Shaxsiy muhimlik

Shaxsiy muhimlik

Javlon Juraev

Men Janobi Oliylari

“Shaxsiy muhimlik tuyg‘usi insonning eng zolim va makkor dushmanidir”

(Don Xuan, Karlos Kastanedaning ustozi)

Odamning tabiati erkinlikka intiluvchan qilib yaratilgan. Ammo eng qiziq holat shundaki, bizni tobe etishi mumkin bo‘lgan kuchlar ro‘yxatida biz mutlaqo kutmagan narsa birinchi o‘rinda turadi. Bizni mudom bir narsaga majburlab, fikr-u qudratimizni o‘ziga bo‘ysundira oladigan bir tuyg‘u borki, kamdan-kam kimsa unga qarshilik qila oladi.

Bu tuyg‘u siz nimani gapirishingiz, nima iste’mol qilishingiz, qayerga borishingiz, kimlar bilan yaxshi, yana kimlar bilan yomon munosabatda bo‘lishingiz – xullas, siz qanday hayot kechirishingiz kerakligini uqtirib turadi. Siz uning so‘zini ikki qila olmaysiz – siz hatto uning amri bilan ish ko‘rayotganingizni anglamasligingiz mumkin.

Ba’zida u o‘z zulmida shu darajaga borib yetadiki, siz ortiq toqat qila olmaysiz – erksevar tabiatingiz ustun kelib, unga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarasiz. Ammo vaqt o‘tib, g‘alayon bosiladi, tashvishlar unut bo‘ladi va siz tag‘in o‘z tuyg‘uyingizga tobe bo‘lib qolasiz.

O‘zingiz haqingizdagi yana bir sirdan boxabar bo‘lishga tayyormisiz? Esingizda bo‘lsin: shaxsiy muhimlik tuyg‘usi – sizning birinchi raqamli dushmaningiz.

Shaxsiy muhimlik tuyg‘usini ikki og‘iz gap bilan ta’riflash yoki tushuntirish qiyin. Aytaylik, sizni kimdir qattiq haqorat qildi. Yoki sizdan bir narsani qattiq talab etishdi. Yoki siz o‘zingizdan o‘zingiz biror ish uchun xafa bo‘lib ketdingiz. Bunday holatlarda nimani his qilasiz? G‘azab, gina, araz yoki norozilik tuyg‘usi uyg‘onishi mumkin. Siz zarda qilishingiz, qasdlashishingiz, o‘zingizni himoya qilishingiz yoki birovga hujum qilishgacha borishingiz ham mumkin.

Ana shu xatti-harakatlar va ichki kechinmalar ortida shaxsiy muhimlik tuyg‘usi turadi. Sizdagi har qanday ichki kechinmalar, o‘y-fikrlar, siz aytayotgan gaplar – bularning bari sizning shaxsiyatingiz atrofida aylanaveradi. Bir kun davomida “men” olmoshini gap-so‘zlaringiz va fikrlaringizda necha marta uchrashiga e’tibor berib ko‘ring – va’da beraman, o‘zingiz ham hayron qolasiz.

Aytaylik, birov sizni xafa qildi. Xayolingizdan taxminan quyidagicha savol o‘tadi: “U meni nega xafa qildi?” Bunda siz ma’no urg‘usini har xil so‘zga qo‘yishingiz mumkin.

U meni nega xafa qildi?”

Ya’ni o‘zingizdan nega aynan u sizni xafa qilganini so‘raysiz. Xo‘sh, boshqasi xafa qilishi kerak edimi? Yoki boshqasi sizga u aytgan gaplarni aytganda xafa bo‘lmas edingizmi? Sizga xatoyingiz haqida, aytaylik, yaqin do‘stingiz aytsa, buni yengil qabul qilasiz. Ammo siz unchalik suymagan odamdan buni eshitsangiz – tamom! Bu siz uchun oxirzamon degani! Har xil odamdan eshitgan gaplarga har xil munosabatda bo‘lish – odam ajratishdan boshqa narsa emas. Axir, sizga dushmaningiz bo‘lsa ham xatoyingiz haqida gapirsa – bu uni to‘g‘rilashga imkon emasmi?

“U meni nega xafa qildi?”

Ya’ni u nega aynan sizni xafa qilgani. Bu holat – shaxsiy muhimlik tuyg‘usi eng junbishga kelgan holat. Rostdan ham, u nega sizdek beg‘ubor, beozor va bekam odamni xafa qildi? Men ham begunoh emasman deysizmi? Unda nimaga u sizni xafa qilmasligi kerak? U boshqa birovni xafa qilganda bunchalik kuyinmagan bo‘lardingiz – shundaymi?

To‘g‘ri – ba’zida biz mutlaqo aybsiz bo‘la turib, bo‘hton qurboniga aylanib qolamiz. Ammo juda ko‘p hollarda bo‘lib o‘tgan voqeada bizning ham oz bo‘lsa-da hissamiz bo‘ladi. Qars ikki qo‘ldan chiqadi deb bekorga aytishmagan.

Eng qizig‘i, biz boshimizga tushgan tashvishda taqdir va Yaratganni ham shunday ayblab qo‘yamiz. “Qaysi gunohim uchun?” kabi savollar aslida “Mendek beayb bandangga qilmagan gunohi uchun nega jazo berding?” degani. Uni qarangki, juda kam odam baxtga erishganda “Qaysi qilgan savoblarim uchun menga bu baxtni ato etding?” deb so‘raydi. Shunaqa – gunohlarimizni qisqa xotirada tutamiz-u, savoblarimiz temir daftarga yoziladi. Olgan jazomiz sababini topa olmaslik quyidagicha savollarga olib keladi:

“U meni nega xafa qildi?”

Ba’zida biz kutgan narsamiz bo‘lmaganidan xafa bo‘lamiz. Kimdandir maqtov kutasiz-u, u sizni boplab tanqid qilib beradi. Kimdandir e’tibor kutasiz – u sizni tanimay o‘tib ketadi. Yana kimdandir mehr kutasiz – u sizga g‘ayirlik qiladi yoki boshqa birovga mehr ko‘rsatadi. Shunda o‘zingizga:

“U meni nega xafa qildi?”

deb savol berasiz. Axir, undan bir narsa kutgan siz. O‘sha siz kutgan narsani bermasa – bu u sizga nisbatan nohaqlik qilgani emas. Axir, u ham alohida shaxs, uning ham o‘z niyatlari va rejalari bor. Balki, u mutlaqo siz undan biror narsaga umidvor bo‘layotganingizni bilmas. Bu holatda biror kimdan xafa bo‘lish mutlaqo o‘rinsiz.

Yuqoridagi misollar sizni birov xafa qilgan holatda shaxsiy muhimlik tuyg‘usi o‘zini qanday tutishini ko‘rsatadi. Ammo bu tuyg‘u hayotingizning har jabhasida sizni boshqaradi. O‘zingiz va odamlar bilan munosabatlaringizda shaxsiy muhimlik tuyg‘usi eng yetakchi kuchdir.

Shaxsiy muhimlik tuyg‘usining eng oliy ko‘rinishi – bu xudbinlikdir. Egoist odam o‘zini har kim va har narsadan ustun qo‘yadi – o‘z manfaatlari yo‘lida har kimning his-tuyg‘ulari, orzu-umidlari va tinch hayotini qurbon qilishga tayyor. Ishonchim komilki, siz bunday odam emassiz. Aks holda bu kitob sizning qo‘lingizga kelib tushmas edi.

G‘urur – shaxsiy muhimlik tuyg‘usining boshqa bir ko‘rinishi. U bizni o‘ylamay ish tutishga, birovdan asossiz xafa bo‘lishga, o‘z xatti-harakatlarimizni cheklashga majbur qiladi. Hech hayotda istagan narsangizni qilishga g‘ururingiz yo‘l qo‘ymagan holat bo‘lganmi? Aytaylik, siz o‘zingizdan quyi hisoblagan odamga nisbatan xato qildingiz va bu xatoyingizni anglab yetdingiz. Undan borib uzr so‘rashga g‘ururingiz yo‘l qo‘yarmidi? Buni qilgan taqdiringizda ham, juda qiynalib, o‘zingizni yengib o‘tib qilasiz.

Masalan, yosh o‘qituvchi dars davomida bir tenglamani xato yozib ketsa-yu, o‘quvchisi buni ko‘rsatib bersa – bu xatoni tan olish ustoz uchun qiyin bo‘ladi. Juda kuchli shaxsiyat egalarigina bunday holatlarda g‘ururlarini jilovlab, o‘z ayblariga iqror bo‘la oladilar.

Har qanday holatda ham o‘z kamchiligingizni tan ola biling. Bu bilan siz zinhor kimdandir pastroq ekaningizni tan olgan bo‘lmaysiz. Aksincha, atrofdagilar sizdagi shaxsiyat kuchi darajasidan hayratga tushadilar va o‘zlari bilmagan holda sizning ustunligingizga tan beradilar. Bu sirni yodda tuting.

Kibr va manmanlik – shaxsiy muhimlik tuyg‘usining eng kulgili qiyofasi. Bunda kishi o‘zi arzimagan darajani o‘ziga zo‘r-zo‘rakay ilib olgan bo‘ladi. Bu xuddi yosh qizaloq opasining uzun ko‘ylagini kiyib olib maqtanishiga o‘xshaydi.

Kibrli shaxslarning asl muammosi shaxsiy muhimlik tuyg‘usi emas – balki kuchsiz shaxsiyatdir. Ular o‘zlarini aslida hammadan past deb biladilar va shu holatni o‘zgalardan yashirish uchun hammaga past nazarda qaraydilar.

Shaxsiy muhimlik tuyg‘usi foydadan ko‘p zarar keltiradi. Uning eng katta zarari – u sizning hayotiy quvvatingiz asossiz sarflanishiga sabab bo‘lishidir.

Xo‘sh, undan qanday qilib qutulish mumkin? Buning deyarli iloji yo‘q. Uzog‘i bilan, siz bu tuyg‘uni nazorat ostiga olishingiz mumkin. Buni qanday qilish mumkinligi haqida endi sirlashamiz.


Men – hech kim

Shaxsiy muhimlik tuyg‘usini jilovlash yo‘llari haqida gapirishdan avval men sizga bir hayotiy misol keltirib o‘tay.

Men bu kitobni yozishdan avval kitobxonlarga aynan nima kerakligini aniqlashga qaror qildim. Shu maqsadda men internetda maxsus sayt ochdim. U orqali istagan odam menga o‘z hayotiy va ruhiy tashvishlari haqida savol yozib, maslahat va takliflar olishi mumkin edi. Yuzlab xatlar ichida bir maktub menga juda qiziq tuyildi. Unda quyidagi savol berilgan edi:

Siz kimsizki, odamlarga qanday yashash kerakligini o‘rgatsangiz? Sizga bunday huquqni kim berdi?

Avvaliga shaxsiy muhimlik tuyg‘usi bu savolga javob yozmaslikni buyurdi. Ammo keyin aynan shu savol menga foydali ekanini anglab qoldim – u shaxsiy muhimlik tuyg‘usi hali ham qarorlarimga aralashayotganini ko‘rsatib berdi. Ko‘nglimni bir joyga qo‘yib, xat egasiga javob yozdim:

“Savolingiz juda o‘rinli. Men – hech kim emasman. Hayron bo‘lmang. Agar siz odamlarga yashashni o‘rgatish uchun kishi “kimdir” bo‘lishi kerak deb hisoblasangiz – unda men o‘sha kimdir emasman.

Bilasizmi, dunyoda har kim kimdir bo‘lishga harakat qilib yashaydi: ota-ona, opa-singil, og‘a-ini, o‘g‘il-qiz, do‘st-birodar, tanish-bilish, qon-qarindosh, quda-anda, mahbub, erkatoy, yetakchi, ergashuvchi – qo‘yingki, kimdir. Har birimiz hayot degan spektaklda qandaydir rolga ega bo‘lishga intilamiz. To‘g‘ri-da – hayotda hech kim bo‘lishdan yomon narsa yo‘q.

Barchamiz bu dunyoga kelishimiz bilan hayot bizga qandaydir rol beradi. Tug‘ilgandan keyingina biz kimdir bo‘lamiz. Xo‘sh, tug‘ilishdan avval kim edik? O‘limimizdan keyin kim bo‘lamiz?

Savol qiyinmi? Bema’nimi? Ixlossizmi? Ammo uning javobi juda oddiy – hech kim. Odamzod xuddi sahnaga chiqqan aktyordek bu hayotga keladi-da, rol o‘ynay boshlaydi. Ammo u bu rolga borlig‘i bilan berilib, uni haqiqat deb qabul qilib o‘ynaydi. U o‘z roliga shu qadar berilib ketadiki, har doim shu rol uniki bo‘lgandek his qiladi o‘zini. U hozir Afandimi, tug‘ilishdan oldin ham Afandi edi, o‘limidan keyin ham Afandi bo‘lib qoladi go‘yo. Boshqacha qilib aytganda, u shunchaki bir aktyor ekanligini, bu hayotdagi rol unga vaqtincha berilganini, muddati yetganda u shu rolini topshirib, sahna ortiga qaytishi kerakligini unutib qo‘yadi.

Endi ta’kidimni qaytaraman – men hech kim emasman. Siz, balki, kimdirsiz – sizga berilgan rol sizda abadiy qolishiga ishonarsiz. Ammo mening bunga haddim sig‘maydi – men “hech kim” degan aktyorman, faqat hozircha rol o‘ynayapman, xolos. Agar shu rolim ssenariysiga atrofimdagilarga yordam berish ham kiritilgan bo‘lsa – men shuni qilaman.

Har kim tanlash erkinligiga ega. Agar sizga men aytayotgan narsalar ma’qul kelmasa, siz bunga mutlaqo e’tibor bermasligingiz mumkin. Men aytayotgan narsalarim haqiqat deb da’vo qilmayman – ularni asoslab berish, isbotlash yoki o‘z fikrlarimni sizning tanqidingizdan himoya qilish niyatim yo‘q. Bu bilan hech narsa o‘zgarmaydi.

Ha, yana bir gap – huquq borasida. Sizga bir sirni ochay – buni safsata deb qabul qilasizmi, yoki jiddiy o‘ylab ko‘rasizmi – o‘zingizga havola. Dunyoda hech kim ekaningizni esda tutib tursangiz, siz har kim bo‘lishingiz mumkin. Bu dunyoning mehmoni ekaningizni unutmaganingiz uchun mukofot tarzida sizga shunday erkinlik beriladi. Menga odamlarga bilgan narsalarini aytib, ular bilan hayot go‘zalligidan bahramandlik hisini baham ko‘ruvchi darvesh bo‘lish huquqini hech kimligim bergan.

Siz kutgan yoki sizni qanoatlantiradigan javobni bermagan bo‘lsam, noiloj – bundan ortig‘iga qodir emasman. Axir, men hech kimman…”

Bizga berilayotgan bilim kimdan, qayerdan yoki qanday qilib kelayotganiga qiziqish – shaxsiy muhimlik tuyg‘usiga asoslangan. Qay birimiz, aytaylik, yosh bolaning gaplarini jiddiy qabul qilamiz? Hatto uning gaplari to‘g‘ri ekanini tasdiqlovchi vaziyatlarga duch kelsak ham – biz “mushtdek bola” hayotni bizdan ko‘ra to‘g‘riroq baholay olganini tan olishimiz qiyin.

Bu holat ota-ona va farzandlar o‘rtasida turli ziddiyatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Ota-ona o‘z hayotiy tajribasi va hayotga moslashib ulgurgan tushunchalariga asoslanib farzandiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Farzand esa shakllanib borayotgan shaxsiyati qarorlariga o‘zgalar xohshi aralashishiga qarshilik qilishga moyil.

O‘smirlik davri odamdagi shaxsiy muhimlik tuyg‘usi eng gullab-yashnagan muddat. Ko‘p ustozlar aytganidek, bu yoshda bolaga bitta gap kam – ikkitasi ortiqcha bo‘ladi. Bu yoshda odam uni o‘rab turgan dunyoda uning qanday bo‘lmasin o‘rni bor ekanini bilish ehtiyoji bilan yashaydi. O‘smirda kattalar hayotiga kirib borish, u yerda o‘zgalardan kam bo‘lmaslikka harakati kuchayadi.

Ammo ba’zida ulg‘ayib ulgurgan odamlarda ham shaxsiy muhimlik tuyg‘usi kuchli bo‘lishi mumkin. Bunga, odatda, quyidagidek holatlar sabab bo‘ladi.

Birinchisi – odam hayotida erishgan yutuqlar. Agar kimdir shu paytgacha ko‘plab cho‘qqilarni zabt etgan bo‘lsa, u o‘zini muhim shaxs deb hisoblashi mumkin. Unda erishgan yutuqlari uning bekam shaxsiyati mevasi ekani haqida asossiz ishonch hosil bo‘ladi. Eng kulgili holat – kishi o‘zi amalga oshirgan ishlarni yutuq deb xato hisoblashidir. Bunda kishi o‘zi va atrofdagilarga kam foyda keltirgan ishlarni yutuq sanab, ularga (va natijada, ularning bajaruvchisi – o‘ziga) ortiqcha baho berib yuboradi. Biz erishgan har qanday yutuq borki – unda o‘zgalarning ham hissasi borligini unutmaslik zarur. Kamida, sizni o‘z maqsadlari yo‘lida tirishqoq va topqir qilib tarbiyalab qo‘ygan ota-onangiz mehnatlarini eslang. Shunda shaxsiy muhimlik tuyg‘uyingiz biroz bosiladi.

Ikkinchi sabab – ortiqcha mas’uliyat. Agar atrofdagilar sizga ko‘plab mas’uliyatlar yuklasa – siz o‘zingizni juda kerakli odam deb o‘ylab qolishingiz mumkin. Ikki turmush o‘rtoqdan ayol oiladagi hamma qarorlarni qabul qilishni to‘lig‘icha eriga topshirsa, bundan erkak o‘zini o‘ta muhim hisoblab yuborishi mumkin. U aralashmasa, hech bir ish bitmaydigan, u aytmasa – hech kim hech narsa qilmaydigandek tuyilaveradi. Ko‘p narsa va ko‘pchilik uchun javobgarlik hisi o‘ta kuchli rivojlangan odam – haqiqiy g‘alvaning uyasi. U ko‘pchilik nomidan qaror qabul qilishni va bu qarorini hammaga majburan o‘tkazishni o‘ziga odat qilib oladi.

Siz – o‘z xatti-harakatlaringiz va o‘y-fikrlaringizdan boshqa hech narsaga javobgar emassiz. Agar o‘zingizni kimnidir baxtli qilishga javobgar deb bilsangiz – buni unuting. Tangri bir bandasi baxtini boshqasining qo‘liga berib qo‘ymaydi. Siz farzandlaringiz tarbiyasi uchun mas’ulsiz – ammo siz ularning o‘rniga qaror qabul qilishga mas’ul emassiz. Shaxsiy muhimlik tuyg‘usi siz va yaqinlaringiz hayotini zaharlashiga yo‘l qo‘ymang.

Shaxsiy muhimlik tuyg‘usini tarbiyalab beruvchi yana bir omil – ortiqcha e’tibor. Bu odatdagi erkatoy bola hikoyasi. Agar odam atrofdagilardan juda ko‘p e’tibor, maqtov, tasdiq olsa – u o‘zini “yakka-yu yagona” hisoblab qolishi tayin. Bu holat juda xavfli, chunki u inson hayotini qiyinlashtiradi.

Misol uchun, bir qizni yoshligidan hamma yigitlar tengsiz e’tibor va mehr bilan siylab kelishgan. “Malika” e’tiboridan qolishdan qo‘rqib, uning oshiqlaridan hech kim qizning kamchiliklari haqida gapirmaydi. Natijada, qiz ongida u kamchiliklardan holi shaxs ekani haqida fikr mahkam o‘rnashib qoladi. Bu holat qizning umr yo‘ldosh tanlashini o‘ta qiyinlashtirib beradi – axir, u endi o‘ziga o‘xshash “bekam” shaxsiyatni axtaraveradi. U uchratgan yigitlar esa uning “daraja”siga mos kelmaydi.

Agar siz shunday holatga tushib qolgan bo‘lsangiz – darhol o‘zingizga chin do‘st toping. Bunday do‘stni, imkoni bo‘lsa, sizni tanimaganlar orasidan axtaring. U haqiqiy do‘st kabi achitib gapiradigan, sizning e’tiboringiz va mehringizdan umidvor bo‘lmagan odam bo‘lsin. Siz ham avvalgi ergashuvchilaringizdan kutgan maqtov va ta’riflarni undan kutmang. U sizni boringizcha ta’riflaydigan odam ekanini tan oling va keskin tanqidlarga tayyor turing. Ana shunday do‘st topa bilsangiz va u bilan chin yurakdan do‘stlasha olsangiz – shaxsiy muhimlik tuyg‘usi ortiq baxtingizga xavf solmaydi.

Barcha falsafa va din yo‘nalishlari odamni shaxsiy muhimlik tuyg‘usidan xalos bo‘lishga undaydi. Har bir din buyuk Yaratuvchi oldida inson juda ojiz mavjudot ekanini ta’kidlaydi. Faqat biz bu haqiqatlarni tushunmaymiz yoki ularga quloq solmaymiz.

Shaxsiy muhimlik tuyg‘usini yengib o‘tishda hazilkashlik juda qo‘l keladi. Siz o‘zingiz ustingizdan kula olasizmi? Yaqin do‘stlarimiz davrasida bizga nisbatan beozor hazil qilinadi. Ammo bu narsa juda ko‘p hollarda bizda salbiy munosabat uyg‘otadi – biz darhol o‘zimizni himoya qilishga yoki bizga hazil qilgan odamga javob hazil qilib, unga o‘z o‘rnini ko‘rsatib qo‘yishga harakat qilamiz.

Masalan, sizni kimdir qo‘rqoq deb hazillashdi. Hazil juda kulgili chiqdi va gurros kulgiga sabab bo‘ldi. Bunda na hazillashgan odam va na davradagi boshqa odamlar sizni rostdan ham qo‘rqoq deb o‘ylamaydilar. Ular bu narsa hazil ekanini bilib turishgani uchun kuladilar. Ammo siz, nimagadir, buni ayblov yoki masxara deb qabul qilasiz va darhol qarshi hujumga o‘tasiz yoki jimgina ichingizda xafa bo‘lib qo‘yasiz. Siz o‘zingiz o‘zingizni qo‘rqoq ekaningizga ishonib qolasiz va bunday emasligini boshqalarga isbotlab berish istagi paydo bo‘ladi. Esingizda bo‘lsin – aybsiz odam o‘zini hech qachon oqlamaydi, chunki uni “oqlaydigan” hech bir “qora” dog‘i bo‘lmaydi.

O‘zining ustidan ayovsiz, boshqalar ustidan beozor kula olish qobiliyati shaxsiy muhimlik tuyg‘usining ildizini quritadi. Sizning ustingizdan hazil qilishsa – hammaga qo‘shilib maza qilib kuling, Bu bilan siz bu narsaning haqiqatligini tan olgan emas, buning hazil ekanini tasdiqlagan bo‘lasiz.

7QADAM - 1
Buyurtma berish: @yettiqadam_buyurtma

Report Page