Kuz.

Kuz.

Muni

Tush paytidan so'ng darslar tugagach, hamma o'z uyiga ravona bo'la boshladi. Qo'limda darsliklar solingan zildek og'ir sumkani ko'targancha, men ham maktab darvozasi tomon yo'naldim. Yonimda sinfdosh qizlardan Ruxshona va Ziyoda ham bo'lib, Farangizni biroz oldin o'z akasi olib ketishga ulgurgandi.

– Ey, qara, avtobus hozir ketib qoladi, – bir payt yo'l chetidagi o'quvchilar bilan to'lgan maxsus maktab avtobusiga ishora qildi Ziyoda. Ular hozir ulgurmasa, uygacha piyoda borishga to'g'ri kelishini bilib, qadamlarini tezlatdi va men yolgʻiz qoldim. Bekat yoniga yaqinlashib, dadamning haydovchisi kelishini kuta boshladim. Qoʻlimdagi yuk tobora ogʻirlik qila boshlaganiga qaramay, uni chang oʻrindiqqa qoʻyishni istamadim va bir qoʻlimdan ikkinchisiga oʻtkazib turaverdim. Shu payt ortimdan maktabdan chiqib, shu tomonga qarab kelayotgan Farhodga koʻzim tushdi. U ryukzagini egniga otib olgancha, shoshmasdan qadam bosib kelardi. Bu safar hatto men tomonga qarab qoʻyishni ham oʻziga ravo koʻrmay, yoʻlida davom etdi. Hozir jon deb uni navbatdagi qandaydir ilmoqli gaplarim bilan siylagan boʻlardim, ammo, uning baxtiga shu payt haydovchimiz kelib toʻxtadi va oʻylaganimni amalga oshira olmay qoldim. Mashinaning orqa oʻrindigʻiga joylashganidan keyin, avtomobil joyidan qoʻzgʻaldi va oxirgi bora Farhod tarafga nazar tashladim. Bu vaqtda esa qarshisiga parallel sinfdan Laziz va uning boshqa sheriklari chiqib, yoʻlini toʻsib olgandi. Ularning maqsadi nima ekanligini va har safar maktabga kelgan yangi yigitlarga shunday mushtumzoʻrlik qilishlarini bilganim sabab, jahlim chiqdi. Bir tomondan, bu kelgindining adabini berib qoʻyishlarini oʻylab, ichimdagi shayton xursand boʻlar, boshqa tarafdan esa sinfdoshlarimga bu joʻjaxoʻrozlar qoʻl tekkizishga jurʼat qilgani menga yoqmayotgandi.

Mashina tezda ularning yonidan oʻtib ketgach, oʻrindiqqa suyangancha oʻz xayollarimga berildim. Ammo, bu uzoqga choʻzilmay, meni haydovchining ovozi reallikka qaytardi:

– Xoʻsh, Sofi, oʻqishning birinchi kuni qanday oʻtdi?

– Zerikarli, – yuzimni burishtirib qoʻydim. Bir necha yillardan beri dadamning qoʻlida xizmat qilib kelayotgan bu yigitning ismi Bobur boʻlib, yoshi oʻttizga yaqinlashgan, chiroyli rafiqasi va undan ham shirin ikkita qizchasi bor edi.

Uyga yetib kelganimdan keyin, ichkariga kirishim bilan meni holdan toydirgan ogʻir sumkani divanga qarab uloqtirdim. Shu payt endi uch yoshga toʻlgan ukam Artur oshxonadan yugurib chiqib, qiqirlagancha bagʻrimga otildi. Bu mitti zumrashani qoʻlimga koʻtarib, boʻgʻirsoqdek yuzidan oʻpib olishim bilan butun charchoqlarim tarqagandek boʻldi.

– Oyim qani?

– Там, – mitti barmoqchalari bilan oʻz yotoqxonasiga ishora qildi u. Ukamni koʻtarib, u chiqqan eshik xonasiga yaqinlashdim va ichkariga koʻz tashlaganimda, divanda yonboshlab uyquga ketgan oyimga koʻzim tushdi. Xoynahoy, oyim Arturni uxlatish uchun kirib, oqibatda ukam uni uxlatib chiqqandi.

Oyimni uygʻotib yubormaslik uchun eshikni ohista yopgancha, ukamni koʻtarib oʻz xonamga yoʻl oldim. Bu payt qayerdandir paydo boʻlgan mushugim Lui ham oyoqim ostida oʻralashib, ortimdan ergashdi. Ukamni oʻyinchoqlari bilan ovutib qoʻyib, kiyimlarimni almashtirdim va tezda oshxonaga oʻtib tushlik qildim. Mushugimni ham ovqatlantirgach, qayta xonamga qaytar ekanman, yumshoq oʻyinchoqlarini quchoqlagancha, uxlayotgan Arturni koʻrdim. Ukam kunning bu paytida doim biroz yotib dam olgani sabab, tabiiyki, hozir ham charchab uxlab qolgandi. Uni ham oʻz oʻrnimga oʻtqazgach, mehmonxonaga kirib, televizor qarshisidagi divanga oʻzimni tashladim. Qoʻlimga telefonim tushganidan soʻng, kerakli messenjerlarni titkilar ekanman, sinfimiz umumiy chati ancha faollashib qolgani eʼtiborimni tortdi. Chunki, bu yerda biroz oldin men guvoh boʻlgan voqea: Laziz va yangi kelgan sinfdoshimizning mushtlashgani haqida gapirishardi. Tabiiyki, men ham bu masalaga befarq oʻtib keta olmadim.

"Xoʻsh, oxirida kim kaltak yebdi?" barmoqlarim katta tezlikda hayolimdagi savolni ekranga koʻchirdi. Bir necha soniyadan soʻng esa, sinfdosh yigitlardan biridan javob keldi:

"Kim boʻlardi, albatta, Farhod!"

"Aksincha, Laziz kaltak yeganga oʻxshaydi. Chunki, Farhodni faqat koʻylagi yirtilgan, yuzi bus-butun edi. Lazizda esa chap koʻzi koʻkargan" inkor qildi boshqa bir yigit suhbatga aralashib. Boshqa birsinfdoshlarim esa, oʻz fikridan qaytay demasdi:

"Qoʻysangchi, shu kelgindi Lazizni ura olarkanmi? Lof toʻqishni bas qil!"

Ortiq bularning tortishuvini oʻqib oʻtirishdan foyda yoʻqligini bilib, telefonim ekranini oʻchirdim. Yaxshisi, ertaga oʻzim maktabda hammasini bilib olaman...

Kechqurunga dadam ishdan qaytishiga yaqin oyim bilan kechki ovqat tayyorladik. Dadam ruslarning ishlab chiqarish kompaniyasining bu yerdagi filialini boshqargani sabab, doim ish bilan band bo'lar, uyga esa charchagan holda qaytardi.

Umuman, oilamiz men uchun ideal oila edi. Otam mehnatsevar, oʻz rafiqasi va bolalarini deb hammasiga tayyor erkak boʻlsa, onam oʻz turmush oʻrtogʻini chin dildan sevadigan ayol edi. Aynan shu sababli ham, onam oʻz uyini tashlab, dadam bilan bu yurtlarga kelgan. Otam ham buni yaxshi tushungani bois, oyimning doim koʻngliga qarar, toʻgʻrirogʻi, oʻz ayolini haligacha sevardi. Ota-onam asosan gʻarb mintalitetida ulgʻayishgani uchunmi, bizning oilaga ham shu muhit oz boʻlsa-da asos qilingandi. Yaʼni, ota-onam bizning oldimizda bir-birini mehr bilan oʻpib qoʻyishni, yoki sevishini aytishdan hijolat boʻlishmas, kaminaga esa oʻsmirligimdanoq alohida shaxs kabi munosabatda boʻlishardi. Garchi, yon atrofimizdagi oʻzbek millatidagilar uchun bunday odatlar biroz erish tuyulgani bilan, bizni avvaldan taniydiganlar bunga koʻnikgandi.

Hozir ham ishdan qaytgan dadam eshikdan yuzida nim tabassum kirib kelar ekan, avvaliga uni kutib olgan rafiqasini yuzidan oʻpib qoʻydi. Soʻngra, navbat ukamga, soʻngra menga keladi. U yelkamdan quchib, maktabim haqida surishtirar ekan, dadamning uy ostonasidan kirgach, qay tarzda yengil torta boshlaganini sezaman. Goʻyo, oilasi uning butun charchogʻini tortib olayotgandek, jiddiy rahbarlik qiyofasi oʻrnini, mehribon ota egallaydi...

Ertasiga kun yorishmasidan uygʻonib, oʻz odatimga binoan tong qorongʻusida biroz yugurish uchun koʻchaga chiqdim. Tonggi salqin havodan o'pkamni to'ldirib nafas olgancha, bir maromda yugurib borardim. Bunday paytda tabiiyki, koʻchada hech zogʻ koʻzga koʻrinmas, bu yaqin atrofda men kabi shirin uyqusidan kechib, yugurishga chiqqanlar deyarli boʻlmasdi. Shuning uchun ham, har kun erinmagan holda, oʻttiz daqiqaga yaqin vaqtimni ushbu mashgʻulotga ajratardim.

Hozir ham, doimgidek, katta yoʻl boʻylab hiyobon ichidagi sport maydonchasiga yugurdim. U yerda futbol maydoni, yonida esa turli xil balandliklardagi turniklar qoʻyilgandi. Aynan, ularda tortinishni ham shu yerdagi har kunlik mashqlar ortidan oʻrgangandim. Lekin, hozir bu yerga yaqinlashar ekanman, koʻzim shu yerda turgan erkak kishiga tushdi. Bu yigitni erta tongdan avval hech bu yerlarda koʻrmaganim bois, biroz hayron boʻldim. Ammo, yoniga yaqinlashishga jurʼat qilmadim. U menga orqa qaratib turgancha, turnikda tortinayotgani va boshiga egnidagi kiyimining ustki kapyushonini yopib olgani sabab, yuzi koʻrinmasdi. Avvaliga, ketarmikin deya biroz kutsammi , deb oʻyladim. Biroq, u joyidan qoʻzgʻalmasdan, oʻz ishini davom ettirgach, yoʻlimda davom etishni maʼqul topdim...

Kun yorishgach dadam oʻz haydovchisi bilan ishga otlangandan keyin, yoʻl-yoʻlakay meni ham maktab darvozasi oldida qoldirib ketishni unutmadi. Ichkariga yoʻl olganimda esa, maktab hovlisida sheriklari bilan baland ovozda nimanidir muhokma qilib, qah-qah otayotgan parallel sinf yigitlarini uchratdim. Kechagi Farhod bilan boʻlgan voqea esimga tushishi bilan, ikkilanmasdan, ularning oldiga qarab qadam tashladim.

– Ey, sen, – qolganlarga eʼtibor qilmasdan, oʻzimga kerakli odamga qarab gap boshladim, – nima, shunchalik kuching bilagingga sigʻmay ketdimi?

Laziz odamning asabiga tegadigan yoqimsiz kulgusi bilan sheriklariga qarab iljayib qoʻyarkan, goʻyo, men uni uchrashuvga taklif qilayotgandek, quvnoq ohangda javob berdi:

– Nima, tekshirib koʻrging keldimi?

– Gaplarimni ikkala qulogʻing bilan ham eshit, – koʻrsatkich barmogʻimni havoga koʻtargancha, u tomonga yana bir necha qadam tashladim, – agar, yana bir marta sinfdoshlarimga qoʻl tekkizadigan boʻlsang, mendan yaxshilik kutma!

Laziz qoʻllarini choʻntagidan chiqarmay turar ekan, atrofimizdagi qolgan yigitlar, xuddi ota-onasi biror nimani muhokama qilganda jim quloq soladigan bolalardek, ogʻiz ochmay suhbatimizni tinglashardi. Agar, oʻrnimda boshqa qiz boʻlganda, bu kabi takasaltanglardan iborat yigitlar toʻdasi oldiga yaqinlashishga yurak betlamagan boʻlardi. Faqat, men emas, albatta. Chunki, Laziz va uning doʻstlari kabi arzimas odamlar meni choʻchita olmasdi. Aksincha, ularni qoʻrqitish - kaminaning sevimli mashgʻulotlaridan biri edi.

– Xoʻsh, qoʻl tekkizsam nima boʻladi? - oʻynoqi tabassumini qoʻymasdan, sinovchan tarzda soʻradi Laziz. Bu gapdan keyin, beixtiyor men ham ayyorona kuldim:

– Meni kimligimni va gaplarim hech qachon shunchaki quruq tahdid boʻlmasligini unutgan koʻrinasan. Xohlasam, hozirni oʻzidan sen va sheriklaringni maktabdan yoʻqotishga qurbim yetadi.

– Juda katta ketib yubormayapsanmi? – Laziz tahdidli gapimdan nigohida biroz havotir paydo boʻlsa ham sezdirmaslikka urindi. Shunda, noiloj soʻzlarim isboti sifatuda telefonimni olib, bir necha soniya ichida kerakli videoni qoʻygancha, ekranni u tomonga oʻgirishga majbur boʻldim.

Videoni koʻrmasam ham, u yerda nimalar yuz berayotganini juda yaxshi bilardim. Laziz esa, bir nechta hafta oldin oʻzi va doʻstlarining kattalar uchun moʻljallangan shahar mashhur kafelaridan birida gʻirt mast holda, har xil gaplarni baralla aytgancha koʻngilxushlik qilayotgani, yonida esa oʻzidan ikki baravar katta, yarim yalangʻoch qizlarning turli qiliqlari videoga tushirilgan tasvirga koʻzi tushishi bilan, peshonasida chiziqlar koʻrindi. Telefonim ovozi baland turgani uchun yon atrofga baralla eshitilar, tabiiyki, sheriklari ham gap nima haqida ketayotganini anglab ulgurishgandi.

– Yetar! – yon atrofga havotir bilan qarar ekan, Laziz kaftimdagi smartfonni tortib olmoqchi boʻldi. Biroq, bunga ulgurmasidan, qoʻlimni tortib qoldim.

– Hoy, ehtiyot boʻl. Tagʻin, qoʻlim bularni qayergadir yuborish tugmasiga tegib ketmasin. Yana, bekorga ovvora boʻlma, telefonimni tortib olganing bilan, menda bulardan yetarlicha nusxa bor.

Bu safar qarshimdagi yigit bilan yuz ifodamiz almashdi. Endi u qarshimda jahl bilan menga tikilar, men esa bu tomoshadan zavqlanardim.

– Bularni qayerdan olding? – gʻazabdan tishlarini qisgancha soʻradi Laziz.

Men telefonimni qayta choʻntagimga solar ekanman, beparvo yelka silkdim:

– Qushchalar yetkazdi. Maslahatim – men bilan oʻynashma. Sen va hamtovoqlaringni oʻpkasini bosib qoʻyish uchun bunday dalillar menda yetarlicha. Ulardan bittasi direktorga yetib borsa bas, oʻzing yaxshi bilganingdek, u hammasini shu zahotiyoq otangga yetkazadi. Men esa otangni juda qattiqqoʻl deb eshitganman....Shunday ekan, tavakkal qilmaganing maʼqul.

– Nega, bunday qilyapsan? Oʻsha yangi yigitcha kelgan uchunmi? Hatto, oʻzingiz ham uni safingizga qoʻshmayotgan ekansiz, nega endi uni deb mendan hisob soʻrayapsan? – mavzuni boshqa yoqqa burdi Laziz.

– Birinchidan, sinfdoshlarimga qanday muomala qilish mening shaxsiy ishim. Ikkinchidan, yangi oʻquvchi boʻladimi, eskimi, sinfimdagilarni tarbiyalash sen kabilarga emas. Xullas, qadamingni oʻylab bos.

Shunday deya, menga tikilayotgan bir toʻda nigohlar qarshisida boshimni tik tutgancha, bamaylixotir yoʻlimda davom etdim. Kutganimdek, bu safar ham maqsadimga osongina erishgandim.

Men shu sinfdagilar uchun lider ekanman, oʻz yetakchilarimni himoya qila olishim zarur edi. Garchi, koʻpchilik bu ayol kishi uchun ilojsiz deb hisoblasa ham. Chunki, hayotim davomida qiz bolalar yigitlardan hech qaysi jabhada kam emasligini, hatto, ulardan ham ustunroq boʻla olishini isbotlashga harakat qilib kelardim va hozircha buni eplayotganimdan xursand edim. Yangi kelgan yigitga kelsak, garchi uni yoqtirmasamda, bu – boshqalar ham uni oyoq osti qilishiga ruxsat beraman degani emas. Bu yigitga urush ochganim faqat mening muammoyim va uni qiynashga ham yolgʻiz mening haqqim bor...

Report Page