Kuz.

Kuz.

Muni

Sinfga kirayotganimda esa, qarshimda ichkaridan chiqayotgan Aziz va Farhodga toʻqnash keldim. Azizni oʻtkazib yuborib, yangi sinfdoshimizga kelganda qarshisiga turib oldim. U bo'yi uzunligidan boshini biroz egib menga hayron tikilganida, uning yuzida kechagi voqealardan qolgan qandaydir musht izlarini qidirdim. Ammo, chindan ham aftida hech qanday koʻkarish yoʻq boʻlib, kimningdir qoʻli tekkanga oʻxshamasdi. Bu bir tarafdan hayron qoldirsa ham, ichimdan biroz xursand edim. Demak, endi oʻzim unga ilk zarbani bera olaman. Bu esa jismoniy zarba boʻlmaydi, albatta.

– Nima qilyapsan? – soʻrab qoldi Farhod.

Shundagina endigina sinfga kirib kelib, oʻz oʻrniga joylashayotgan boshqa oʻquvchilar ham bizga qiziqish bilan qarayotganini sezdim. Biroq, bu meni hech qanaqasiga havotirga solmas, chunki, ulardan hech biri menga nimadir deyishga botina olmasligini yaxshi bilardim. Farhodga esa uning ahvolini tekshirayotganimni tabiiyki, aytish niyyatim yoʻq edi.

– Soch turmaging qaysi tosh asridan qolganini bilishga urinyapman.

Bu javobimdan soʻng u yana hech qanday eʼtirozlarsiz nigohini uzib, goʻyo hech nima boʻlmagandek, yoʻlida davom etdi.

Men ham bu qiliqlarimni birinchi bora qilmayotganim sabab, hotirjam tarzda oʻz joyimga kelib oʻtirdim. Doimgidek, mendan oldin kelib olgan Farangiz bilan salomlashar ekanman, soʻradim:

– Xoʻsh, kechagi voqea haqida qandaydir yangilik eshitdingmi?

Farangiz qoʻlidagi telefonida koreys qoʻshiqchi guruhi yigitlarining yarim yalangʻoch tanasi koʻrsatilgan lavhalardan iborat videolarni koʻrib oʻtirar ekan, nigohini ekrandan uzmasdan soʻradi:

– Farhod bilan Laziz mushtlashgani haqida?

– Ular mushtlashibdimi? – nihoyat, u men tomonga hayrat bilan oʻgirildi.

– Uff, – yuzimni burishtirdim unga qarab, – qanday dugonasan oʻzi? Hech foydang tegmaydi.

Farangiz esa doim mendan bu gaplarni eshitib oʻrganib kegani uchunmi, yelka qisib qoʻygancha, qaytadan sevimli aydolining ekrandagi raqsiga eʼtiborini qaratdi. Bu qiz soʻnggi yangiliklarni yetkazish uchun eng yaxshi variant emasligini tushunganim bois, yon tomonimizda endigina sinfga kirib kelgan Ruhshonaga oʻgirildim va koʻrsatkich barmogʻim bilan uni yonimga imladim. Salomlashish belgisi sifatida qoʻlini siqib qoʻyar ekanman, tezda maqsadga oʻtdim va Farangizga bergan savolimni takrorladim.

– Aniq bilmayman, lekin, chindan Farhod ham oʻz haqqini qoldirmagan koʻrinadi. Kecha Lazizni burnini qonini tozalash uchun yuvinish xonasiga kirib ketayotganini koʻrishibdi. Menimcha, uni sinfdoshlari hammasini bilishadi, lekin Lazizdan qoʻrqqani sabab hech nima deyishmayapti.

– Hmm...shunday degin. Mayli, joyingga boraver.

Bu gaplar meni bir zumga oʻylantirib qoʻydi. Biroq, haqiqatni oxiriga yetmaguncha xulosa qilishga shoshilmadim.

– Uni nima deganlarini eshitdingmi? Shu botanik Lazizga kuchi yetganiga ishongim kelmayapti, – qaytadan dugonamga oʻgirildim.

– Balki, rostdir. Biz hali Farhod haqida hech nima bilmasak.

– Rostini bilish uchun parallel sinfdan kimnidir soʻroqqa tutib koʻrish kerak.

– Ana, Sharifdan soʻra. U jon deb senga hammasini aytib beradi. Bitta xabar yozsang bas, – taklif qilib qoldi u.

Men esa bu yaxshi fikr ekanligini inkor eta olmadim:

– Toʻgʻri aytasan.

Shundan soʻng, tezda qoʻlimga smartfonimni olib, umumiy maktab chatidan kerakli kontakni izlay boshladim. Ammo, Sharifnikini topishni eplay olmadim.

– Jin ursin, qani oʻzi u?

Farangiz men tomonga egilib, uzun oʻquvchilar roʻyxati ustidan barmoqlarini yurgizgancha, avatariga qandaydir anime surati joylanganida toʻxtadi.

– Mana u.

Uyogʻiga, oʻylanib oʻtirmay, boʻlgan voqea haqida nimadir bilsa aytishini soʻrab, tezda unga xabar yozib yubordim.

Birozdan keyin qoʻngʻiroq chalinib, darslar boshlandi. Ilk oʻtiladigan fan matematika boʻlib, dars oʻtadigan oʻqituvchimiz butun maktabdagi oʻquvchilarini har oʻquv yili davomida oʻzini igna ustida yurgandek his qilishga majbur qildira oladigan odam edi. Negaki, aynan uning qattiqoʻlligi sabab koʻpchilik sinfidan qolib ketar yoki doimiy past baholar olishar, hatto maktabning eng koʻzga koʻringan bilimli oʻquvchilari ham bu ayol bilan chiqishib keta olmasdi. Afsusuki, shu jumladan men ham.

Bu o'qituvchining fanidan qanchalik yaxshi oʻqima, u doim birorta kamchilik topib bera olar, toʻgʻrirogʻi, bu ayolning avzoyini koʻrganda bilgan narsangni ham unutib yuborishing mumkin edi. Goʻyo, oʻquvchilar qandaydir kechirib boʻlmas ayb qilgan-u, oʻqituvchimiz buning uchun bizdan qasd olishga kirishgandek.

– Xoʻsh, hurmatli oʻquvchilar, darsni boshlashdan oldin, doimgidek, yil boshidan sizlarni ogohlantirib qoʻymoqchiman. Meni yaxshi bilasiz, men qoʻygan talablarga javob bermaganlar bilan maydalashib oʻtirmayman. Agar, shu yil matematikadan yaxshi baholar olib, ortiqcha muammolarsiz maktabni tugatishni istasangiz, bu fanni chuqur oʻrganing. Sizlardan doim talab qilib keladigan asosiy narsam shu. Hammmangiz meni yaxshi bilasiz, men ham sizlarni necha yildan beri taniyman. Lekin...orangizda yangi oʻquvchi ham borga oʻxshaydi, – oʻqituvchimiz shunday deya oxirgi parta tarafga qaradi, – Xoʻsh, oʻzingni tanishtirchi?

Farhod oʻrnidan turar ekan, oʻzi haqida juda qisqa tanishtiruv qildi:

– Ismim – Farhod, familiyam Shokirov. Shu paytgacha shahardagi oddiy maktabda oʻqiganman. Bu yil esa ota-onam meni shu maktabga koʻchirishga qaror qildi.

– Tushunarli. Mayli, joyingga oʻtir.

Oʻqituvchimiz boshqa savol bermay, darsini tushuntirishga kirishdi. Ilk mavzu boʻyicha, oʻtgan yilgi dasturdan barcha oʻrganganlarimizni qisqacha eslab oʻtar ekanmiz, darslikda shu mavzularga doir turli masalalar berilgandi. Oʻqituvchimiz Saida Qodirovna doimgidek, bularni biz yechib berishimiz kerakligini aytib, doskaga chaqirish uchun sinf roʻyxatini ochdi. Men esa hozir kimning ismi yangrashini allaqachon bilib boʻlgandim.

– Aliyeva, – koʻziga qoʻngan koʻzoynagi ustidan men tomonga qaradi u, – doimgidek, sinf sardori va roʻyxatdagi ilk oʻquvchi sifatida oʻzing boshlab berasan.

Men hech nima demay, qoʻlimga kitobimni olgancha, oʻrnimdan turdim va doska tomon yoʻnaldim. Shu bir nech soniya ichida esa miyyamda oʻtgan yildan qolgan matematikaga doir barcha kerakli bilimlarni eslashga urindim. Garchi, Saida Qodirovnadan boshqalar kabi qoʻrqmasam ham, uni oldida izza boʻlishni aslo istamasdim.

Berilgan mashqdan ilk tenglamani yechib koʻrsatganimdan soʻng, oʻqituvchi yozganlarimga bir koʻz yugurtirdi va qoshlarini chimirgancha dedi:

– Aliyeva, men necha marta aytganman, biror narsani doskaga chiqib yozganda doim ogʻzaki tarzda ham tushuntirib boringlar deb. Sen nega tilingni yutib yuborgandek jim turding?

Endi javob qaytarishga ogʻiz juftlagan edimki, u yana buyurdi:

– Keyingisini ham yoz.

Qodirovnaning bu feʼli bizga tanish boʻlgani sabab, jahl qilmaslikk urinib, keyingi tenglama shartini doskaga koʻchira boshladim. Soʻngra, oʻzim bilgan uslubda ishlashga kirishar ekanman, yana oʻqituvchining keskin ovozi meni toʻxtashga majbur qildi:

– Xato!

Yana nima qilganimga tushunmay, u tarafga oʻgirilar ekanman, u bu safar yanada battaroq jahl bilan tikilayotganini koʻrdim.

– Bu nimasi, Aliyeva?! Men sizlarga oʻninchi sinf davomida shuncha vaqt nimani tushuntirganman?! Bu tenglama shu usulda yechilarmidi?!

Soʻngra, matematikachimiz goʻyo menga gapirishdan naf yoʻq degandek, boshqa oʻquvchilar tomon oʻgirildi:

– Kim chiqib shu masalani yechib bera oladi?

Butun sinf suy quygandek jim-jit edi.

"Qani, birortang meni xatoyimni toʻgʻirlab maqtanishga urinib koʻr-chi?"

Hech kimdan sado chiqmaganiga qaraganda, bu yaxshi fikr emasligini sinfdoshlarim yaxshi tushunib boʻlgandi. Ammo, jimlik uzoqqa choʻzilmay, orqa tomondan ovoz yangradi:

– Men.

Beixtiyor nigohimni mening keyingi oʻljam kim boʻlishini bilish maqsadida oʻsha tarafga burdim. Taassufki, ayni shu payt aqlliligi bilan maqtanishga jurʼat qilgan odam allaqachon men moʻljalga olib boʻlgan insonlardan biri edi.

Oʻqituvchi unga bosh irgʻab ruxsat bergach, Farhod shoshmasdan doskaga yaqinlashdi va boʻrni qoʻliga olgancha, bir soniya tenglamaga qarab oldi va lablariga sezilmas kulgu yugurdi. Keyin esa oʻsmir yigitlarga xos yoʻgʻonlashgan ovozi bilan past ohangda yozayotganlarini tushuntirdi:

— Bu juda oson, — dedi u xotirjamlik bilan, – Avval tenglamaning chap tomonini soddalashtiramiz. Birinchi qadam – umumiy ko‘paytuvchini ajratib olish. Bu yerda umumiy ko‘paytuvchi ikkiga teng. Yozamiz...

Sinfdagilar bizga qarab jim-jit boʻlib qolgan, hech kim qimirlamasdi. Farhod uzun barmoqlariga boʻrni qistirib, chaqqonlik bilan raqamlarni yozar va oʻzini bu dunyoda eng arzimas va oson ishni qilayotgandek tutardi. Men esa oʻzim sezmagan holda, vaqtdan foydalanib, unga yaqinroqdan tikilib qoldim. Bu botanik aslida unchalik ham xunuk emasdi. Aksincha, yuz tuzilishi va butun gavdasi yon tomondan ham kelishgan boʻlib koʻrinardi.

— Endi kvadrat tenglamani yechamiz. Buning uchun diskriminantni topishimiz kerak, — u bir lahzaga toʻxtadi, goʻyoki sinfdan yoki mendan qandaydir qoʻahimcha qilinishini kutganday, ammo hech kim ovoz chiqarmagach, yana davom etdi. — Diskriminant formulasini eslaymiz, soʻngra, qiymatlarni qoʻyib chiqamiz...

Farhod shunday sodda va ravon tarzda tushuntirardiki, men ham, matematikaga unchalik usta boʻlmagan boʻlsam-da, bir narsalarni tushunishni boshlagandim.

— Demak, hisoblaymiz... Natijada diskriminant sakkizga teng boʻldi.

U shunday deya, tugatgani bildirish maʼnosida oʻqituvchi tomon yuzlandi. Qodirovna jarayon davomida doskadan koʻz uzmasdan tikilgani bois, uzoq oʻylab oʻtirmay janob "ajoyib oʻquvchi"ni maqtashga kirishdi.

– Hammasi toʻgʻri. Barakalla, oʻgʻlim, joyingga oʻtirishing mumkin.

Soʻngra, bu yerda mening ham borligim esiga kelgandek, soʻradi:

– Aliyeva, endi tushunarli boʻlgandir?

Hech nima demasdan, oʻz joyimga yoʻnaldim. Hamma Farhodga mendan qanday javob boʻlishiga qiziqgancha tikilib oʻtirganini sezsam ham, hozircha, shoshilmaslikni maʼqul koʻrdim.

Demak, vaziyatdan foydalanib, obroʻ ishlashga qaror qildingmi?! Oʻzingni men bilan tenglasha olishingga ishonyapman, degin? Hmm...nimayam derdim, bu yogʻi ancha qiziq boʻladiganga oʻxshaydi...

Oʻrnimga oʻtirgach, oʻqituvchi darsni davom ettirdi. Men esa qoʻlimda ruchkani asabiy aylantirib, rejalar tuzish bilan band boʻlib oʻtirar ekanman, bir payt Farangiz qulogʻim tagida pichirlab qoldi:

– Eshitdingmi, ustoz uni oʻgʻlim deb atadi.

– Eshitdim, – tishlarimni qisgancha, doskadan koʻz uzmasdan dedim. Saida Qodirovna hamma bilan qattiqqoʻl boʻlgani va shu paytgacha hech kimga bunday murojaat qilmagani sabab, bu jihat tabiiyki, faqat meni emas, boshqalarning ham eʼtiborini tortgani aniq edi.

Keyingi darslar ona tili va adabiyot boʻlib, ikkisi ham bir oʻqituvchi tomonidan oʻtilardi. Kirish qoʻngʻirogʻi chalinganidan koʻp oʻtmay, sinfga yigitlardan bir kirib kelar ekan, past ovozda dedi:

– Sham kelyapti.

U shunday deyishi bilan, eshikdan oʻqituvchi ayolning oʻzi kirib keldi. U uzun boʻyli va oq yuzli boʻlib, boshidagi jingalaksimon olovrang sochlarini tepadan yigʻib yurgani uchun, maktab oʻquvchilari tomonidan "sham" laqabini olgandi. Qanchalik qoʻpol tuyulmasin, bu laqab unga juda mos kelardi. Hatto, baʼzan ustozimizga qarab oʻtirib, bu laqabni eslash oʻzimga ham kulgili tuyulardi.

Ona tili oʻqituvchimiz Qodirovna kabi qattiqqoʻl emasligi sabab, hamma uning darsida oʻzini bemalol tutardi. Hatto, baʼzan bizni tinchlantirish uchun qiladigan dakkilari asabiy baqiriqlarga aylanib ketardi. Umuman, bizning sinf bilan chiqishib ketadigan va chinakam hurmatimizga muvaffaq boʻlgan oʻqituvchilar sanoqli boʻlib, "A" sinf oʻn birinchi sinflar orasida eng muammoli va bir vaqtning oʻzida eng bilimlisi edi. Shu sababli, oʻqituvchilar bilan qanday hodisa yuz bermasin, maktabimiz uning obroyi va boshqa maktablar orasida reytingini yuqori tutishiga sababchi boʻlib kelayotgan sevimli oʻquvchilaridan voz kecha olmasdi. Maktab rahbariyati oldidagi bu mavqeyimizni doim saqlab turish va parallel sinflar orasida eng yaxshisi boʻlish uchun esa kamina doim chin dildan harakat qilib kelardim.

Bugun ham, ilk darsi boʻlishiga qaramay, jonajon oʻqituvchimiz sinfdagi yigitlardan bir nechtasiga dakki berishga va agar oʻzini yigʻishtirib olmasa, direktorga xabar berishini aytib poʻpisa qilishga ulgurdi. Lekin, afsuski, bu qovoqboshlarga uning koyishlari ish bermadi va aksiga olib, oʻqituvchi bilan bahslashishga kirishishdi. Bundan gʻazablangan ona tili oʻqituvchimiz, yuzlari jahldan qizargancha, narslarini yigʻishtirdi-yu, shahdam qadamlar bilan xonani tark etdi. Aftidan, u hozir toʻgʻri direktor xonasiga yoʻl olgandi.

– Ahmoqlar! – kaftim bilan stolga ovoz chiqadigan darajada urib, jahl bilan orqa partadagi sinfdoshlarimga oʻgirildim, – Sizlarni deb hozir u bu yerga butun boshli maktab maʼmuriyatini boshlab keladi.

– Bizda ayb yoʻq. Oʻzing koʻrding-ku, oʻzidan oʻzi bizga yopishib oldi.

– Agar shaldiroq aravadek valdirashdan tinmayotgan jagʻingni biroz yopib oʻtirganingda, qolgan yarim soat tinch oʻtgan boʻlardi, – jahl bilan yeb qoʻygudek tikildim ularga.

Ammo, bu ikki telbadan biri, yaʼni Sarvar, beparvolik bilan kulib qoʻydi:

– Vahima qilaverma, u bizga nima ham qila olardi?

– Menga-ku, hech nima qila olmaydi. Ammo, seni deb sinfimiz nomiga qandaydir gap kelsa, ikkalangni ham bu sinfda qaytib oʻqimasligingni oʻzim taʼminlayman.

Ular norozi ohangda koʻz toʻntarib qoʻyar ekan, boshqa hech nima deyishmadi. Umuman, sinfdagi har bir oʻquvchi mening hozirgidek muomalamdan xafa boʻlmas, toʻgʻrirogʻi, yillar davomida bunga oʻrganib ketishgandi. Masalan, gʻazablanganimda yoki nimadandir norozi boʻlsam, sinfdan xohlagan yigitni yoniga borib uning boshidan shapaloq tushurishim, yoki qizlarga xohlaganimcha dakki berishim mumkin boʻlib, hech kim buni koʻngliga yaqin olmas va mendan xafa boʻlishmasdi. Negaki, ularning har biri aynan sinfimiz nafini koʻzlab bunday qilishimni yaxshi bilishardi.

Sinfdoshlarimni koyib tugatishga ulgurmasimdan eshik ochilib, xonaga sinf rahbarimiz va direktor oʻrinbosari kirib keldi. Bu degani – shoʻrimiz quridi!

Zulhumor Maqsudovna avvaliga janjal sababchisi boʻlgan ikkita toʻnkani direktor oʻrinbosari bilan birga uning xonasiga joʻnatib yubordi. Ular chiqib ketgach esa, norozi ohangda bizga oʻgirildi.

– Barakalla! – kinoyali ohangda gap boshladi u, – Yangi oʻquv yili kechagina boshlandi-yu, sizlar esa koʻz tegmasin, bugunni oʻzidayoq tomosha qoʻyishga ulgurdingiz! Nima yetishmaydi oʻzi sizlarga?!

– Ustoz, nega bizni urishyapsiz, – butun sinf nomidan doimgidek javob berdim men, – bu ikki ahmoq muammo chiqarsa, bizni ayblash toʻgʻrimi?

Shu payt sinf rahbarimizga gaplarim olovga moy sepgandek taʼsir qildi:

– Sofiya! Aslida, hisob soʻrashni sendan boshlashim kerak. Sen sinf sardorisan, bu yerdagi oʻquvchilarni tartibga solib turish va oʻqituvchilarga yordam berish sening vazifang emasmi?!

Har doimgidek, ohirida yana men aybdor boʻlib chiqdim. Bu ikki ablah qaytsin, oshqovoq kallarida yongʻoq chaqmasammi...

– Undan tashqari, bu ikki kun ichidan sizlardan tushgan yagona shikoyat bu emas! Boshqa oʻqituvchilar ham darslarda tartib saqlamayotganingizdan shikoyat qilyapti.

Zulhumor Maqsudovna shunday deya sinfga qarab bir zum jim qoldi. Soʻngra, deraza yoniga yaqinlashib, oʻzi chetga chiqar ekan, qatʼiy ohangda buyurdi:

– Hamma narsalarini yigʻishtirib, doskaga!

Avvaliga, bizni butunlay maktabdan koʻchaga haydab yuborishmoqchimi, deb oʻyladim. Ammo, ortiq oʻqituvchimizni asablari bilan oʻynashmaslikka qaror qilib, birinchi boʻlib oʻrnimdan turib uning aytganini qildim. Boshqalar ham joyidan qoʻzgʻalib, stol va stullar boʻm-boʻsh qolgach, sinf rahbarimiz hamon oʻsha jiddiy tarzda birin-ketin oʻquvchilarni oʻz tartibi bilan, qizlarni yigitlar bilan oʻrinlariga joylashtira boshladi. Sinfdagi yigirmata oʻquvchidan sakkiztasi qiz boladan iborat boʻlgani uchun, ikkita yigit baribir qiz bola sheriksiz qolishiga toʻgʻri keldi. Direktor xonasiga chaqirilgan ikki sinfdoshimiz uchun ham joy qoldirib oʻtishni unutmagach, ustozning nigohlari biz tomonga oʻgirildi. Hammasidan qizigʻi, doskada joyi belgilanmagan ikkita oʻquvchi – men va Farhod qolgandik. Jonajon sinf rahbarimizning miyyasida qanday oʻylar aylanayotganini bilmasdim, ammo, hozir u qanday qaror qabul qilishini tushunib ulgurgandim. Ammo, janob kelgindi goʻyo, bu unga zarracha qiziq emasdek oʻzini beparvo, hatto, yonida men mavjud boʻlmagandek tutardi.

– Farhod, sen oxirgi partaga, – birinchi qatordagi soʻnggi boʻsh partaga imo qildi Maqsudovna. U hech qanday eʼtirosiz joyiga oʻrnashgach, navbat menga yetdi.

– Sofi, sen Farhod bilan oʻtirasan.

Men bu buyruqni kutgan boʻlsam ham, hayronligimni yashirmadim.

– Nega? Menga oʻzimni oʻrnim ham maʼqul edi, – ikkinchi qatorning oxirgi partasida oʻtirgan Farangizga qarab qoʻydim.

– Matematika oʻqituvching bugun seni bilimingdan qoniqmayotganini aytdi. Bugundan, Farhod bilan birga oʻtirasan va u senga bu fandan qiynalgan mavzularingda yordamlashadi.

Bu gaplardan keyin, ustozimni maqsadini angladim. U nafaqat mening bilimim haqida, balki, yangi oʻquvchisini taqdirini ham qaygʻurardi. Chunki, Zulhumor Maqsudovna birinchi kundanoq uning "ideal oʻquvchi"siga qanday nafrat bilan qaraganimni juda yaxshi koʻrgan, endi esa shu yoʻl bilan bizni chiqishib ketishimizga umid qilayotgandi.

– Lekin...

– Eʼtirozga oʻrin yoʻq! – gapimni boʻlib, rad etishimga qoʻymadi oʻqituvchimiz, – Men shu sinf rahbari ekanman, aytganimni qilishga majbursan.

Shu payt nigohlarim oxirgi partadan menga ilk marotaba qiziqish bilan qarab oʻtirgan Farhodniki bilan toʻqnashdi. Menimcha, qanday javob berishim unda ham qiziqish uygʻotgandi. Aynan, shu nigohlar sabab, birdan miyyamga ajoyib fikr urildi va tezda oʻqituvchimiz tomon oʻgirildim:

– Mayli, siz nima desangiz shu.

Shunday deya, ayyorona jilmayib, dadil qadamlar bilan yangi partadoshim tomon yoʻnaldim. Butun sinf nigohlari ostida mamnun yuz ifodasi bilan uning yoniga joylashar ekanman, Farhodning oʻzini tutishida hech qanday oʻzgarish sezilmadi. Goʻyo, u mening hamrohlik qilishimga butun umri davomida koʻnikib boʻlgandek, hech qanday emotsiyalarsiz oʻtiraverdi.

Shoshilma, azizim. Sen bilan bogʻliq shunday ajoyib rejalar qilganmanki, butun oʻquv yili davomida men bilan zerikish nimaligini bilmaysan...

– Shu tartibni buzishni va qaytib joyingizni oʻzgartirishni hayolingizga ham keltirmang, – chiqish qoʻngʻirogʻi chalinganda, taʼkidladi Maqsudovna, – shuncha payt yoningizdagi sherigingiz bilan dars boʻyi gap sotib oʻtirganingiz yetar. Bugungi ogohlantirishim ham oxirgisi, yana bir bor qandaydir muammo chiqaradigan boʻlsangiz, keyingi safar sizlar bilan emas m, ota-onangiz bilan gaplashaman.

Oʻqituvchi shunday deya chiqib ketgach, Farhodga oʻgirildim.

– Joylarni almashamiz. Men deraza yonida oʻtirmoqchiman, – hech qanday iltimos yoki iltifotsiz toʻgʻridan toʻgʻri dedim. Aslida, menga qaysi tarafda oʻtirishning bir tiyinlik farqi yoʻq edi. Shunchaki, uning buyruqlarimga qay darajada itoatkor boʻla olishini tekshirishni istadim. Farhod esa men hayron qoldirib, rad javobini qildi:

– Istamayman.

Kutilmagan yangilik! Aftidan, janob kelgindining ilk kundagi kabi manman qiyofasi qaytib, qaysarligi tutib qolgan koʻrinadi. Juda soz! Menga keragi ham shu edi aslida. Yoʻqsa, jang boshlanmasidan oq bayroq koʻtarishi qiziq boʻlmasdi. Aniq bilaman, yaxshigina jigʻiga tegsam, u ham jahldan oʻzini yoʻqotib qoʻyishi mumkin. Buni esa, albatta sinab koʻrishga ulguramiz, qadrli sinfdoshginam...

Shu payt, telefonim bildirishnoma kelganini bildiruvchi ovoz berdi. Ekranga qaraganimda esa, Sharif xabarimga javob berganini koʻrdim. Nafaqat javob, balki u menga jang tasvirga olingan videoning oʻzini ham joʻnatgandi.

Barakalla, Sharif!

Soʻngra, tezda videoni ochish uchun oʻrnimdan turib, chetga chiqdim...


Report Page