Savol-javob
Аyrim tumanlarda tadbirkorlar uchun foyda soligʼi 1 foiz etib belgilangan ekan. Shu haqida batafsil ma'lumot berolasizmi?“Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident farmoniga koʼra, 2023 yil 1 yanvardan:
- respublikaning 208 ta tuman va shaharlari 5 ta toifaga ajratiladi;
- tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar beriladi.
2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvargacha soliq solishning quyidagi tabaqalashtirilgan tartibi joriy etiladi:
5-toifadagi (quyidagi jadvalda keltirilgan) tumanlarda roʼyxatdan oʼtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar:
- foyda soligʼi, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz;
- yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʼini mazkur soliqlar boʼyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari boʼyicha toʼlaydi.
Yirik soliq toʼlovchilar, doimiy muassasa, byudjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamgʼarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan koʼproq miqdorda boʼlgan yuridik shaxslar bundan mustasno.
Shuningdek, 5-toifadagi tumanlarda roʼyxatdan oʼtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan YaTTlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʼining qatʼiy belgilangan summalarini toʼlashdan ozod qilinadi.
2023 yil 1 yanvardan:
- 4 va 5-toifadagi tumanlarda roʼyxatdan oʼtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan kichik tadbirkorlik subʼektlariga:
- banklarning kredit va lizinglari boʼyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 40 foizidan koʼp boʼlmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya;
- banklar kreditlarining 75 foizigacha, biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʼmdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi.
Farmon bilan shuningdek, quyidagilar tasdiqlandi:
- aholi va tadbirkorlarga subsidiya ajratishning oshirilgan miqdorlari;
- tadbirkorlik faoliyatini tuman va shaharlar toifalaridan kelib chiqib qoʼllab-quvvatlash choralari.
Toshkent shahar soliq boshqarmasi axborot xizmati