Savol. Savol. Savol!

Savol. Savol. Savol!

Javohir Nazarov


Etiketka dizaynidagi kamchiliklardan biri bu —dizaynerlarning bilimsizligi va pala-partish ishlashi.

Mahsulot instruksiyasini yasovchi dizayner suratlarni tanlash uchun, parallel olamdagi o‘zga sayyoraliklar haqida emas, o‘zimiz yashab turgan yer sayyorasining «Inson» deb ataluvchi oddiy mavjudotlari haqida eslashining o‘zi kifoya!

Yelimdan foydalanish ma’lumoti:




Suratning ko‘rsatishicha, foydalanuvchi qopqoqni shunday usulda ushlashi va idishni chapdan o‘ng tomonda aylantirishi kerak. Lekin odam hech qachon qopqoni ocholmaydi. Chunki aylantirish belgisi qopqoqqa emas idishga qo‘yilgan. Idishni aylantirsak, qopqop ochilmaydi, yopiladi.

Agar dizayner qo‘liga yelim idishini olib, shu chizgan suratini o‘zida qo‘llab ko‘rganida, to‘g‘ri surat qo‘ygan bo‘lardi.

Dizaynerlarning eng yaxshi xislatlaridan biri bu — savol berish xislati. Savol ham to‘g‘ri berilsa, javobi juda oddiy yoki juda foydali ishga sababchi bo‘ladi.

Dizayner bu yerda o‘ziga-o‘zi shunday savol beradi: 

1. Foydalanuvchi bu usulda qopqoqni ocha olarmikan? 

2. Odam uchun noqulay bo‘lmasmikan? 

3. Nima uchun bunday qilib ochishi kerak? 

4. Nima uchun hamma oddiy qopqopqlarga o‘xshab ochmasligi kerak?

Bu kabi savollar qancha ko‘p berilsa, shuncha yaxshi. Savolga aniq javob topa olsa, yaxshi dizayn chiqishi aniq.

Yuqoridagi savollarga javoblar:

1. Ocha oladi, faqat juda noqulay. 

2. Noqulay bo‘ladi, chunki odamlar bu kabi harakat bilan ochmaydi, ular uchun bu odatiy bo‘lmagan holat. 

3. Bunday qilib ochishga sabab yo‘q. Chunki bu oddiy yelim. Suv idishi, sut idishi kabi oddiy idish. 

4. Boshqa idishlar kabi ochsa bo‘ladi.

Odam bu idishni hamma idish kabi ocha oladi. Idish hech qanday xavfli kimyoviy moddalar idishi emas. Agar yelimni ichmasa, uning hidi va ochiq turishi insonga va tabiatga zarar yetkazmaydi. Shuning uchun uni har qanaqa o‘zga sayyoracha usullarsiz ochaveramiz.


Qo‘llash usulidagi surat hato chizilganini isbotladik.

Shoshishga hali erta. Endi chuqurroq savollar beramiz.

Savol: Yelimni kimlar ishlatadi?

Javob: Ehtiyoji borlar. Ya’ni, ofis ishchilari, qog‘oz bilan ish yuritadiganlar.

Savol: Demak, xizmatchilar? Yoshi kattalar, voyaga yetganlar?

Javob: Ha, asosan yelimni ishlatib yurganlar va uning xususiyatini tushunadiganlar.

Savol: Bolalar ishlatmaydimi?

Javob: Maktab o‘quvchilari ishlatishadi.

Savol: Maktab o‘quvchilari uning qopqog‘ini qanday ochishni bilishadimi?

Javob: Ha.

Savol: Nima uchun ularning hammasi buni biladi deb o‘ylayapsiz?

Javob: Yelimni qogozlarni bir-biriga yopishtirish uchun ishlatishadi. Yirtilgan qog‘ozlarni ham. Yoki butun qog‘ozlarni birlashtirish uchun. Bu vazifani qilayotgan o‘quvchi yetarlicha bilimga ega va yelimni nima uchun ishlatishini biladi. Qopqoqni qanday ochishni bilishi turgan gap.

Savol: Unda biz kimlar uchun qopqoqni ochish instruksiyasini beryapmiz?

Savollar oxiriga kelib bizga eng kerakli savollarni beramiz. Javobiga qarab dizaynni kuchaytirish mumkin. Hozirgi holat uchun muammo bunday hal qilinadi:

Yelim idish qopqog‘ini ochish uchun instruksiya kerak emas!

Oddiygina arzimas narsadan fil yasashibdi, deb o‘ylashga hojat yo‘q. Suratni olish kerak ekan, olib tashlaymiz, nima muammo, deydiganlar ham topilishi mumkin. Dizaynda biror ish shunchaki qilinmaydi. Har bir qo‘yiladigan gap, surat, rang uchun sabab bo‘ladi. Gap shundaki, dizaynda oddiygina ko‘rinadigan narsalar bo‘lmaydi.

Chunki biz arzimas, deb ko‘radigan narsalarimiz aslida juda katta ish qilishadi. Dizayner o‘z dizaynida foydalanuvchini chalg‘itadii, yo‘ldan adashtiradi, uni qiynaydi yoki unga yordam beradi, og‘irini yengillatadi, foyda keltiradi.

Biz ko‘rib chiqqan misol esa bu juda kichik misol. Bu kabi dizaynlar yurtimizda juda ko‘p. Bunga juda ko‘p insonlar e’tibor bermaydi. Yelim idishdagi dizaynga ham ko‘pchilik e’tibor bermaydi. Nima uchun? Chunki keraksiz ma’lumot. Keraksiz ma’lumotlar esa dizaynda bo‘lishining o‘zi ortiqcha.

Biz bugun dizaynerning ishga qanday yondashishi kerakligi haqida ozgina gaplashdik. Bu usul yaxshi dizayn uchun ostona hisoblanadi. Savol bering, javob izlang, yaxshi dizayn yarating! ))).


Muallif: Javohir Nazarov

----------

📣Design channel

@RedFoxDesign



Report Page