularning ba’zilari shaxsiy ijara xonalarida jimgina ijod qilib yuribdilar. Yaqinda bir ayol ijodkorni ijara uyidan u dunyoga kuzatib qo‘ydilar. O‘z uyida yashaydigan ayol ijodkorlar ham shaxsiy xonasida soatlab yozib o‘tirishiga ishonish qiyin. Agar uning bolalari kichik yoshda bo‘lsa. Qachonki, bolalar uxlaganda, qachonki, uy yumushlari tugaganda bunga imkon topilishi mumkin. 

Ayol ijodkorlarning istagi alohida xona emas, aslida shaxsiy hudud va o‘z ijodining oilasi tomonidan tan olinishi va qo‘llab-quvvatlanishidir. Kichik yozuv stoli, kompyuter va kitoblarni terish uchun javon. Bu 2 metr joyga sig‘adigan narsalar. Xudo ko‘rsatmasin, ular bu dunyodan ko‘z yumsa ham, shu 2 metr joy topiladi-ku. Ular hali hayot paytida mana shu 2 metr joyni ulardan darig‘ tutmasalar.

Ilhomi kelgan paytda bolalarga qarab turish, haftaning ba’zi kunlarida ko‘chadan ovqat buyurtma qilish, xullas, ayolni o‘z holiga qo‘yishlari eng katta yordamdir.(Bu mening o‘z xohishim ekan o‘ylab qarasam:))

Agar ayolning yozganlari sariq chaqaga arzimasa ham, unga e’tiroz bildirish noto‘g‘ri. Ayollar xuddi erkaklar futbolni yoki boksni yaxshi ko‘rgan kabi adabiyotni yaxshi ko‘rishlari mumkin-ku. Futbol ko‘radigan erkaklar ham professional futbolchi emas, shunchaki muhlis. 

Mening o‘z shaxsiy burchagim bor. Meni yozuv stolimdan ko‘ra mo‘jaz kitob javonim borligi ko‘proq xursand qiladi. Ular qutilarda dimiqib turgani yo‘q. Saf tortib turibdilar. Borligini, o‘qishim zarurligini eslatib turibdilar. She’r yozgim kelsa, joy tanlamayman. Asosan telefonda yozaman. Bolalarning shovqinida ham yozishga ko‘nikdim. Hayot shunga majbur qilar ekan. Har bir ijodkorga shaxsiy xona, shaxsiy hudud va shaxsiy uslub nasib qilsin!


Kumush Abdusalomova, shoira

Report Page