Kuz.
© MuniFarhod
Sinf rahbari oʻquvchilarni yangi oʻrinlarga joylashtirib, xonani tark etgach, Farhod keyingi darsga hozir qongʻiroq chalinishini bilgani uchun joyidan qimirlamadi. Shunda, uning yangi hamrohi koʻz uzmasdan qarab turganini sezib, u tomonga oʻgirildi.
– Joylarni almashamiz. Men deraza yonida oʻtirmoqchiman, – hech qanday tortinishsiz buyurdi u. Garchi, bu qiz bilan muammo chiqarmaslikka qaror qilgan boʻlsa ham, bezbetligidan Farhodning gʻashi keldi.
– Istamayman.
Sofi aftidan yana nimadir deyishni istadi-yu, biroq, shu on smartfonidan chiqqan ovoz uni chalgʻitdi va qiz Farhod haqida unutib shoshgancha oʻrnidan turdi. Qizning ortidan tikilib qolar ekan, endi ular bir partada oʻtirishini va yil oxirigacha bir-biri bilan muloqot qilishga majbur boʻlishini oʻylab asabiylashdi. Chunki, Sofiyadan qancha uzoqroq boʻlsa, oʻquv yilini shunchalik osoyishta oʻtishini tushunib ulgurgandi. Lekin, afsuski, qiz ham uni osonlikcha tinch qoʻyadiganga oʻxshamaydi. Muhimi, Farhod oʻzini doim bosiq tutsa boʻlgani. Garchi, Sofiyaning feʼli bilan bu biroz qiyin koʻrinsa ham...
Umuman olganda, Farhod bu sinfga kechagina kelib ulgurganiga qarmay, maktab va sinfdoshlari haqida yaxshigina narsalarni bilib olishga ulgurdi. Ilk bor bu sinfga kirib kelganida sinfdoshlarini bir bor koʻzdan kechirish uchun oʻtirganlarga koʻz yugurtirdi. Shunda, uning eʼtiborini oʻrta qatorning ikkinchi partasidagi malla soch qiz tortdi. Uning tashqi koʻrinishi, kiyinishi va chiroyi – nafaqat sinfda, balki koʻcha-koʻyda uchraydigan turli xil qizlardan ancha farq qilardi. Okean rangini eslatuvchi chiroyli koʻzlar, oppoq yuz va qizgʻish yanoqlar, milliy qizlarda juda kam uchraydigan jilokor sariq sochlar uni xuddi singlisi jonidan ortiiq sevadigan va turli xil kiyimlar bilan bezashni yoqtiradigan "Barbie" qoʻgʻirchogʻini eslatardi. Chindan ham, xuddi oʻsha qoʻgʻirchoqlardan biri jonlangan-u, oʻzi sezmagan holda odamlar orasiga qoʻshilib qolgandek.
Farhod bu qizga bir necha soniya qarar ekan, u ham hamma oʻquvchilar kabi Farhodga qiziqish bilan tikilayotgani sabab, ularning nigohlari bir zumga toʻqnashdi. Yigit tezda koʻzini olib qochdi va goʻyo uni hech nima qiziqtira olmagandek turaverdi. Ammo...bu farishtadek qiz haqidagi ajoyib taassurotlar uzoqqa choʻzilmadi. Chunki, u soʻzlashga ogʻiz juftlashi bilan Farhod oʻzi uchun oʻylagan illyuziyalar bir zumda kul kabi koʻkka sovurildi.
– Agar shunchalik ideal oʻquvchi boʻlsang, – moviy rangli koʻzlarida masxaraomuz nigoh bilan tikilgancha, dedi u, – nega seni haligacha noyob eksponat sifatida muzeyga olib ketishmadi?
Avvaliga, Farhod bu beʼmani savolga javob bermaslik haqida oʻyladi. Ammo, qizning yuzidagi kibrli ifodani koʻrib, bu manman qizchani adabini berib qoʻygisi keldi va xayoliga kelgan gapni oʻylab oʻtirmay tiliga koʻchirdi:
– Men ham sirkdagilar haligacha seni olib ketmaganiga hayron boʻla boshladim. Aftidan, keraksiz paytda tomosha qoʻyib, odamlarni kuldirishga usta koʻrinasan.
Farhod soʻzlari qanchalik bosiq va hotirjam tarzda chiqqaniga oʻzi ham hayron qoldi. Bu payt esa Sofiyaning yuzida avvaliga hayrat, soʻngra gʻazab qay tarzda paydo boʻlganini koʻrinib turar, yangi sinfdoshlari esa unga goʻyo mustamlaka davlatda qoʻzgʻolon koʻtarishga uringan telba odamni koʻrgandek qarashardi. Bunday qarashlar bekorga emasligini u biroz keyinroq tushundi.
– Sen uchun afsusdaman, – bir payt gap boshlab qoldi uning partadoshi boʻlgan va Farhodni juda tez oʻz doʻstidek qabul qilgan Aziz ismli yigit, – endi uning asosiy nishonida faqat sen boʻlasan.
– Kimning nishonida? - hayron tikildi unga Farhod.
Aziz esa boyagi mallasoch qiz oʻtirgan tarafga imo qildi:
– Sinfimiz, toʻgʻrirogʻi, maktabimiz malikasi – Sofiyaning.
– Men birinchi kundan kim bilandir yovlashishga havas deb oʻylaysanmi?
– Toʻgʻri, aslida oʻzi birinchi urush ochdi. Ammo, keyingi safarlarida jim turishni maslahat bergan boʻlardim. Sofi oʻzi shunday, avvaliga senga biroz qiziqib oladi, keyin unga qarshi chiqishga jurʼat qilmasligingni koʻrgach, tezda zerikib, tinch qoʻyadi.
– Bu bilan...keyingi safargilari ham boʻladi demoqchimisan?
– Albatta, – jilmaydi u, – keyingi safargilari katta ehtimol biln bundan-da yomonroq boʻladi.
Farhod bu gaplardan soʻng oʻyga toldi. Aslida, oxirgi oʻquv yilida u yangi maktabga koʻchib oʻtishni unchalik istamagandi. Biroq, oyisining qistovi bilan koʻnishga majbur boʻldi. Negaki, onasi oʻgʻli hech boʻlmaganda shu bir yilni bu maktabda oʻtkazsa, oʻzi istagan universitetga kirishi osonlashadi deb oʻyladi. Farhod oʻziga boʻlgan ishonchi yuqori boʻlib, qaysi maktabda oʻqishiga qaramay istagan natijasiga erisha olishini bilardi. Shunga qaramay, u uchun borini berib kelayotgan onasining istagini rad etmadi. Endi esa yangi sinfga kelar ekan, bu yilni ortiqcha dahmaza va muammolarsiz, tinchgina tugatishni reja qilgandi. Albatta, yangi sinfda ham chetdan kelgan begonalarni oʻrtaga olib koʻruvchi qora botirlar topilishini tahmin qilgan, ammo, bu yerda uni butun sinfni bitta nigohi bilan jim qilishga qodir qandaydir qiz bilan raqobatlashish kutib turishini xayoliga ham keltirmagandi. Aftidan, ilk tanishi Azizning maslahatiga amal qilish kerakga oʻxshaydi. Negaki, asosiy maqsadi maktabni yaxshi baholar bilan tugatish boʻlgan Farhodning bu xonimcha bilan sichqon-mushuk oʻynashga umuman xohishi yoʻq.
Shu sababli ham, Sofi uning yangi darsliklarini suv bilan "yuvib" berganida ham, ichida koʻtarilgan gʻazabni tashqariga chiqarmay, jimgina ortiga qaytdi. Kitoblarni almashtirgach, u mazah qilib aytganini bilsa-da, yangi idishda suv sotib olib, sinfga qaytdi. Farhod shu yoʻl bilan bu urushda oq bayroq koʻtarganiga ishora qilmoqchi edi.
Bu chindan foyda berdi, deb ham oʻylagandi. Chunki, Sofiya darslar tugaguncha boshqa u tomonga nazar ham tashlamadi. Umuman, bu Farhodga tabiiy hol boʻlib koʻrindi. Chunki, uning yoʻlida uchragan har bir sinf oʻquvchilari qizning eʼtiboriga tushish uchun oʻzlari kelib salomlashishar, qandaydir mavzularda qisqa boʻlsa ham suhbat qurishga urinishar, yoki hech boʻlmaganda unga qarab jilmayib qoʻyishardi. Bu xuddi qirolicha oʻz saroyini aylanishga chiqqanda barcha aʼyonlar unga qulluq qilishini eslatardi. Darslar tugagach, asta odim tashlab Sofi va uning dugonalari ortidan maktabdan chiqayotgan Farhod bularning barini kuzatib borayotganida shuni tushundiki, Sofiya nafaqat sinfda, butun boshli maktabda doim eʼtibor markazida turadigan qiz edi. Bunday yorqin yulduz kabi insonlar yonida esa Farhodga joy yoʻq. Toʻgʻrirogʻi, oʻzi ham buni istamaydi.
Sofiyaning sheriklari avtobusga chopib, oʻzi yolgʻiz qolganidan keyin yigit xayollaridan chalgʻib, yana eʼtiborini unga qaratdi. Qiz qoʻlidagi ogʻir ryukzakni qiyinchilik bilan goh oʻng, goh chap qoʻliga oʻtkazib borayotganidan darsliklarini koʻtarish unga qiyinchilik tugʻdirayotganini sezdi. Avvaliga, Farhod uning ortidan yetib, yordamlashish haqida oʻyladi. Biroq, bugun sinfga uning kitoblarini koʻtarib kirib kelgan yigitni esladi-yu, fikridan qaytdi. U ham bu qiz uchun shunchaki laganbardorlik qilishga urinayotgan kimsalardan biri boʻlib koʻrinishni istamadi. Umuman, undan butunlay uzoqroq yurgani yaxshi.
Kutganidek, Sofiya qoʻlidagi yuki bilan uzoq turmadi. Uning yonidan oʻtib ketganida, qimmatbaho mashina maktab yonida toʻxtagani va qiz unga chiqayotganiga koʻzi tushdi. Yana oldiga oʻgirilganida esa bir toʻda yigitlar uning yoʻlini toʻsdi. Farhod ularga tikilar ekan, yigitlar u bilan bir xil ust-bosh kiyib olganidan ular ham shu maktabda oʻqishini tushundi. Lekin, hech biri yangi sinfdoshlari emasligini yaxshi bilardi. Demak, bular parallel sinfda oʻqiydi. Lekin, hozir uning yoʻlini toʻsishdan maqsadlari nima ekanligini tushunmadi.
– Demak, yangi oʻquvchi sensan? – Farhodni bir chetga tortib, koʻzga tashlanmaydigan burchakka oʻtib olganidan soʻng, sinovchan tarzda unga boshdan oyoq tikilar ekan, soʻradi bittasi. Boshqalardan ajralib turgani va oʻzini ancha erkinroq tutgani sabab bu ularning toʻdaboshisi ekanligini anglash qiyin emasdi.
– Ha, – hech qanday oʻzgarishsiz, qisqa tarzda javob berdi Farhod.
– Isming nima?
U ham bu yigitning masxara aralash savoliga savol bilan javob qaytardi:
– Oʻzingnikichi?
Buni eshitgan yigit kulib, yonidagilarga qarab qoʻydi.
– Dadilman degin? – qoʻllarini choʻntagiga tiqib olgancha, yaqinlashdi u, – mayli, hechqisi yoʻq. Bir marta qoʻlimizdan tarbiyalanib chiqsang, hammasini eslab qoladigan boʻlasan.
– Seni eslab qolishni xohlaydi deb oʻylaysanmi?
Farhod uning qarshisidagi mushtumzoʻrning koʻzlariga zarracha qoʻrquvsiz tik boqar ekan, ortga chekinish haqida oʻylamasdi. Chunki, bundaylarga bir bora seni oyoq osti qilishlariga yoʻl qoʻyish, butun umring davomida boshingga chiqib olishlariga ruxsat berish deganidir. Shu sababli, hammasini oʻz vaqtida hal qilgan va bitta muammodan choʻzmasdan qutulgan yaxshi.
– Laziz, bolada "дух" vagonmi-a? – ortidagi sheriklari ham ular yoniga yaqinlashdi, – boshqachasiga gaplashib qoʻymasak boʻlmaydiganga oʻxshaydi.
Laziz shunday deya kutilmaganda Farhodning yoqasidan oldi:
– Ey, menga qara va gaplarimni yaxshilab eshit. Agar bu yerda tinch yurishni istasang, men chizgan chiziqdan chiqmasliging kerak. Yoqsa, eski maktabingdan ketganingga pushaymon boʻlishing mumkin. Gapimni tushundingmi?
Farhod uning barcha tahdidlarini eshitmagandek, jiddiy va qatʼiy ovozda buyurdi:
– Qoʻlingni tort.
– Tortmasam nima boʻladi? - yana iljaydi Laziz. Soʻngra, kutilmaganda uning biqiniga musht tushurdi. Farhod ogʻriq sezsa ham, yuz ifodasini oʻzgartirmaslikka va joyidan qimirlamaslikka urindi. Yillar davomida sinov tariqasida, sport murabbiyidan har kuni zarba yeb kelgan yigit uchun Lazizning mushti unchalik jiddiy zarar bermadi. Murabbiyi har kun mashgʻulotlarni tugatish oldidan barcha yigitlarning qorin mushaklarini mustahkamlash uchun biqinidan zarba berar, agar kimdir ingragudek boʻlsa, yoki yuzini burishtirsa, ikkinchi marta zarba qabul qilib olardi. Bu azoblar bekorga ketmaganiga esa hozirgidek vaziyatlarda Farhod koʻp bora amin boʻlgan.
Laziz mushti kutganidek yumshoq biqinga emas, qattiq narsaga borib urilganidan bir zumga hayratlandi. Soʻngra, raqibi qilt etmaganini koʻrib keyingi zarbani yuziga tushirmoqchi boʻldi. Biroq, bunga ulgurmadi. Farhod undan epchilroq chiqib qoldi. Lazizning qoʻli uning yuziga yetib bormasidan, tezda chap berishga ulgurgan yigit, javob zarbasini urishga ham fursat topdi. Bu zarba Laziznikiga qaraganda ancha kuchliroq va aniq chiqdi. Buni Farhod qarshisidagi yigit qaddini tiklab, qonayotgan burniga qoʻlini tekkizib koʻrayotganda bildi. Biroq, shunga qaramay, ikkinchi zarba bilan ham uni siylashni kanda qilmadi. Doʻstining ahvolini koʻrgan sheriklaridan bittasi esa oʻylab ham oʻtirmasdan yordamga oshiqdi va Farhodni koʻylagidan qattiq tutgancha, bir chetga tortdi. Ammo, u ham zarbasini ijro etishga ulgurmadi. Farhod tezda uning havoga koʻtarilgan qoʻlini tutib, ortiga qayirdi. Bu yigit esa ogʻriqdan baqirganidayoq, Lazizdan farqli oʻlaroq, ancha chidamsizligi bilindi.
Shu payt, boshqa yigitlar ham Farhod tomonga bostirib kela boshlaganida, sheriklaridan biri havotir bilan baqirdi:
– Moʻylov kelyapti!
Buni eshitgach, mushtumzoʻrlarning bari janjal haqida unutib, xuddi arvohni koʻrgandek joʻnab qolish taraddudiga tusha boshlashdi. Ular Lazizni ham oʻzlari bilan yetaklab, maktabning ikkinchi kichik darvozasi tarafdan, hech kimga sezdirmay ortga qayib ketishdi. Farhod bunchalik qoʻrquvga sola olishi mumkin boʻlgan kimsa kim ekanligiga qiziqib, ortiga qarar ekan, maktabdan chiqayotgan katta yoshdagi erkakga koʻzi tushdi. U oʻqituvchilarga xos tarzda kiyinib olgan boʻlib, oʻrtacha qalinlikda moʻylov qoʻyib olgandi. Farhod bu odamni ilk bora koʻrayotgan boʻlsa ham, ancha qattiqqoʻl ekanligini va hozir bu yerda nima boʻlayotganini koʻrib qolsa, barchaga yaxshigina muammo keltirib chiqarishini angladi. Lekin, ayni dam bu odam bu tomonga oʻgirilib ham qaramasdan, oʻz mashinasi tomon yoʻnaldi. Farhod ham fursatdan foydalanib, yana ortiqcha mash-mashalarga yoʻliqmaslik uchun tezda uyiga qaytishga shoshildi. Yoʻl-yoʻlakay mahallasiga yaqin boʻlgan maktabdan singlisini olib oʻtishni ham unutmadi.
Uyga kelib, kiyimlarini alishtirgach, doimgidek, onasi muzlatkichda qoldirgan ovqatni isitishga qoʻydi. Singlisi qornini toʻydirgach televizor qarshisiga, Farhod esa idishlarni yuvish uchun oshxonaga yoʻnaldi. Bu kabi uy ishlari u uchun hech qanday qiyinchilik tugʻdirmasdi. Aksincha, onasi farzandlarini deb kun boʻyi ishda band boʻlgani sabab hech boʻlmaganda shu yoʻl orqali unga yordami tegishiga umid qilardi.
"Oz qoldi, tez orada jiddiy hayotga qadam qoʻyaman va onamni boshqa sarson boʻlishiga yoʻl qoʻymayman" oʻylardi u doim. Bu uchun esa hozirda qilishi mumkin boʻlgan yagona ish – berilib oʻqishi ekanligini ham yaxshi tushunardi. Shu sababli, Farhod hech qachon oʻziga bekor qolishga imkon bermas, garchi istamasa ham, u uchun foydali deb bilgan ishiga majburan boʻlsa ham qoʻl urardi. Masalan, oʻzi yoqtirmaydigan fanlardan ham hech qachon yomon oʻqimas, vaqti ketgan narsa borki, oʻsha narsada mukammal boʻlishi lozim deb hisoblardi.
– Xoʻsh, yangi maktabing qalay, semga yoqdimi? - kechqurun ishdan qaytgach, stol atrofida ovqatlanishar ekan, soʻradi oyisi.
– Yomonmas, - nigohini oldidagi taomdan uzmasdan, javob berdi Farhod, – maxsus fanlar chuqurroq oʻrgatilishi va sinfdoshlarim badavlat oila farzandlari ekanligini aytmaganda, eski maktabimdan deyarli farq qilmaydi.
Onasi esa kutganidek, doimgi gapini takrorladi:
– Bu maktabning shahodatnomasi bilan istagan universitetiga kirishing osonlashadi
– Universitetga kirish uchun oʻz bilimim yetarli ekanini yaxshi bilasiz. Buning uchun qandaydir nomdor maktabga millonlar toʻlashingiz shart emasdi.
– Yana shu gapmi? – qoshlari chimirlidi onasining, – Bu tomoni bilan ishing boʻlmasin. Seni shu maktabda oʻqishingni istayapmanmi, demak oʻqishing uchun pul toʻlashga qurbim yetadi. Agar oʻz oʻgʻlimni kelajagini taʼminlay olmasam, nega ishlab yuribman?!
Bu suhbat ham avvalgilaridek yakunlanishini tushungan Farhod boshqa hech nima demadi. Chunki, ular oldin ham bu mavzuda bir necha marotaba bahslashgan va bu bahslarning oxiri doim onasining jahli chiqishi bilan tugagandi. Shunday ekan, hozir ham yana bu mavzuni koʻtarishning foydasi yoʻq.
Ovqatdan soʻng, idishlarni oʻzi yuvib qoʻyishini aytsa ham, onasi unamay, uni darsini qilish uchun xonasiga borishini tayinladi. Bugun singlisi ham onasiga yordamlashayotganini koʻrgan Farhod, noiloj xonasiga qaytdi va ertangi fanlarga tayyorlanishni boshladi.
Ertalab maktabga kelgach, dars boshlanguncha maktabni aylanib chiqishga qaror qildi. Hali vaqt erta boʻlgani sabab oʻquvchilar endi kirib kelishar ekan, Farhod asta yurgancha sport zali, fan xonalari va boshqa joylarni oʻrganib borardi. Shunda nogoh derazaga qaradi va maktab darvozasidan kirib kelayotgan Sofiyaga koʻzi tushdi. Negadir oʻzi sezmagan holda deraza yonida toʻxtab, qizni kuzata boshladi. Bu mallasoch shahdam qadamlar bilan yurib kelar ekan, kirish eshigi yaqinida bir guruh boʻlib turgan yigitlar tomonga yoʻnaldi. Farhod bu qizning hech nimadan tap tortmasligini tushunib ulgurgani sabab, unchalik hayron boʻlmadi. Biroq, ayni paytda Sofiya nimagadir qatʼiy jurʼat qilganga oʻxshar, Farhod esa kecha doʻpposlagan parallel sinfdagi bezorilar bilan uning qanday ishi borligini tushunmasdi. Kim bilsin, balki, Sofiya ular bilan yaxshi munosabatdadir?
Biroq, Sofi ularga yaqinlashib, nimanidir gapirishi bilan, ularning yuzidagi istehzoli tabassum yoʻqolganini Farhod juda yaxshi koʻrdi. Sofi esa qoʻlida telefonini Lazizga qaratib, nimalarnidir koʻrsatar, ular Farhod turgan derazaga roʻparasida sodir boʻlayotgani sabab, qizning yuzida takabburona ifoda oʻynayotganini koʻrib turardi. Ular orasida nima boʻlayotganini oʻzi ham bilgisi kelsa ham, shuncha tomosha qilgani yetarli deya hisoblab, sinfga qaytishni maʼqul koʻrdi. Sinfga kirganidan keyin, u bilan gaplashishga jurʼat qiladigan yagona sinfdoshi Aziz uning qarshisiga chiqib koʻrishdi. Soʻngra, qandaydir ish bilan sinfdan chiqishayotganida, eshikdan kirib kelgan Sofiya ularning qarshisiga turib oldi. Bu qiz Azizga eʼtibor ham qilmay, boshini biroz egib olgancha, toʻgʻridan toʻgʻri Farhodning yuziga tikila boshladi. Nimanidir tekshirayotganini tushunsa ham, Sofiyaning tiniq osmonni eslatuvchi moviy koʻzlari ich-ichidan oʻtib ketgudik qarashi oldida oʻzini noqulay seza boshladi. Shu sababli ham, birdan oʻziga kelib, vaziyatdan chiqish uchun soʻradi:
– Nima qilyapsan?
– Soch turmaging qaysi tosh asridan qolganini bilishga urinyapman, - hech ikkilanishsiz dedi qiz. Sofiya uning sochiga emas, yuziga tikilgani va bu harakati bilan umuman boshqa maqsad koʻzlaganini esa ikkisi ham yaxshi bilib turardi. Ammo, ortiq gapni choʻzib oʻtirishni istamagan yigit yana qizni chetlab oʻtib, bu safar ham bir soʻz demasdan yoʻlida davom etdi. Negaki, u chindan ham bu balo qazo uyasi boʻlgan erkatoy bilan pachakilashib oʻtirishga xushi yoʻq edi. Biroq, bu kun ham umid qilganidek sokin oʻtmadi...
Matematika darsida Farhod juda oson deb bilgan tenglamani Sofiya yechib bera olmaganini koʻtib, kulgisi keldi. Aftidan, bu dimogʻdor qiz koʻringanidek hamma narsada ham ilgʻor emasdi. Oʻqituvchi Sofini toʻxtatib, doskaga boshqa oʻquvchi chiqishini soʻraganda, butun sinf suv quygandek jim qolganini koʻrib, Farhod koʻzlariga ishonmadi.
"Nahotki, shunchalik nufuzli maktabning bitiruvchilari orasida shu qadar oson tenglamani yechib bera oladigani topilmasa?!" - oʻyladi u.
Soʻngra, ilk darsdan maqtanishni istamagan boʻlsa ham, boshqa hech kim qoʻl koʻtarmasligini tushunib oʻzi oʻrnidan turdi. Soʻngra, doskaga chiqib, tenglamani tushuntirar ekan, koʻz qiri bilan yonidagi qizga nazar tashladi va Sofiya yozilayotgan sonlarga emas, yigitning oʻziga yeb qoʻygudek tikilayotganini koʻrdi. Shu sabab boshqa u tarafga qaramay, ishida davom etdi. Tenglamani javobini yozib boʻlgach, oʻqituvchining mamnun tasdigʻidan keyin joyiga qaytar ekan, Aziz ham unga gʻalati qarab, bosh chayqab qoʻyganini koʻrib chinakamiga hayron boʻldi.
– Nima?
– Kechagina bu qiz bilan bahslashish niyyating yoʻqligini aytganingda gapingga chindan ishongandim.
– Hali ham shunday, men rost gapirdim.
– Unda bu nima? - kulgancha doskaga boshi bilan imo qildi Aziz. Farhod boʻlsa, hamon hech nimaga tushunmasdi:
– Nimani aytyapsan?
– Tushunaman, sen bu fandan chinakamiga bilimlisan va bu kabi narsalar sen uchun hech nimamas. Lekin, hozirgi harakating, boshqalar, toʻgʻrirogʻi Sofiya uchun ochiq jangga chorlov deb hisoblanadi.
– Nimalar deyapsan, yana qanaqa jang?!
– Nima deb oʻylaysan, butun sinf rostan ham shu oddiy tenglamani yecha olmagani uchun jim oʻtirdimi?
Farhod indamadi. Aziz esa oʻqituvchi eshitib qolmasligi uchun u tomonga biroz boshini egib, davom etdi:
– Aslida, Saida Qodirovna boshqa odamni chaqirib, Sofiyani hamma oldida izza qilmoqchi edi. Sinfdagilar buni tushungani sabab, hech kim tajriba quyonchasi boʻlishni istamadi. Sen esa hech narsadan bexabar unga bu ishda yordam berding. Endi Sofi seni hech ham tinch qoʻymaydi.
Aziz shunday deya oʻqituvchi ular tarafga qaraganini sezib, hech nima boʻlmagandek, gavdasini tikladi va doskadagilatni daftariga koʻchirishga tushdi. Farhod esa, bir nuqtaga tikilgancha, eshitganlarini xayol qildi. U endigina hammasini tushuna boshlagandi: sinfdagi sukunat, hammaning unga gʻalati tikilgani va Sofiyaning jahl bilan qarashi. Chindan ham, bu safar qovun tushirib qoʻygan koʻrinadi.
Keyingi darslar ham sarguzashtlarsiz oʻtmadi. Ona tili oʻqituvchisining gʻazab bilan sinfdan chiqib ketganidan keyin, Farhod bu maktabda hech qaysi kun odatdagidek, tinch oʻtmasligiga ishonch xosil qildi. Oqibatda esa, sinf rahbari norozi kayfiyatda kirib kelib, joylarni alishtira boshladi. U bularning bariga beparvolik bilan qaragancha, bir chetda turdi. Umuman, oʻqituvchi uni kim bilan joylashtirishining Farhodga deyarli ahamiyati yoʻq edi. Azizni Farangiz ismli qiz bilan oʻtqizib qoʻyishganida ularning yuz ifodasini koʻrib kulgidan oʻzini zoʻrgʻa tiyib qoldi. Biroq, bu kulgu koʻpga choʻzilmadi, Sofiya va Farhod ismlari birga yangraganida, oʻzining ham yuz ifodasida Azizdan hech qanday farq yoʻqligiga ishonchi komil edi. Farhod bu qarordan juda mamnun boʻlmasa ham, hech nima demay oxirgi partaga yoʻl oldi. Chunki, uning oʻrniga ham Sofiya qarshilik bildirishiga va ikki dunyoda ham uning yoniga kelib oʻtirmasligiga ishonchi komil edi. Biroq, barcha umidlarini puchga chiqarib, oʻqituvchining yana bir buyrugʻini takrorlashidan soʻng Sofiya jimgina u tomon qarab kela boshladi. Farhod bu safar chinakamiga lol qoldi. Ammo, qiz yaqinlashganida uning lablarida bir zumga oʻynagan ayyoron kulgini koʻrib, u yana nimanidir reja qilayotganini tushundi.
"Mana senga osuda oʻquv yili, Farhod. Mazza qilib rohatlan" – ichida oʻzini oʻzi mazah qilib qoʻydi.
Sinf rahbari chiqib ketgach, Sofiya Farhodga eʼtibor ham qilmasdan, telefoniga kelgan xabarni oʻqish uchun oʻrnidan turdi va yana Aziz bilan bahslashishga tushgan dugonasini sudrab chiqib ketdi. Ular faqat qoʻngʻiroq chalinib, oʻqituvchi sinfga kelganidan keyingina qaytib kelishdi. Ikkalasi ham sinfga kirishi bilan, Farhodga gʻalati qarashar, bechora yigit esa yana nima qilgnini tushunmay hayron edi.
– Ey, – joyiga kelib oʻtirgan Sofi turtdi uni bir payt, –sen avval qandaydir sport bilan shugʻullanganmisan?
Kutilmagan bu savoldn Farhod hayron boʻldi:
– Nima edi?
Sofiya esa javob oʻrniga bezbetlarcha uning gavdasini sinchiklab kuzata boshladi. Qarashidan, qiz uning kiyimlari jon deb yechib koʻrib, ostida nima borligini tekshirishga ham tayyordek koʻrinardi.
– Nega buncha tikilding? – gʻashi keldi uning, – Agar qarab toʻymayotgan boʻlsang, suratimni berishim mumkin.
Bu gapdan keyin Sofiya yan ayyoron jilmaydi:
– Mayli, ber. Oʻsha suratingni gilamchaga soldirib, eshigim ostiga tashlab qoʻyaman. Har kirganda poyafzalimni aftingga artib rohatlanishim uchun.
Farhod bu qiz bilan odmga oʻxshab gaplasha olmasligini tushunib sovuq nafas oldi. Soʻngra, anchadan beri aytishni rejalashtirayotgan gaplarini soʻzlashga tushdi:
– Menga qara, bu yerga kelib sen bilan dushmanlik qilish niyyatim yoʻq. Sen ham meni tinch qoʻy. Bu oʻyinlaringda qatnashishni hech ham istamayman.
– Endi kech, – Sofi tirsagini stolga tirab, iyagiga kaftini qoʻyib olgancha unga oʻgirildi, – sen allaqachon oʻyindasan. Men ilk kelganingdayoq bu oʻyinni taklif qildim, sen esa qarshilik qilmading. Shunday ekan, istaysanmi, yoʻqmi, oxirigacha chidashga majbursan. Axir, qizgʻi endi boshlanadi.
– Men tinchgina oʻqish uchun bu yerdaman. Senga oʻyinchoq boʻlish uchunmas.
– Xavotir olma, ikkisi bir-biriga halaqit bermaydi, - yana asabga tegadigan tarzda iljaydi Sofiya. Farhod qanchalik oʻzini bosishga urinmasin, bu qiz uni quyushqondan chiqarish uchun har qanday yoʻldan foydalanar, garchi qanchalik yashirganiga qaramay, bu esa asta-sekin oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmayotgandi.
– Aytgancha, mushtlashishing yomonmas, – goʻyo eng ahamaiyatsiz narsani aytib oʻtgandek, yozayotganida qoʻshib qoʻydi Sofiya.
Farhod unga hayrat bilan qaradi:
– Sen qayerdan bilding?
– Lazizni urganing maktab kamerasiga tushibdi. Direktor seni darsdan keyin xonasiga kirishingni tayinladi.
Farhod buni eshitib dami ichiga tushib ketdi. Chunki, shaxsan direktorning oʻzi bu masalaga aralashishi yaxshilikdan dalolat emasdi.
"Endi nima boʻladi? Agar...onasiga xabar berishsa-chi?!"
Qilgan ishiga ming bir pushaymon boʻlgancha, darsdan soʻng direktorning xonasiga keldi. Kotibasi ruxsat soʻrab chiqqach, kirishga izn berar ekan, eshikni taqillatishdan oldin, oʻylagan gaplarini xayolida takrorlab oldi.
– Kiring, – ovoz yangradi ichkaridan.
Farhod ichkariga kirib salom bergach, biroz jim qoldi. Ammo, sochlariga oq oralay boshlagan bu kishi, uning oʻzi gap boshlashini kutgandek, savol nazari bilan boqayotganini koʻrib, asta soʻzlay boshladi:
– Men Shokirov Farhod. 11 - "A" sinfiga yangi kelganman.
– Bilaman, Farhod. Seni juda yaxshi eslayman, – mayin ohangda taʼkidladi maktab rahbari. Farhod esa bu kesatiq deb oʻylab, yana davom etdi:
– Bilasizmi, kecha boʻlgan voqea...aslida, men buni istamagandim. Ular oʻzlari...
– Tushunmadim?
– Siz kamerada koʻrgan narsa...
– Qaysi kamera? - hayron boʻldi direktor.
– Maktab darvozasi tashqarisidagi...
– U yoqda kameralar yoʻq.
– N-nima? - bu safar Farhod hayratda qoldi. Soʻngra, asta sekin hammasini anglashga tushdi.
"Sofiya!"
– Men haligi, - shu yerni oʻzida bahona toʻqishga tushdi u, – maktab tashqarisidagi ekilgan gullarni bilmay bosib yuboribman. Kecha doʻstlarim hazillashib meni turtib yuborishgandi. Shuning uchun, uzr soʻragani keldim.
Shu soniyalarda oʻylab topgan yolgʻoni qanchalik ahmoqona tuyulmasin, shu yoʻl bilan vaziyatdan chiqib ketishga urindi. Aftidan, direktor ham bunga ishondi shekilli, yengil kulib qoʻydi.
– Gullar degin, men oʻylabmanki, ilk kundayoq kim bilandir mushtlashib yuribsan deb.
Farhod direktorning koʻziga tik qarashga jurʼat etmay jim turdi. Goʻyo, hozir kimdir uning yolgʻonini sotib qoʻyadigandek, nafasini ham ichiga yutdi.
– Mayli, hechqisi yoʻq. Keyingi safar ehtiyot boʻl.
– Xoʻp boʻladi, – Farhod shunday deya, direktorning ruxsati bilan bu yerdan joʻnab qolishga urindi. Yoʻlak boʻylab borar ekan, unga bu tuzoqni qoʻygan oʻsha telba qizni adabini berishga qatʼiy qaror qilgandi.