“Sen hech qachon o’lmaysan”

“Sen hech qachon o’lmaysan”

Madinabonu Urinova

Ernest Xemingueyning “Alvido, qurol” asari haqida

To’fondan oldingi sukunat misoli so’ngidagi o’lim sari yaqinlashish sokin bir hayotni aks ettiradi. Shu sokinlik ichra o’zim va sevgilimni qiyos qilib bu otashin muhabbatga ishonib o’qishda davom etdim. Orzularga berildim, bizning ham sevgimiz ularniki kabi iliq, qordan panada in qurib bir-biriga birikkan kabi mo’jaz, so’zsiz – so’zdan tiyilgan-u, bor kuchini hislarga taslim etgandek qudratliligiga havas qildim. Biroq men bu ayriliqqa dosh bera olgan bo’larmidim? Yig’i jon-joningdan o’tib ketgani-yu, butun tanang bo’ylab cho’zilgan og’riq – mana nimani his qilasan kitobni tugatib. Dosh bera olgan bo’larmidim?.. Men buni boshdan kechirishni xohlamayman. Men yashashni xohlayman.

Yozilganiga 100 yil bo’lganiga qaramasdan Xemingueyni tilga olganimizda bevosita “Alvido, qurol” esga keladi. Hozirga kelib klassika ixlosmandlari kam sonni tashkil qilsa-da, yozuvchining mazkur asarini urush va realizmdan so’zlovchi mukammal asarlar qatorida ko’rib o’quvchilar soni serobdir. “Alvido, qurol” Drayzerdagi kabi quruq kirish va neytral voqealar rivoji bilan boshlangan. Dastlab, ikkala yozuvchi – Xeminguey va Drayzer yozish uslubi va hatto tanlaniladigan mavzular nozikligini ham o’xshash deb topdim. O’zimcha Xeminguey talqinidagi urushni Remark romantikasi bilan taqqoslashga ham urindim. Xulosada esa, “Alvido, qurol”ni quruq, sodda va hissiz bir yoziqqa chiqargandim. Albatta, Remark tematikasida urush o’zgacha, turfa xil ichimliklari va ta’m mutanosibligi bilan o’qishda sizni mast qilguvchi tregediyadir. Va o’z navbatida men ham Remark uslubini “Alvido, qurol”dan izlashga harakat qilganman. Bu esa eng katta xatoyim bo’ldi.

Xeminguey urush tasvirini ikki xil ta’sir doirada ochib beradi. Roman boshlanishidagi so’zda neytrallik va ortiqcha bo’yoqlardan qochish vaziyatga nisbatan achinarli va kulrang bo’shliq kabi taassurotni ulashadi. Ortiqcha ekspozitsiyadan holi – qahramonlar o’tmishiga to’xtalinmasdan – to’g’ridan-to’g’ri kirish holatga birdaniga hissiy moslashishga imkon bermaydi. Boshlanishi urushning bevosita odamlar hayotiga ta’siri va ularning kundalik hayotiga bag’ishlangan bo’lib, yozuvchi bu bilan o’zi ko’zlagan birinchi doirasini ochib beradi. Ya’ni urush ichki doirada tasvirlanib, uning ta’sir kuchini oshirish maqsadida muhabbat mavzusi qo’shiladi. Ikkinchi doira esa urushning tashqarisidagi odamlar, undan uzoqda bo’lsa ham, uning ta’siridan chiqib bilmagan davom sifatida ko’rsatiladi. Asar misolida bu qahramonlarning qochib ketishi va yangi hayotni qurishga harakat qilishi bilan yoritiladi. Umuman olganda romanning antogonist kim o’zi degan savol butun asar davomida qiynadi. Urush tasvirini ikki xil nazar bilan tahlil qilish esa mazkur savolga javob topishimga yordam berdi. Asarda ma’lum bir shaxsni antogonist sifatida keltirish noto’g’ri. Hajman salmoqli bo’lishiga qaramasdan roman qahramonlar xilma-xilligidan qisilgan: bosh qahramonlari sanoqli va qolgan ikkinchi darajadagi xarakterlarni ham asar syujetiga ta’sir qila olgan deya aytolmaymiz. Boshqa romanlardan farqli ravishda antagonist obrazi davr taqozosi, ya’ni urushning o’zi sifatida keltiriladi. Birinchi doirada antagonist xarakterini – rolini chindan his qilib o’qisangiz-da, keyiniga kelib bu narsadan qutulganlik hissi paydo bo’ladi. Yakunida urush to’g’ridan-to’g’ri o’limga sababchi sifatida keltirilmagan: holatni taqdir yoki oldindan aytib bo’lmaydigan ilohiyotga tenglashtirishimiz tabiiy. Biroq nima bo’lganda ham tragik yakun ko’rinmagan holda urush omili bilan sodir bo’ladi.

“Aytchi, senga yaxshi bo’lishi uchun yana nima qilishim kerak? Istaysanmi, sochlarimni yoyib yuboraman? Istaysanmi?”

O’quvchini o’yga chorlovchi yana bir narsa asarda tasvirlangan muhabbat chinligiga bo’lgan ishonchdir. Shaxsan boshida quruq dialoglar bu sevgining chinligini shubha ostiga oldi. Umuman, men uchun yozuvchi qay turdagi sevgini tasvirlagani-yu, bu tuyg’ularning sofligi so’roq ostida qolib ketdi. Bir lahza ishonish va keyingi lahzalardagi ishonchsizlik tuyg’uga konkret fikr bildirishimga to’sqinlik qildi. 

“Odamga g’urur va baxt beradigan narsa nega endi uyatli bo’lar ekan. Mana sen baxtli emasmisan?”

Asar tematikasiga yomg’ir yarashadi. Va yomg’ir ham o’z navbatida o’lim olib keluvchi sifatida qaraladi. Boshini diqqat bilan o’qiganingizda ilg’anmagan holda yomg’irning vaboni keltirgani-yu, uning o’limlarga sabab bo’lishi aytiladi. So’ngra pessimizmning Ketrin tiliga ko’chganining guvohi bo’lasiz. U yomg’irni yoqtirmasdi, yomg’irda jon berishdan qo’rqardi. Yomg’irni urushga tenglashtiraylik. Ketrin esa kurashilgan tinchlik bo’lsin. Bu nuqtada qandaydir ramziylashtirishga qo’l uriladiki, Ketrinning o’limi haqiqatga tik qarash, urushdan chiqib keta olmaslik, uning abadiy va yechimsiz, shu bilan birga ma’nisiz ekanligidan, yohud urushning hayot bilan uyg’unlashib ketganidan so’zlaydi. Ushbu tragik yakunlanish esa Xeminguey olib chiqmoqchi bo’lgan realizmni to’ldirib beradi. 

Asarni u qadar murakkab deya olamayman. Hatto eng zo’ri ham emas. To’g’ri, soatlab yig’latdi, qiynadi. Ta’siridan tezda chiqib keta bilish qiyin bo’ldi. Qiynalib lazzat olish uchun o’qilishi mumkin. Biroq murakkab emas, chigal emas. Bitta nish sanchadi va shu bilan tugab qoladigan kitob. Va shu vajdan yuqorida yozganlarim anchayin quruq va sodda bo’ldi. 

https://t.me/larasinsight



Report Page