Shaxmat boʻyicha FIDE sport ustasi Humoyun Begmuratov taqdirlandi

Shaxmat boʻyicha FIDE sport ustasi Humoyun Begmuratov taqdirlandi


Bugun Turizm va sport vazirligida oʻzbek shaxmat maktabining yosh va umidli vakillaridan biri, FIDE sport ustasi Humoyun Begmuratov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov tomonidan qabul qilindi.

Taʼkidlash kerak, Humoyun yoshligidan shaxmatga mehr qoʻydi va 6 yoshidayoq avvaliga mamlakat, soʻngra Osiyo chempionligini qoʻlga kiritdi. Shaxmat boʻyicha sport ustaligiga nomzod talabini bajargan dunyo tarixidagi eng yosh shaxmatchiga aylandi. U oʻzining mehnatsevarligi, tirishqoqligi hamda maqsad sari intiluvchanligi bilan alohida ajralib turadi.

2020-yilda Humoyun shaxmat boʻyicha havaskorlar oʻrtasida onlayn Oʻzbekiston chempionatida gʻolib chiqdi va yakunda “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Uchrashuvda turizm va sport vaziri Humoyun Begmuratovni yaqinda FIDE sport ustaligi talabini bajargan jahondagi eng yosh shaxmatchilardan biriga aylangani bilan muborakbod etdi. Qolaversa, yosh shaxmatchimizga qisqa muddatlarda xalqaro grossmeysterlik talabini bajarishi yoʻlida ham omad va muvaffaqiyat tiladi.

Yosh shaxmatchimizga kelgusi musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrishi va mahoratini yanada oshirishi uchun eng zamonaviy rusumdagi kompyuter, yaʼni MacBook sovgʻa qilindi.

Shodiyona shodiyonaga ulanib ketdi, bugun Humoyun oʻzining tavallud ayyomini nishonlamoqda, u 12 yoshga toʻldi. Shu munosabat bilan yosh shaxmatchimiz va uning oila aʼzolariga Turizm va sport vazirligi tomonidan “Tibet” sihatgohiga uch kunlik vaucher ham taqdim etildi.

Turizm va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi jamoasi yosh va iqtidorli shaxmatchi, FIDE sport ustasi Humoyun Bekmurodovni yana bir bor bugungi tavallud ayyomi bilan muborakbod etadi hamda unga kelgusi faoliyatida hamisha muvaffaqiyat yor boʻlishini tilaydi.


Report Page