Sayfullayeva Durdona, TTA 2-bosqich talabasi

Sayfullayeva Durdona, TTA 2-bosqich talabasi


Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuh

Men Sayfullayeva Durdona TTA davolash ishi fakulteti 2-kurs talabasiman. Tibosfera oilasining esa 125-guruh tolibasi


Birinchi marta tibosfera haqida eshitganlarim

Tibosfera haqida dastlab abiturentlik davrimda eshitganman. Tasavvur qilayapsizmi, hali oʻqishga kirmasimdan unga qiziqishim ortgan. Sababi Doniyor ustozim bir marta Elyorbek ustoz yozgan konspektlarini xonamizga olib kirib "shogirdimizning tibbiyot talabalari uchun konspektlar, Alloh rozi bo`lsin shu shogirdimizdan va uning jamoasidan, bu konspektlarni yozayotganda biron marta ham tahoratsiz va duosiz boshlamagan ekan, hozirda bu konspektlardan ko`plab talabalar foydalanadi, mening shogirdimning ham shogirdlari bor endi" deb aytgandilar va oʻshanda ilk bora, adashmasam, nevrologiya uchun yozilgan konspektlar edi.
Rangli ruchkalarda, markerlar bilan tartibli ishlangan konspektlarni ochib koʻrgandim, toʻgʻrisi oʻsha vaqtdan boshlab oʻz darslarimga boshqacha ixlos qoʻyib, men ham albatta tibbiyot institutiga kirsam ushbu kursga qatnashib ilmimni oshiraman va xalqimizga kasbim orqali koʻplab yordam beraman degan niyatni qoʻydim. Darsda va uyda dars qilishni boshlar ekanmiz, har darsimizni tahorat ila, daftarimiz ustiga har safar ochishdan oldin o`qiydigan duolarimizni yopishtirib qo`ygandik, o`shani o`qib boshlardik. Har safar Doniyor ustozim Elyorbek ustozni maqtaganlarida ularga bo`lgan ixlosim ortib borardi.


Tibosferaga kirib kelishim va keyingi holatlarim

Abituriyent hayoti tugab talabalik yillari boshlandi. 1-kursman:
Institutda darslar qanday boʻlishi, ustozlar biz bilan qay darajada shug`ullana olishi, shuning bilan bir qatorda endi abiturentlik davrim kabi meni bir rejimda dars qildiradigan ustozlarim yoʻq, oʻzim mustaqil dars qila olishimni 2-3 oylab sinovdan oʻtkazdim. Na tartib bor, na bardavomlik. Ammo, bir rejimda dars qila olmasam ham fanlarni qaysidir darajada oʻzlashtirib, institutdan ancha yuqori ball olib qaytardim, ma`no mantiqqa tushunmay uni yodlab gapirib berardim, bu esa meni xuddi tibbiyot uchun emasligimni seziltirib yuborar va ixlosimni kamaytirardi, chunki bunaqa qilishdan faqat diplom uchun baho olardim, bu meni yaxshi shifokor bo`lishimga olib bormasligini bilardim, bu hayot tarzini tugatish tarafdori boʻlib tibosferaga birinchi kursimning dekabr oylarida qoʻshildim. Uydagilarimga Doniyor ustozimning shogirdlari shunaqa kurs boshlagan deya tushuntirganimda yo`q demay qo`shilgin, sendan umidimiz katta deyishdi. 

Tibosfera guruhiga qo`shildim. Elyorbek ustozning videolarini tashlab berishdilar, undan juda kerakli ma`lumotlar oldim, maqsadlar va niyatlarim yangilandi. Ingliz tilini o`qishni yo`lga qo`ymoqchi edim va buning hozircha kerak emasligini tushundim. Har yil va oy, xattoki kunlar uchun reja tuzishni va uni qog`ozga muxrlab yozishni o`rgatdi.


Dastlab ma`sulyatli boʻlib darslarga qatnashdim, ammo jism erta turishga va har kuni bir rejimda dars qilishga oʻrganmagan edi. Ustozlarmizni qattiqqoʻligi va talabchanligi tufayli biz ham bu rejimga asta sekin oʻrgandik. Odatda hamma talabalar kabi 1-2 largacha dars qilib tongda uxlab qolardik va tongi nasibadan quruq qolardik. Tongda tibosferadoshlar agar tura olmasak telefon qilib bizni darsga turgizishadi. Ba`zida erta tura olmasdan bomdod namozlari qazo bo`lishligining oldini oldi.


Kunimda baraka bor, erta tongda dars qila olmasdim odatda, lekin hozir ertalab o`qigan narsam ko`proq esimda qoladi, xotiram ham ancha yaxshilandi, kechqurun 11 gacha uxlab, tongda erta turishimizni mahkam nazorat qilardilar va hozir ham qiladilar, agar 11 gacha uxlamasdan telegramda o`tirib qolsak falonchi nega uxlamayapsiz yoki nega kech uxladingiz deb bizni tartibga solib turadilar.


Maqsadi va qadriyatlari bir boʻlgan koʻplab tanishlar orttirdim va ular bilan birga harakat qilyapmiz, ahil-inoqlikda. Ya'ni nimanidir tushunmasam ustozdan soʻrashdan avval ular bilan muhokama qilaman va savollarimga javob topaman, agarda topa olmasam ustozning oʻzlari juda sodda qilib tushuntiradilar.


Yaxshi va yomon kunlarimiz tibosfera oilasi bilan bo`lishiladi. Men bilan yashaydigan xonadoshlarimni ham Tibosferaga qo`shilishiga undadim va xonada ham tibosferani tungi va tongi rejimlari yo`lga qo`yilgan, mavzular yuzasidan ba`zida savol - javob qilamiz.


Tibosferada oʻtgan mavzularimiz institutda keyin oʻtilsa effekti zoʻr bo`larkan, chunki insitutda ustozlar mavzuni mayda qilib, ich ichiga kirib sodda qilib tushuntirishmaydi. Misol uchun, birinchi marta institut leksiyalarini eshitib ustoz tushuntirayotganlariga tushunardim. Leksiyaning foydasini oʻshanda sezganman.


Dastlab tibosferada anatomiya kursini o`qib tugatdik, hozir o`sha mavzularning gisto-fiziologiyasini o`tyapmiz. Juda qiziq, mohiyatini anglagan sarimiz bilimlarimiz sayqallanib bormoqda. Ko`plab kursdoshlarim qayta topshirishga qolsa, biz xattoki o`sha institut kitoblarini o`qimasdan Tibosferada olgan bilimlarimiz orqali ustozdan yaxshi baholar olib qaytardik.


 Tibosferada badiiy kitob o`qish yo`lga qo`yilganligi bizning ko’plab ma’naviy ozuqa olishimizga yordam beryapti.

Mavzular qayta-qayta o`qiladi va takrorlashni yo`lga qo`yib bizdan imtihon oladilar. Bu orqali mavzu mustahkamlanadi. Guruhlar ichra olimpiada o`tkaziladi va bu orqali hamma o`z bilimlarini sinovdan o`tkazishadi, g`oliblar uchun mukofotlar qo`yilgan. Mablag` yetishmay turgan vaziyatda eng zo`r imkoniyat - bu olimpiadalar. Bizning guruhda alohida guruh ichi olimpiadasi ham tashkillanadi. Avval o`tgan mavzularimizni har kuni 1-2 betdan takrorlaymiz va olimpiadada yutgan talabalarga ustoz sovg`alar beradilar. Guruh ichida 2 kishilik duellar ham o’tkaziladi va u ham yetarli darajada rag’batlantiriladi. Xullas o’qiyman degan talabaga tibosferada shart-sharoitlar va imkoniyatlar yetarli darajada.


Kurs haqidagi subyektiv fikrlarim

  • Doniyor ustozim va ularning shogirdlari Elyorbek ustozimizga ixlosim baland. Tibbiyot ilmini Tibosferada ilmi va qadriyati yuksak bo'lgan ustozlardan ta'lim olayotganimdan mamnunman. Bizga ustozlarimiz har jabhada ham to’g’ri maslahat bera oladilar
  • Insitutda bunday jamoa bilan harakatlanish juda qiyin, chunki maqsadi va harakatlari bir bo`lgan talabalar yo`q, abiturent davrimdagi kabi guruhni men tibosferada topdim.
  • Kunlik, haftalik rejimlar orqali o’zimizning nisbiy bahoyimizni olamiz va jamoa bilan harakatlanib grantlarga erishamiz, jamoaviy ruh bag’ishlaydi
  • Imtihonlar orqali mavzular umumlashtirilib, qayta yaxshilab takrorlaniladi
  • Foydalanilgan materialning asosiy yutug’ talaba tushunadigan va eng sara ma'lumotlarni tartib bilan jamlanganligi, bizning vaqtimiz tejalganligi. Boshqa tillarni o`rgandik ham deylik vaqtni sarflab, lekin bu ma`lumotlarni yolg`iz o`zimiz shu darajada topa olmasdik
  • Tibosfera ustozlari tomonidan doimiy nazoratdaligimiz bizning yutug`imiz deb bilaman, chunki ustoz bizga mavzularni qanday tarzda tushuntirsa biz yaxshi tushuna olishimizni bilishadi. Ustozlarimiz ko`ngilimizdagini o`qiydilarmi deyman, doimo ustoz xuddi nima demoqchiligimizni bilib turadilar, ustozni ko`ngillariga Alloh solib qo`ysa kerak deb qolaman ba`zida. Ustozimiz sizlar bosib o`tgan yo`lni vaqtida biz ham bosib o`tkanmiz, mana bunaqa qilsangiz sizga foydali bo`ladi deb bizga yordam berishadi. Alloh rozi bo`lsin ulardan!


Report Page